Ruslan Chagayev: "Men chechen yoki rossiyalik emas, o‘zbekistonlikman"

Image copyright ruslan chagaev
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistonlik dongdor bokschi BBC O‘zbek Xizmati bilan eksklyuziv suhbatida so‘nggi jangi ortidan turli internet nashrlari va ijtimoiy muloqot tarmoqlarida paydo bo‘lgan xuddi shu mazmundagi gap-so‘zlarga ana shunday munosabat bildirdi.

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni bo‘lgan Ruslan Chagayev shu oy boshida Moskvada bo‘lib o‘tgan jangida serbiyalik raqibi Yovo Pudarni yengib, WBA Intercontinental va PABA kamarlarini qo‘lga kiritgandi.

Moskvadagi jang ortidan, Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov ijtimoiy muloqot tarmoqlarining birida Ruslan Chagayevni "chechen", deb atab chiqqan va bu o‘zbekistonlik ayrim boks muxlislari orasida qizg‘in bahsu munozaralarni keltirib chiqargan.

Jumladan, Ruslan Chagayevning Facebookdagi ishqibozlari nomidan ekanini aytib, "Fergana.Ru" internet nashri tahririyati bilan o‘z fikrlarini o‘rtoqlashgan Anvar, "Yana "o‘zbek" bokschisi Ruslan Chagayevning bu gal ham Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov madh etilgan qo‘shiq ostida, Checheniston bayrog‘i va rahbarining surati bosilgan futbolkada Moskvada o‘tkazgan jangi haqida o‘qidim. Uning millionlab muxlislari bo‘lgan O‘zbekistondan ekaniga esa, hech bir ishora yo‘q. Endi esa, Ramzan Qodirovning sahifasida bu kabi yangilik paydo bo‘lib turibdi", - deb yozgan.

Anvar, "Tarbiyali va aqlli ko‘ringan insonning bu kabi xulq-atvori odamni juda xafa qiladi. Aftidan, pul uchun Vatanni va o‘zimizning o‘zbekistonlik, deb yurgan muxlislarini ham sotib yuborish mumkin ekan...Ruslan Chagayev ortiq O‘zbekistonni namoyon etmasligini ochiq aytib qo‘ya qolsin", - deya xotima qiladi.

"Men chechen emasman"

Image copyright ruslan chagaev

Ammo bu kabi gap-so‘zlar manzarasida BBC O‘zbek Xizmatiga bergan eksklyuziv suhbatida esa, Ruslan Chagayev, o‘zining "chechen va yoki rossiyalik emas, o‘zbekistonlik" ekanini alohida ta‘kidladi.

"Ramzan Qodirovning, "u chechen", degan so‘zlariga keladigan bo‘lsam, biz u bilan do‘stmiz, desak ham bo‘ladi. Shuning uchun ham, u gaplashgan paytimizda, "Ruslan, sen hozir misol, o‘zbeklarga, tatarlarga qanday yaqin bo‘lsang, chechenlarga ham shunday yaqinsan. Shuning uchun ham hozir seni chechen ham desak bo‘ladi" qabilida yozgan. U, misol, Ruslan chechen, degan nimasi yo‘q edi", - deydi Ruslan Chagayev.

"Misol, Ramzan Qodirov menga hozir yordam berayapti. Mana shu janglarimni o‘tkazgan paytlarim moliyaviy jihatdan qattiq qo‘llab-quvvatlayapti. Shuning uchun ham men bu kabi futbolkada chiqayapman. Chunki Chechenistonda Ahmat Hoji Qodirov nomli boks klubi bor. Men hozir shu klubni namoyon etayapman".

"Misol, u klub menga katta yordam qilgan. Universum bankrot bo‘lib, ahvol yomon bo‘lgan paytda menga hech kim yordam qilmagan. A ana shu klub Ramzan Qodirov nomidan menga yordam qilgan. Men ham minnatdorchilik sifatida hozir shu klub nomidan jang o‘tkazayapman", - deydi o‘zbekistonlik dongdor bokschi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Ruslan Chagayev o‘tgan yil iyul oyida Olmoniyaning Universum Box-Promotion promouterlik klubi bilan shartnomasini buzgan va o‘shandan buyon o‘z janglarini erkin agent maqomida uyushtirib kelayotgandi.

2001 yilda to‘liq professional boksga o‘tgan o‘zbekistonlik nomdor bokschi o‘n yilcha Universum Box-Promotion klubi promouterligi ostida ringga tushib kelgan.

Klubga yaqin manbalar esa, o‘sha yili erkin agent maqomida ham Ruslan bokschilik karerasini Olmoniyaning o‘zida davom etdirishini aytishgandi.

Ta‘kidlash joiz, o‘zbekistonlik bokschi hozir ham erkin agent maqomida Olmoniyada yashab, boks bilan shug‘ullanib keladi.

O‘zbekiston bayrog‘i va madhiyasi...

Image copyright ruslan chagaev

O‘zbekistonlik dongdor bokschining izoh berishicha, ikki kamar sohibligi tikilgan Moskvadagi jangining O‘zbekiston bayrog‘i va madhiyasisiz kechgani o‘zi emas, turnir tashkilotchilarining aybidir.

