Italiyada natsist-jinoyatchini dafn qilishga izn bermadilar

Image copyright AP

Italiyada natsist-jinoyatchi, deb topilgan Erix Pribkeni olomon dafn qilinishiga qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng jasadi Rim qo‘nalg‘asiga olib kelindi.

Seshanba 15 oktyabr kuni, uning tobutini olib ketayotgan karvonni norozi olomon qurshab olgandi.

Italiya matbuotining xabar berishicha, endilikda uning jasadi o‘zi tug‘ilgan Olmoniyaga yuborilishi mumkin.

Italiya rasmiylari bu borada Olmoniya bilan muzokaralar olib borilayotganini tasdiqladilar.

Seshanba kuni 500 ga yaqin kishi Albano Latsiale shahrida dafn marosimi yo‘lini to‘sib, cherkovga kirishiga to‘sqinlik qilgandi.

Ikki o‘rtada to‘qnashuv yuz bergan.

Natsistlarning SS xizmati zobiti bo‘lgan Erix Pribke 1997 yili Ikkinchi Jahon Urushi davrida Rimda 300 kishining o‘limiga aloqadorlikda aybdor, deya topilgandi.

Image copyright Reuters

Pribke o‘tgan haftada uy qamog‘ida bo‘lgan vaqti 100 yoshda olamdan o‘tgan. U hech qachon urush davridagi amallaridan afsusda ekanligini aytmagan.

Uning o‘limidan so‘ng nima qilish kerakligi haqida bahslar qizib ketdi.

Vatikan katolik cherkovlarida uning uchun dafn marosimi o‘tkazishni taqiqladi.

Lekin katolik cherkovidan ajrab chiqqan va o‘zining ashaddiy o‘ng qanot va irqchi qarashlari bilan tanilgan avliyo Piy X guruhi dafn marosimini o‘tkazib berishga rozi bo‘lgan.

Pribkeni dafn qilishga u aybdor, deya toprilgan Italiya, u tug‘ilgan Olmoniya va ekstraditsiya qilinguniga qadar yashagan Argentina ham rozi bo‘lmaganlar.

Mahkama qarorida aytilishicha, Pribke 1944 yili Rimdagi Adreatin g‘orlarida 300 ga yaqin italiyaliklarni qatl qilishda ishtirok etgan.

Urush tugaganidan so‘ng u qalbaki hujjatlar asosida Argentinaga qochib ketgan.

1995 yili uni natsistlar jinoyatlariga aloqadorlik ayblovlari asosida Italiyaga ekstarditsiya qilishgandi.

Ikki yil o‘tib uni mahkama umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Lekin uning yoshi va sog‘lig‘i nazarda tutilib, uy qamog‘ida ushlashga rozi bo‘lingan.