BBCga aytaman: Mana sizga qayerdan 830 mingta ish o‘rin yaralgani..

BBC O‘zbek xizmati yangi loyiha boshladi.

Uni "BBCga aytaman" deb nomladik.

Ko‘pchilik O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning BBC haqidagi she‘rini yaxshi eslaydi.

Zamonlar o‘zgardi, o‘zgardi do‘st-yov, Davr ham o‘zga bir libosni kiydi. Bugun xafa qilsa birovni-birov, Darhol BBCga aytaman! deydi.

Yangi loyihamizdan ko‘zlagan maqsadimiz - radiotinglovchi va mushtariylarimizni "o‘zlarida bori"ni biz bilan bo‘lashishga, ularning ijtimoiy mediadagi faolliklarini yanada oshirishga undash.

Sizda qiziqarli axborot yo ma‘lumot bormi?

Ko‘pchilik uchun ahamiyatli fotosurat yoki videolavhangizni BBC web-saytida ko‘rishni istaysizmi?

Unda "BBCga aytaman" loyihasiga marhamat!

Aytadiganingizni BBCga aytish uchun "Sizning yangiligingiz, sizning suratingiz" sahifasidan foydalaning!

Shuningdek, elektron pochtamiz manzilini eslatamiz: uzbek@bbc.co.uk

Ushbu loyihaning ilk namunasi sifatida O‘zbekistonda ishchi o‘rinlari qanday yaratilishi haqidagi navoiylik o‘quvchimiz mulohazalarini e‘tiboringizga havol etmoqchimiz.

Kuni kecha BBC "830 ming ishchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa nega millionlab o‘zbekistonlik Rossiyada?" deb sarlavhalangan maqola e‘lon qildi.

Navoiydan Ahmad ushbu maqolaga munosabat bildirib, jumladan shunday yozadi:

Men tadbirkorman, bor-yo‘g‘i 18 ta ishchim bor. Har choraklikda statitiska organi xodimlari, soliqchilar, prokuratura xodimlari yangi ishchi o‘rin ochilgani to‘g‘risida yolg‘on ma‘lumot berishni talab qilishadi. Menda yuqorida aytganimday 18 ta ishchi xodim bor. Kattalar menga "100 ta ishchim bor deb yozing", deydi. "Bu davlatni aldash-ku", desam, "Aka, davlat ham hammani aldayapti-ku. Bizga yuqoridan buyruq kelgan, nima qilaylik, axir", deyishadi. Mana sizga qayerdan 830 mingta ish o‘rin yaralgani...

BBC bilan suhbatda Ahmadning aytishicha, statistika xodimlari ishchilar o‘rni sonini ko‘paytirib yozib hisobot topshirishni so‘raydilar.

Soliq xodimlari esa "senda 30 ta xodim bor ekan, nega atigi 10 kishi uchun soliq to‘layapsan", degan savolni beradilar.

Oxirida esa prokuratura kelib, "nega ishchilar sonini qo‘shib yozding", deb so‘raydi.

Va prokuraturaga tushuntirish xati yozib berib, prokuratura xodimining bir "xizmatini qilib berish" bilan tadbirkor javobgarlikdan qutuladi.

Bu xizmat esa "mashinaga benzin solib berish" yoki prokurorning qaysidir restorandan 100000-200000 so‘mlik qarzini uzib berishdan iborat bo‘ladi.

Ahmadning BBCga aytganlarini tinglang:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi