Frantsiya Gulnora Karimovaning dang‘illama uyini tekshirmoqda

Image copyright LePoint.fr

"Malika Karimova uchun sehrli ertak poyoniga yetmoqda". Frantsiyadagi Le Point haftaligi nashr qilgan eksklyuziv maqolada shunday deyiladi.

LePoint.fr maqolasi O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaning Parijda dang‘illama uy sotib olgani yuzasidan Frantsiya mahkamasi o‘tkazayotgan tergovga bag‘ishlangan.

Tergov noqonuniy yo‘llar bilan topilgan mablag‘ni qonuniylashtirish va koorruptsiya bandlariga bog‘liq.

2012 yil yozida Shveytsariya prokurorlari Gulnora Karimovaning yordamchilari deb aytilgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘lga olgan, bu insonlar pul yuvishda ham gumon qilinganlar.

BBC Le Pointdagi maqola Melani Delatr bilan bog‘lanib, siz o‘zingizning jurnalistik tekshiruvingiz chog‘i nimalarni topishga muvaffaq bo‘ldingiz, deb so‘radi.

Melani Delatr: Bizning topganimiz Frantsiyadagi adliya tizimi Gulnora Karimova 2009 yili Parij o‘rtasida 30 million Yevroga sotib olgan xonadoni ustidan tekshiruv ishlarini boshlab yuborganidir.

BBC: Siz ushbu ma‘lumotni qaysi manba‘dan oldingiz?

Melani Delatr: Odatda manba‘lar ochiqlanmaydi. Biroq, bir narsa aniq - tekshiruv boshlangan va Frantsiya adliya tizimi Karimova xonimning ana o‘sha pentxaus xonadon uchun o‘ta yuqori bahoda pul to‘laganiga qiziqmoqda.

BBC: Odatda bu kabi xonadonlarning allakimga tegishligini isbotlash o‘ta qiyin. Sizlar bu xonadonning Karimova xonimga tegishligiga isbot-dalil topdingizmi?

Melani Delatr: Ha, bu kabi xaridlarni isbotlash o‘ta qiyin, lekin Frantsiyadagi uy sotish shirkatidagi hujjatlarga binoan bu xonadon oldi-sotdisi bilan bog‘liq fuqaro jamoasida Karimova xonimning nomi aniq-taniq bor. Bu jamoa O‘zbekiston Coca-Cola shirkatiga taaluqlidir. Bu shirkatning ham Gulnora Karimovaga aloqasi ma‘lum.

BBC: Maqolangizda "pul yuvish" degan ibora uchraydi. Bunga ham isbotingiz bormi?

Melani Delatr: Yo‘q, "pul yuvish" degan aybga isbot yo‘q, biroq adliya tizimi hozir shuni gumon qilib tekshiruv ochgan. Gap shundaki, 30 millon Yevro bu xonadon uchun o‘ta yuksak bahodir. Hatto, Bulon o‘rmoni yoqasida joylashgan bo‘lsa-da, baribir bu baho o‘ta yuqoridir. Bu xonadonni u Artyur ismli televideniye yulduzidan sotib olgan.

BBC: Matbuotda Frantsiya hakami Serj Turniyer Gulnora Karimovaning boshqa xonadonlari, jumladan, Frantsiya janubidagi villasi yuzasidan tekshiruv o‘tkazayotgani xabar qilingandi. Bu haqda sizga nimalar ma‘lum?

Melani Delatr: Yo‘q, bu xususda biz ma‘lumotga ega emasmiz. Bizga ma‘lum bo‘lgani mana shu pentxaus xonadoni xususidagi tekshiruv. Biz Karimova xonimning Frantsiya janubida ham villasi borligini bilamiz, ammo tekshiruv unga ham yoyilganmi-yo‘qmi, bilmaymiz.

BBC: Endilikda Frantsiya adliya tizimining keyingi qadamlari qanday bo‘lishi mumkin?

Melani Delatr: Endilikda, bu mumkin bo‘ladimi-yo‘qmi - bilmayman, biroq Karimova xonimning sotuvchi hamda sotish shirkati qatorida so‘roqqa chaqirilishini kutish mumkin. Bundan maqsad - bu savdo-sotiq to‘g‘ri bahoda amalga oshirilganmi-yo‘qligini topish, hamda u qay tarzda yuz berganini aniqlashdir. Ya‘ni bunda "pul yuvish" sodir bo‘lganmi-yo‘qligini topishdir.

BBC: Va so‘nggi savol, Frantsiyadagi tekshiruv alohida bir holmi, yo Shveytsariya va boshqa o‘lkalarda boshlangan tekshiruvning bir qismimi?

Melani Delatr: Ha, Frantsiyadagi tekshiruv alohida hol emas, biroq Shveytsariyada boshlangan tekshiruvning bir qismidir. Shveytsariya adliya tizimi Frantsiyadagi kasbdoshlariga murojaat qilib, so‘nggi tekshiruv boshlangan.