Qamoqdagi bitiklar: Mamadali Mahmudov. Oy nuri

Image caption Mamadali Mahmudov 14 yillik qamoqdan so‘ng, shu yil aprelida ozodlikka chiqarilgan

BBC O‘zbek Xizmati atoqli adib Mamadali Mahmudovning qamoqxonada yozilgan turkum asarlarini e‘lon qilishni rejalagan. E‘tiboringizga havola qilinayotgan "Oy nuri" romanini adib 2012 yilda, Chirchiqdagi jazo muassasasida yozib tugatgan.

(Voqeiy roman)

"Ezgu fikrlovchi ko‘mak so‘rab, kimga murojaat qiladi?

Qonun kimning qo‘lida? Yovuzlik kohinlari qo‘lida...

U boylikni egri yo‘l bilan egallab oldi.

Kim uni hukmronlik va hayotdan uloqtirib tashlaydi?"

Zardusht

"Qonunlar kishilarni qo‘rqitish uchun emas,

ularga yordam berish uchun yaratilgan".

Volter

"Har qanday soxta hukumat

so‘z erkinligidan qo‘rqadi".

N. Berdyayev

1

Har kuni Stalinning mana bu gapi "Pravda", "Izvestiya", "Komsomolskaya pravda" gazetalarida bosiladi:

"SSSR – erksevar mamlakat. Dunyoda unga teng keladigan davlat ham, kuch ham yo‘q. Biz bunga birinchi galda Kompartiyamizning dono siyosati va ulug‘ rus xalqining yetakchiligida erishdik.

SSSRda barcha el, elat teng, tinch, totuv, to‘kis yashayapti. Bu do‘stlikni dunyoda hech kim va hech qanday kuch buzolmaydi.

Do‘stligimiz abadiy!"

Kun bo‘yi shu, shu xildagi so‘zlar SSSR radiolarida yangraydi. Bunga javoban G‘arb va Okean ortidan kesatiqlar keladi:

"Ko‘pik..."

"Quruq arava shaldiraydi".

2

Men hali bola edim. Lelin, Stalin, radio, gazetalarga inonardim. Ovro‘po bilan Amerikani "ko‘rolmayapti" deb o‘ylardim.

Biz tog‘ to‘rida, ko‘klamda turli-tuman chechaklar, ko‘m-ko‘k o‘tlar bilan yashnaguvchi, yozda qo‘ng‘ir tusga kirguvchi, etagida toshqin soy oqguvchi tepa ustida, yarim yiqiq uyda yashardik. Bu yerga hali "Ilich nuri" yetib kelmagan edi. "Ilich nuri"ga g‘arq o‘zbek kent, kentchalari o‘ris va boshqa kelgindilarga to‘lib-toshgani haqida gap yurardi. Biroq hali men tirik o‘risni ko‘rmagandim.

Rus urug‘i anqo Bog‘donda KPSS, Lenin, Stalin, "Ulug‘ og‘a"ga sharaflar yog‘ilardi.

Maktabda ham.

Darsdan oldin O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi gimnini kuylardik:

"Assalom rus xalqi – buyuk og‘amiz,

Assalom dohiymiz – Lenin jonajon..."

Madhiyadan keyin hamdu sano aytardik:

"Lenin bobomiz,

Stalin otamiz..."

So‘ng porloq hayotimizni maqtardik.

Ovro‘po bilan Amerikani yomonlardik:

"Aynigan dunyo"...

"Kapitalizm – insoniyat dushmani"...

Bu maqtov, yomonlovlarni mendan eshitgan onam qovog‘ini uyar, biroq og‘iz ochmasdi. Men esa buning sababini undan so‘rashga tortinardim. Faqat bir gal onam o‘zini tutib turolmadi, portladi:

– Yolg‘on!

– Nimaga, Ona? – men taajjub ichra so‘radim.

– Maqtovlar.

O‘lganining kunidan maqtaydi.

Qo‘rqqanidan maqtaydi.

– Kimdan?

– Stalindan,

GPUdan.

Yigirmanchi yillardan beri Yurt buzilgan arining uyasidek to‘zg‘iyapti:

Quloq...

Surgun...

Qamoq...

Qiynoq...

Qatl...

Erkaksiz kulbalar huvillab qoldi,

Xotinlar tul qoldi,

Bolalar yetim qoldi,

Och-yalang‘och qoldi.

Uy-joysiz qoldi.

Buni o‘zimizning misolimizda ham ko‘rmayapsanmi, o‘g‘lim? Men seni kuzatuvchan bo‘lishingni istayman, oqni qoradan ajratishingni istayman.

Onamning bir marta bo‘lsa-da, yolg‘on so‘zlaganini eslolmayman. Shunga qaramay, el-yurt maqtayotgan narsani yolg‘iz onam tomonidan "yolg‘on" deyilishi, mening ko‘nglimga ikkilanish urug‘ini sepdi. Men o‘ylanib qoldim. Onam gapini uladi:

– El deyuvchi kishilar yot ellarga qochib ketdilar.

– Shu to‘g‘rimi, Ona?

– Noilojlikdan qochib ketishdi. Bo‘lmasa ularni: "Xalq dushmani" deb otishardi.

– Ishongim kelmaydi.

– Tuzum ularning "Erk" deguvchi g‘oyalaridan qo‘rqadi,

Aqllaridan qo‘rqadi,

Elni qo‘zg‘atishlaridan qo‘rqadi.

Yolg‘on, tuhmatlari fosh bo‘lishidan qo‘rqadi.

"Qo‘rqoq oldin musht ko‘taradi", deydi el.

Ovro‘poga tuhmat qilayapti.

Amerikaga tuhmat qilayapti.

Erksevar kishilarga tuhmat qilayapti.

Ulg‘aysang, buning tubiga yetib olasan, o‘g‘lim.

Hozir tilingga mahkam bo‘l. Odam orqasiga odam qo‘yilgan. Qo‘yilganlarga ham qo‘yilgan... halqa... El og‘ziga bo‘g‘ov solingan. Unutma, ulug‘ otang Ahmat Oqsoqolni ham GPU dorga osgan. Chunki u Elni deyuvchi kishi edi.

Bunday onlarda meni o‘y chulg‘ab olardi. Ko‘nglimda ikkilanish urug‘i una boshlaganini o‘zim ham sezmasdim.

Ikkilanish urug‘i...

Onam bo‘sh paytlarida badiiy kitoblar o‘qirdi. "Alpomish", "Go‘ro‘g‘li", "Kuntug‘mish" dostonlarini yod bilardi. Kechmishni sevardi...

Onam!..

Mening dunyoda kun ko‘rmay o‘tayotgan Onam!

Mehribon Onam!

U G‘o‘ddim tog‘i etagida Katta Turk[1]qishlog‘ida, o‘zini tamiz turk bilguvchi Iskandar Turk oilasida tug‘ilgan. Bog‘donliklar kabi bobom ham Qoramon urug‘idan edi. Saljuqli turklarda shunday so‘z yurgan:

"Qoramonning qo‘yini,

So‘ngra chiqar o‘yini..."

Buning ma‘nosi shuki, 1443 yilda Konstantinopolni[2]olishda Qoramonlar bizanslarga qarshi hiyla ishlatadilar: qo‘y terisini yopingan holda (qo‘y shakliga kirib) qo‘qqis hujum qiladilar va ularni yengadilar. Shunda Fotih Sulton (Mahmat Sulton) shu gapni aytadi:

"Qoramonning qo‘yini,

So‘ngra chiqar o‘yini..."

Iskandar bobom Turkiyada o‘qigan va usmonli turk qiziga uylanib qaytgan. Onamning aytishicha, momom (O‘g‘uza) suluv va o‘qimishli bo‘lgan. U sochini (uzunligidan) sandalga chiqib yuvarkan. Mening rahmatli go‘zal Rohat opacham O‘g‘uza momomga tortgan. Uning ham ko‘zlari moviy edi.

Otam – Mahmud Ahmat Oqsoqol o‘g‘lini eslolmayman. Uni Bog‘donda "Mahmud uzun" deb atagan. Bu nisbat otamga faqat bo‘yi uzunligi uchun emas, balki, o‘tkir aqli uchun ham berilgan. Uning otasi quloq etilganiga qaramay, u tog‘ begisi bo‘lib ishlagan. 1943 yilda urushga ketgan. Shunda onamga ushbu gapni aytgan:

– Men Olmonni bosqinchi demayman. U Xudosiz tuzum zulmidan qon qaqshayotgan ellarni ozod qilish uchun yurish qilgan. Balki, bu Tangri istagidir. Chunki SSSR – Xalqlar bo‘g‘ovi. Men senga Olmondan xat yozaman... O‘g‘limizni asra, Saodat. Esingda tut: "Ot o‘rnini toy bosadi".

Otam qaytmadi. Balki Olmonda qolgandir?

"SSSR – Xalqlar bo‘g‘ovi".

Men buni hali tushunmasdim. Onam qayg‘u-alam bilan derdi:

– Turkiston kabi ko‘p yurtlar bo‘g‘ovlangan. Tor tushovlab, uzun arqonlab qo‘yilgan. Moskvaning chizgan chizig‘idan chiqmaydi. Chiqishga urinsa, uni majaqlab tashlaydi. Bunga Xungariya[3]bir misol. Budapesht tanklar g‘ildiraklari ostida qonga qorildi.

Ulug‘ otangning mana bu so‘zlari hamon esimda:

"Stalin – Qonun.

Qonun – Stalin.

Qonun – Stalinga qurol".

Butun Kuch ishlatar tashkilotlari-yu ommaviy axborot vositalari Stalinning yarog‘i.

Stalin shular bilan tirik.

Lekin?..

Stalinni qo‘llayotganlar ham, "Xalqlar otasi" deb ulug‘layotganlar ham undan zada.

Butun qaram ellar zada.

Dunyo zada".

Onam bobomni eslab yum-yum yig‘lardi. So‘ng ko‘zyoshlarini eski, toza qo‘lro‘molchasi bilan artib derdi:

– Xalqlar zulm, ocharchilik, o‘latlar iskanjasida bo‘g‘ilmoqda. Hamma yoqda zorlik, xorlik, zo‘rlik hukmron. Bizning uyda ham...

Qandoq yashardik! Bog‘, chakalak, yilqi, qo‘y, echki, mol... Bor-budimizni NKVD tortib oldi. Endi?.. Endi bir bo‘lak nonga zormiz.

Onam haq edi:

Oyda-yilda qozonimiz bir qaynardi.

Ust-boshimiz ham ayanchli edi.

"Ona, non!" deb yig‘lardim.

Bunday onlarda onam ezilib ketardi.

Endi buni o‘ksib eslayman.

