"TALKO RusAlga 275 million dollar jarima to‘lashi kerak"

Shvetsariya mahkamasi Rossiyaning alyuminiy ishlab chiqaruvchi yirik shirkati RusAlga Tojikistonning TALKO alyuminiy korxonasi 275 million dollar jarima to‘lashi kerakligi haqida hukm chiqardi.

TALKO matbuot kotibi BBC bilan suhbatda ushbu hukmni tasdiqladi, ammo uning ustidan shikoyat qilinishini aytdi.

Mahkama hukmi Tojikistonda prezidentlik saylovlaridan avval prezident Imomali Rahmon hukumati uchun zarbadir.

Ishonilishicha, Talko Tojikistonda muayyan soliq imtiyozlariga ega, ishlatgan elektr energiyasi uchun yarim narxini to‘laydi va millionlab dollar olgan foydasi ofshor hudud hisoblangan Virjin Orollaridagi shirkatga tushadi. Aytilishicha bu shirkat mamlakat prezidentining kuyovi Hasan Abdullazodaga aloqasi bordir.

Ayni vaqtda aytilishicha, Shvetsariya mahkamasi RusAl arizasiga javoban TALKO tomonidan 400 million dollar tovon talabi bilan bergan arizasini inobatga olmagan.

Xabarlarda aytilishicha, Rusalga aloqador bo‘lgan "Hamer Investing Ltd" shirkati 2003 yili Talkoga hom ashyo yetkazib bergan, ammo buning uchun 260 million dollar haqni olmagan.

2004 yili Rossiya va Tojikiston o‘rtasida erishilgan bitimga muvofiq Rusal Talko bilan hamkorlik evaziga "Rog‘un" elektrostantsiyasining qurilishiga yordam berishi nazarda tutilgandi.

Lekin ikki tomon o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchiliklar tufayli Tojikiston bir tomonlama ravishda ushbu bitimni buzgandi.

Oxirgi yillar mobaynida Talkoning sobiq hamkorlari tomonidan mahkama tortilishi holati birinchi marotaba ro‘y berayotgani yo‘q.

2006 yili "Ansol" shirkati bilan Britaniyadagi mahkamada olib borilgan uzoq tortishuvlar mahkama jarayonlari tarixida eng qimmatga tushganlaridan biri sifatida ko‘rilgandi.

O‘zbekiston o‘z chegaralariga yaqin hududda joylashgan Talko korxonasi atrof muhitga katta zarar yetkazayotgani haqida aytib keladi.

2013 yil yozida O‘zbekistonda tashkil qilingan ekologiya haftaligi doirasida O‘zbekistonning Londondagi elchiligi Buyuk Britaniyadagi jurnalistlar va tadqiqotchilar uchun Tojikiston Alyuminiy zavodining O‘zbekiston atrof-muhitiga ta‘siriga bag‘ishlangan brifing muloqot tashkil qilgandi.

Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Otabek Akbarov Tojikiston Alyuminiy zavodi - TALKOning O‘zbekiston ekologiyasiga yetkazayotgan zarari haqida yana bir bor ogohlantirdi.

O‘zbekiston jamoatchiligi O‘zbek-Tojik chegarasidagi dunyodagi eng yirik alyuminiy ishlab chiqarish korxonasining insonlar salomatligi va nabotot olamiga salbiy ta‘siri haqida 1990-yillardan buyon ogohlantirib keladi.

Brifingda aytilishicha, TALKO atrof-muhitga chiqarayotgan sanoat chiqindilari tufayli chegaradosh hududlarda, ya‘ni O‘zbekistonning janubiy Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo, Uzun, Denov, Oltinsoy va Jarqo‘rg‘on tumanlarida yashaydigan bir milliondan ortiq aholi zararli ta‘sir ostida qolib ketmoqda.