Gulnora Karimovaning telekanallari "o‘chib qolgan"

  • 22 Октябр 2013
Image copyright BBC World Service
Image caption Gulnora Karimovaning telekanallari "o‘chib qolgan"

O‘zbekistonliklar 21 oktyabr soat 10 dan boshlab to‘rtta telekanal to‘satdan hech narsa namoyish qilmay qo‘yganidan hayratga tushganlar.

Uchta telekanal Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova egalik qilgan kanallar deya xabar qilingan.

Bu televideniyelar Gulnora Karimovaning "Fond Forumi" faoliyatini muntazam yoritgan.

Oxirgi haftalarda Gulnora Karimovaning ijtimoiy media sahifalari faoliyati izdan chiqqani kuzatilgan.

Toshkent vaqti bilan soat 16 da TV Markaz, Forum TV, NTT va SofTS Uzbekistan telekanallari tekshirilganda, ular efirga hech narsa uzatmayotgan edi.

Tungi soat 12 da ham ushbu mashhur telekanallar nima sababdan g‘oyib bo‘lgani borasida hech qanday axborot tarqatilgani yo‘q.

O‘zbekiston telekanallari uchun ba‘zan texnik sabablarga ko‘ra rejalangan efirdan uzilishlar tabiiy holat hisoblansa-da, kutilmaganda to‘rtta telekanalning ham biror bir tushuntirishsiz "o‘chib qolishi" noodatiydir.

Bundan tashqari, ro‘znomalardagi televizion dasturlarga ko‘ra, telekanallar har doimgidek ko‘rsatuvlarni namoyish etishi kerak edi.

Tomoshabinlar kuzatayotgan yana bir g‘alati narsa, bundan oldin NTT kanali egallagan televizion to‘lqinda davlatga tegishli Sport kanali ko‘rsatuvlari namoyish etilmoqda.

Boshqa uch telekanalda hech narsa ko‘rsatilmayapti.

Gulnoraning telekanallari

TV Markaz va SofTS musiqiy ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarga mo‘ljallangan telekanallar bo‘lib, ular Terra Group guruhiga tegishli bo‘lgan.

Terra Group esa, xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimova tomonidan nazorat qilinadi.

SofTS Uzbekistan telekanali esa Terra Group bilan Rossiyaning STS Mediasi qo‘shma loyihasi.

U Rossiyaning yetakchi telekanali STSning mashhur teledasturlarini O‘zbekiston hududida efirga uzatib kelgan.

Forum TV yoshlarga mo‘ljallangan madaniy-ma‘rifiy telekanal.

Bu kanal ta‘sischisi odamlar orasida NAESMI nomi bilan mashhur Elektron Ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bo‘lgan.

Biroq bu telekanal asosan "Fond Forum" loyihalarini yoritish bilan shug‘ullangan.

NTT mamlakatdagi eng mashhur nohukumat ko‘ngilochar va yangiliklar kanallaridan biriga aylangan.

SofTSdan tashqari uchta telekanal muntazam ravishda Gulnora Karimova yetakchiligidagi "Fond Forum" faoliyatini yoritgan.