Suriyada xudkushlik hujumi 30 kishining umriga zomin bo‘ldi

Image copyright reuters

Suriya markazidagi Hama shahri chetida amalga oshirilgan xudkushlik hujumi kamida 30 insonning umriga zomin bo‘lgan.

Davlat axborot agentligiga ko‘ra, Suriya isyonkorlari bir tonnadan ortiq portlovchi vosita ortilgan avtomobilni hukumat nazorat nuqtasiga keltirib urishgan.

Portlash tufayli yaqin-atrofda turgan yoqilg‘i tankeriga ham o‘t ketgan, bu talofatlar va qurbonlar soni ortishi sabab bo‘lgan.

Qarorgohi Britaniyada joylashgan Suriya Inson Huquqlari kuzatuv guruhiga ko‘ra, hujumni ildizi "Al-Qoida"ga tegishli "Al-Nusra Jabhasi" uyushtirgan.

Guruhning aytishicha, portlovchi vositalar yuklangan avtomashina Hamani Salamiya bilan ulovchi yilda portlatib yuborilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, "o‘nlab tan jarohati olganlar og‘ir ahvolda" ekani hisobga olinsa, o‘lganlar soni ortishi mumkin.

Tez yordam mashinalari shaharning sharqiy qismiga kirishdagi hodisa joyiga oshiqishgan, axborot agentligi keng ko‘lamli vayronagarchiliklarni namoyish etgan.

Hama 2011 yil Suriya qo‘zg‘olonlari boshlanishi bilan Prezident Bashar al-Assadga qarshi yirik namoyishlarga sahna bo‘lgandi.

Ammo, 2011 yil yozi oxirlarida xavfsizlik kuchlari shaharga bostirib kirishgan va o‘shandan beri nazoratni qo‘lda tutib kelishadi.

Hama Suriya zamonaviy tarixida ahamiyatli o‘rin egallaydi. 1982 yil o‘sha paytdagi Prezident Hofiz al-Assad shaharga sunniy muxoliflar - Musulmon Birodarlari qo‘zg‘olonini bostirish uchun qo‘shin kiritgandi. O‘n minglab insonlar o‘ldirilgan va shaharcha yer bilan yakson qilingan edi.

Ayni paytda Arab Ligasi rahbari Suriyaga bag‘ishlangan anjuman 23 noyabrda boshlanishi haqida ma‘lum qilgan.

Ammo, hali ushbu uzoq kutilgan yig‘in bo‘lib o‘tishi haqida rasman e‘lon qilinmagan.

Nabil al-Arabiy bu haqda Suriya bo‘yicha xalqaro vakil Laxdar Brahimiy bilan uchrashuv ortidan gapirgan va hali qator to‘siqlar mavjudligini e‘tirof etgan.

G‘arb va Arab davlatlari rasmiylari seshanba kuni Suriya muxolifati rahbarlari bilan uchrashib, ularni anjumanda ishtirok etishga ko‘ndirishga urinishadi.