"Buni tashkilotchilar qilishlari kerak edi. Bu mening istak-xohishim bilan bo‘lmagan. Chunki doimo "titulnыy" jang bo‘lgan paytda, O‘zbekiston va raqib bayrog‘i bilan tushardik. Keyin davlat madhiyasi o‘ynardi. Bu safar vaqt ozligigami, bilmadim, nima uchun, unaqa madhiya, nima bo‘lmadi. Faqat ringga chiqdik va jang boshlandi", - deydi Ruslan Chagayev.

O‘zi nazarda tutilib, "Aftidan, pul uchun Vatanni va o‘zimizning o‘zbekistonlik, deb yurgan muxlislarni sotib yuborish mumkin ekan", - degan fikrlarga munosabat bildirarkan, Ruslan, "Men O‘zbekistonda tug‘ilganman. Millatim tatar bo‘lsa, nimaga men, "Chechenman", deyman", - deya o‘z taajjublarini izhor etadi.

"Men uchun millatning yomoni yo‘q. Men musulmonman. Shuning uchun ham men uchun o‘zbek, tatar, chechen - hammasi musulmon".

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirovning Instagramdagi sahifasida yozishicha, "WBA chempionligi uchun reytingda ikkinchi o‘rinda borayotgan kubalik Luis Ortis navbatdagi jang Checheniston poytaxti Grozniyda bo‘ladi!".

"Biz Ruslan bilan chempionlik kamarini qaytarib olishimizga ishonamiz", - deya ishonch bildiradi chechen rahbari.

Ahmat Hoji Qodirov boks klubi

Image copyright BBC World Service

Checheniston prezidenti Instagramdagi sahifasi orqali sentyabr oyi boshida o‘z nomidagi boks klub tarqatib yuborilishi va uning o‘rniga otasi Ahmat Hoji Qodirov nomida yangi sport klubi tashkil qilinishini ma‘lum qilgandi.

Bunga avgust oyi oxirida "Rossiya qahramoni" Ahmat Hoji Qodirov xotirasiga uyushtirilgan beshinchi xalqaro boks turniri chog‘ida "hakamlik va g‘oliblarni aniqlashda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilgani" aniqlanishi sabab bo‘lgani aytilgandi.

"Biz "Ahmat" nomi ostida yangi respublika sport klubini ochdik. Avvalroq esa, men 2000 yildan buyon faoliyatda bo‘lgan va jahon, Ovro‘po, Rossiya chempionlari doxil dunyo miqyosidagi sportchilarni tayyorlab kelayotgan "Ramzan" klubini tarqatib yubordim. Yangi klub rahbari etib esa, Sport ishlari bo‘yicha vazir Salombek Ismoilovni tayinladim", - deb yozgandi chechen rahbari.

Ramzan Qodirov, "Salombekning tajribasi katta ekani va uning oldiga yanada mushkulroq vazifa – kelasi uch yil ichida "Ahmat"ni dunyoning eng zo‘r uchta sport klubidan bittasiga aylantirish vazifasi qo‘yilgani"ni ham qo‘shimcha qilgandi.

Agar, prezidentining so‘zlariga tayanilsa, bugungi kunda Chechenistonda o‘nlab kurash va boks klublari faoliyat yuritadi va katta sonda dunyoga taniqli jahon chempionlarini yetishtirib beradi.

Ammo Ramzan Qodirovning Chechenistondagi boshqaruvi xalqaro va mahalliy inson huquqlari faollarining tanqidlariga sabab bo‘lib kelishi ham bor gap.

Yana jahon chempionligi uchun jang

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni Ruslan Chagayev ham BBC O‘zbek Xizmati bilan eksklyuziv suhbatida navbatdagi janggi chempionlik kamari uchun bo‘lishini aytdi.

"Endi Aleksandr Povetkinning muntazam chempionlik kamari bo‘sh qoldi. Xudo xohlasa, keyingi jangda ana shu kamar uchun urishaman. Hozir WBA reytingida 1-o‘rinda turgan kubalik bokschi Luis Ortis bilan, Xudo xohlasa, ana shu "vakantnыy titul"ga urishamiz", - deydi u.

Ruslan Chagayev keyingi jangda jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritsa, o‘zining sobiq raqibi WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida superchempion bo‘lgan ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko bilan ham jang o‘tkazishni ko‘zlayotganini aytadi.

"Men Vladimir bilan oldin ham urishganman. Keyin mashg‘ulotlarda u bilan birga sparring ham qilganman. Ana shuning uchun ham Vladimirni qanday qilib yengish mumkinligini bilaman", - deydi Ruslan.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev oradan ikki yil o‘tib aynan Vladimir Klichkoga yengilib, muntazam chempionlik unvonidan mahrum bo‘lgan.

Ruslan yana ringga tushishni niyat qilayotgan ukrainalik nomdor bokschi joriy paytda professional boksning WBO, WBA va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida amaldagi jahon chempioni ham hisoblanadi.

Ruslan Chagayev so‘nggi bor 2011 yilda jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqqan, ammo jangini rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinga boy bergandi.

Ayni o‘rinda ta‘kidlab o‘tish joiz, Ruslan Chagayev o‘tgan va shu yil hisobidan o‘tkazgan har to‘rt reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

U bundan avval BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida, "qator janglar o‘tkazish bilan WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxirlarida yana jahon chempionligi kamari uchun ringga tushish" rejasida ekanini aytgandi.

Ruslan Chagayevning professional boksda o‘tkazgan ja‘mi janglari soni endi 35 taga yetgan bo‘lsa, shundan 32 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.