"O‘zbekiston o‘z xalqini qul qilmoqda"

Image caption Hisobotga ko‘ra, paxta mavsumida O‘zbekiston dunyoning ikkinchi yirik quldoriga aylanadi

Global Qulorlik Ko‘rsatkichi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati har yili bir millionga yaqin o‘zbekni qariyb ikki oy davomida paxta dalalarida majburan ishlatiadi.

Bu esa aynan quldorlik ta‘rifiga mosdir. Chunki quldorlik inson erkiga qarshi uni nazorat qilish, mulk kabi munosabatda bo‘lish, foyda ilinjida ekspluatatsiya qilish va majburiy mehnatga jalb etish kabi holatlarni ham ko‘zda tutadi.

Eng qizig‘i, aynan paxta terimi chog‘idagi ikki oy davomida O‘zbekiston davlati dunyoning ikkinchi eng ashaddiy quldoriga aylanadi. (Birinchi o‘rinda Afrikadagi Mavritaniya turadi).

Sobiq Sovet Ittifoqidagi eng ashaddiy "qulchi" davlatlar - Moldova, O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon, deb baholangan.

Ammo bu davlatlardagi quldorlik ko‘rinishlari boshqacharoq. Masalan, Rossiyada huquqsiz muhojirlar qishloq xo‘jaligi sohasida va qurilishda qul kabi ishlatiladi.

Moldovada esa buning ustiga inson savdosi kabi holatlar ham qo‘shiladi.

Image caption Majburiy dala ishlari nafaqat paxta terimi payti, balki bahor-yoz chog‘laridayoq o‘toq hamda yagana qilishdan boshlanadi

Umumiy quldorlik ro‘yxatidan sobiq SSSR davlatlariga qaralsa, faqat Moldova O‘zbekistondan oldingi o‘rinda keladi.

O‘zbekison quldorlik bobida 47 o‘rinda, lekin paxta mavsumida ikkinchi o‘ringa chiqib ketadi.

O‘zbekistonda Sovet davridan beri majburiy mehnat qo‘llaniladi va Stalin boshlagan bu siyosatni Islom Karimov hukumati ham davom ettirmoqda.

Xalqaro bosimlar ostida hozir o‘ta yosh bolalar paxtaga olib chiqilmayotgani aytiladi.

Ammo terim boshlanishi ortidan bozorlar, kollej, universitet va to‘yxonalar yopiladi, odamlar xuddi favqulodda holat kabi paxta frontiga jalb etiladilar.

Davlat korxonalari xodimlari, muallim, shifokor va hatto futbolchilaru xonandalar ham paxta ishlariga majburlanmoqda. Xususiy tadbirkorlar esa katta miqdorda pul to‘lashlari kerak.

Ayrim viloyatlarda balog‘atga yetmagan kollej talabalari paxtaga chiqmagani uchun o‘qishdan haydalgani, ta‘lim xodimlari yo fermerlar rasmiylar tarafidan kaltaklangani, yosh bolali shifokor onalar ham paxta terishga majburlanayotgani va kasal odamlar uchun tibbiy spravka olish ma‘n etib qo‘yilayotgani haqida xabarlar mavjud.

Biroq O‘zbekiston hukumati mulozimlari paxta terishga chiqayotganlarni o‘z tashabbusi bilan termoqda, deb aytadi.