O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida tinchlikni qanday saqlash mumkin?

Image caption O‘zbekiston ko‘p hollarda dabdurustdan chegaralarini yopib qo‘yadi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasiga yaqin Ungor-Tepadagi radio uzatish stantsiyasi bois yuzaga kelgan mojaro, bu ikki davlat orasidagi chegara masalasi qanchalik nozikligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Ayrimlar ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarni aniqlab, belgilab chiqish lozimligini urg‘ulashmoqda. Muayyan hududlarda bu ishlar boshlangani aytiladi. Ammo o‘rtadagi qator bahsli hududlar va ob‘ektlar masalasi hali to‘la yechimini topmagan.

Shuningdek, Qirg‘iziston ichkarisida joylashgan O‘zbekistonning Shohimardon va So‘x anklavlari ham Toshkent uchun hal etilishi lozim, ammo mushkul masala bo‘lib qolayapti.

O‘tgan yili qirg‘izlar o‘zbek anklavlariga eltadigan yo‘llarni yopib qo‘yishi bois, u yerdagi O‘zbekiston fuqarolari og‘ir ahvolda qolishgan va hatto odamlar qamaldagi kabi kirib-chiqa olishmagandi.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili Dmitriy Zagrotskiy o‘z tashkiloti Farg‘ona vodiysidagi chegara hududlari vaziyati yomonlashib ketmasligi ustida bosh qotirmoqda, deb aytadi.

"Ba‘zida odamlar bolasini bog‘chaga olib borish yoki ishga qatnash uchun ham chegaraga oid muammoga yuz tutadi" - deydi Qirg‘izistonda ishlayotgan Dmitriy Zagrotskiy - "Bunaqa hollarda odamlar ayni masalalarni bevosita chegarachilar bilan hal qilishlariga imkon yaratish kerak".

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaralari Sovet davrida tortilgan. Ayrim hollarda bir ko‘chaning ikki tarafi ikki davlatga qaraydi. Hozir qo‘shnilar va aka-ukalar ikki davlat fuqarolariga aylangan holatlar ko‘p.

Ko‘rish bor, o‘tish yo‘q

Image copyright ferghana.ru
Image caption Ba‘zida qarindoshlar chegaradan o‘ta olmay, sim to‘rning ikki tarafida turib hol-ahvol so‘rashadi

O‘tib-qaytish esa yil sayin qiyinlashib ketmoqda. Ba‘zida odamlar chegara chizig‘ining ikki tarafida turib, hol-ahvol so‘raydilar. Lekin bu chiziqdan o‘tish imkonsiz. Aka-ukala va qo‘shnilar ham bir necha o‘n chaqirim yo‘l bosib, O‘zbekiston tarafi istagan payti dabdurustdan yopib qo‘yadagin chegara o‘tish maskanlariga borishni tavakkal qilishlari kerak.

Ayrim hududlarda qayer O‘zbekiston, qayer Qirg‘iziston ekanligini bilib bo‘lmaydi. Bu esa ko‘plab odamlarning o‘zlari ham bilmagan holda qonunbuzarga aylanib qolishiga yetaklamoqda.

"So‘nggi paytlarda, masalan, 30 nafardan ko‘proq odam o‘zlari ham bilmay qo‘shni davlat hududiga o‘tib qolgani aniqlangan" - deydi janubiy Qirg‘izistondagi Aqsi Tumani militsiyasi mulozimi Jumanali Subanqulov.

"Biz ularga ma‘muriy chora ko‘rib, jarimalar solamiz. Chunki Farg‘ona vodiysidagi chegaralar aniqlanmagan va belgilab chiqilmagan, shu bois odamlarning boshi qotgan" - deydi qirg‘iz mulozimi.

O‘zbekiston tarafida esa jazolar qattiq. O‘zbek hukumati chiqargan so‘nggi qonun o‘zgarishlariga ko‘ra, bilib-bilmay chegaradan o‘tib qolgan bunday odamlarni O‘zbekiston bemalol bir necha yilgacha qamoq jazosiga hukm qilib yuborishi mumkin.

Agar takror qilingani aniqlansa, hatto 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Islom Karimov hukumatining bu kabi qattiq jazo choralari xalqaro tahlilchilar tarafidan tanqid qilingan va ko‘pchilik "absurd", deb atagan.

Image caption O‘zbek-Qirg‘iz chegarasidagi mojarolarda tinch aholi vakillari qurbon bo‘lgan holatlar ham bor

Lekin o‘z fuqarolarining erkin harakatlanishini eng qattiq cheklaydigan dunyodagi o‘ta kam sonli davlatlardan bittasi bo‘lgan O‘zbekistonda allaqachon bu kabi holatlar uchun fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.

Ayni damda, chegaraning har ikki tarafida yashovchi aholi sarhadlar aniqlanib olinsa, bu kabi holatlar kamayib, oddiy xalqning qo‘rqmasdan harakatlanish imkoni paydo bo‘lardi, deb aytishadi.

Biroq davlat chegaralari bo‘ylab xandaqlar qazilib, simto‘rlar tortilishi ham odamlarni xavotirga solmoqda.

Ikki davlatda qolayotgan qarindoshlar, do‘stlar uchun bu oilaviy rishtalar uzilib ketishini ham anglatmoqda. Chunki odamlar nafaqat to‘y-sur, balki ta‘ziya uchun ham borishga qiynalib qolishayotganinidan shikoyat qilishadi.

Shu qatorda, chegara osha savdo qiyinlashib, iqtisodiy aloqalar ham susayishi ehtimoli oshmoqda.

Markaziy Osiyoda, asosan, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘z qo‘shnilari bilan chegaralarni yopib, viza tizimi joriy etishgan. O‘zbekiston, shuningdek, vizasiz bordi-keldi qilinadigan Qozog‘iston bilan chegarada ham odamlarning kirib-chiqishini qiyinlashtirmoqda.

Odamlar ko‘pincha pora berib yoki aylanma yo‘llar orqali o‘tishlarini aytishadi. Ba‘zida esa yosh ayollar chegarachi va bojxonachilari tarafidan o‘zlariga hatto jinsiy tegajoqlik qilish hollari haqida ham aytishgan.