AQSh Manas o‘rniga Ruminiya harbiy bazasidan foydalanadi

Amerikaning Qirg‘izistondagi Manas harbiy bazasidan foydalanish muddati 2014 yil iyul oyida nihoyasiga yetadi.

Shu boisdan Afg‘onistondan harbiylarni chiqarish uchun Ruminiya tranzit maskani bo‘lishiga kelishildi, deb aytgan Amerika mas‘ul vakili.

Bu kelishuvga Pentagonda ikki tomonlama muzokaralar chog‘ida erishilgan.

Bu qadam Qo‘shma Shtatlarga Manas aviabazasi muddati cho‘zilmagan taqdirda, parvozlarni Ruminiyaga ko‘chirishga imkon beradi.

Ruminiyaning Mihail Kogalniceanu havo bazasi borasidagi kelishuv AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygel (Chuck Hagel) va Ruminiya Mudofaa vaziri Mircea Dusalar o‘rtasidagi uchrashuvda qabul qilindi.

Pentagon matbuot voizi Jorj Dittlga ko‘ra, janob Xaygel bu kelishuvdan mamnunligini bildirgan va bu Amerika uchun muhimligini ta‘kidlagan.

"Bu Xalqaro xavfsizlik kuchlari tarkibidagi Ruminiyaning o‘z missiyasiga sodiqligi hamda mintaqa va xalqaro xavfsizlikni o‘ylab ish tutishiga yana bir dalildir",- deb aytgan janob Xeygel.

Biroq kelishuv tafsilotlari aniq emas.

Ruminiya bazasi Qora Dengiz bo‘yidagi Konstantsa shahri yaqinida joylashgan.

Ruminiya bazasi masofa jihatdan ancha uzoq bo‘lsa ham, dengizga chiqish tomonidan qulaylikka erishiladi.

Shu bilan birga Ruminiya Amerikaning raketadan himoya vositalarini o‘rnatishga rozilik bildirgan.

Oktyabr oyida boshlanishi aytilgan Raketadan Himoya tizimi 2015 yilda to‘liq qurib bitkaziladi.

Oq Uyga ko‘ra, bu tizim NATOning birgalikdagi xavfsizlik amallariga yordam beradi.

AQShning bu harakati shubhasiz Moskvaning noroziligini uyg‘otdi.

Manas

Iyun oyida Qirg‘iziston parlamenti AQShning Manas bazasi ijara muddatini tugatishga qaror bergandi.

AQSh 2001 yildan buyon foydalanib kelayotgan Manas harbiy bazasi uchun har yili Qirg‘izistonga 60 million dollar to‘laydi.

Rossiyaning ham Qirg‘izistonda havo bazasi bo‘lib, o‘tgan yilda Putinning Qirg‘izistonga tashrifidan so‘ng undan foydalanish muddatini 15 yilga uzaytirishga kelishildi.

Vashington 2014 yil oxirigacha Afg‘onistondan 52 ming askarini olib chiqishni mo‘ljallamoqda.

Amerika hukumati Afg‘onistonda 2014 yildan keyin ham kam sonli harbiylarini saqlab qolishni istaydi, bu borada rasmiy Kobul bilan muzokaralar tugagani yo‘q.