Afg‘oniston-Tojikiston: viza, tok, xavfsizlik va... ...O‘zbekiston

Image copyright BBC World Service
Image caption Tojikiston Afg‘onistonga savdo, elektr va temir yo‘l taklif etmoqda

Homid Karzayning Tojikiston safari bu ikki forsiytilli mamlakat orasidagi munosabatlar jipslashayotganiga yana bir dalolatdir.

Kobuldan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, ikki rahbar o‘rtada bordi-keldini kuchaytirish niyatida viza tizimini yengillatish, Afg‘onistondagi urushlardan qolib ketgan chegara hududlaridagi minalarni tozalash, sarmoyadorlar uchun sug‘urta kafolatlari yaratish kabi masalalarni gaplashadilar.

Ayni damda, Tojikistonda kutilayotgan prezidentlik saylovi oldidan amalga oshirilayotgan bu uchrashuv Prezident Rahmonning afg‘on hamkasbi qo‘llovini olayotganini ham ko‘rsatishi mumkin.

Rossiya xabar agentliklari esa bu ikki qo‘shni davlat rahbarlari yirikroq masalalarni muboyasa etishlari borasida yozishmoqda.

Xususan, O‘zbekistonni chetlab o‘tib, Tojikistonni Afg‘oniston orqali Turkmaniston bilan bog‘laydigan temir yo‘li masalasi gaplashib olinishi haqida xabarlar chiqmoqda.

Dushanbedagi BBC muxbiriga ko‘ra, ayni masala ko‘tariladi, lekin uch qo‘shni kelishib olgan ushbu temir yo‘lning qaysi mablag‘ evaziga yotqizilishi masalasi hali to‘la hal etilmagan.

Shuningdek, Tojikiston va Qirg‘iziston yaqin kelajakda Afg‘oniston hamda Pokistonning energiyaga chanqoq bozorlariga elektr quvvati sotish masalasi ham muboyasa etiladi.

Biroq hali o‘z aholisini elektr bilan ta‘minlay olmayotgan bu ikki mamlakatning yaqin orada yirik elektr ta‘minotchisiga aylanishi ulkan savol ostida.

To‘g‘ri, Qirg‘izistonda Qambarota GESi kaskadi to‘la ishga tushsa va Tojikiston ham Rog‘un GESi qurilishini tugallasa, bu orzu amalga oshishi ehtimoli katta.

Ammo ayni GESlar quyidagi kattaroq va kuchliroq qo‘shni - O‘zbekiston bilan oradagi munosabatlarni taranglashtirmoqda.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, hozir Afg‘onistonga elektr sotayotgan O‘zbekiston o‘z bozorini kasod qiladigan darajada arzon tannarxda elektr ishlab chiqaruvchi raqiblar paydo bo‘lishini istamaydi.

Lekin rasmiy Toshkent tez-tez zilzila ro‘y beradigan hududda ulkan va baland GES to‘g‘oni tiklanishi hamda suvga chanqoq qishloq xo‘jaligi suvsizlikdan qiynalib qolishidan xavotir bildiradi.

Prezident Islom Karimov esa suv masalasidagi bu kabi harakatlar ortidan mintaqada urush chiqishi mumkinligidan ham ogohlantirgan.

Hozir O‘zbekiston Afg‘onistonga boradigan va u yerdan chiqayotgan yirik hajmdagi mahsulotlar hamda NATO jihozlari uchun muhim o‘tish nuqtasidir.

Biroq Kobulning Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar bilan aloqalari ba‘zida O‘zbekiston hududlariga bog‘liqligi tufayli turli to‘siqlarga duch kelmoqda.

Shunday holatda O‘zbekiston hududini aylanib o‘tadigan yangi temir yo‘l va elektr simlari tortilishi Toshkent uchun ijobiy yangilik deyish qiyin.

Sababi - bu harakatlar ortidan O‘zbekistonning mintaqa markazidagi muhim geosiyosiy mamlakat sifatidagi mavqeiga darz yetishi mumkin.