O‘zbek paxtasining 90 foizini mashinalarda terib olish imkonlimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2016 yilga borib mamlakatdagi paxtaning 90 foizi kombaynlar yordamida terib olinishini aytgan. Bosh Vazir, Central Asian News xabar agentligiga ko‘ra, bu haqida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Paxta va Tekstil yarmarkasida gapirgan.

Bosh vazir Mirziyoyev bu yilgi paxta mavsumiga Toshkent traktor zavodida ishlab chiqarilgan 1 mingdan ortiq kombaynlar jalb etilganini aytgan.

2014 yilda Toshkent traktor zavodida 3 mingta paxta teruvchi mashinalar ishlab chiqarilishi rejalangan.

Yarmarka ochilishida, shuningdek, bunday kombaynlarning narxi 35-40 ming dollar atrofida bo‘lishi va uni fermerlar sotib olishi mumkinligi aytildi.

Sovet Ittifoqi davrida O‘zbekistonda tahminan 50% paxta kombaynlar yordamida terilgan. Biroq mustaqillik yillarida kombaynlarni ishlab chiqarish sekinlashgan, ular yordamida terilgan paxtaning sifatsizligi borasidagi da‘volar ortidan paxtani qo‘lda terish avj olgan.

O‘zbekiston aholisi, davlat va xususiy muassasalar xodimlari, talabalar va o‘quvchilar har kuzda tekinga paxta terishga majburlar.

1980-yillar oxirida Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida xo‘jalik raisi bo‘lib ishlagan Ahmad Xorazmiy paxta hosili mashinalar yordamida terilishi tarafdori bo‘lib kelgan. U hozirda Britaniyada istiqomat qiladi.

U mashinalarning jalb etilishi oqibatida paxtaning sifati yomonlashishi va fermer uchun xarajatlar oshishini tan oladi, biroq bu noqulayliklarga qiyoslaganda "insoniy faktor" muhimroq ekanini aytadi.