Suriyalik ulamolar muhosirada qolgan musulmonlarga harom go‘shtni yeyishga ruxsat berdilar

Image copyright AFP
Image caption Damashq atrofidagi hududlar isyonchilar nazoratiga o‘tgan

Suriyada musulmon ulamolar guruhi Damashqdan janubda joylashgan mintaqalarda muhosirada qolgan insonlarga ochlikdan omon qolish uchun mushuk, it va eshaklarni yeyishga izn beruvchi fatvo chiqargan.

Internet orqali yoyinlangan videoda din peshvolari dunyo ahlini Suriya poytaxtidan janubda yashayotgan insonlarga yordam berishga chaqirganlar.

Damashq janubida yashovchi aholi hukumat va isyonchilar o‘rtasida kechayotgan qaqshatqich janglardan aziyat chekmoqda.

Ulamolar vaziyat yomonlashishda davom etsa, aholi o‘liklarni yeyishga majbur bo‘lishlari haqida ogohlantirganlar.

Aksari isyonchilar nazoratiga o‘tgan Damashq janubidagi mintaqalar har kuni hukumat kuchlari tomonidan bombardimon qilinmoqda.

Mintaqa aholisiga oziq-ovqat va kiyim-kechak yetkazib berish nihoyatda qiyinlashgan.

Iyd al-Adha bayrami arafasida mintaqa olimlari mahalliy aholiga Islomda "harom" deya ko‘rilgan hayvonlar go‘shtini iste‘mol qilishga ruxsat berganlar.

Suriya mojarosida bunday fatvo ilk bor chiqarilayotgani yo‘q.

O‘xshash diniy hukmlar Hums va Halab shaharlarida og‘ir janglar kechayotgan paytlarda ham kuchga kirgandi.

Yordam tashkilotlari urush kechayotgan mintaqalarga yordam yetkazish ular zimmasidagi asosiy vazifa ekanini aytishadi.

"Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotining boshlig‘i Kristofer Stoks kimyoviy qurollar nozirlariga mintaqaga safar qilish izni berilgan bir paytda oziq-ovqatlarni o‘tkazishga izn berilmayotgani "be‘manilik", deya baholagan.