Yo‘qlik, ilojsizlik o‘ramida qolgan onam ko‘z oldimga keladi:

"Ona, kechiring!" deyman kuyinib.

Ko‘zlarim yoshga to‘ladi.

Biroq?..

Biroq, endi kech.

Vaqt qaytmaydi.

O‘tgan qaytmaydi.

3

Ochlikdan kunlar qirqoyoq yurishidek imillab kechadi.

Og‘ir kechadi.

Kishiga tog‘, dara, o‘rmonlar ham, buloq, soy-irmoqlar ham, hatto ulardan ham go‘zal narsalar fayzsiz ko‘rinadi. O‘yin-kulgi, kuy-qo‘shiqlar ham yoqmaydi. Aql, ong, idrok deganlari mog‘orlaydi. Yuz-ko‘z, gap-so‘z, xatti-harakatlar qarimsiq tusga kiradi. Ochun tumanli, tund ko‘rinadi.

Balki, Moskva miyalarni bo‘g‘ovlash uchun ham ellarni sun‘iy tarzda ochlikda saqlar?

Onamning ta‘sirida tug‘ilgan ushbu fikr uzun zamon kecharoq o‘z tasdig‘ini topdi. Markaziy gazetalar ("Pravda", "Izvestiya", "Komsomolskaya pravda")da bu to‘g‘rida yozildi. Hatto dahshatli ochlikdan kishilar odam etini yeganlar:

"Yangi qabrlar ochilib, o‘liksiz qolardi..."

Stalin haqidagi latifa ham dunyoga yoyiladi:

Stalinning buyrug‘i bilan Kreml qopisining (darvozasining) ikki tomoniga ikki ulkan it zanjirlab qo‘yiladi:

Biri to‘q.

Biri och.

Stalin (Politbyuro a‘zolari bilan) qopidan ichkariga kiradi. To‘q it zanjirini uzguday bo‘lib, yer titib, vovullab ularga tashlanadi. Stalin itga suq barmog‘ini nuqqan holda Politbyuro a‘zolaridan so‘raydi:

– Ko‘rayapsizlarmi, u qandoq xavfli?

Politbyuro a‘zolari bir ovozdan javob qaytarishadi:

– Ko‘rayapmiz.

– Nimaga? – so‘raydi "Buyuk Dohiy".

– To‘q, – bir ovozdan javob berishadi a‘zolar.

– Shundan qo‘rqish kerak! – ta‘kidlaydi "Xalqlar otasi".

Och it esa yotgan joyidan qimirlamaydi. "Bir bo‘lak non ber", deganday Stalinga mo‘ltirab boqadi. Stalin och itga suq barmog‘ini nuqadi va Politbyuro a‘zolarini savolga tutadi:

– Ko‘rayapsizlarmi, u qandoq yuvosh?

Politbyuro a‘zolari bir ovozdan javob berishadi:

– Och.

– Xalqni ham shunday ushlash kerak! – deydi generalissimus Stalin.

Menimcha har bir latifa qatida ma‘lum haqiqat yotadi. Bu latifadan kelib qaralsa, "Xalqlar otasi" xalqdan qo‘rqqan. Buni yuzlab soqchilari-yu "egizak"lari (dvoyniklari) bo‘lganidan ham bilsa bo‘ladi. Bu haqda Stalin o‘limidan keyin markaziy gazetalarda ochiq yoziladi. To‘g‘ri, "Dohiy"dan manfaat ko‘rgan bitta-yarimta maddoh, yaloqlar Stalin qirg‘inini[4]"To‘g‘ri bo‘lgan, – deydilar. – Yo‘qsa, davlatni saqlab qololmasdi". Men bundoq to‘nkalarga Muhammad payg‘ambarning quyidagi so‘zi bilan javob berganman:

"Odamlardan to‘g‘rilik va halollik talab qilishdan oldin, to‘g‘ri va halol jamiyat qurish lozim"[5].

Men yana shuni sezdimki, ochlik, tushkunlik, umuman, qiyin damlarda kimningdir yoki nimaningdir turtkisi sababli odamda bir umid uyg‘onadi. Shunda u yasharib ketadi. Unga borliq nurga to‘lganday tuyuladi. Men buni onam misolida ko‘rdim.

Ayanchli kunlarning birida onam Uchquloch oltin koniga yayov borib qaytdi. Sevinganidan uning qoralurang ko‘zlari porlardi. Xurmadan andoza olgan xiyol qalin dudoqlari sadaf tishlarini ko‘rsataroq yumilmasdi. Shu onda u mening nazdimda gulga bengzardi. Ochunda undan suluvroq xotin yo‘qdek tuyulardi. U meni qaynoq bag‘riga bosdi. Manglayimdan o‘pdi va quvonch to‘la ovozda dedi:

– Men ishga o‘tdim, o‘g‘lim! Endi och qolmaymiz. Otangning oldida ham yuzim yorug‘ bo‘ladi.

Onam hamon otamning qaytishiga umid bog‘lab yashardi.

U ikki o‘rim sochini turmaklab oldi, boshiga olma gulli ro‘molini tashladi va so‘ng mening sochimni silab dedi:

– Ertaga Oltinkonga ko‘chamiz!..

4

Oltinkon...

U Bog‘dondan ikki tosh etakda – chag‘ir toshli cho‘l adog‘ida – pastqam tog‘lar oralig‘ida joylashgan.

Oltinkonda chuqurligi uch qulochcha keladigan bir quduq bor. Uning buloqnikidek tiniq, chuchuk suvi ozaymaydi ham, ko‘paymaydi ham, bir teranlikda turadi. Oltinkon shu quduq oti bilan ataladi: "Uchquloch".

Uch qulochdan ancha quyida tag‘in adirsimon tog‘ tizmalari qad kerib turibdi. Undan naryog‘i adoqsiz Qizilqum. So‘ng Qozoqiston.

Biz quduqdan ikki yuz qadamcha yuqorida, o‘rlikda joylashgan bir tashlandiq yerto‘lani makon ayladik. Onam bilan men uni o‘z bilganimizcha tuzatdik, ohakladik, supurib-sidirdik va unga "Ilich nuri" ulatdik. Shunda menga kulbacha qasrdek tuyuldi.

– "Ilich nuri" g‘aroyib-da! – onam yosh boladay quvondi.

– Mo‘‘jiza, – dedim men.

Onam osh qildi. Bundan oldin qachon palov yeganimizni eslolmayman. Balki bir yil o‘njadir? Balki, undan-da ko‘p... Oshni to‘yib yedik. Uning totli ta‘mi haligacha og‘zimdan ketmaganday.

O‘tgan yili yozda, ta‘tilda Uchqulochda (topografga yordamchi) ishlagan edim. O‘shanda bu oshyonda hayot bo‘ron kabi guvullab, qaynab-toshayotganini ko‘rdim. G‘ij-g‘ij odam. Asosan yoshlar. Adashmasam, ularning sakson-to‘qson foizi o‘ris va boshqa kelgindilar. Qolgani yerli. Hamma tarmoq boshliqlari ruslar. Hatto shaxta, burg‘u tsexlarining ham. Ularning yerliklarga past nazar bilan qarashlarini shunda yaqqol sezdim va onamning haq ekanligini bir qadar angladim.

Har kuni mojaro...

Meni hayron qoldirgan narsa: "Ulug‘ og‘a" har gapida so‘kinib gapiradi. Va topganini ichadi. Bu menda ajablanish ila jirkanish tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Uchqulochda (Bog‘donga solishtirganda) yashash sharoiti yaxshi; "Ilich nuri", "Madaniyat uyi", hammom, futbol, voleybol, basketbol maydonlari, billiard, tennis xonalari...

Tag‘in turli to‘garaklar...

Har kuni "Madaniyat uyi"da tantsa.

Men yana (maktab ochilguncha) geolog qiz Oynur (o‘zi Toshkentda tug‘ilgan bo‘lsa ham, tagi chimkentlik) ko‘magida ishga (topografga yordamchi) kirdim. Onam bosh idorada supuruvchi.

5

Oynur!..

Asl ismi "Oynuri" bo‘lsa ham, hamma uni "Oynur" deb atardi.

Oynur!

Betimsol go‘zal qiz.

Ovro‘pacha kiyingan, kiyinganda ham oxirgi urfda (modada) kiyingan bu qiz biznikiga kelganda yerto‘lamiz yorishib ketardi. Onam o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Uning atrofida parvona bo‘lardi. Men g‘arib yashaganimizdan uyalardim. Onamning ham yuz-ko‘zida shu ifoda kezardi. Oynur ilk tanishganlarida o‘zlarining asl qiyofalarini yashiradigan kishilar turidan emasdi. Bil‘aks, tabiatan qanday bo‘lsa, o‘zini shunday tutardi. Ya‘ni o‘z uyida yurgandek o‘zini erkin tutardi. Bizdan ham shuni istardi va hazilomuz ohangda onamga derdi:

– O‘g‘lingiz mendan kichik-da, ona, yo‘qsa, sizga kelin bo‘lib olardim-a.

Bu gap onamga bolday yoqar, u sevinganidan porlab, Oynurga javob qaytarardi:

– Sizdek kelinim bo‘lsa, boshim osmonga yetardi, go‘zal qizim. Gap ko‘ngilda-da, asalim. Payg‘ambarimiz o‘zidan o‘n besh yosh katta Xadicha oyimga uylangan. Bu ibrat bo‘lmasmi, go‘zal qizim?

Agarchi Oynur kiborli xonimlarga o‘xshab ko‘rinsa ham, aslida kibr-havodan yiroq bu qiz yaqinlariga ichini yashirmasdan ochardi:

– Uzr, onajon, men o‘z aqlim bilan yashayman. Erkin odamman. Menga hech kimning hayoti mezon bo‘lmaydi. Men ota-onamni sevaman. Ammo o‘zimni haq deb bilsam, ularning o‘gitlariga ham quloq solmayman. Balki bu mening kamchiligimdir? Biroq, baribir men o‘zimni sun‘iy ravishda o‘zgartira olmayman. Har bir odamning "o‘zi" o‘zida bo‘lsa, boshqa biron kimsani, hatto eng ulug‘ insonni ham takrorlamasa, yer yuzida o‘sish bo‘ladi.

Takrorlash – taraqqiyot bo‘g‘ovi.

Men hech kimni takrorlamayman. Bu olamda o‘zim bo‘lib yashayman. Hayotning ma‘no-mazmuni ham shunda deb bilaman.

