UzWebiston: o‘zbekistonlik qaysi yozuvchi qaysi kitobni o‘qiyapti?

Taniqli O‘zbek yozuvchisi Xurshid Davron blogida shu kecha-kunduzda kim qaysi kitob mutolaasi bilan mashg‘ul ekani haqidagi so‘rov natijasi e‘lon qilingan.

Ushbu so‘rovni Anvar Namozov o‘tkazgani xabar qilinadi.

80 kishi "hozir qaysi kitobni o‘qiyapsiz", degan savolga javob qaytargan.

"Kitob mutolaa qilmayotganlar ham keltirilgan. "Faqat gazeta o‘qiyman" deganlar esa kiritilmadi. Darvoqe, savolimizga javob berganlar orasida bitta kitobni 37 marotiba o‘qiyotganini aytgan inson rosmanasiga tahsinga sazovor…", deyiladi http://kh-davron.uz blogida.

Ko‘pchilikka qiziq bo‘lgani uchun BBCning UzWebistonida ham Anvar Namozov tadqiqotining natijalarini e‘lon qilmoqdamiz:

Xudoyberdi To‘xtaboyev, yozuvchi: — Men, asosan, Mark Tven, Janni Rodari, Nikolay Nosovlarni o‘qiyman. Ayni damda esa Dostoyevskiyni mutolaa qilyapman. Uning so‘z boyligi kuchli, obrazlarda samimiyat bor.

Qambar Ota, shoir: — Kitobmi?.. Yoshlar ijodini kuzatib boraman.

Tohir Malik, yozuvchi: — Men Erkin Vohidov qalamiga mansub "Tabassum" hajviy she‘rlarini mutolaa qilmoqdaman.

Erkin A‘zam, yozuvchi: — Qo‘limda Eshqobil Shukurning "Ko‘z yumib ko‘rganlarim" nomli kitobi. Shuni o‘qiyapman.

Usmon Azim, shoir: — Fariduddin Attorning "Tazkirat ul-avliyo"sini mutolaa qilyapman.

Murod Muhammad Do‘st, yozuvchi, kinodramaturg: — "Bog‘bon alifbosi". Bu kitobni qayta o‘qiyapman.

Ahmad A‘zam, yozuvchi: — Ochig‘i, betobligim bois, ikki oydan beri kallamga hech narsa kelmayapti. Faqat kompyuter titkilayman. O‘zimni chalg‘itish uchun mayda-chuyda narsalarga urinyapman.

Xurshid Davron, shoir: Shu kunlarda o‘qiyotganlarim: 1. Mavlono Rumiyning "Ma‘naviy masnaviy" asarini (Odil Ikrom tarjimasida). 2. Mo Yan. Stati, intervyu; 3. Konstantinos Kavafis. Polnoye sobraniye stixotvoreniy; 4. Elis Munro. Rasskazy.

Sharof Boshbekov, yozuvchi, dramaturg: — Men, ochig‘i, hozircha kitob o‘qiyotganim yo‘q. Shu kunlarda o‘z asarlarimni qayta ko‘rib chiqish bilan ovoraman.

Usmon Qo‘chqor, shoir: — Xabaringiz bormi-yo‘qmi, pensiyaga chiqqanman. Ayni kunlarda Ozarbayjon yozuvchisi Elchin qalamiga oid "Oq Tuya"ni o‘qiyapman.

Shoyim Bo‘tayev, yozuvchi: — Ibn Batutaning "Sayohatnoma"si mutolaasi bilan mashg‘ulman.

Ulug‘bek Hamdamov, yozuvchi: — Radiy Fish. Jaloliddin Rumiyni qayta o‘qiyapman.

Abduqayum Yo‘ldoshev, yozuvchi: — 1987 yili Isfandiyor Chingiz Aytmatovning "Asrga tatigulik kun" romanidagi mashhur rivoyat asosida "Manqurt haqida afsona" nomli pesa yozgan, hatto asarini ulug‘ adibning o‘ziga o‘qitib, yozma tarzda ma‘qullatib ham olgan ekan. Pesani shu kunlarda teatrlarimizdan biri sahnalashtirmoqchi bo‘libdi, shunga muallif mendan asarini tarjima qilib berishni so‘radi. Tarjimaga kirishishdan oldin Chingiz og‘aning "Asrga tatigulik kun", "Qiyomat" romanlarini qayta o‘qib chiqyapman. Keyingi paytlari advokatlar hayoti bilan qiziqib qolganman. Shu kunlarda amerikalik mashhur olima Leyl Laundesning "Kak govorit s kem ugodno i o chem ugodno. Navyki uspeshnogo obshcheniya i texnologii effektivnyx kommunikatsii" nomli kattagina asarini ham mutolaa qilyapman.

