Minglab yo‘lovchi kechikkan poyezdi uchun temir yo‘l shirkatidan tovon talab qilmoqda

Image caption Temir yo‘l shirkatiyo‘lovchilarga tovon puli uchun 28 kun ichida ariza bilan murojaat qilishlari lozimligini eslatgan

21 oktyabr, dushanba kuni poyezdlar o‘z jadvali bo‘yicha qatnamagani uchun 8000 dan ortiq yo‘lovchi Southeastern (Janubi-sharqiy) xususiy temir yo‘l shirkatidan tovon puli to‘lashini talab qilib ariza yozgan.

Odatda Britaniyadagi temir yo‘l shirkatlari ta‘mirlash yoki relslarni almashtirish ishlarini yo‘lovchilar kam bo‘lgan shanba-yakshanba kunlari yoki mamlakatda dam olish kuni deb e‘lon qilingan kunlarda amalga oshiradi.

So‘nggi dam olish kunlari ham London markazini Kent grafligi bilan bog‘laydigan London Bridj stantsiyasiga yaqin yo‘lda ta‘mirlash ishlari boshlangan.

Sozlash ishlarini dushanba kuni tonggacha yakunlash rejalashtirilgan.

Biroq butun mamlakatdagi temir yo‘l tarmog‘i faoliyatini nazorat qiladigan Network Rail shirkati e‘lon qilishicha, "mexanik buzuqlik va oldin hech duch kelinmagan mushkullik" ishni orqaga cho‘zgan.

Dushanba kuni ertalabdan ishga otlangan kishilar stantsiyada poyezdlar jadvaldagi vaqtidan kechikayotgani yoki reys bekor qilingani haqidagi e‘lonlarni eshitganlar.

Kent grafligi va Sharqiy Sasseks yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan Southeastern shirkati yo‘lovchilardan qayta-qayta kechirim so‘ragan.

Ko‘plab kishilar Londondagi ishlariga yetib olishlari, kechqurun esa uyga qaytguncha ham har doimgidan ko‘p vaqt sarflaganlar.

Temir yo‘l shirkati jadval o‘zgarishlari 22 oktyabr, seshanba kuni ham davom etganini, yo‘lning ta‘mirlanayotgan qismini faqat chorshanba kuniga kelib qayta ochishga muvaffaq bo‘lganini ma‘lum qilgan.

Network Rail ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv boshlaganini xabar qilgan.

Southeastern shirkati noqulaylik tug‘dirgan yo‘lovchilariga tovon puli to‘lashini, buning uchun 28 kun ichida ariza bilan murojaat qilishlari lozimligini eslatgan.

Shirkatdan aytishlaricha, tovon pulining miqdori chipta narxi va kechikish qancha vaqt davom etganiga qarab belgilanadi.