Oynurning hazili ham, so‘zi ham, ovozi ham menga boldek yoqardi. Men qizdirilgan tandirdek qizarib, terga botardim. Lekin unga bir so‘z deyishga o‘zimda jur‘at ham, kuch ham topmasdim. "Buni she‘rimda ifodalayman", deb ko‘nglimga tugardim. Oynur menga jilmaygan holda ko‘z osti bilan bir qarab qo‘yib, tag‘in hazil qilardi:

– O‘g‘lingizni katta bo‘lishini kutaymi, Ona? Keyin u meni tan olmay qo‘ysa-chi? Axir, ayol zoti tez qarib qoladi-da, Ona. Bir chuqurroq o‘ylab ko‘ray-a?

Keyin u birdan jiddiylashar va Onamga tiniq mehr bilan boqqan holda derdi:

– Sezgim aldamasa, o‘g‘lingizda ham o‘ziga xos bir nima borday. Nima? Aniq aytolmayman. Fahmlayman: uning ko‘zlarida bir isyon sharpasini ko‘rayotgandayman. Vujudida buning o‘zagini... Yana Tangri bilguvchi, Ona.

Menimcha, har bir odamning botinida gavhar ham, zahar ham bor. Yana har narsa... Bular Tangridan. Hayotning qaqshatgich bo‘ronlarida ular yuzaga chiqishi mumkin, yoki hech qachon...

Yer osti boyliklarini, xususan, gavharni izlab topish qiyin. Kavlab olish ham. Tag‘in toshdan ajratish masalasi...

Agar o‘g‘lingizning vujudida gavhar bo‘lsa, unga ko‘mak lozim. Yo‘qsa, maqsadga erishishi mahol. Faqat bundan ayrim kishilar ayro. Ya‘ni hayot dovullaridan qo‘rqmaydigan, kurashib tolmaydigan, har qanday vaziyatda ham o‘z yo‘lidan qaytmaydigan kishilar. Ular:

Temir irodali kishilar.

Zakovatli kishilar.

Bunday kishilarning hayotlari:

Ziddiyatli kechadi,

Xatarli kechadi,

Bo‘ronli kechadi.

Go‘zal kechadi.

Bu mening shaxsiy fikrim. Yuqorida: "Har qanday holda ham o‘z yo‘lidan qaytmaydigan kishilar", dedim. O‘g‘lingizni ushbu mashqi nimani anglatadi, Ona? Menimcha, qaytmaslikni...

Manzil

"Intilganga tole yor"

El so‘zi.

Qorong‘i tun yerni bosib yotar beomon,

Qor bo‘roni uvlar bir yirtqich hayvonsimon.

U Tun, bo‘ronga qasd olg‘a intilar chaqqon,

Yiqilar, shilinar, to‘nar, to‘xtamas bir on.

Uch qadam nari ham ko‘rinmas, zulmatdir tom,

Hatto ko‘z ochishga qo‘ymas vahshiy bo‘ron ham.

Lek ishonch, umidin uzmas, intilar dadil,

Olis tog‘lar ortida u ko‘zlagan manzil!..

"Qorong‘i tun", "Qor bo‘roni"... Ramz. "Qarong‘i tun"ni ham, uning qilichi: "Qor bo‘roni"ni ham go‘yo: "Biz qudratlimiz!" "Biz mangumiz!" deyishganini u eshitadi. Shu bilan birga bu maqtanish puchligini, haybatli tog‘lar ortida yorug‘ manzil borligini anglatadi.

"U" kim!

U – o‘g‘lingiz.

U – Men.

U – Siz.

U – U erkin fikrlovchi kishilar.

U – Erk istovchi el.

Oynur nimanidir o‘ylabmi, tin oldi. So‘ng yana erkin ohangda gapini uladi:

– Mening otam professor, onam ham olima. Men o‘g‘lingizga ko‘mak beraman. U o‘qishi kerak. Maktabni bitirsin. Keyin... Agar unda yashiringan narsa bo‘lsa, shunda kurtak yozadi.

Yashiringan narsa...

Balki, bu iqtidordir?

Iqtidor...

"Manzil" shundan bir uchqunday. Uning mana bu to‘rtligi ham fikrimga dalilday:

Tumanlarni haydayman men bo‘ron bo‘lib,

Bo‘g‘ovlarni yanchaman men to‘fon bo‘lib.

Riyolarni yoqaman men otash bo‘lib,

Ko‘ngillarni yoritaman quyosh bo‘lib.

Yoki bu ikkiligi:

Zamon kelar: men g‘animga o‘lat bo‘laman,

Zamon kelar: men elimga qanot bo‘laman.

– Uning ulug‘ otasi ham: "Elim!" derdi, – dedi onam.

– Qonida bormi?

Onam: "Qaynotamni "Qo‘rboshi" deb dorga osishdi. Endi bizga ham kun berishmayapti", demoqchi bo‘ldi. Biroq negadir, fikridan qaytdi. Buning o‘rniga siniq ohangda dedi:

– Ha, go‘zal qizim, qonida bor. Mening yolg‘iz suyanchig‘im shu bolam. Uni qo‘llayapsiz, Tangri sizni qo‘llasin!

6

Oynurning ta‘sir, ko‘magida mening ko‘nglim o‘sib, o‘zimga ishonchim ortib bordi. Bo‘sh payt topdimmi, kitob o‘qiyman, she‘r yozaman.

Bir bozor kuni Oynur:

– Tanaga ham sayqal berish kerak, – deya jilmaydi va menga oq sport forma bilan oq oyoq kiyim hadya etdi.

– Qani, kiy.

Menga birovning buyrug‘i yoqmaydi. Onamning aytishicha, menga bu odat otamdan o‘tgan. Biroq men Oynurning gapini ikki qilmasdim. Buyrug‘i beg‘arazligigami? Yoxud unga teran hurmat bilan qaraganimgami? Bilmadim, nimaga?

Kiydim.

Sport kostyum menga yarashdi, shekilli, Oynur:

– O-o! – deya meni quchdi. Uning quyoshrang yuzlari-yu qora bodom ko‘zlari porladi. Men Oynurning o‘t og‘ushida erib, yondim. U o‘ng labim chetidagi xolimni so‘l barmog‘i bilan erkalab bosdi:

– Muncha chiroyli.

– Umringizda baraka toping, go‘zal qizim! – dedi onam hayajonga qotiq mehrli ovozda.

Shu kundan e‘tiboran men futbol, voleybol, basketbol mashqlariga qatnasha boshladim. Boksga havasim ortiq edi. Mushtlashishni yaxshi ko‘rardim. Ayniqsa, kelgindilar bilan.

Billiard, tennis, shaxmatni ham o‘rgandim. Bundan Onam ham, Oynur ham sevinardilar. Men o‘zimni baxtiyor sezardim.

Bir so‘lim oqshom Oynur menga dedi:

– Sportning foydasini ko‘rayapsanmi, Evril? Bo‘ying ham ancha o‘sib qoldi, yelkang ham ancha kengayib qoldi, xolli yuzing ham tiniqlashib qoldi. Sport bilan muntazam shug‘ullan. Muntazam o‘qi, muntazam hayotni o‘rgan. Har ondan unumli foydalan. Har nafas o‘lchangan Vaqtni boy berma. Keyin afsuslanib yurma. Vaqt ortga qaytmaydi. Tushundingmi?

– Ha, Oynur opa.

– Bu mening professor otamning so‘zi.

U otasini ko‘z oldiga keltirdi chamasi, osmonga tikilib o‘ylanib qoldi. Osmonda, hadsiz-hadsiz olislarda, million-million chaqirim yuksaklarda million-million yulduzlar "sayr" qiladi.

Bu yuksaklik Tangrining masofa o‘lchovi hisobida, balki, bir qarich ham chiqmas.

Million-million yulduzlar!..

Yerdan million-million katta yulduzlar!..

Bu kattalik, balki Tangri (Osmoniy o‘lchov) o‘lchovi hisobida, tariqcha ham kelmas.

Milliard-milliard chaqirim yuksaklarda!..

Yerdan million-million katta yulduzlar!..

Inson aqli bovar qilmas og‘irliklariga qaramay, chek-chegarasiz, tag-tugsiz bo‘shliqlarda "oyoq-qo‘lsiz", "ko‘z-quloqsiz", "og‘iz-burunsiz", "miya-yuraksiz" suzadi. Suzganda ham oniga ming-ming kilometr tezlikda suzadi. O‘ta aniq o‘lchamda o‘z "chizig‘i" bo‘ylab suzadi, bir-biriga urilib yoki "tushib" ketmay suzadi. Tavba-tavba!

Men ixtiyorsiz bir tarzda to‘lin oy bilan birga yonma-yon suzayotgan Marsga qarayman. Hayratga to‘lib qarayman:

"Ercha keladigan sayyora biz o‘tirgan supadan ham kichik ko‘rinyapti, – deyman ichimda, – go‘yo sal yuksakda suzayotganday. Aslida,u supadan oltmish million kilometr yiroqda suzmoqda. Million-million yillardan beri suzmoqda. Tinsiz suzmoqda. Kimning aqli bilan? Kimning kuchi bilan? Nima hisobiga? Nimaga? Qanday? Bu sir. Buning tagiga hech zamon yetolmaysan. Misr ehromlari mo‘‘jizamish. Chin mo‘‘jiza: Oy, Mars, yulduzlar...

Yana Yer!..

Inson rizqi bilan yaralgan yer.

Odamzotni "opichlagan" holda sekundiga 30 kilometr tezlikda suzayotgan Yer!

Ona Yer!

Bu mo‘‘jiza!

Ulug‘ mo‘‘jiza!

Yana Inson!

Bir tomchi suvdan yaralgan inson!..

Bor mavjudotlar ichida unga aql berilishi ulug‘ mo‘‘jiza!

Biz buning qadriga yetamizmi?

Biz undan to‘g‘ri foydalanamizmi?

Menimcha, to‘qson foiz odam mo‘‘jizalar mo‘‘jizasi bo‘lmish aqlning qadriga yetmaydi. Va undan to‘g‘ri foydalanmaydi. Bil‘aks, aqlni oddiy bir narsa deb biladi.

"O‘zing-chi?" Ichimda birinchi "men"ga doim tanqid bilan qaraydigan ikkinchi "men" isyon qildi".

Shu on Onamning ovozi sukunatni buzdi:

– Bilasizmi, go‘zal qizim, endi o‘g‘lim Evril Turon degan ot bilan she‘r bityapti.

Mening xayolim bo‘lindi. Oynur ham osmondan ko‘z uzdi. Onam shuni istagandi. Istagi vojib bo‘ldi. Men unga: "Nega aytdingiz, Ona?" degan ma‘noda Oynurga sezdirmay qaradim. Oynur buni ilg‘adi va:

– Xijolat chekma, – dedi menga, – bizga buni tushuntir.

