Keyingi yil majburiy paxtasi uchun zamin qo‘yildimi?

O‘zbekiston matbuoti Toshkentdagi yarmarkada 12 ta xorijiy shirkat bilan 670 ming tonna paxta tolasi yetkazib berish haqida shartnomalar imzolangani haqida xabar tarqatdi.

Mustaqil iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, bu keyingi yil ham davlat paxta tannarxini pasaytirish maqsadida o‘qituvchilar va shifokorlarni paxta yig‘im-terimiga majburan jalb qilinishini anglatadi.

Toshkentda Paxta va To‘qimachilik yarmarkasi 17-18 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tdi.

Bu tadbir O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnatidan foydalanilayotgani, shuning uchun xalqaro tashkilotlarni O‘zbek paxtasiga boyqot e‘lon qilish chaqiriqlaridan keyin tashkil qilingan va 2005 yildan buyon har yili kuz paytida o‘tkazib kelinadi.

Yarmarkada O‘zbekiston paxta tolasini chetga sotish shartnomalari imzolanadi.

Bu yil 670 ming tolani 600 million AQSh dollariga sotish bo‘yicha 150 kontrakt xorijiy mamlakatlarning 12 ta va O‘zbekistonning 6 ta shirkati o‘rtasida imzolangani xabar qilinmoqda.

Bu shartnomalar keyingi yil paxta dalalaridan terib olinadigan tolani ko‘zda tutgani aytiladi.

O‘zbekiston paxtasini chetga sotadigan olti shirkat qanday shirkat va kimlarga tegishli ekani, bu shirkatlarga qanday huquq va imtiyozlar berilganini O‘zbek rasmiylari oshkor etmaydilar.

Biroq bu shirkatlar xorijiy valyutada mo‘may daromad ko‘rishlari va buning uchun davlat shifokorlaru-o‘qituvchilar, bolali onalarni dalaga majburan chiqarishlari ko‘plab yillardan buyon kuzatilmoqda.

Mustaqil iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, xorijiy shirkatlar bilan kelishuvlar imzolanganidan keyin paxta tolasining puli olinadi.

Va keyingi yil hosilini aynan ana shu shirkatlarga yig‘ib-terib topshirish lozim bo‘ladi.

Toshkent yarmarkasi O‘zbekistonning o‘z paxtasini mamlakatning o‘zida ishlab chiqarmoqchi ekani haqidagi bayonotlari yangraydigan minbarga ham aylangan.

Hali 2011 yilda Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 2015 yilga borib O‘zbekiston paxtasining 70 foizini mamlakatning o‘zida qayta ishlash niyatida ekanini aytgan edi.

Bu reja 1995 yillarda ham yuqori minbarlardan yangragan, buning isboti sifatida Janubiy Koreyaning "Kabul Tekstayl" shirkati bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turli burchaklarida tolani qayta ishlaydigan, kalavani tayyor mahsulotga aylantiradigan korxonalar ishga tushirilgani keltirilgan.

Biroq O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasiga sarmoya kiritgan Turkiyaniki bo‘ladimi, Janubiy Koreya yoki Hindiston shirkatlari, mamlakatni birin-ketin tark etishga majbur bo‘lmoqdalar, tobora ko‘p tolani O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarish rejasi rejaligicha qolib kelyapti.

Toshkent yarmarkasida bundan keyin O‘zbekiston paxtani mashinalarda terib olmoqchi ekani haqidagi bayonot ham yangradi.