Ekonomist: "Paxtadan kelgan foyda bank hisoblariga borib tushadi"

Image copyright fergananews.com

Har yili kuzda tahminan 1 million odam, jumladan o‘qituvchilar, shifokorlar va talabalar "oq oltin"ni terib olish uchun O‘zbekiston paxta dalalariga olib borib tashlanadi. Ular ish yo o‘qishdan haydalish, yo hatto jismoniy zo‘ravonlik tahdidi ostida ish joylari va maktablardan chiqarib olinadi, va hukumat naqd pul ishlab olishi uchun kvotalarni to‘ldirishga majburlanadilar.

"Ekonomist" ro‘znomasida o‘zbek paxta mavsumi haqida chop qilingan maqola ana shunday boshlanadi.

Bu "mardikorlar"ni, maqolada yozilishicha, dalalarga chiqishga majburlagan narsa qashshoqlik emas, balki elitaga foyda keltiradigan yarim-feodal tizim. Faollar havotiriga ko‘ra, O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan katta miqdordagi xalqaro yordam muammoni hal qilishga yordam berishdan ko‘ra, uni ikkinchi darajaga surib qo‘yadi.

Maqolaga ko‘ra, UNICEF va Jahon banki ta‘limni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida O‘zbekiston hukumati nomidan 49.9 million dollarlik grant arizasini yozib chiqqanlar. Yordam puli Vashingtonda joylashgan Ta‘lim uchun Global Hamkorlik (Global Partnership for Education) tashkilotidan kelishi kutiladi.

Grant arizasida yozilishicha, mazkur mablag‘ shaharlik tengdoshlariga qaraganda kamroq o‘qituvchi va zahiralardan bahramand bo‘layotgan qishloqlik talabalarga yordam berishi ko‘zda tutiladi. Lekin, unda son-sanoqsiz talabalar va o‘qituvchilar paxta terimiga jalb qilingani tufayli ikki oylab maktabga yaqinlashmayotgani tilga olinmaydi.

"Ta‘lim sohasini isloh qilishning eng ustivor masalasi avvalo talabalar va o‘qituvchilarni sinfxonalariga qaytarish bo‘lishi kerak emasmi?" - deb so‘raydi muallif.

"Tanqidchilarga ko‘ra, UNICEF O‘zbekistonning o‘ta repressiv hukumatini mamnun qilish uchun jon-jahdi bilan harakat qilayapti, chunki u ham boshqa BMT idoralari kabi O‘zbekistondan tepib chiqarilishni istamaydi", - deyiladi maqolada.

"Ekonomist" Markaziy Osiyo ta‘lim sohasida 10 yildan oshiq faoliyat yuritgan amerikalik ko‘mak xodimidan iqtibos keltirgan. Bu xodimga ko‘ra, UNICEF o‘z vazifasi bolalar mehnatini bartaraf etish ekanini unitib qo‘ygan. Ayni damda UNICEFning bunga javobi keltiriladi: tashkilot "bolalar mehnati O‘zbekistondagi ta‘lim sohasi uchun yirik muammo ekanini tan oladi, biroq bu yagona muammo emasligini urg‘ulaydi".

Maqolaga ko‘ra, UNICEF paxta dalalaridagi majburiy mehnati rag‘batlantirayotgan yagona tashkilot emas. Osiyo Taraqqiyot banki O‘zbekistondagi sug‘orish tizimini yaxshilash uchun 220 million dollar miqdori yordam pulini va‘da qilgan. Bu yordam majburiy mehnatni qo‘llovchi paxta sanoatiga foyda keltiradi.

Muallif Londonning Sharqiy va Afrika Tadqiqotlari Instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotga e‘tiborni qaratadi. Mazkur tadqiqotda O‘zbekistondagi paxta sanoati qanday shakllangani batafsil tasvirlangan. Har bir viloyat uchun reja ajratib beradigan hukumat paxtani xorijga global bozor narxlarida sotadi, undan keladigan naqd daromad esa shaffof bo‘lmagan bank hisoblariga borib tushadi.

"Agar fermer rejani bajarmasa, yeridan haydab chiqarilishi mumkin. Fermerlar qo‘shimcha ishchi kuchini yollashga qurbi yetmas ekan, rasmiylar davlat idoralari ishchilari, shifokorlar va hamshiralar, hamda talabalarning dalaga chiqishini buyuradi", - deyiladi maqolada.

Bu yil AQSh davlat departamenti inson savdosi va majburiy mehnat borasidagi yillik xalqaro hisobotida O‘zbekistonga eng yomon baho bergan. "O‘zbekiston hukumati davlat siyosatini amalga oshirish yo‘lida o‘z fuqarolarini majburiy mehnatga safarbar qiladigan sanoqli hukumatlardan biridir", - deyiladi hisobotda.

O‘tgan bir necha yil davomida olib borilgan tijoriy boykot 130ta shirkatning o‘zbek paxtasidan yuz o‘girishiga sabab bo‘ldi. Rossiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonning butun boshli hosilini sotib olishga tayyor. Bangladesh ham allaqachon katta mijozlardan biriga aylangan. Ba‘zi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bu yilgi hosilning 83 foizi ana shu ikki mamlakatga sotiladi.

Your contact details
Disclaimer