Dilshod Nuraliyev: "Panamaga qarshi o‘yin oson bo‘lmaydi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiysiga ko‘ra, jahon chempionati guruh bosqich saralash bellashuvining Panamaga qarshi dastlabki uchrashuvi har ikki milliy terma jamoa uchun ham oson kechmaydi.

O‘yin kecha payshanba kuni jahon birinchiligi start olgan Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida Toshkent vaqti bilan kech soat 21:00 boshlanadi.

"Biz jahon chempionatiga o‘tgan bir yil davomida tayyorgarlik ko‘rdik. Men o‘ylaymanki, guruhimizdagi to‘rtta milliy terma jamoa ham bir xil darajadagi jamoalar. Bu yerda favorit yoki autsayder yo‘q. Bizlarning har bir o‘yinimiz kuchli jamoalarga qarshi bo‘ladi", - deb aytdi Dilshod Nuraliyev o‘yinoldi matbuot anjumanida.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi amaldagi Osiyo chempioni sifatida jahon kubogi uchun o‘z kurashini boshlaydi.

Jamoa o‘zi tushgan "C" guruhidan keyingi bosqichga chiqish uchun yana Marokash va Xorvatiya bilan kuch sinashadi.

O‘zbekistonlik o‘smirlar keyingi uchrashuvlarini 21 oktyabr kuni Marokash va oradan uch kun o‘tib, Xorvatiyaga qarshi o‘tkazishadi.

Barcha uchrashuvlar Fujayra shahrida o‘tkaziladi.

Image copyright uff

Jahon chempionligi uchun esa, ja‘mi 24 milliy terma jamoa kurash olib boradi. Ularning orasida Braziliya va Argentina kabi jahon futbolining nahanglari ham bor.

Bosh murabbiy Dilshod Nuraliyev har bir milliy terma jamoa uchun jahon chempionatida to‘p surish sharaf ekani, ulardan hech biri o‘z oldiga birinchilikka shundoq kelib, qatnashib ketish vazifasini qo‘ymasligini alohida ta‘kidlaydi.

"Menimcha, bitta ham jamoa o‘zining oldiga bunaqa vazifa qo‘ymaydi. Qolaversa, har bir jamoaning ham o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bor. Shular qatori jamoamizning ham oldida maqsadi bor. Bizlarning bolalarimiz ham, Xudo xohlasa, o‘z Vatani, o‘z yurti, qolaversa, Osiyo chempioni sifatida qit‘ani ham munosib namoyon etishga qo‘llaridan kelgancha harakat qilishadi", - deydi O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi.

Agar, rasmiy xabarlarga tayanilsa, milliy terma jamoa oldiga Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining yarim finaliga chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Image copyright uff

Bosh murabbiy Dilshod Nuraliyevning ta‘kidlashicha, qaysi bir milliy terma jamoa alohida bir o‘yinga, ayniqsa, dastlabki uchrashuvga ruhan to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘ra olsa, o‘sha jamoada ustunlik, g‘alaba qozonish imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi.

"Baribir, Osiyo chempioni bo‘lib, jahon chempionatida qatnashish murabbiylar va futbolchilarning bo‘yniga katta mas‘uliyat yuklaydi. Biz bolalarni birinchi o‘yinga ruhan to‘g‘ri tayyorlashga harakat qilayapmiz. Endi bu narsa 18 oktyabrgi birinchi o‘yinda ko‘rinadi", - deydi u.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, shu yil yoz oyida Turkiyada yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ketma-ket tarixiy natija qayd etib, birinchilikning nimchorak va chorak finallariga chiqishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik o‘smirlar jahon birinchiligiga qadar qator xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazgan, Argentina, Meksika, Fil Suyagi qirg‘og‘i, Eron va Avstriya kabi milliy terma jamoalar bilan kuch sinashib ko‘rgandi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot voizi Sanjar Rizayevning Fujayra shahridan BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, milliy terma jamoaning jismoniy tayyorgarligi a‘lo darajada va futbolchilar jahon birinchiligiga tayyor:

Sanjar Rizayev ham O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi tushgan guruhdagi har uchchala raqibni ham jiddiy qabul qilish, eng avvalo Panmaga qarshi birinchi uchrashuvni g‘alaba bilan boshlash judam ham muhimligini alohida ta‘kidlaydi.

"Sababi, birinchi o‘yinga keyingi o‘yinlar natijasi va, umuman, bolalarning kayfiyatlari ham bog‘liq bo‘ladi. O‘ylaymanki, Panama milliy terma jamoasiga qarshi o‘yinga O‘zbekiston hech qanday yo‘qotishlarsiz, yaxshi tayyorgarlik bilan boradi", - deydi u.

Suhbatdoshimiz, "futbolda hech qachon qulay raqib bo‘lmasligi, kim 90 daqiqalik o‘yinga kuchli tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi", - deydi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibining ta‘kidlashicha, "O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi ana shunday tayyorgarlik va xohish-istak, iroda, g‘ayratga ega".

Image copyright uff

Eng so‘nggida Sanjar Rizayevning bildirishicha, "jamoaning salohiyatidan kelib chiqib, bunga qodir ekaniga ishonib, ularning oldiga jahon chempionatining yarim finaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan".

"Faqat ana shu ishonch va qo‘llab-quvvatlovni his qilgan holda Panamaga qarshi uchrashuvini g‘alaba bilan boshlaydigan bo‘lsa, menimcha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu vazifani sharaf bilan uddalaydi", - deydi O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida.