Tungi Kobul yoki boyvachcha afg‘on yoshlari bugun pullarini nimaga sarflashadi?

Image copyright chopahnrestaurant.com

G‘arbliklarning shuncha yillik ta‘siri va Afg‘oniston poytaxtiga oqib kelgan sanoqsiz pullar o‘z mevasini bermay qolmabdi.

Boyib borayotgan afg‘on oilalarining puldor bolalari uchun Kobulda, hatto, muzlatilgan mevali yogurtlar taklif qiluvchi tungi barlar ham ochilibdi.

Kobulning jonlanib borayotgan tungi hayoti Britaniyada chop etiluvchi nufuzli "Gardian" gazetasi muxbirining e‘tiboridan chetda qolmagani esa, buning Afg‘oniston uchun qanchalik noodatiy ekaniga dalolat qiladi.

Dam olish kunlarining birida kechqurun yo‘lim Kobulning boyvachcha Vazir Akbar Xon mavzesiga tushdi. Qarasam, tashqi qiyofasidan o‘ziga to‘q ekanliklari ko‘rinib turgan 20 yoshlar chamasidagi bir guruh yigitlar muzlatilgan yogurt sotuvchi "Cherry Berry" barining qarshisida navbatda turishibdi, - deya o‘z maqolasini boshlaydi Sabra Ayres.

"Gardian" muxbiri qiziqib qolib, o‘zi ham barga kirgandan keyingi manzarani esa, mana bunday tasvirlaydi:

Barning ovqatlanish uchun mo‘ljallangan va yorqin rangga bo‘yalgan yuqori qavatida ko‘zim stol atrofiga jamlanib olgan sholvor kamzuldagi bir guruh afg‘on yoshlariga tushdi. Qo‘llarida smartfonlar va tabletlar. Bilsam, ular tungi soat birgacha ochiq bo‘lgan bu barda soatlab chaqchaqlashib, "Facebook"larini titkilab o‘tirisharkan, - deydi Sabra.

"Keyinroq esa, ularga qo‘llaridagi finjonlarini muzlatilgan yogurtga to‘ldirib olgan, sochlari zamonaviy rusumda qirtishlangan, gellangan, jinsiyu g‘arbona ramzlar tushirilgan futbolkada bo‘lgan tengdoshlari borib qo‘shilishdi".

Ha, endi bu yosh yigitchalardir desam, barning pastki qavatida yosh qizu juvonlar, butun boshli afg‘on oilalariga ko‘zim tushdi, - deya o‘z hayratlarini izhor etadi "Gardian" muxbiri. (Chunki Afg‘onistonda hali-hanuz ayolu erkakning birga o‘tirishi xushlanmaydi).

Maqola tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, "Cherry Berry" yosh, puldor afg‘on yoshlari va xorijlik mehmonlar uchun mo‘ljallangan tungi maskanlardan bittasi.

Yuz minglab g‘arbliklarning hozirligidan Kobul ham boyib qolgan emasmi, avvallari kech tushishi bilan qorong‘ulik qo‘yniga cho‘mib ketuvchi shaharda bugun tunda ham och qolmaysiz: Cho‘ntagingiz ko‘tarsa, qorningizni to‘ydirib olishingiz mumkin bo‘lgan restoran va qahvaxonalar birtalay.

Demoqchimanki, Afg‘oniston poytaxti o‘tgan ikki yil ichida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga yuz tutmoqda, o‘ta an‘anador afg‘on jamiyatida yangi an‘ana shakllanayotir: puldorlar uchun xos maskanlar paydo bo‘lmoqda. Istagan xonandangizga taqlid qilib, ovozingizni baralla qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan karaoke qahvaxonalari deysizmi va yoki bouling zallarigacha bor.

