Yangi hisobot: Jahonda 30 million odam qullikda yashaydi

Image copyright b
Image caption ...Rossiyada bu yil o‘nlab vetnamlik ishchilik qul qilib ishlatilgani aniq bo‘ldi

Jahon bo‘ylab deyarli 30 million odam qullikda yashayapti. 162ta mamlakatdagi ahvolni o‘rgangan yangi tadqiqot xulosasi ana shunday.

"Global qullik hisoboti 2013" (The Global Slavery Index 2013) Hindistonda 14 million odam qullik sharoitlarida yashayotganini aniqlagan.

Biroq, Mavritaniyaning 4% aholisi qul bo‘lib yashab kelar ekan, u eng yuqori proportsional ko‘rsatkichga ega.

Hisobot mualliflari bu tadqiqot hukumatlarni mazkur "yashirin jinoyat"ga qarshi kurashishiga turtki bo‘lishiga umid qilishmoqda.

"Yaxshiroq chora"

Hisobotni Avstraliyada joylashgan "Ozod bo‘l" jamg‘armasi (Walk Free Foundation) tuzgan. U qarzga botish, majburiy nikoh va inson savdosi kabi zamonaviy qullik sharoitlarini o‘rgangan.

"Ko‘p hukumatlar biz taqdim qilayotan ko‘rsatkichlarni ko‘rgilari kelmaydi. Lekin, agar hukumatlar biz bilan muloqotga kirishga ishtiyoq bildirsalar, biz zamonaviy qullikdek illatdan qutulish yo‘lida yaxshiroq choralarni birga ishlab chiqamiz", - dedi "Ozod bo‘l" jamg‘armasi rahbari Nik Grono.

Jamg‘armaning dunyodagi qullar sonini 29.8 millionga tenglashi boshqa tashkilotlar ko‘rsatkichlaridan yuqoridir. Xalqaro mehnat tashkiloti dunyoda 21 million odam majburiy mehnat qurboni ekanini aniqlagan.

Oxirgi hisobotga binoan, Hindiston, Xitoy, Pokiston va Nigeriya qullar soni bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turishadi.

Yana beshta davlat bilan birgalikda ular jahondagi zamonaviy qullarning uchta choragiga egalar.

Hisobotga ko‘ra, Hindiston ichida hind fuqarolari qullikka majburlanayotgani tufayli u birinchi o‘rinda turadi.

Aholi soniga proportsional tarzda yuqori o‘rinda turuvchi Mavritaniyada odamlar qullikni ota-onalaridan me‘ros qilib oladilar. Gaiti ikkinchi o‘rinda, Pokiston esa uchinchi.

Yangi hisobot sobiq AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton va sobiq Britaniya Bosh vaziri Toni Bleyrdek nufuzli arboblar dastagiga ega.

Klinton xonim hisobot mukammal bo‘lmasada, ish boshlash uchun mos qo‘llanma ekanini aytgan.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Qozog‘iston va Rossiyada qullikka tushib qolishlari hollari aniqlangan. Mardikorlarning pasportlari xo‘jayinlari tomonidan tortib olinishi, uzoq soatlar va dam olish kunlarisiz ishlatilishi, abgor yashash sharoitlari va ko‘p hollarda oylab maoshsiz ishlatilishi zamonaviy qullikning jihatlaridandir.

Siz qullik hollaridan xabardormisiz? Matn ostidagi forma orqali biz bilan bog‘laning.

Your contact details
Disclaimer