Sanjar Rizayev: "Yarim final - minimal vazifa"

Image copyright UUF
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi Sharjaga jo‘nab ketishlari oldidan Fujayradan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida bildirdi.

O‘zbekistonlik o‘smirlar payshanba kuni Xorvatiyani yengib, jahon chempionatining nimchorak finaliga chiqishgandi.

Bu - O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasining jahon birinchiligida ketma-ket ikkinchi bor bu kabi yutuqqa erishishlari bo‘ladi.

Jamoa endi 28 oktyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida Gondurasga qarshi nimchorak final bellashuvini o‘tkazadi.

Sanjar Rizayevning biz bilan suhbatida aytishicha, jahon chempionatining nimchorak bosqichiga chiqish bilan eng minimal vazifa uddalangan.

"Xorvatiyadan o‘tkazib yuborilgan to‘pga qadar O‘zbekiston turnirda gol o‘tkazib yubormagan yagona jamoa edi. Bu esa, terma jamoada xarakter, tartib va yaxshi muhit hukm surayotganidan dalolatdir", - deydi O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bo‘lajak raqiblari Gonduras milliy terma jamoasi ham o‘tib bo‘ladigan to‘siq.

"Umuman, bu yerda o‘tib bo‘lmaydigan to‘siq yo‘q. Faqatgina o‘sha kuchli istak, xohish va iroda bo‘lsa kifoya".

"Mana, bugun Sharjaga jo‘nab ketayapmiz. Sharjada tayyorgarliklar boshlanadi. Nazariy, psixologik va jismoniy mashg‘ulotlar asosida Gondurasga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz".

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi, "Birlashgan Arab Amirliklariga katta maqsadlar bilan kelishgani, jamoaga ishonishlari va O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi nafaqat yarim final, undan-da uzoqroqqa borishiga umid qilishayotgani"ni ham alohida ta‘kidladi.

Jamoa bu gal amaldagi Osiyo chempioni sifatida jahon kubogi uchun kurash olib bormoqda.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi o‘zi ilk bor ishtirok etgan so‘nggi jahon birinchiligining chorak finaliga chiqib, tarixiy natija qayd etgan.

Panama, Marokash va Xorvatiyaga qarshi bu yilgi guruh bosqich bellashuvlarini esa, ikki g‘alaba va bir durang bilan yakunlagan.

O‘zi tushgan "C" guruhidan faqat to‘plab nisbatidagi farq bilangina Marokashdan keyin 2-o‘rinni egallab, nimchorak finaliga chiqqan.

Osiyo qit‘asi jamoalari orasidan O‘zbekistondan tashqari Yaponiya ham bu kabi yutuqqa erishdi.

Eron va Iroq esa, bugun juma kuni o‘z guruhlaridagi yakuniy uchrashuvlarini o‘tkazishadi.

O‘zbekistondan keyin bu yilgi jahon birinchiligida ishtirok etayotgan yagona MDH vakili Rossiya esa, uch uchrashuvidan bor-yo‘g‘i 3 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, xolos.