– "Evril"ning sinonimlari talay, – dedim men xiyol jimlikdan so‘ng noiloj holda. – "Aylan", "O‘gril", "Chevril"... Turon tarixiy atama. Yurtimizning eski oti. Bu tamiz turkcha ot. O‘zimiz ma‘nosini anglamaydigan arabchadan yiroq. Evril Turon!

– Tuydim, – Oynur mening qo‘limni siqdi, – tagida ma‘no... Ezgu ma‘no... Evrilsin!.. Iloho, evrilsin!..

Bundan onam sevindi. Men undanda ortiq.

– Xuddi turkcha otlar yo‘qdek, – dedim men o‘zimni tiyolmay, – butun o‘zbek ismlari arabcha. Bu mening milliy g‘ururimni yaralaydi. "O‘zbek ismlari" degan kitoblar ham chiqqan. "O‘zbek ismlari"mish!.. To‘qson to‘qqiz foizi arabcha, forscha. Bundan men o‘yga botaman. "O‘ZLIGIMIZ"dan uzoqlashganimizga qayg‘uraman. Ismlarimizni ham, umuman, tilimizni ham isloh qilishimiz kerak, deb o‘ylayman.

– Bir zamonlar kelsa... balki...

– Shunga ishonasizmi?

– Sendek odamlar tug‘ilar?

– Tug‘ilar... – takrorladi Onam ishonchsiz ovozda.

– Endi men yotog‘imga boray, – Oynur qalqdi.

– Yana biroz o‘tiring, oy qizim. Siz bilan gaplashsak, yayraymiz. O‘g‘lim bilan menga Sizning so‘zlaringiz boldek yoqadi. Biz bunday lazzatni dunyodagi har qanday lazzatdan ustun qo‘yamiz.

– Meni ortiq maqtavordingiz, Ona.

– Ko‘nglimni aytdim, oy qizim.

– Rahmat, Ona, – Oynur xijolatdan quyosh rangiga kirib yashnadi. – Ertaga ish.

Uning go‘zal dudoqlarida uzrli tabassum jilva qildi.

– Tuningiz xayrli bo‘lsin.

Onam Oynurning manglayidan o‘pdi:

– Yaxshi tushlar ko‘rib yoting, oy qizim.

Bu pallada ko‘cha qatnovlari susaygan, havo salqin, "Madaniyat uyi" sahnida, ovro‘pocha musiqa ostida yoshlar telbalarcha "sheyk"ka tushardilar. Men Oynurni futbol maydoni yonida joylashgan uyiga kuzatib qo‘ydim.

– Xayrli tun, Evril, – u meni quchib, yuzimdan o‘pdi.

Hali men biron qizni o‘pmagandim. Yoxud biron qiz meni... Agarchi Oynur opalarcha tuyg‘u bilan o‘psa ham, bunday totni sira tuymagandim. Yuzlarim lovullab yonayotganini his etdim. Mening boshim aylandi.

Uyga qaytganimda ham, uxlashga yotganimda ham shu so‘zlar dunyoda menga eng totliday, eng shaffofday tuyulgan shu so‘zlar qulog‘im ostida musiqaday yangrardi:

"Xayrli tun, Evril!.."

Evril!..

O‘zbek yurtida birinchi marta u meni "Evril", deb atadi. Buni Oynurning og‘zidan eshitish menga o‘zgacha zavq, o‘zgacha shavq bag‘ishladi.

Oradan uzun, juda uzun yillar o‘tsa ham, men bu betakror sasni hamon unutmadim, unutolmadim:

"Evril!.."

7

Nurota tizma tog‘lari bilan Qizilqum sahrosi aro bir cho‘l yastanib yotibdi. To‘g‘rirog‘i, egasini kutib yotibdi.

Uchi-qiri yo‘q cho‘l,

Sho‘rsiz cho‘l,

Ekinsiz cho‘l.

Yuz millionlarni boqishga qodir cho‘l.

U olis Ustyurt osha o‘tib, Hazar dengiziga "sho‘ng‘iydi".

Qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan shu cho‘lda men kun bo‘yi Oynurga ergashib yuraman. Uning topshirig‘ini (iloji boricha xatosiz) bajaraman. Yelkamda (agar oti esimdan chiqmagan bo‘lsa) "Mak-sheder"[6], kvalda[7], temir qoziq, sim, yemoq, ichmoq...

Qizilqum o‘lik dengizga bengzaydi.

Qizil dengizga ham.

Qator-qator tizilgan barxanlar (qum tepalar) to‘lqinlaru po‘rtanalarni esga soladi. Unga rahmim keladi. Shakkoklik bo‘lsa ham, sahro boshiga bu kulfatni solgan tabiatdan noliyman. U quyoshning ayovsiz tig‘ida lov-lov yonadi. Uning ulug‘ yolqini cho‘lga xuruj qiladi. Men "Mak-sheder"da o‘lchangan yerlarga qoziq qoqaman, sim tortaman. Qo‘llarim qavarib ketadi, lo‘q-lo‘q og‘riydi. Chidayman. Pul topish qanchalik qiyinligini his etaman. Ezilaman. Ammo Oynurga sir bermayman. Shunday onlarda: "Uyat o‘limdan qattiq" degan maqolni ildiz-ildizi bilan tuyaman. Bor kuchim bilan ishlayman. Oynur soyaboni ulkan, mis tus, meksikacha shlyapasini xiyol ko‘tarib jilmayadi:

– Pishguncha odam-ku odam, temirga ham qiyin. Qilich o‘z-o‘zidan qilich bo‘lmaydi. Ustaning qo‘lida, bolg‘ada, o‘tda pishadi. Kel, Evril, biroz dam olaylik, – u quyosh ta‘sirida quyosh tusiga kirgan go‘zal yuzlaridan oqayotgan terni qizg‘ish sochiqqa artadi. So‘ng uning zangori soyaboni (zontigi) ostida ho‘l kigizga o‘ralgan ko‘zachadan chinni piyolalarga ayron quyib ichamiz. Bunday onda odam ayronning huzur va hayotbaxshligini teran anglaydi. Men uzoqroq dam olish istagida Oynurni savolga tutaman:

– Oynur opa, bu kasb Sizga, umuman, ayol zotiga og‘irlik qilmaydimi? Umr dala-dashtlarda o‘tib ketmaydimi?

– Otam ham shunday deydi. Onam ham. Ammo men shunga qiziqaman. Hayotimni busiz tasavvur qilolmayman. Baliq suv bilan, men shu kasb bilanman desam, ishonmassan, Evril.

"Evril" so‘zini Oynurdan eishtsam, men dengiz misol to‘lqinlanaman. Uning tilida bu so‘z betakror go‘zallik kasb etadi. Men hayajonlangan holda unga javob qaytaraman:

– Bu olamda hammaga ishonmasam ham, Sizga ishonaman.

– Yana?

– Onamga.

– Yana?

– Tangriga.

– Endi to‘g‘ri so‘zlading, Evril. Hech qachon, Hech yerda, Hech kimni ortiqcha maqtama.

Me‘yorni saqla.

Haqni saqla.

Tangri ayro.

Onang ayro.

– Siz ham ayro.

– E shum bola! – Oynur yayrab kuldi. Uning oppoq tishlari, alvon dudoqlari, yondirib boqayotgan ko‘zlari menga ertaklarda o‘qiganim: parilarni eslatadi. "Uni ham inson tuqqanmi?" degan shubhaga boraman. U mendagi kechinmani uqmaydi yo uqsa ham, uqmaslikka oladi. Men unga ataylab nozik savol beraman:

– Oynur opa, har kuni haddan ortiq maqtalayotganlarni-chi?

– Tushunmadim, – u sergak tortdi.

– Soxta payg‘ambarmi?.. Soxta Xudomi?..

Oynur gapimni shart kesdi:

– Chegaradan chiqma, Evril! Hech zamon chiqma! Bu xavfli. Falokat o‘rami har qandoq odamni yutib yuboradi... – uning yuz-ko‘zlaridagi go‘zal jilvalar g‘oyib bo‘ldi. U gapni ataylab eski o‘zanga burdi:

– Vaqti kelib, men bir kon topsam, masalan, oltin koni... Mendan baxtli odam bo‘ladimi, Evril?

Bu yer kimsasiz cho‘l bo‘lgani uchun va Oynurga o‘zimdek inonganim uchun men miyamga kelgan gapni aytishdan o‘zimni tiyolmadim:

– Bu kon Elimizga nasib etsa, yaxshi.

– Tushunmadim.

– Hozir Yurtimizga, Yurtimizdagi konlarga kim xo‘jayin?

– Kim? – Oynurning yuz-ko‘zlariga qo‘rquvga qotilgan ajablanish belgilari yoyildi.

– Moskva.

Oynur shoshib tegraga ko‘z yugurtirdi. Tegrada hatto bir qush ham ko‘rinmaydi. Hammayoq jimjit. Cho‘l adog‘i (eniga) qum. Qizg‘ish qum. Undan tandir yolqinidek yolqin ko‘tarilmoqda. Yiroq-yiroqlarda yolonsuvlar (saroblar) u yoqdan-bu yoqqa ko‘chib yuribdi. Oynur qat‘iy ohangda dedi:

– Bu gapni bir aytding, boshqa aytma! Bu o‘lim bilan o‘ynashmoq degani.

Kelajak bilan yasha.

Kelajakka inon.

O‘z kelajagingga ham.

Faqat ehtiyot bo‘l!

Juda ehtiyot bo‘l!

Hali mening boshim toshga tegmaganigami, ko‘nglimda uncha vahm uyg‘onmadi. Ammo Oynurni xotirjam qilish uchun dedim:

– Xo‘p, Oynur opa.

– Ha, aytganday, sen geolog olim Habib Abdulla haqida eshitganmisan?

– Habib Abdulla?.. Yo‘q. Nimaydi?

– O‘zim... shunday... – u ichidagini tashiga chiqarmadi. Fahmimcha, chiqarishga cho‘chidi. Men buni uning ziyrak ko‘zlaridan ilg‘adim. Ilg‘adimu boshimda: "Adashayotgan bo‘lsam-chi?" degan fikr kechdi.

Oynur mendan ko‘zini olib qochdi. Oraga jimlik cho‘kdi. Kun qizigandan-qizib borardi. Oynur mening qavarib, qonagan barmoqlarimga yod surtdi. So‘ng ularni bint bilan bog‘ladi.

Tag‘in ishga sho‘ng‘idik. Endi men tushlikni orziqib kutaman. Chunki Oynur bilan birga ovqatlanmoqni, qo‘nishmoqni har narsadan ustun qo‘yaman. Bundan quvonch bilan birga g‘urur tuyaman.

