Manchester Siti futbolchisi irqchilikka qarshi chora ko‘rilishini istaydi

Image copyright AP
Image caption Manchester City futbolchisi UEFAni irqchilikka qarshi jiddiy chora ko‘rishga chaqirmoqda

Manchester Siti yarim himoyachisi Yaya Ture Moskvaning CSKA jamoasi bilan uchrashuvda o‘zining rossiyalik ishqibozlar tomonidan irqchilik nishoniga aylanganini aytgan va UEFA irqchilikka qarshi chora ko‘rishi lozimligini ta‘kidlagan.

Manchester Siti Moskvada CSKAni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.

Gollarni Serxio Aguyero darvozaga kiritgan.

O‘yin davomida to‘p Yaya Turega uzatilganda tribunadan irqchilik ma‘nosidagi qichqiriq yangraydi.

Ture bunday so‘zlardan nafaqat xafa bo‘lgani, balki g‘azabga minganini aytgan.

Manchester Siti futbolchisi Yaya Ture o‘zining Twitterdagi sahifasida chempionlar Ligasida yuzaga kelgan vaziyatga fikr bildiradi.

"Sizga quvvatlaganingiz uchun rahmat!" - deydi Yaya o‘z followerlariga. - Ko‘rolmaslik va irqchilik menga ta‘sir qilolmaydi, chunki atrofdagi shuncha odam sizga muhabbati va hurmatini bildirib turadi. Men futbol tashkilotlariga ishonaman va o‘ylaymanki mulozimlar mas‘uliyatni o‘z zimmalariga olishadi va irqchilikka qarshi qizil kartochka ko‘rsatishadi", deb aytadi Yaya Ture.

Ture yana shunday yozadi:

"Bu juda qayg‘uli. Irqchilik haqida gapirganingiz bilan odamlar uni davom ettirar ekan, juda afsuslanarli. Bunga ishonish qiyin. O‘ylaymanki UEFA bunga jiddiy yondashadi. Biz buni to‘xtata olsak, juda katta ish bo‘lar edi. Bunga chek qo‘yish kerak va nihoyat. Bunday holat nafaqat men bilan, boshqa afrikalik o‘yinchilar bilan ham sodir bo‘lgan".

"Ishqibozlarning qichqirib aytgan qo‘shiqlari axmoqona bo‘ldi. UEFA buning ustida ham o‘ylashi kerak. CSKAni qanday jazolash mumkin? Tajribalar ko‘rsatadiki, jarimalar kam ta‘sir qiladi. Balki armiyachilar tomoshabinlarsiz o‘yin o‘tkazishlari kerakdir", deb fikr bildiradi Yaya Ture.