Eron adliya vaziri: dordan omon qolganni ikkinchi marta osishga ehtiyoj yo‘q

Image copyright Getty
Image caption Mahkum dorda 12 daqiqa osig‘liq turgan

Eron Adliya vaziri Mustafo Purmuhammadiyning so‘zlariga ko‘ra, dorga osilganidan keyin tirik qolgan kishini ikkinchi marta osish kerak emas.

Bu haqda Eronning ISNA axborot agentligi xabar qilgan.

Ikkinchi bor qatlning Eronning obro‘siga salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida aytgan adliya vaziri.

Himoyachilar dorga osish shaklidagi o‘lim jazosi ijro etilganidan keyin o‘likxonada tirik topilgan Alirizo M deb aytilayotgan shaxsning qayta osilmasligini Eron adliya tizimi rahbaridan so‘rab kelmoqdalar.

Qatl o‘tgan hafta Eronning shimoli sharqidagi Bojnord shahrida amalga oshirilgan.

37 yoshli Alirizo M giyohvand moddani kontrabanda qilishda aybdor deb topilgan va o‘lim jazosiga hukm etilgan.

U dorga osilganidan keyin 12 daqiqa osig‘liq turgan.

Shundan keyin shifokorlar uni o‘ldi, deb e‘lon qilganlar va jasadi o‘likxonaga qo‘yilgan.

Ertasi kuni uning jasadini olib ketish uchun kelgan yaqinlari mahkumni tirik topganlar.

Inson haqlari tashkilotlariga ko‘ra, shariya qonunlariga bo‘ysunuvchi Eron qotillik, jinsiy zo‘rlash, josuslik va giyohvand moddalarni sotish kabi ayblovlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash bo‘yicha Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, Eronda 2013 yilning o‘zida 508 odam o‘lim jazosiga hukm etilib, qatl qilingan.

Ularning aksari giyohvand moddalar savdosida aybdor topilganlar.