Zulfiya Qurolboy qizi: — Dostoyevskiyning "Iblislar" asarini o‘qiyapman.

Iqbol Mirzo, shoir: — Marsel Brionning "Menkim — Sohibqiron Jahongir Temur" asarini o‘qiyapman.

Sanjar Nazarov, noshir: — German Gesse qalamiga mansub "Igra v biser" asarini mutolaa qilyapman.

Nigora Umarova, jurnalist: — Hozirgi kunda to‘laqonli ravishda kitob o‘qiyapman, deb bo‘lmaydi. Doimiy ravishda o‘qiydigan kitoblarim esa Qur‘oni karimning shayx Abdulaziz Mansur qilgan ma‘noli tarjimasi va shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning "Tafsiri Hilol" jildlari.

Shahnoza To‘raxo‘jayeva, muharrir: — Yaqinda Tog‘ay Murodning "Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi" asarini o‘qib tugatdim. Hozir Shavkat Rahmon va Rauf Parfi kitoblari qo‘limda.

Jabbor Eshonqul, folklorshunos olim: — Zaki Validiy, "To‘g‘on tarixi usul".

Sayfiddin Meliyev, rejissyor, aktyor: — Yavdat Ilyosov, "Ilon avrovchi"; G.Gesse, "Kurortnik".

Qo‘chqor Norqobil, shoir, yozuvchi: — Men Chexov hikoyalarini ruscha originalida o‘qiyapman. Kuprin va Shukshinning hikoyalarini ham ruschada mutolaa qilish niyatim bor. Bizda ular juda kam tarjima qilingan. Ular judayam zo‘r, degan o‘zbek yozuvchilarining ustozidir.

Jumagul Suvonova, shoira: — Men yunon donishmandlari qalamiga tegishli "Haqiqatning oddiy so‘zlari" ruknidagi kitobni o‘qiyapman. She‘rlardan Halima Ahmedovaning "Nigoh qiblasi", Xosiyat Rustamovaning "40:0"ini.

Habib Temirov, yozuvchi: — Dostoyevskiy qalamiga oid "Iblislar"ni mutolaa qilyapman.

Sohibjon Alijonov, telejurnalist: — Men Mixail Zoshchenko qalamiga oid "Mojaro"sini uchinchi marta o‘qiyapman (to‘rtinchi yoki beshinchi marta bo‘lishiyam mumkin).

Zokir Xudoyshukurov, shoir: — Lev Tolstoyning "Urush va tinchlik", M.Sodiqning "Tafsiri hilol" asarlarini mutolaa qilyapman.

Bahodir Mirmaqsudov, aktyor, rejissyor: — Shu kunlarda mutolaa qilayotgan kitoblarim: Uchqun Nazarovning "Paymona"si, Nosir Zohidning "Qasos"i.

Nosir Toshmatov, jurnalist: — Men Shukur Xolmirzayevning 2-tomini o‘qiyapman. U kishi bilan hayotligida hamsuhbat bo‘lmaganimdan pushaymonman.

Islom Hamro, "Sharq ziyosi" gazetasi bosh muharriri: — Luqmon Bo‘rixonning "Tun qa‘ridagi shu‘la"sini; Said Anvarning "Kasb tanlamay men o‘lay"ini.

Muzaffar Ahmad, "Jahon adabiyoti" jurnali bo‘lim mudiri: — Beruniy haqidagi ilmiy-biografik adabiyotlarni o‘qib, o‘rganyapman. Keyin Ibn Sinoni o‘rganishga kirishaman.

Damin Jumaqulov, "Tafakkur" jurnali xodimi: — "Guliston"ni o‘qiyapman.

Dilshod Nazarov, tadbirkor: — Men Xurshid Do‘stmuhammad hikoyalarini mutolaa qilyapman. Ayniqsa, "Oromkursi" juda yoqib qoldi. Mohirona yozilgan.

Ibrohim Rasulov, kinorejissyor: — Akmal Mirzoning "Oq tepalik o‘g‘ri" romanini mutolaa qilyapman.

Faxriddin Sodiq, yozuvchi, radiojurnalist: — Ochig‘i, kitob o‘qimayapman shu kunlarda.

Ravshan Xonniyoz, tadbirkor, bir nechta kitoblar muallifi: — Men "Otsyuda k velikomu schastyu" kitobini o‘qiyapman. Champion Toych asari.

Abdulla Sharopov, nashriyot muharriri, tarixchi: — Men Behbudiyning "Tanlangan asarlari"ni mutolaa qilyapman.

Dilfuza Komil, shoira: — Abu Homid G‘azzoliyning "Ihyou ulumid-din" asarini takror o‘qiyapman.