"Qaniydi, bizga o‘xshagan yoshlar borib, mazza qilib dam oladigan joylar ko‘p bo‘lsa", - deydi biznes boshqaruvi bo‘yicha tahsil olayotgan 22 yoshli Idris Lutfiy. "Cafe Che"da Idris yigitu qiz talaba do‘stlari bilan kechki ovqatni yeb, yana chilim ham chekib olishadi. Payshanba kunlari esa, bu qahvaxonada xonandalar jonli chiqishlar qilishadi: afg‘oncha popdan tortib, Bollivudning odamlarning ko‘ngillarini zabt etgan eng so‘nggi qo‘shiqlaridan olishadi...

Bu kabi an‘ana, ayniqsa, poytaxt Kobulda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Chunki, Afg‘onistonning boshqa hududlari bilan qiyoslanganda, odamlar bu yerda ko‘proq daromad qilishadi. Poytaxt G‘arbona hayot tarziga ham anchayin ochiq.

Aslida Afg‘oniston dunyoning eng qashshoq davlatlaridan biri sanaladi. Agar, Jahon Bankining so‘nggi ma‘lumotlariga qaralsa, aksariyat afg‘onlar yiliga o‘rtacha olti yuz dollarga yaqin daromad qilishadi. Ustiga ustak, afg‘on oilalarining qanchalik serfarzand ekanliklarini ayting.

Endi, buni poytaxt Kobuldagi tungi barlardagi narx-navo bilan taqqoslaylik: Deylik, "Cherry Berry" barida bir finjon muzlatilgan yogurt qariyb 5 AQSh dollari turadi. "Agar, siz farrosh yoki oddiy sotuvchi bo‘lsangiz, bu sizga qimmatlik qiladi", - deydi bar hamsohiblaridan biri Shekib Rashidiy.

Hali yoshi 30 ga ham yetmagan Shekibning aytishicha, "Mijozlaridan aksariyati oyiga kamida 500 dollar topishadi va shuning uchun ham, bu kabi barlarga kirish uchun pullarini ayaydigan odamlar emas".

Agar, uning so‘zlariga qaralsa, Afg‘onistonda dam olish kuni bo‘lgan payshanba kunlari o‘rtacha 600 ta mijozga xizmat ko‘rsatishadi.

"Cherry Berry"dan biroz yursangiz, "Strikers" bouling xiyoboni joylashgan. Bu yerga oilangiz va do‘stlaringiz bilan kelib bir soat bouling o‘ynash 30 AQSh dollari turadi. Orada sizga pitstsa va burgerlar ham tortishadi.

Lekin, shunda ham, Afg‘oniston jamiyati erkaklarning so‘zi so‘z bo‘lgan an‘anadorlaridan emasmi, tungi maskanlar aksariyatining mijozlarini yosh yigitlar tashkil qilishadi. Ammo qahvaxonalarga borib, savdo markazlarining tit-pitini chiqarayotgan qizlarning soni ham yil sayin ortib bormoqda.

To‘g‘ri, Kobulning tungi oromgohlarini hozircha London yoki Nyu-Yorkdagisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Ammo aksariyat uchun Kobulning jonlanib borayotgan tungi hayoti shakllanib kelayotgan afg‘on o‘rta sinfining ta‘siri ostida kechayotgan o‘zgarishlar sifatida talqin etilmoqda.

Ammo kelasi yilgi prezidentlik saylovlari va xorijiy qo‘shinlarning ortga safarbarliklarini nazarda tutib, Afg‘oniston iqtisodi tanazzulga yuz tutishi mumkin, degan xavotirlar ham yo‘q emas.

Ular xalqaro ko‘maklarning ko‘lami qisqarib, Tolibon bilan muzokaralarda berilajak yon berishlar afg‘on jamiyatining qayta an‘analashuviga yo‘l ochishi mumkin, degan o‘ydalar.

"2014 yil", degan qo‘rquvlarga qaramay, Afg‘onistonda hayot o‘nglanmoqda. Kobul elektr toki bo‘lmagani uchun odamlar kech soat sakkizdan yotib oladigan paytlarga qaytishiga hech aql bovar qilmaydi", - deydi Lutfiy.