Britaniya: Ekstremistlarni qoralagan musulmonlar xavotirdalar

Image copyright PA
Image caption Videoda Britan askari Li Rigbining o‘ldirilgani maqtalgan

Ekstremizmni qoralab gapirgan britaniyalik musulmonlarning aytishicha, ular Somalidagi "Ash-Shabab" qurolli guruhining a‘zolari tomonidan nishonga olinishlari mumkinligidan ogohlantirilganlar.

Britan musulmon sharhlovchisi Muhammad Ansorning aytishicha, "ishonarli tahdid" mavjudligi sababidan politsiya uni o‘z muhofazasiga olgan.

Bundan oldin "Ash-Shabab" jangarilari Internetda video e‘lon qilishgan.

Bu videoda jihodchilarni tanqid qilgan musulmonlarning ismi-sharifi tilga olingan.

Skotland-Yard Internetda e‘lon qilingan video yuzasidan tergov boshlaganini ma‘lum qilgan.

Uzunligi bir soatni tashkil qilgan videoning nomini "Vulich hujumi: qonga qon" deb tarjima qilish mumkin.

Videoda noma‘lum shaxs gapirgan, uning lahjasidan Britaniyada tug‘ilib katta bo‘lganini tushunish mumkin.

U shu yilning 22 may kuni London janubi-sharqidagi Vulich degan joyda Britaniya askari Li Rigbining o‘ldirilganini maqtagan.

Shuningdek, ushbu videoda Muhammad Ansor va boshqa musulmonlarning ushbu hujumlarni qoralagani videotasvirlari ham o‘rin olgan.

Janob Ansorning aytishicha, uning uyiga politsiya xodimlari kelishgan va shu haftadan politsiya muhofazasiga olingan.

Internetdagi videoda imom va televizion ko‘rsatuvlarni olib boruvchi Ajmal Masrurning nomi tilga olingan.

Janob Masrur ham tunlardan birida uyiga politsiya xodimlari kelishgani va o‘ziga qarshi hujum xavfi borligini ma‘lum qilishgan.

Biroq BBC bilan suhbatda Ajmal Masrurbu tahdid o‘zining ovozini o‘chira olmasligini, bundan keyin ham terrorizm va ekstremizmni qoralashda davom etaverishini aytgan.

Skotland-Yard bir necha shaxsga nisbatan muhofaza choralari ko‘rilgani haqidagi xabarni tasdiqladi va ayni paytda videoning mazmuni o‘rganilayotganini bildirdi.

Shu yil 21 sentyabr kuni Somalida tashkil topgan "Ash-Shabab" islomiy guruhi jangarilari Keniya poytaxti Nayrobi shahridagi Westgate savdo markaziga hujum qilgani oqibatida kamida 67 inson halok bo‘ldi.

"Ash-Shabab" guruhi o‘zining maqsadi Somalida islomiy davlat barpo etish ekanini aytadi.

Guruhning 7000 dan 9000 gacha jangarisi bor deb ko‘riladi.

Guruh AQSh va Britaniyada terrorchi tashkilot deb ko‘rilib taqiqlangan.