Agar Oynurdan o‘zga geolog bo‘lganida, men qirq darajadan o‘nja issiqda ishlashga, balki, chidolmasdim. U bilan esa bundan-da og‘ir sharoitda ham ishlay olishimga ko‘zim yetadi. Ichimda: "Uni menga yetkazgan Tangriga shukrlar bo‘lsin", deyman.

Oynur bilan tanishganimizga ham ikkinchi yil kechyapti. Bultur u besh o‘smir ichidan meni "tanlab", o‘ziga yordamchi qilib oldi. Bu kutilmaganda, tasodifiy bir holatda yuz bersa ham, men buni Tangrining menga bo‘lgan in‘omi deb o‘ylayman. Shundan buyon men undan qancha narsa o‘rgandim, o‘rganayapman.

Nihoyat yondirayotgan quyosh ham tikka keldi. Zangori soyabon ostida Oynur bilan birga non va qovurilgan qo‘y eti yeymiz. Qora choydishda choy qaynatib ichamiz. Charchog‘imiz yuzimizdan ter bo‘lib oqadi. Oynur go‘zal tabassum ila deydi:

– Sen zanjiga aylanding, Evril.

– Quyosh meni sevadi, Oynur opa.

Kulamiz.

Men uni savolga ko‘mishga botinaman.

– Siz qayerda o‘qigansiz, Oynur opa?

– Moskvada.

– O‘rischani o‘risday bilasizmi?

– Bog‘cha, maktab, oliygoh ruscha...

– Qaysi tilda o‘ylaysiz, fikrlaysiz?

– O‘zbekcha, ruscha...

– Yana qaysi tilni bilasiz?

– Inglizchani.

– Londonda bo‘lganmisiz?

– Ha.

– Yana qayerlarda?

– Parij, Rim...

– Go‘zal shaharlardir-a?

– Tergovchimisan, Evril? – Oynur tiniq kuladi. Yuzlariga yoyilib tushgan sochlarini go‘zal yelkalari ortiga oladi. Va ohista javob beradi: – Afsona deysan. Bizda, O‘rta Osiyoda bunday shaharlar yo‘q. Xonlar maishatdan bosh ko‘tarmaganlar. "O‘zim..." deb yashaganlar. O‘zlariga qurgan saroylari ham didsiz, ko‘rksiz... Ovro‘pa hukmdorlari: "Elim", deb yashaganlar. Elga go‘zal kentlar qurganlar. Ilm-fan eshiklarini ham keng ochganlar.

Oynurning esiga bir nima tushdimi, o‘zi sezmagan holda yolonsuv (sarob) jimirlayotgan sahroga boqdi. Ko‘z oldiga afsonaviy kentlar keldimi, xayolga cho‘mdi. Men Oynurga beqiyos mehr qotilgan beqiyos havas bilan termulaman. Va ham o‘zimcha u yurtlarni tasavvur qilaman.

8

Anchadan so‘ng Oynur sahrodan ko‘z uzadi, menga ma‘yus boqadi va hazin ohangda deydi:

– Parijda kechgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi, Evril. Go‘yo uni hozirgina ko‘rganimday, ko‘z oldimda jonlanadi:

Uzunga moyil bo‘yli, qotma, yelkalari gavdasiga nisbatan keng, qirq yoshlar chamasidagi bu yigit bizni (Sovet turistlarini) yanglishmasam, Eyfel minorasi, yo‘q, aniqrog‘i, beqiyos gumbazli Monmartrda Sakre Kyor jomesi oldidan Sena daryosi ko‘prigigacha kuzatib keldi. U meni ta‘qib etayotgandek edi.

"Menga shunday tuyulayotgandir-da?" deb o‘ylab, o‘zimga-o‘zim tasalli berdim.

Ko‘prikdan keng yoyilib, mavjlanib oqayotgan Senani tomosha qilayotganimizda, sezgim aldamaganini angladim. U to‘g‘ri men tomonga yo‘naldi. Shunda: "O‘zbekka o‘xshaydi", degan fikr miyamdan kechdi. Ammo darhol o‘zimni-o‘zim rad etdim: "O‘zbekka o‘xshash frantsuzlar ozmi? Balki, u o‘zbek qiyofasiga kirgan josusdir?".

U ishonchsiz qadamlar bilan yonimga keldi. biroz tortingan, o‘zini noqulay sezgan holda janublik o‘zbeklar shevasida, lekin frantsuzcha mulozamat bilan dedi:

– Uzr, xonim, Sizni bezovta qildim, Siz o‘zbeksiz-a?

Men uning "jaydari" o‘zbekligi va es-hushi joyidaligini tuydim. Shunda, bilmadim, nega, mendagi shubha-gumonlar tarqab ketdi.

– Adashmadingiz, – men uning ayriliq, sog‘inch g‘amlari o‘tirib qolgan qo‘y ko‘zlariga, iyagida qora xoli bor cho‘zinchoq yuzlariga sinchkov aralash savol nazari bilan tikildim.

Mening ajablanishga qotilgan xush muomalamdan yengil tortdi va so‘ng:

– Mening otim Botir, – dedi jilmayib, – Siz menga to‘g‘ri, toza odam sifatida ko‘rindingiz. Shunga Sizning huzuringizga bosh egib keldim, singlim. Yana bir bor uzr.

– Oynur, – men uning qo‘lini siqdim. Botirning yuzi bulutdan arigan osmondek yorishdi. U urushda olmonlarga asirga tushgani, Yurtga qaytsa "Vatan xoini" sifatida otilishi, taqdir taqozosi bilan Parijga kelib qolgani, frantsuz qiziga uylangani va ikki o‘g‘li borligi haqida so‘zladi. Keyin maqsadga ko‘chdi:

– Men Elimizni, Tilimizni sog‘indim! – Botirning ko‘zlari yoshga to‘ldi. – Sizdan yashirmayman, xonim, yurtimizda men bunday tuyg‘ularni tuymaganman. Vatan, Millat, Ona Tili degan tushunchalar menga oddiy narsalardek tuyulgan. Endi bilsam, bu tuyg‘ular tug‘ma tarzda berilarkan, u odam bolasining yuragida yasharkan, buni u boshiga "ish" tushmaguncha sezmaskan.

– Hammani o‘z qarichingiz bilan o‘lchayapsiz, Botir aka.

– Meni ma‘zur tuting, Oynur xonim, yashirmayman, men Elimizning aksariyat qismini shunday deb o‘ylaganman. Bu, albatta, mening nisbiy fikrim.

– Shunday deng...

– Odam Vatanidan ayrilganida, olisda, kishi yurtida yurganida, garchi u erkin dunyo bo‘lsa ham, yuragida mudrayotgan o‘sha muqaddas tuyg‘u misli vulqondek "lovullab" uyg‘onadi. Shunda u Vatan tuyg‘usi buyukligini butun teranligi bilan anglaydi. Men buni boshimdan kechirayapman, Oynur xonim. O‘z tilimizni, o‘z kuy-qo‘shiqlarimizni sog‘indim! Endi bolalarim taqdiri haqida ham bot-bot o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Ular o‘z ota yurtlarini, ona tillarini bilmay o‘sishayapti. Bu men uchun fojia, singlim.

– Vaqtni kuting... – men gapimni davom ettirishga qo‘rqdim. To‘da (gruppa) boshlig‘i ham bizga bejo qarab-qarab qo‘ymoqda edi. Botir ham buni sezdi, shekilli, tilagini aytdi:

– Agar Sizga malol kelmasa, singlim, menga o‘zbek kuy-qo‘shiqlari yozilgan besh-oltita plastinka yuborsangiz. Buni Sizdan o‘tinib so‘rayman, – Botir men bilan xayrlashgan bo‘lib, qo‘limga qat-qat buklangan qog‘oz tutqazdi. – Unda manzil yozilgan. Xayr, singlim!

Uning ko‘zlaridan yosh oqdi.

– Yaxshi kunlarda ko‘rishguncha!..

Botir ko‘zdan uzoqlashishi bilan to‘da boshlig‘i oldimga keldi. Uning qosh-qovog‘idan qor yog‘moqda. O‘zi o‘zbek bo‘lsa ham o‘rislashib ketgan bu semiz xotin sovuq ohangda o‘ris tilida mendan so‘radi:

– Ajnabiy senga nima berdi? Qani, kaftingni och!

Men noiloj qoldim: ochdim. U taxlangan qog‘ozni ko‘rarkan, baloga duch kelgan kimsadek cho‘chib, bir zum tosh qotdi. So‘ng qo‘limdan qog‘ozni yulqib oldi. Ochdi. Ichidan AQSh puli chiqdi.

– Bu nima? – xotinning ko‘zi ola-kula bo‘lib ketdi. Tanqaygan burun katagi kengaydi. Men u bilan adi-badi aytishib o‘tirmaslik uchun unga voqeani dangal aytdim. Xotin menga ishonmadi.

– Moskvada javob berasan!.. – chiyilladi qo‘rs ovozda. – Parijga kelishimizdan oldin, Moskvada hamma qatori sendan ham: "Ajnabiylar bilan gaplashmayman..." degan tilxat olganmi?

– Ha.

– Endi chet elni yelkangni chuquri ko‘radi... – u mening ko‘nglimga g‘ulg‘ula solish uchun ataylab gapini tugatmadi.

– Manzil yozilgan qog‘ozni bering, opa, mayli, valyuta sizda qolsin, – dedim iltijoli ohangda. – U bir baxtiqaroning omonati.

– Tushingni suvga ayt! – lablarini burib, qoshlarini chimirib, menga zaharini sochdi.

– Chumolidan tuya yasamang!

– Menga aql o‘rgatma!

– Bering.

– G‘alchamisan?

Men nohaqlikni ko‘rsam, chidolmayman. Bu odat menga Onamning bobosi Erxon botirdan o‘tgan. Bu uzun kechmish... Bu haqda alohida... Hozir gapimdan adashib ketmay, eshit: Men xotinning buyoq chaplagan semiz yuziga tarsaki tortishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiydim. Buning o‘rniga g‘azabu nafrat bilan dedim:

– Birovning narsasini tortib olishga haqqing yo‘q, ber!

Fahmimcha, xotin meni qo‘rqadi, yalinadi, deb o‘ylagan. U buning aksini ko‘rib, shashtidan tushdi. Biroq sir bermadi, yumshab dedi:

– Moskvada olasan.

