Rossiya: Fuqarolik necha pul turadi?

Image copyright Reuters
Image caption So‘nggi paytlari Rossiya mulozimlari noqonuniy muhojirlar "ovini" kuchaytirishgan

Rossiyaning ayrim mintaqalarida pasport olish 3 ming AQSh dollari turadi. Ishlash ruxsatnomasini esa 500 dollarga sotib olish mumkin.

Bu haqida aytayotgan Moskvadagi Muhojirlar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ko‘ra, xuddi ana shunday qonunbuzarliklar bois ham noqonuniy muhojirlar soni oshmoqda.

Ya‘ni pul ishlash kelgan muhojirlarning aksarisi o‘z mavqeini qonuniylashtirish uchun buncha mablag‘ni topishi amrimahol. Natija esa aniq - ko‘pchilik noqonuniy ishlashni afzal biladi.

"Hozir ruxsatnoma uchun nafaqat pul to‘laysan, balki rus tilidan imtihon ham topshirasan va barmoq izlaringni ham berasan" - deydi Rossiyada ishlayotgan o‘zbek muhojiri BBC bilan suhbatda - "Ruxsatnoma hozir ming dollar bo‘lgan va yana yugur-yuguri ko‘p".

Ruxsatnoma oladigan idoralar har doim tirband, odamlar ba‘zan kun bo‘yi panjaralar ortida kutishlarini aytishadi. Muhojirlarga ko‘ra, bu orada hatto hojatxonaga chiqib kelish imkoni ham yo‘q.

"Shuncha ovoragarchilik bilan hujjat olasan ham, lekin ishga kirguncha bizga slavyan qiyofali odam kerak deb aytishadi" - kuyunadi o‘zbekistonlik muhojir - "Shunday ekan, nima qilaman asab, pul va vaqt sarflab, yaxshisi noqonuniy ishlab yuraveraman".

Inson huquqlari faollarining aytishicha, Rossiyadagi mavjud qog‘ozbozlik va murakkab jarayonlar ham muhojirlar uchun qonuniy yashash hamda ishlash imkoniyatini yo‘qqa chiqarmoqda.

Huquqbonlarga ko‘ra, qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasini olish jarayoni soddalashtirilsa, noqonuniy faoliyatga ham o‘z-o‘zidan chek qo‘yiladi.

Qonunan, Rossiyada besh yil yashagan kishi fuqarolik olishi mumkin. Ammo aksariyat o‘zbeklar uchun fuqarolik olish emas, balki vaqtinchalik qonuniy ishlash muhim ahamiyatga ega.

Chunki ko‘pchilik Rossiya fuqaroligini olib, u yerda yashab qolishni emas, balki biroz pul ishlab O‘zbekistonga qaytishni istaydi.

Rossiyadagi mavjud holat esa aynan ana shunday pulga ehtiyojmand tabaqaga og‘ir botmoqda. Puldorlar uchun esa, aftidan, yashash ruxsatnomasi va keyinchalik fuqarolik olish ham muammo emas.