Gulnora Karimova xolavachchasining hibsga olingani haqida

Image copyright none

O‘zbekiston prezidenti rafiqasining jiyani hibsga olingani haqidagi xabarlar ortidan Gulnora Karimova Instagram tizimidagi qisqa xabarda bu hodisaga munosabat bildirdi.

Foydalanuvchilardan birining "ta‘ziyasi"ga javoban Gulnora Karimovaning yozishicha, hayotda hamma narsa ham ko‘ngildagidek ketayotgani yo‘q.

"Oilaning bir qismi (ota) "ta‘minlash" bilan boshqa qismi esa bu ta‘minotlarni yo‘qotish va qora kuchlar ila do‘stlashish bilan ovora...Ba‘zida esa Toshkentdagi Xlebushkin nomidagi bolalar uyi peshtoqidagi "Bismillohu Rahmonu Rahim" degan yozuvlarni o‘chirish bilan", deya ma‘noli ishora qilgan Gulnora Karimova.

Uning o‘z xabarida davom etishicha, bu bolalar uyini "birodari" Akbar Abdullayev qayta qurib, ta‘mirdan chiqargan.

"Bu kabi uylardan u 25-tasini ta‘mirdan chiqargan. Keyinchalik u yerdan qimmatbaho qandillar yo‘qolib, devordagi Finlyandiya bo‘yoqlari va kafellar qirtishlab olib tashlangan. Lekin u sodiqlik bilan ko‘rsatmalarni bajargani uchun hozirda qamoqda o‘tiribdi. Bu loyihalarning hammasi "Sen yolg‘iz emassan" fondi tomonidan bajarilib, tantanali ravishda taqdim etilgan. Tasodifmi? Aslo, qonuniyat!", - deya xitob bilan xulosa qilgan Gulnora Karimova.

O‘zbekiston Prezidenti oilasida oxirgi vaqtlarda ro‘y berayotgan evrilishlar manzarasida bu Gulnora Karimova tomonidan xolavachchasi Akbar Abdullayevning hibcga olinganligining bir tomondan ilk bor oila tarafidan tasdig‘i sifatida yangramoqda.

Avvalroq BBCning Farg‘onadagi manba‘si oktyabr oyi boshlarida xavfsizlik xodimlari yirik tadbirkor Akbar Abdullayevni qo‘lga olishganligini ma‘lum qilgandi.

Akbar Abdullayev Prezident Islom Karimovning rafiqasiga jiyan bo‘ladi.

Internet nashrlarida xabar berilishicha, Farg‘ona shahri prokuraturasi Akbar Abdullayevga "Davlat mulkini talon-taroj qilish" hamda "Soliqlardan bosh tortish" moddalari bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. So‘ng bu ish O‘zbekiston Bosh Prokuraturasiga jo‘natilgach, u yerda yana 210 modda bo‘yicha poraxo‘rlik aybi ham qo‘shilgan.

Ishonilishicha, Akbar Abdullayev bir necha yillar davomida Farg‘ona viloyatida joylashgan yirik sanoat inshootlar ustidan nazoratni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan. Ular orasida Farg‘ona neft ishlab chiqarish zavodi ham bo‘lgani aytilmoqda.

Farg‘onadagi ishonchli manba‘ga ko‘ra, bu zavodda 2012 yil yozida qonunga xilof ravishda sodir bo‘lgan amaliyotlarni tekshirish uchun jinoiy ish ochilgandi. Ushbu tekshiruvlar natijasida zavod bilan bog‘liq bir necha mulozim hibsga olingan. O‘tgan yili Akbar Abdullayev ham qo‘lga olinib, keyinchalik qo‘yib yuborilgandi.

Ishonilishicha, u ko‘proq Gulnora Karimova bilan yaqin aloqadagi shaxslar doirasida bo‘lgan. Abdullayev Gulnoraning xayriya tadbirlarida ishtirok etgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Akbarali Abdullayevning qo‘lga olinishi, qolaversa, shu kunlarda Gulnora Karimovaning avvaliga Twitterdagi akkaunti yo‘qolib qolishi va kuni kecha Vord Pressdagi sahifalari yopilib qolishi ham Prezidentning qudratli va ehtimoliy merosxo‘ri sifatida ko‘rilgan to‘ng‘ich qizning ta‘siri kamayib borayotganidan dalolat beradi.

Boshqa tomondan Instagram dagi Gulnora Karimovaning xabari yaqinda Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimovaning BBCga bergan intervyusida opasi bilan ko‘p yillardan beri gaplashmayotganligi haqidagi bayonotiga javobiy ayblov ma‘nosida ham talqin etilishi mumkin.