Rossiya: Avtobusdagi bomba portlashida 5 kishi halok bo‘ldi

Image copyright Getty
Image caption Volgograddagi avtobusni ayol kishi portlatgani taxmin qilinmoqda

Rossiya janubidagi Volgograd shahri ko‘chasida tushdan keyin soat ikkilarda ketayotgan yo‘lovchi avtobusi kutilmaganda portlab ketgan.

Avtobusdagi taxminan 40 nafar yo‘lovchining kamida besh nafari halok bo‘lgan, o‘ndan ziyod kishi jarohat olgan. Yaradorlar ahvoli og‘irligi aytilmoqda.

Portlash kuchidan avtobusning barcha oynalari chilparchin bo‘lgan.

Avvaliga, gaz kanistri portlagani taxmin qilingandi. Ammo Rossiya mulozimlariga ko‘ra, portlashni xudkush hujumchi ayol amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.

Hozir Volgograddagi barcha yo‘lovchi avtobuslar marshrutdan chiqarib olingan va portlovchi moddalar qo‘yilmaganmi, deya maxsus tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.

Rossiya aksilterror mulozimlariga ko‘ra, terror, qotillik va noqonuniy qurol ishlatishga oid ayblovlar bilan jinoiy ish ochilgan.

Boshqa xabarlarga ko‘ra, xudkush hujumchi aslida bir Islomiy jangarining jufti bo‘lgan. Ammo bu xabarlar hali to‘la tasdig‘ini topgani yo‘q.

2014 yilgi Sochi qishki olimpiadasi oldidan Prezident Putin Shimoliy Qofqozda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Chechenistonda uzoq yillar davom etgan notinchlik hozir Ingushiston va Dog‘istonga ko‘chgan.