Akmal Mirzo, radioboshlovchi, "Choy ustida" ko‘rsatuvi muallifi: — Abdulla Qahhorning "O‘tmishdan ertaklar" kitobini o‘qish bilan bandman.

Dilniyoz G‘afforov, aktyor: — Men o‘qiyotgan kitob Aleksandr Dyumaga tegishli "If qal‘asining siri (graf Monte Kristo)" romani.

Odil Soatov, dizayner: — Ayni kunlarda kitob o‘qiyotganim yo‘g‘-u, oxirgi mutolaa qilganim Dan Braunning "Kod da Vinchi" asari bo‘ldi.

Baxtiniso Azimboyeva, psixolog: — Hozir men Liza Nikols kitobini o‘qiyapman. Nomi: "Kak stat xozyainom svoyey jizni".

Xolmuhammad Tog‘aymurod: — A.Kamyu, "Vabo" romani va Shekspir sonetlarini o‘qiyapman.

Baxtiyor Rasulov, tadqiqotchi olim: — The New Great Game. The Blood and oil in Central Asia. Mazkur asar Markaziy Osiyoda uglevodorod zaxiralari atrofidagi geosiyosat haqida.

Muhammad Ismoil, shoir: — "Tazkiratul avliyo", "Tarixi Roshidiy"… Yana Facebook cahifalarini o‘qib boraman.

Ahror Qo‘shmatov, "Imkon-shou" ko‘rsatuvi boshlovchisi: — Men hozirgi paytda vodiylik hajvchi yozuvchi Mamasoli Sarimsoqov (taxallusi Muhammad Sodiq) qalamiga tegishli "Yubilyarning xotini" asarini o‘qiyapman.

Bahor Guli Abdulloh, jurnalist: — Shu kunlarda O‘tkir Hoshimovning "Xazina"sini qo‘limdan qo‘ymayapman.

Xurshidbek Ibrohimov, kompyuter dizayneri: — Facebook — 100 ta kitob degani!!!

Bahriddin Bozorov, rassom-dizayner: – Qaysi kitobni o‘qiyotganimni aytaymi? Marhamat: Odil Yoqubov, "So‘z"… Mabodo boshqa narsa kerak emasmu? (Nimaga shama qilganini o‘zi biladi).

Nigora Solihova, jurnalist: — Men, asosan, psixologiya va bolalar adabiyotini qizlarim bilan birga o‘qiyman.

Ravshan Yo‘ldosh, detektiv asarlar muallifi, stsenariynavis: — Men faqat ruscha o‘qiyman. Bruno Travenning "Proklate zolota" asarini mutolaa qilyapman.

Farruhjon Fayziyev, huquqshunos: — "Afg‘on shamoli", muallifi: Ishoqjon Nishonov.

Dilbahor Xudoyberdiyeva, matbuot kotibi: — "Hadis va hayot", 29-juzya.

Habiba Rayimova, Londonda ish olib borayotgan tadqiqotchi: — Kuni kecha Lev Tolstoy qalamiga mansub "Anna Karenina" kitobining inglizchasini xarid qildim. G‘alati, ammo tarjimasiga qiziqdim.

Ortiqxo‘ja Norov, jurnalist: — Men Viktor Suvorovning "Akvarium" romanini o‘qiyapman.

Muslimbek Musallamov, shoir: — Asqad Muxtorning "El-yurt kerak ekan odamga" kitobini mutolaa qilyapman.

Orif To‘xtash, shoir: — Ayni damda kamina Rauf Parfining kitobini mazzzzzzza qilib o‘qiyapman.

Nargiza Roziqova, "Bekajon" gazetasi muharriri: — Usmon Azim she‘riyatini mutolaa qilish bilan bandman.

Muzaffar Muhammadnazar, onlayn.uz ma‘muri: — Men A.Namozovning "Notanish" nomli qissasini o‘qimoqdaman. Bu muallifning "Qiyofa o‘g‘risi"ni mutolaa qilish niyatim ham bor.

Muhayyo Yo‘ldosh: — Izzat Sulton, "Ozod"; Jamila Ergasheva, "Gunoh".

Shodmonqul Salom, "Kitob dunyosi" gazetasi bosh muharriri: — Shu kunlarda men o‘qiyotgan kitob Shoyim Bo‘tayevning "Qo‘rg‘onlagan oy" romani hisoblanadi.

Dilmurod Ergashev (Doktor D), shifokor, aktyor: — I.Ilf, Ye.Petrov, "Zolotoy telyonok".

Komil Majid, shoir: — Shavkat Rahmon va Usmon Azim saylanmasini mutolaa qilmoqdaman.