9

Moskva havolanida meni KGB xodimi (agar u otini o‘zgartirmay aytgan bo‘lsa) Dmitriy Vladimirovich Pinyugin xuddi eski tanishlardek:

– Xush kelibsiz, Oynur xonim, – deya iliq qarshi oldi. Uzun bo‘yli, qoramtir ko‘zli, o‘ng yanog‘ida chandig‘i bor bu kishi menga sermulozamat ham xushchaqchaq ko‘rindi. Men uning yuz-ko‘z, gap-so‘zlarida yasamalikni ilg‘amadim. Har bir harakati tabiiy. Yana kim bilsin? Umr bo‘yi birga yashayotgan odamingni ham tuzuk bilmaysan. Insondek murakkab, sirli maxluq yo‘q. Yer sahna, odam aktyor. Unda har bir kishi o‘z rolini o‘ynaydi. Kim yaxshi, kim yomon... Ammo men Pinyuginda aktyorlik izlarini topmadim. Shunga qaramay, yuragim unga inonmayotgandek bezovta edi. Lekin men o‘zimni aybsiz bilganim uchun qo‘rquvdan ayro edim.

Biz havolandagi "maxsus xona"da ikki soatcha qo‘nishdik. Pinyugin meni bor vujudini quloq qilib eshitdi. Keyin taqir boshini qashib, mayin ovozda dedi:

– Bir so‘z qo‘shmay, qanday bo‘lsa, shunday yozing, Oynur xonim, – u mening oldimga qog‘oz qalam qo‘ydi.

Xira ko‘ngil bilan yozdim.

Pinyugin uni o‘qib chiqqach, iljaydi va:

– Yaxshi, Oynur xonim, – dedi. – Endi "Slavyan" qo‘nig‘iga boring. U Kremlning yonida, Sizga joy bron qilib qo‘yganmiz.

– Nega?

– Moskvada biroz dam olib qaytishingizni istaymiz...

Shu on ko‘rinmas bir kas qulog‘imga shivirladi: "Botirni surishtiradi..."

Men tang bir alfozda qolarkanman, Pinyugindan so‘radim:

– Endi, Dmitriy Vladimirovich, Botirning manzili yozilgan qog‘ozni menga bering.

– U mendamas.

– Kimda?

– Kimga bergansiz, balki o‘shandadir? Uni menga berishmadi, Oynur xonim.

– Endi men Botirning oldida nima degan odam bo‘laman, Dmitriy Vladimirovich?

– Sizni tushunaman, Oynur xonim, noqulay ahvolda qolayapsiz. Ammo, afsus, men Sizga yordam berolmayman, meni ma‘zur tutasiz.

"Slavyan" qo‘nig‘ida o‘n yetti kun bo‘ldim. O‘n sakkizinchi kuni ertalab qo‘niq[8]qa Pinyugin keldi. U bilan birga taksida "Domodedova" havolaniga yondik. Xira ruh, xira kayfiyatimga monand qish siqintisida borliq fayzsiz ham g‘arib ko‘rinayotir. Yeru ko‘kni chulg‘ab qor yog‘moqda. Yo‘lga tuz sepilgan. Tuz va mashinalarning tinsiz qatnov, tutunlari ta‘sirlarida qor kirlanib ketgan. Yo‘lning ikkala tomonidagi qor bosgan o‘rmonlarni "o‘lganning ustiga tepgan"dek qor savalamoqda. Bu manzaralar kishi ko‘nglini xira qiladi, o‘yga botiradi. Men o‘y, xayolimni haydash uchun muz qoplagan oynani barmoqlarim bilan artaman. Qor yog‘ishini hissiz kuzataman. Shunda, qo‘qqis otamning gapi esimga tushadi:

"Qor olti qirrali yulduz shaklida yog‘adi, qizim. Buning o‘zi mo‘‘jizamasmi?"

"Butun dunyoda shunday yog‘adimi, ota?"

"Ha... Yer yaralgandan buyon shunday yog‘adi: olti qirrali...

Ko‘k turklar undan andoza olganlar: ularning tug‘laridagi yulduzlar olti qirrali bo‘lgan. Buni ko‘kturklar: "Qut-baraka ramzi", deb bilganlar".

Men xayol qurshovida oynani xiyol ochaman. Qora jun qo‘lqopimga olti qirrali oppoq qorlar qo‘nadi.

Olti qirrali qorlar!

Oppoq qorlar!

"Bu mo‘‘jiza! – pichirlayman o‘zimga-o‘zim. – Nega faqat olti qirrali? Uch... besh... yetti... emas? Odam bolasi buning mo‘‘jizaligini sezmaydi. Sezishni ham istamaydi. Sezsa ham, uni oddiy hol deb o‘ylaydi. Hatto o‘ylamaydi ham, umuman, unga ahamiyat ham bermaydi".

– Yonib ketayapsizmi deyman, Oynur xonim? – piching qiladi Pinyugin. Shu topda menga qilni qirq yorar bu kasning basharasi to‘mtoq, yoqimsiz, zerikarli bo‘lib ko‘rindi. So‘zidan ham "achimsiq hid" kelganday bo‘ldi. Ichimda ijirg‘andim. Biroq sir bermay oynani yopdim. Noxush shovqin o‘chadi. Pinyugindan uzr so‘radim. Va ichimda o‘zimni-o‘zim qoraladim: "Boshimda tashvish... Bunday o‘ylarga balo bormi?"

So‘ng o‘zimni oqlayman: "O‘y-xayol tizgin, chegara bilmaydi".

Pinyugin mendan so‘raydi:

– O‘zbekchani bilmayman. Ammo xotiramdan nolimayman. Bundan meni Xudo qismagan. Sizning: "Oppoq", "Olti qirrali yulduz" degan so‘zlaringiz qulog‘imga juda zaif tarzda, elas-elas chalindi. Adashmayapmanmi, Oynur xonim?

– Yo‘q, Dmitriy Vladimirovich.

– Bular nimani anglatadi?

Aytdim.

Pinyuginning Leninnikiga o‘xshash yuz-ko‘zlarida taajjub belgilari bo‘rtdi.

"Leninnikiga o‘xshash"...

Buni bekorga aytmayapman. Chunki Pinyuginga sinchiklab qaragan kishi uni qolmiq, chuvash yo tatar degan xayolga boradi.

O‘risgamas.

Mening boqishimdan u sergak tortdi:

– Menga g‘alati qarayapsizmi, Oynur xonim? – hayronomuz ohangda so‘radi u. – Yanglishmasam, qandoqdir shubha bilan?

Men uning savoliga savol tariqasida javob berdim:

– Siz rusmisiz?

– Xudoga shukr, rusman. Lekin meni ko‘pincha tatar bilan ham chalkashtiradi. Tatar-mo‘g‘ullar rusni uch yuz yil, hatto undan ham ko‘p bosib turganlar. Bu vaqt ichida nimalar bo‘lmagan deysiz?

Shu soniya, to‘satdan, Moskvada o‘qib yurgan onlarimdagi tatar dugonam Zulfiya ko‘z oldimga keldi. Uning kuyunib aytgan so‘zlari qulog‘im ostida jarangladi: "O‘n besh milliondan ortiq tatar o‘zligini unutgan, rus millati tarkibiga kirgan".

Ayni shunday gapni menga boshqa talaba do‘stlarim ham – chuvash, ukrain, oqrus... qizlari ham aytgan. U kezlarda men bunga uncha e‘tibor bermaganman. Hozir shaltog‘i chiqqan kir taksida ketarkanman, elda yuruvchi ushbu ibora mening miyamga og‘u sochib o‘tdi:

"Katta baliq kichik baliqni yutadi".

Shu lahza unga hamohang tarzda yuragim qa‘ridan bir nido o‘qdek otilib chiqdi:

"Bu zamon fojiasi!"

"Zamon fojiasi!" takrorladim men beixtiyor. Qonunda: "Barcha millat, elat teng", deb qayd etilgan. Bu haqda radiolar tinmay vaysaydi.

Siyosatchilar ham.

Gazeta-jurnallar ham.

Yaltoq shoir, yozar, olimlar ham.

Biroq: "Ulug‘ og‘a", "Ulug‘ rus tili" deya yeru ko‘kni to‘ldiraroq yangrayotgan hamdu sano-yu targ‘ibot-tashviqotlar buni rad etadi.

Ana shu rad etishdan "Davr fojiasi" tug‘ilgan.

Shunga SSSR tarkibidagi ellar, elatlar ruslashib borayapti. Bundan o‘zbek ham ayro emas. Otasi o‘zbek, onasi rus o‘zini o‘ris hisoblayapti. Pasportiga ham shuni yozdirayapti.

Bu zamon fojiasi!

Bu "Katta baliq kichik baliqni yutadi" degan so‘zning hayotdagi isboti.

Hozirning o‘zida Kiyev, Kishinev, Olmaota, Toshkentlarda ukrain, moldovan, qozoq, o‘zbek so‘zlarini eshitish mahol. Ellik yil yo yuz yildan keyin nima bo‘ladi?..

Bu ketishda, ayniqsa, mordvin, mariy, udmurt kabi kamsonli, kichik millatlarning taqdiri ne kechadi?..

Yana ko‘z o‘ngimda Oliygoh, chet el talabalari jonlandi. Ana, ular burchakda shivir-shivir qilayaptilar:

"SSSRda millatlar O‘ZI, O‘ZLIGI, TILI, URF-ODATLARidan ayrilib borayaptilar. Buning oqibatida qandoqdir tushunib bo‘lmas "qorishiq madaniyat" vujudga kelyapti. Bundan maqsad: Kompartiya sun‘iy ravishda "Sovet millati"ni yasamoqchi".

Fikr, e‘tiqod erkinligi bo‘g‘ilgan yerda har balo bo‘lishi mumkin.

Shu payt Pinyugin mening xayolimni bo‘ldi:

– Oynur xonim, rosti, Sizning fikr, qarashingiz, o‘zingizni erkin tutishingiz, kiyinishu xatti-harakatlaringizdan Ovro‘poning hidi keladi. Yana ham aniq qilib aytsam, Siz menga kiborli rus qizlarini eslatasiz.

Ba‘zan odam oqibatini o‘ylamay bir so‘z deydiki, bu so‘z o‘zining boshiga to‘qmoq bo‘ladi.

Ba‘zan esa ixtiyorsiz tarzda otilgan tosh ham nishonga tegadi.

Hozir menda shu hol yuz berdi. Men quyidagi gapni aqlim elagidan o‘tkazmay aytdim:

– Menimcha, odamning yuragi muhim... Vujudi aynimasa, bas...

Mening bu gapim Pinyuginga zahardek tez ta‘sir etdi. Uni quyushqondan chiqardi. Birdan qosh-qovog‘i uyuldi. Cho‘chqa terisidan oqimtir, yupqa labining so‘l uchi dikkaydi. Chap ko‘zi o‘ljasini boy bergan yovvoyi maxluqning ko‘zidek alamli yiltiradi. Shunda men, yo tavba, uning yuzidagi to‘sma sudralib tushganini, birdan insoniy qiyofasi yo‘qolganini va u tulkiga o‘xshab qolganini ko‘rdim. Bilmayman, nega, shu soniyada: "Odam-tulki, tulki-odam" degan fikr miyamga ignadek sanchildi.

