Xitoy mahkamasi siyosatchiga chiqarilgan bir umrlik qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirdi

Image copyright Reuters
Image caption Bo Silay Xitoy siyosatchilari orasida eng ko‘zga ko‘ringan arboblardan biri sanalardi

Xitoyning Shandun viloyati Oliy mahkamasi sobiq partiya rahbari Bo Silayning shikoyat arizasini rad etib, unga chiqarilgan bir umrlik qamoq jazosini o‘z kuchida qoldirdi.

Bo Silay pora olish, korruptsiya va xizmat vakolatlarini suistimol qilishda aybdor deb topilgan edi.

Sentyabrda Xitoy sharqidagi Shandun viloyati Tszinan shahri mahkamasi sobiq davlat arbobining barcha dalillarini rad etdi va uni barcha moddalar bo‘yicha aybdor deb topdi.

64 yoshli Bo Silayning mahkamaga tortilishi Xitoyda oxirgi bir necha o‘n yil ichida kuzatilgan eng yirik siyosiy janjal hisoblanadi.

Hakam Bo Silayning Xitoy milliy manfaatlari va xalqiga yetkazgan zararini 3.2 million dollarga teng deb topgan.

Avvalroq qoralovchilar qilmishiga iqror bo‘lmagan sobiq partiya rahbarining yonini bosmaslikni so‘rashgan edi.

Xitoy janubi-g‘arbidagi Chuntsin shahri Kommunist partiyasining sobiq raisi hukm yuzasidan shikoyat arizasi yozish huquqini qo‘lga kiritgan esa-da, biroq kuzatuvchilar uning muvaffaqiyat qozonishiga shubha bildirishgandi.

Bo mahkama jarayonida "xatolar qilgan"ini tan olgan, biroq unga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmagandi.

Muxbirlarga ko‘ra, apellyatsiya mahkamasi juda qisqa bo‘lgan. Qaror Bo Silay mahkama binosiga keltirilishidan taxminan bir soat o‘tib e‘lon qilingan.

Qotillik girdobi

Bo Silay shahar politsiyasi boshlig‘i sifatida AQSh konsulligida bir kun o‘tkazishi ortidan janjal markazida qoldi. Farazlarga ko‘ra, u AQShdan siyosiy boshpana so‘rashga urinib ko‘rgan.

Uning xotini Gu Kaylay britaniyalik tadbirkor Nil Heyvudni o‘ldirishni tashkillashtirishda aybdor deb topildi va o‘tgan yil avgustida o‘lim jazosiga hukm etildi.

Hukm ortidan Bo Silay Xitoy Kompartiyasi safidan o‘chirildi va barcha lavozimlaridan bo‘shatildi.

Xitoy siyosiy elitasiga mansub shaxs ustidan mahkamani butun mamlakat kuzatib bordi.

Mahkama zaliga xorijiy jurnalistlar qo‘yilmadi, biroq mahkama o‘zining xitoy tilidagi blogida jarayon borasida hisobot berib bordi.

Bo Silay ishi besh kun davom etdi.

Siyosiy ambitsiyalar

Chuntsin shahar Kompartiyasi rahbari ekan Bo Silay qudratli, aqlli va populist siyosatchi sifatida nom qozondi.

U jinoyatchilikka qarshi kurashi va Xitoydagi eski kommunistik qadriyatlarni dastaklashi bilan tanildi.

Ammo Bo Silay siyosiy ambitsiyalari uning ko‘plab dushman orttirishiga xizmat qildi.

Xitoy siyosiy rahbarlari uni ziddiyatli siyosiy arbob sifatida ko‘rishardi.

Bo Silay Xitoy Kommunist Partiyasi Siyosiy byurosining doimiy a‘zosi bo‘lishi kutilayotgandi.

Mazkur organ Xitoy hayotida eng muhim qarorlarni oladi.

Bo tarafdorlari uning partiya ichidagi siyosiy o‘yinlar qurboniga aylanganini aytishadi.