Komila Nosirova, jurnalist: — Hozir Isajon Sultonning "Boqiy darbadar" kitobini o‘qiyapman.

Nilufar Yunusova, jurnalist: – Uilyam Folknerning qissa va hikoyalarini mutolaa qilyapman.

Fozil Jabbor, jurnalist: — Lev Tolstoy, "Anna Karenina".

Alisher Nazarov, "Yoshlik" jurnali xodimi: — Ayni damda Rasul Hamzatov qalamiga oid "Mening Dog‘istonim"ni o‘qish jarayonidaman.

Umid Ko‘chimov, shoir: — Marina Tsvetayevaning "Tanlangan asarlari"ni mutolaa qilyapman. Hali tugatmadim, ruscha talqinda. Yana Talant Bek degan shoirning "Feruza osmon" she‘riy to‘plamini o‘qiyapman.

Maqsud Jonixonov, jurnalist: — yozuvchi Sa‘dulla Siyoyevning "Yassaviyning so‘nggi safari" nomli romanini ikkinchi marta o‘qiyapman. Juda ajoyib asar.

G‘ayrat Majid, shoir: — Alixonto‘ra Sog‘uniy qalamiga oid "Tarixi Muhammadiy" kitobini mutolaa qilyapman.

Abror Zohidov, "7x7" gazetasi bosh muharriri: — Men Pirimqul Qodirovning "Yulduzli tunlar" asarini 37-marta mutolaa qilyapman.

Xursand To‘libayev, filolog: — Shukur Xolmirzayev hikoyalarini o‘qiyapman. Rauf Parfini ham.

Jo‘rabek Ramazonov, shoir: — Deyl Karnegi to‘plamining 200 betini o‘qib, to‘xtatib qo‘ygandim. Hozir shuni davom ettiryapman.

Anvar Shermatov, tadqiqotchi: — Men shu kunlarda Bush-Clan nomli kitobni nemis tilida mutolaa qilyapman (USAning sobiq prezidenti avlod-ajdodi haqida). Bu kitob ingliz tilidan nemischaga tarjima qilingan.

Hasan Toshxo‘jayev, shoir: — Nikolay Nosovning Bilmasvoy haqidagi kitobini mutolaa qilyapman. To‘g‘rirog‘i, bolamga o‘qib berish orqali takrorlayapman.

Anvar Jalolov, tadbirkor: — 1) "Konets istorii", F.Fukuyama; 2) "Transformatsiya raznoobraziya", Alen Tyuring. Eng asosiysi, "Mehrobdan chayon"ni qaytadan o‘qib boshlaganman. "Konets istorii" kitobida inson tarixi nafaqat moddiyat bilan, balki bilimlar majmuasi va uning rivojlanish yo‘nalishi bilan belgilanishi isbotlanishga harakat qilingan. "Transformatsiya raznoobraziya" ko‘proq ilmiy maqola sifatida yozilgan, juda ko‘plab fikrlar ilgari surilgan. Masalan, nima uchun bir xil narsalarning ko‘pligi xilma-xillikni keltirib chiqaradi, degan savol ko‘tarilgan. Barcha g‘ishtlar bir xil-u, lekin ulardan turlicha binolar quriladi. Shu printsipni kattarog‘iga qo‘llasangiz… Atomlar hammasi bir xil, lekin ularning katta uyushmasidan turli jonzotlar paydo bo‘ladi. Nima uchun? Odamlar tuzilishidan bir xil-u, biroq ularning o‘zlari turlicha! Ota-onasi bitta bo‘lsa ham! Shu kabi masalalar. Juda qiziq!

Luqmon Bo‘rixon, yozuvchi: — Qaysi kitobni o‘qiyapman? Adashdingiz-ov, men o‘quvchi emas, yozuvchiman. Oxirgi marta esa Abdug‘ani Ilashev deganning "Davr nafasi" nomli kitobini o‘qib chiqdim. Jizzaxlik adib. Har holda nigohlari tiniq, falsafasi teran.

Behbud Botirov: — Chingiz Aytmatovning "Asrga tatigulik kun" asarini o‘qiyapman.

Javohir Zokirov, aktyor: — Apuley, "Zolotoy osyol".

Akbarxo‘ja Rasulov, aktyor: — Kniga E.E.Shmidta, "Oskar i rozovaya dama".

Asliddin Suyunov, jurnalist: — "Posmodern dunyoda qiblani tanish", Timotti asari (Faxriddin Nizom tarjimasi).

Tanlant Bek, shoir: — Rumiyning "Ma‘naviy masnaviy" asarini Odil Ikrom tarjimasida o‘qib chiqdim. Hozir shuni Jamol Kamol tarjimasida varaqlayapman.