– Siz!.. – Pinyugin yuzidagi aktyorlik niqobini olib tashlagan holda titrab xirilladi. – O‘zingizni osmonda ko‘ryapsizmi? Rus qizlarini ayniganga chiqaryapsizmi? Bunga toqat qilib bo‘lmaydi.

Men o‘ljasini g‘ajishga shaylangan tulkini shashtidan tushirish uchun unga suyak tashladim:

– Siz, shubhasiz, mulohazali odamsiz, Dmitriy Vladimirovich. Biroq, uzr, meni boshqacha tushunayapsiz. Shuni bilingki, menda o‘zga millatni yerga urish tuyg‘usi yo‘q. Agarchi men u gapni o‘zimcha, beixtiyor aytsam ham, odamning tashqi ko‘rinishi aldashi mumkin, degan ma‘noda aytdim. Menimcha, inson uchun eng zaruri yuragi, botini. Bu ikkisi aynisa, u nomiga odam suvratida yuradi. Uning yurak, botini hayvoniy tus oladi.

– Shunday deng... – Pinyugin erinchoq bir ovozda homuza tortdi. – Meni kechiring, Oynur xonim.

U yana odam qiyofasiga kirdi va shavqsiz kuldi.

Shundagina men uning ichib olganini yuz-ko‘zidan sezdim. Ammo og‘zidan aroq isi kelmasdi. "Hidni yo‘q qiluvchi bir nima yegan", deb o‘yladim o‘zimcha.

Pinyugin pinakka ketdi.

Havolanga yetdik. "Maxsus xona"da Pinyugin menga ataylab achingan qiyofada bir lahza tikilib turdi. So‘ng so‘niq ovozda dedi:

– Oynur xonim, endi besh-olti yil xorijga chiqmasligingizga to‘g‘ri keladi. Shubhasiz, men bundan afsusdaman. Menga inoning.

– Dmitriy Vladimirovich, adashmasam, siz ko‘nglingizning to‘rida mening aybsizligimni sezayotgandaysiz.

– Endi bizning ishimiz shunaqa... – u mujmal javob qaytardi.

– "Odamiylik"... "Insoniy burch"... "vijdon" degan narsalar ham bor. Mayli, men chet el yuzini ko‘rmay, ammo Botir men to‘g‘rimda nima deb o‘ylaydi? Hech bo‘lmasa uning pulini qaytaray.

– Bundan g‘am yemang... – u sirli kuldi.

Shu kuni men Toshkentga uchib keldim.

10

Oynur siyrak saksovulzorga tikilib, jim qoldi. Keyin negadir, qo‘qqis qichqirib yubordi:

– Vuy, anavuni!.. Naq timsohdek keladi-ya! O‘zi ham timsohning o‘zi.

Men oshig‘ich botar[9]yoqqa ko‘z yugurtirdim. Shunda nogoh, tarvaqaylab o‘sgan saksovulning qing‘ir-qiyshiq shoxlari orasida buqa qovug‘idek shishi pasayayotgan, ayri tili o‘ynayotgan ulkan bir maxluqni ko‘rdim. O‘zimcha: inson belidan yo‘g‘on bu maxluqning uzunligi kamida uch metr, dumi bir qulochdan ortiq chiqishini fahmladim. Eshitishimcha, odam unga tegmasa, u odamga tegmasmish. Shunga qaramay, qo‘rqdim.

– Men bunday katta echkiemarni sira ko‘rmaganman, – Oynur mendagi vahimani haydash uchun xotirjam qiyofada jilmaydi. – Cho‘chima, u bizga tegmaydi. Uning o‘zi burgutdan qo‘rqib, butoqlar orasiga yashirinib olgan.

Oynur tog‘ tomonda, hovurli osmonda bejo aylanayotgan burgutga ishora qildi:

– Uning ini huv anavi yerda, – u o‘ng qo‘lini cho‘zib, saksovulzordan ikki yuz qadamcha naridagi, yalanglikdagi taqir tepani ko‘rsatdi. – Tepaga sog‘-omon yetib olishga payt poylayapti. Chunki ko‘kda burgut... Biroq, Evril, echkiemarning ajdodi – timsoh juda dovyurak, o‘ta yirtqich, tishlari ham sungu uchidek o‘tkir, yirik-yirik bo‘lgan. Bu yerdan dengiz chekinganidan keyin, u tuman-tuman yillar silsilalarida quruqlikka ko‘nikkan. Va shu echkiemar holiga kelgan. Agarchi u o‘z aslini ma‘lum darajada saqlagan bo‘lsa ham, maydalashgan, ham biroz yuraksiz. Uning tishlari ham mittiroq. Biroq mana bu echkiemar esa o‘z qadim ajdodi – timsohga tortgan.

– Echkiemarning et-suyagi saraton, moxov, pes kasalliklariga davo emishmi, Oynur opa?

– Bilmadim, – dedi Oynur. So‘ng uning esiga bir nima tushdimi, menga "yalt" etib qaradi. Va: "Buni kimdan eshitding?" deb so‘radi.

– Onamdan... Onamga Lochin tabib[10]aytgan.

– Uni ko‘rsam bo‘ladimi?

– Ha, u Bog‘donda yashaydi.

– Dam olish kuni Bog‘donga chiqamiz.

– Siz nima desangiz, shu, Oynur opa. Ammo sababini...

– Amakimning Lola otli qizi bor, – Oynur gapimni bo‘ldi. – Men tengi. Badaniga oq dog‘lar tushgan. O‘zi oyday, oqila qiz. Lekin unga er chiqmayapti. Chimkentda el bu kasalga boshqacha qaraydi, Evril.

– Bog‘donda ham.

– Lolaga yordam beramizmi?

– Savob bo‘ladi.

– Yasha!

– Lola opa Sizga o‘xshaydimi?

– Chimkentga borsam, meni undan ajratisholmaydi.

– O‘qiganmi?

– ToshDUni bitirgan. Tarixchi. Xun kechmishini yozyapti. Anna Axmatovaning o‘g‘li unga yordam beryapti.

– U kim, Oynur opa?

– Akademik Gumilev haqida eshitmaganmisan?

– Yo‘q.

– U xunlar, turklar tarixi haqida kitoblar yozgan olim, sharqshunos.

– Men tarixni yaxshi ko‘raman, Oynur opa. Agar, iloji bo‘lsa, meni, shu Lola opa bilan tanishtirsangiz.

– Mening rashkim yomon, Evril, – shodon kuldi Oynur.

– Xun, turk kechmishlari...

– Bo‘ldi-bo‘ldi, Evril, qizarma, – Oynur meni gapirishga qo‘ymadi. – Tanishtiraman. Ammo Lola opang kitobga qizg‘anchiq. Lekin bir yo‘lini qilib, uni eritamiz.

– Qachon, Oynur opa?

– Oldin echkiemar masalasini hal qilaylik, keyin...

– Mening Bektemir degan jo‘ram bor. U hech narsadan qo‘rqmaydi. Juda dovyurak bola. Sizga so‘z beraman: ana shu Bektemir bilan men sizga bitta echkiemar tutib beramiz.

– Avval Lochin tabib bilan gaplashaylik, so‘ng...

– Xo‘p, Oynur opa.

– Endi ishga, Evril.

Qalqdik.

Shu chog‘ "timsoh" saksovuldan sakrab, jon-jahdi bilan tepa sari yugurdi. Va xiyol kechmay, o‘z iniga kirib ketdi. Shiddat bilan tepaga quyilgan burgut unga chang solishga bir soniya ulgurmadi.

11

Men terga botib ishlarkanman, o‘zimcha, xayolan Botir bilan ham, Lola bilan ham qo‘nishdim. Agarchi ularni bilmasam ham, ular bilan eski do‘stlardek qo‘nishdim. Oynur kabi ikkovining ham joniga malham bo‘lgim keldi. Biroq qanday? Lola-ku, mayli, Botirga qanday? O‘yladim-o‘yladim, o‘yimning tubiga yetmadim.

Qon tus quyosh Bog‘don tog‘ining yuksak cho‘qqisi bilan to‘qnashdi. U (cho‘qqi) menga lovullab yonayotgan buyuk gulxanga o‘xshab ko‘rindi. Botar qizil dengizga aylandi. Ertalab bizni cho‘lga tashlab ketgan usti yarim yopiq mashina keldi. Losh-lushlarimizni unga yukladik. Uchqulochga qaytdik.

Uyda ham yot yurtlarda qolib ketgan Botir o‘yi meni anchagacha tark etmadi.

O‘ydan-o‘y chuvalaroq, Oynurning ushbu savoli miyamni ishg‘ol etdi: "Sen geolog olim Habib Abdulla haqida eshitganmisan?"

"Nima uchun Oynur uni mendan so‘radi? – deb o‘yladim. – Nima uchun? Sabab? Menda Habib Abdullaga nisbatan qiziqish uyg‘ondi. U bu savolni menga bekorga bermadi. Habib Abdulla kim? Nima uchun Oynur u haqida gapirishga qo‘rqdi. Bunda bir sir bor. Qanday?" Buning yechimini topmadim.

Faqat...

Faqat "sir bor" deb yanglishmaganimni men uzun yillar kecharoq bildim.

Meni ma‘zur tut, aziz o‘quvchi, men bir zumga o‘n besh yil oldinga uchaman.

12

Men "Saodat" jurnalida[11]ishlardim. El-yurt tuyg‘ulari bilan kuyib-pishib yashovchi ayrim yozar, olim, jurnalistlar orasida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining sobiq Prezidenti, marhum Habib Abdulla to‘g‘risida har xil shivir-kuchirlar yurardi. Men bulardan ba‘zilarini misol keltiraman.

"– Akademik Habib Abdulla[12]birinchi hukumat kasalxonasida Titov[13]ning maxfiy topshirig‘i bilan zaharlab o‘ldirildi.

– Nima uchun?

– O‘z millatini sevgani uchun.

– Oltin konlarni Moskvadan yashirgani uchun.

– Sharof Rashidov uni himoya qilolmadi. Chunki Titov Moskvadan yuborilgan "maxsus shaxs..." ya‘ni:

– KGB.

– Akademikning jon berishi qiyin bo‘lganmish. U so‘nggi damida shu so‘zni aytganmish: "Muruntovni ochib adashdim".

