Orol tubiga sayohat va yo dengizni suvga to‘ldirish orzusi...

Image copyright none

Lindsey Kort (Lindsey Groot) Niderlandiyalik jurnalist. U 2012 yilda jurnalizm fakultetini yakunlagan. Hozir antropologiyani o‘rganmoqda. Lindsey ham xorijiy jurnalistikaga qiziqadi. Gana, Qatar, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransada xabarchilik safarida bo‘lgan. The New York Times internet xabarchiligi loyihasida ishtirok etgan. Shu yil yozida Menjatj loyihasi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlariga safar qilgan. Ayni loyiha Sho‘ro davlatlarida 1991 yildan keyingi o‘zgarishlarni o‘rganadi. Jurnalist bu gal Orol dengizining Qozog‘istondagi qismiga safari taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.

"Orol dengizi sohiliga xush kelibsiz", deydi biz olib yurgan yo‘lboshlovchi va sayyohlar yuzidagi ifodani bilish uchun nigohlarini oynaga qadaydi.

Biz esa, sohilbo‘yidagi yirik qum devorlari, bir paytlardagi millionlab baliqlar o‘rnini egallagan tuyalar hamda chang-to‘zon qoplagan kemalar qoldiqlariga tikilamiz. Halokat hududiga sayohatimizdan o‘ng‘aysizlanamiz. Ammo, gidimiz imkon qadar bunga o‘rin qoldirmaslikka urinadi:

"Atrofga boqing, hozir bu yer cho‘l, 5 yil ichida odamlar Orol bo‘yida yana baliq ovlaydilar!" deydi u.

Gidning atrof-muhit bilan bog‘liq eng katta halokatlardan biri borasida bu qadar nekbin gapirishiga hamon biroz hayron boqamiz.

Sho‘rolar tuzumi Orol dengizini Markaziy Osiyodagi paxta maydonlarini sug‘orish uchun qurbon qilgan. Orolga Amudaryo va Sirdaryodan kelib qo‘yiladigan suv yo‘llari bo‘g‘ilib, paxtaga haydalgan. Shu bois, suv sathi 1960 yillardan beri yiliga 2 santimetrdan pastlab borgan.

Sho‘rolar Ittifoqi bu ishning atrof-muhitga ta‘siri borasida esa, mutlaqo tashvish qilmagan.

Hammadan qizig‘i va muhimi, butunlay o‘zgacha dunyoqarashni shakllantirish bo‘lgan. "Sug‘orish bilan biz o‘tmishni ortga qoldiramiz va sotsializmga o‘tishni kafolatlaymiz", degandi 1918 yil sug‘orish rejalarini e‘lon qilgan Lenin.

Yo‘lboshlovchimiz Serik Orol dengizining shimoliy qismini tiklashga urinayotgan nohukumat tashkilotida faoliyat olib boradi.

Yarim soatlik yo‘l bosgach, u yana bir tekislikka to‘xtatadi. "Mana keldik. Bu yer - kemalar qabristoni..."

Kemalarning zanglab ketgan qoldiqlari go‘yo qum tagidan o‘rmalib chiqayotganga o‘xshaydi.

Aslida bu buyumlar dengiz maxluqlari bo‘lganini tasavvur qilishingiz uchun biroz fantaziyaga berilishingiz kerak. Kemalar yon qismlarida ishlangan "san‘atkorona" chizgilar ular bugun naqadar muhim vazifani o‘tayotganiga ishoradek.

Ammo, qum bo‘ronlari kemalar devorlarini xuddi Shvetsariya pishloqlari kabi ilma-teshik qilib yuborgan. Faqat kemaning bosh qismi omon qolgan.

"Bu kemalar hozir hech kimning mulki emas. Yaqin-atrofdagi qishloqlar baliqchilari haddan ortiq cho‘llanish tufayli ishlarini yo‘qotishdi. Biroq, bola-chaqalarini boqishlari uchun ularga pul kerak. Shunday ekan, kema qismlarini bo‘laklab sotishni boshlashgan", deydi Serik.

Serikning aytishicha, baliqchilar hozir o‘tmish haqida qayg‘urayotganlari yo‘q, ular faqat yana baliq ovlash imkoniyati tug‘ilgunga qadar jon saqlashmoqda. Va Serik bu kunlar tez orada kelishiga qattiq ishonadi.

Gidimizning idorasi Orol dengizi shimolidagi Aralsk shaharchasida. "Tanho sayyora" kitobini o‘qigan har bir sayohatchi Orol tubiga mana shu nuqtadan safar qiladi. Va, ha, ular bu safarda Serik yoki uning do‘stlaridan biri bilan birga bo‘lishadi.

Ammo, bu sayohat tez orada imkonsiz bo‘lib qolishi mumkin, chunki Orolning shimoliy qismini suv bilan qayta to‘ldirish ishlari yaxshi bormoqda. Serikning o‘ylashicha, 5 yil ichida dengiz tubiga sayohat faqat suvosti kemasi bilangina amalga oshadi.

Jahon Banki dastagida uning nohukumat tashkiloti Daniya shirkati bilan hamkorlik qilish imkoniyatiga ega.

"Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasi yaqinida to‘g‘on qurish bilan Sirdaryo suvi Orol dengizining Aralsk yaqinidagi qismiga haydaladi. 2005 yil to‘g‘on qurilishidan oldin suv bo‘yi 65 chaqirimcha uzoqda edi. Hozir 2013 yil va sohilgacha 40 chaqirimgina qoldi", deydi Serik.