Yangi hisobot: "O‘zbekistonda qiynoqlar hamon keng miqyosda davom etmoqda"

Image copyright BBC World Service

O‘zbekistonda qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyat borasida chiqarilgan yangi hisobotda mamlakat 1995 yil BMTning Qiynoqlarga qarshi konventsiyasini imzolaganiga qaramay, qiynoqlar muntazam ravishda davom etayotgani aytilgan.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro Federatsiya dastagida faoliyat qiluvchi "Inson Huquqlari va Qonun ustuvorligi bo‘yicha O‘zbek byurosi" hisobotida BMT qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan ko‘plab savollar va xulosalarga O‘zbekiston qanchalar amal qilayotgani tahlil qilinadi.

Unda aytilishicha, "O‘zbekistonda qiynoqlar qo‘llanishi mahalliy va xalqaro inson huquqlari tomonidan ko‘p yillardan beri hujjatlashtirib kelinadi. Shunga qaramay, qiynoq O‘zbekistonda tergov jarayonlarining barcha bosqichlarida doimiy hol bo‘lib qolmoqda".

"Qiynoq odamlarni qo‘rquvga solish, mustaqil ovozlarni o‘chirish va O‘zbekistondagi mavjud avtoritar boshqaruv mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi klub vafasini bajaradi", deyiladi hisobotda.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati qiynoqlar bo‘yicha ogohlantirishlarga e‘tibor qaratmaslik bilan huquq-tartibot organlariga jamoat tartibini fuqarolar ehtiyojlariga qarab emas, o‘z-o‘zining foydasiga saqlash ishorasini beradi.

"Qiynoq tuzumning siyosiy muxoliflari, ayni paytda, mustaqil jamiyatlar vakillari ovozlarini bo‘g‘ish, hatto o‘ldirish uchun qo‘llaniladi".

"Inson Huquqlari va Qonun ustuvorligi bo‘yicha O‘zbek byurosi" O‘zbekistonda qiynoqlarga berilgan ta‘rif va BMT Inson huquqlari qo‘mitasi tavsiyalariga qaramay, ushbu ta‘rif o‘zgartirilmay kelinayotganiga ham e‘tibor qaratadi.

Qo‘mita O‘zbekistonning Jinoyat kodeksida qiynoqqa berilgan ta‘rif "Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayri-insoniy yoki tahqirlovchi munosabat yoki jazolashga qarshi konventsiyasi"ga mos tushmasligi, uni konventsiyaga moslab o‘zgartirishni tavsiya qilgandi.

Hisobot BMT muhokamasi oldi e‘lon qilingan. Inson huquqlari qo‘mitasi O‘zbekistondagi vaziyatni 29 oktyabr kuni ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

O‘zbekiston tergov hibsxonalari va qamoqxonalarida mahbuslarning qiynoqlar natijasida vafot etish hollari bot-bot uchraydi.

O‘zbekiston militsiyasi, xavfsizlik xizmatlari va boshqa kuch tizimlari gumondorlar, xususan, siyosiy muxoliflarga qarshi shafqatsiz qiynoq usullarini qo‘llashi bilan nom chiqargan.

2002 yilda mamlakat qamoqxonalarini borib ko‘rgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Teo van Boven O‘zbekistonning dastlabki tergov hibsxonalari hamda jazo muassasalaridan qiynoqlarning "muntazam" qo‘llanishini aytgan.

O‘zbekiston hukumati BMT ma‘ruzachisining xulosasini rad etmagan, ammo uning tavsiyalarini ham bajarmay keladi.

2003 yilda qabul qilingan "Qiynoqlarga qarshi kurash milliy dasturi" oradan biroz vaqt o‘tib, unutilgan.

O‘tgan yil oxirida Prezident Islom Karimov qiynoqlarni taqiqlovchi qonunga imzo chekkan.

"Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida"gi qonun 2013 yil oxiridan kuchga kirishi aytilgandi.

Ammo, kuzatuvchilar mazkur qonun ham amaldagi vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishiga shubha qiladilar.