"AQSh Merkelning telefonini 2002 yildan boshlab eshitgan"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Der Spiegel" jurnalida chop etilgan xabarga ko‘ra, Amerika 2002 yildan beri Olmoniya kantsleri Angela Merkelning qo‘l telefoni ustida josuslik qilgan.

Olmon nashrining da‘vo qilishicha, Milliy Xavfsizlik Agentligiga tegishli maxfiy hujjatdan ko‘rilishida Merkel xonimning telefon raqami 2002 yildan u davlat rahbari etib saylanganidan beri ro‘yxatda bo‘lgan.

Yana bir xabarda aytilishicha, Obama janoblariga Olmoniya rahbari ustidan maxfiy kuzatuv dasturi haqida 2010 yil bildirilgan.

Ayni paytda Vashingtonda Milliy Xavfsizlik Xizmatining josuslik dasturiga qarshi norozilik namoyish kechgan.

Bir necha ming namoyishchi Kapitol Xillga yurish qilib, kuzatuv ko‘lamini chegaralashni talab qilgan.

Ayrimlar sobiq josus Edvard Snoudenni dastaklovchi shiorlarni ko‘tarib olgan.

Edvard Snouden Milliy Josuslik Xizmati faoliyati haqida qator ma‘lumotlarni oshkor qilgandi.

"Shaxsan Prezident xabardor bo‘lgan"

"Merkel xonimga tegishli qo‘l telefonini kuzatish qay maqsadda olib borilgani qorong‘u", deydi "Der Spiegel".

Masalan, kantslerning telefon suhbatlari yozib olingan bo‘lishi yoki uning kontaktlari kuzatilgan bo‘lishi mumkin.

Kelayotgan hafta Olmoniya Vashingtonga o‘z Josuslik Xizmati yuqori martabali zobitlarini jo‘natmoqda. Ular Olmoniyani g‘azabga keltirgan josuslik ayblovlari bo‘yicha tekshiruvni oldinga surishlari kerak.

Merkel xonim chorshanba kuni iddaolar qulog‘iga yetib kelganidan so‘ng AQSh Prezidentiga sim qoqqan.

"Der Spiegel"ga ko‘ra, Prezident Obama Olmoniya rahbaridan uzr so‘ragan va Merkel xonimga telefon kuzatuvlaridan bexabar bo‘lgani, aks holda bu ishlarga chek qo‘ygan bo‘lishini aytgan.

Biroq, yakshanba kuni Bild gazetasi Amerika josuslik xizmati manba‘sidan iqtibos keltirishicha, Milliy Xavfsizlik Agentligi rahbarining shaxsan o‘zi Prezidentga 2010 yil Merkel xonimni nishonga olgan maxfiy dastur borasida axborot bergan.

"Obama amaliyotni to‘xtatmadi, aksincha davom etishiga qo‘yib berdi", deyiladi gazetada berilgan iqtibosda.

Merkel xonimning raqami 2013 yilda ham kuzatuv ro‘yxatida bo‘lgan.

Juma kuni Olmoniya va Frantsiya Qo‘shma Shtatlar bilan yil oxirlarida josuslik qilmaslik yuzasidan kelishuv imzolash niyatida ekanlarini bildirishgan.

Milliy Xavfsizlik Agentligi nafaqat Angela Merkelning, balki Olmoniya va Frantsiya fuqarolari tarafidan qilingan millionlab telefon qo‘ng‘iroqlarini eshitgani haqida da‘volar ham bor.