Mening bu ulug‘ olimga qiziqishim ortdi. Uning talabalar shaharchasi yaqinida qaror topgan uyiga bordim. Fotima opa[14]meni xavotir aralash xomush qarshi oldi. Ko‘zlarida savol... Unga maqsadimni aytdim.

– Rahmat! – dedi. – Dunyoda yaxshi odamlar ham bor...

Men uning ovozida ishonchsizlik zohirligini tuydim. Ancha sukutdan so‘ng, u ko‘ziga yosh olib, umr yo‘ldoshi haqida so‘zladi...

Habib Abdulla to‘g‘risida maqola yozdim. U ocherklar to‘plamimda ham nashrdan chiqdi. Kitobni Fotima opaga berdim. U sevinchdan ko‘ziga yosh oldi. So‘ng menga olimning yetti tomlik asarini sovg‘a etdi.

– Rahmat, opa! – dedim.

Hovlida, so‘rida bir piyola choy ustida suhbat qurdik. Men mavridi bilan Fotima opadan shivir-kuchirlar haqida so‘radim. U beixtiyor tegraga sergak boqdi. So‘ng menga bir nima deyish uchun og‘iz juftladi. Ammo negadir demadi. Uning yuz-ko‘ziga g‘am yoyildi. Men Fotima opaning holatini tushundim. U bilan xayrlashib, uyga qaytdim. Yo‘lda boshimga bir fikr keldi: "Zamonlar kechar, savolimga javob topilar. Habib Abdulla to‘g‘risida kitob yozilar".

13

Oynurning iltimosiga binoan, bozor kuni tongda Bektemirning "O‘rol" rusumli qutili mototsiklida Bog‘donga yondik. Kayfiyatimiz yaxshi. Shunga tumonat yillardan beri bo‘m-bo‘sh yotgan Bog‘don cho‘lini zerikmay, tez bosib o‘tdik. Ikki tog‘ oralig‘ini ishg‘ol etgan Osmonsoy qishlog‘ini ham bir zumda kechdik. "Nazar beli" dovonining yarmiga chiqqanimizda, ulovimiz qizidi. Yo‘l chetiga, Qizil buloq yoniga to‘xtadik. Onam yopgan non va sigir eti bilan nonushta qildik. Hovuch-hovuch suv ichdik.

Yengil ruh bilan yo‘lda davom etdik. Dovondan oshdik. Bog‘don yuz ochdi. Tog‘ to‘riga eltuvchi chag‘ir toshli so‘qmoqdan to‘g‘riga biroz yurib, Qarshi mo‘ylovning[15]tomi yonidan o‘ngga burildik. Haybatli Bo‘g‘ombir qoya etagida, Bog‘donsoyning chap qirg‘og‘ida joylashgan loysuvoq uy oldiga kelib to‘xtadik. Qopisiz hovli adog‘iga, zangor qirg‘oqqa ot, eshak va bir sigir arqonlangan. Bu manzara menga, qaysi bir rassom chizgan asarni eslatadi.

"Loysuvoq uy... qopisiz hovli... – dedim ichimda, – Bog‘donda hamma uy, hovlilar shundoq. Go‘yo bu qishloqda Bo‘g‘ombir qoya misol:

O‘suv to‘xtab qolgan.

Zamon to‘xtab qolgan.

Tumonat yil o‘nja Bog‘don qandoq bo‘lsa, xuddi shundoq... faqat xususiy mulklar tugatilgan va davlat hisobiga o‘tkazilgan... Faqat brigadir, rais, birinchi sekretar, milisa, KGB... degan qonicharlar chiqqan... Abdurahmon jevachi[16]demasa, Bog‘dondan bir dongli kishi chiqmagan.

Hovlining qaysi bir burchagidan ulkan ola it olamni buzgudek bo‘lib, yer titib, vovullab chiqdi. Biroq Bektemirni ko‘rishi bilan uning dami ichiga tushdi. Darhol dumini qisib, qo‘rqib irillab, orqaga tisarildi. Bundan Oynur hayron bo‘ldi.

– Chingizxonni ko‘rsa, – dedim men picha lof qo‘shib, – it-ku, it, bo‘rilar ham pisib qolishadi, ilonlar ham inlariga kirib ketishadi, chaqaloqlar ham yig‘idan to‘xtashadi.

Bektemir menga xo‘mrayib qaradi:

– Chingizxon deysanmi, Evril? – Oynur ajablandi. – Kim u?

Men mug‘ombirona kuldim.

Oynur sezdi. Bekka qiziqsinib, razm soldi. So‘ng:

– Gapingda jon bor, – deya jilmaydi.

Bog‘donda Bektemirni "Bek" deb ataydilar. Ayrim kaslar: "Chingizxon" ham deyishadi. Onalar yig‘loqi bolalarini: "Ana-ana, Chingizxon kelayapti", deb qo‘rqitishadi. Bola chinqirib yig‘lashdan to‘xtaydi.

Echkiemar to‘g‘risida bir nima deyishdan ojizman. Ammo Bek har qandoq chaqag‘on ilonni ham bo‘g‘ib o‘ldirar yo dumidan ushlab olib, boshi uzra aylantira-aylantira yerga urar va so‘ng uni qazidek pishirib yerdi. Jayra, tipratikon, toshbaqa etlarini ham xush ko‘rardi. Bek eng qopag‘on itga ham (zarracha qo‘rqmasdan) tik borar, uni mushti bilan urib yiqitar, go‘shtini esa ishtaha bilan tanovul qilardi.

Bekda jirkanish tuyg‘usi yo‘qdek edi.

Bekni yozuqsizga qo‘l ko‘targanini ko‘rmaganman. U doim kambag‘al bolalar bilan birga edi. Shunga qaramay, undan katta-kichik cho‘chirdi. Mabodo u nohaq kimsa bilan mushtlashsa, qoplonga aylanardi. Shafqat nima bilmasdi. Ayrim hollarda qo‘liga ilingan narsa bilan urishdan ham toymasdi.

O‘zidan besh yosh katta Hazrat unga pichoq bilan tashlanganda, Bek uni tosh bilan urib ag‘dardi. Pichog‘ini soyga otdi. So‘ng o‘zini ham.

Menimcha, Bek hech narsadan tap tortmasligi uchun Chingizxon otini olgan. Yana uning tashqi ko‘rinishi ham mo‘g‘ulga o‘xshashroq. Ko‘zi qisiqroq. Qosh-qovog‘i qalin. Yuzi tundroq. Bekni ko‘rgan kishi: "Qahri qattiq", deb o‘ylaydi. G‘azabi qo‘ziganda, uning ko‘zi g‘azabnok yo‘lbars ko‘zidek vahshiy tus oladi, odam unga qarashga ko‘rqadi. Aslida Bekning ichi toza. Uning gavdasi o‘z yoshiga nisbatan yirik. Ko‘pchilik uni: "Otasiga tortgan", deydi. Haqiqatan ham Bekning otasi Sunnat temirchi dev kishi.

Men tunda echkiemar masalasini aytgandim. U:

– Tutamiz, – dedi gapni cho‘zmay.

– Tutamizmi, tutasanmi?

– Tutamiz. Nizom tuynakni[17]ham o‘zimiz bilan birga olamiz.

– Nega?

– Kerak.

14

Oq it ko‘zdan o‘char-o‘chmas Lochin tabibning xotini Oymomo bizni kulib qarshi oldi. Oynur unga maqsadini aytdi.

– Soyda, hozir chiqadi[18], – u toza o‘g‘uz lahjasida so‘zlarkan, bizni o‘rik ostiga quroq ko‘rpachalar to‘shalgan supaga boshlab bordi. So‘ng tezlik bilan sholcha ustiga tutilmagan yo‘l-yo‘l chit tergi yozdi. Uni non, mayiz, sariyog‘ va bir kosa qaymoq bilan bezadi. Shu asnoda Lochin tabib ham keldi va biz bilan jilmayib so‘rashdi. Oynur bu ixcham gavdali, qora soqol-mo‘ylovli kishiga bir qadar qiziqish bilan sezdirmay ko‘z yugurtirdi. Lochin tabib kelishgan odam. Ammo uning og‘zi bilan quloqlari Oynurga sal kattadek tuyuldi. O‘z navbatida Lochin tabib ham, Oymomo ham Oynurga suqlanib boqishdi. Va: "Shu qizniyam odam bolasi tuqqanmi yo oydan enganmi?" degan xayolga borishdi. Agarchi biz "Qizilbuloq"da nonushta qilgan bo‘lsak ham, qaymoqdan boshimizni ko‘tarmadik.

Bog‘don mayizi ochunda tengsiz. Men uning qaymoq, qorinyog‘i, qatig‘ini ham beqiyos deb bilaman.

Yemoqdan so‘ng maqsadga o‘tdik. Lochin tabib Oynurni diqqat bilan eshitdi. Keyin:

– Loladagi kasallik tug‘mami? – deb so‘radi.

– Yo‘q.

– Uning ota-ona, urug‘-aymoqlari ham bu darddan uzoqmi?

– Ha.

– Davolasak bo‘ladi, qizim.

– Rahmat Sizga, tabib! – Oynurning sevinchi ovozi bilan yuz-ko‘ziga toshdi.

– Ammo bu, bir tomondan Lolaning o‘ziga ham bog‘liq. U menga ishonishi, echkiemardan jirkanmasligi kerak, qizim.

Oynur o‘ylanib qoldi.

– Lolaning o‘zi bilan ko‘rishay, qizim.

– To‘g‘ri aytasiz, tabib.

Xayrlashdik.

Forish tumani markazidagi aloqa bo‘limiga yondik. Oynur Lolaga sim qoqdi:

– Ikki oyga Uchqulochga kelgin, Lola, – dedi quvnoq ohangda. – Seni quvonch kutadi. O‘zing bilan birga Gumilevning kitoblarini ham olishni unutma. Seni sog‘inib kutaman.

15

Aloqa bo‘limidan qaytganimizdan keyin Oynurni o‘z qo‘nolg‘asida qoldirdik. Nizom tuynak bilan men Chingizxonning rejasi bilan ish tutdik: to‘r, chopon, arqon, bolta, pichoq, katta bolg‘a va uzun-uzun to‘rtta temir qoziqni "O‘rol" qutisiga joyladik. So‘ng haligi taqir tepaga yeldik. Ho‘l-quruq aralash saksovul og‘ochlarini echkiemar iniga to‘pladik. In og‘ziga temir qoziqlarni qoqdik. Va ularga alanga zarar yetkazmaydigan qilib, to‘rni bog‘ladik. Buruqsitib o‘t yoqdik. Achchiq tutundan bo‘g‘ilgan maxluq jonholatda qochib chiqib, to‘rga tushdi. Undan qutulish uchun jon-jahdi bilan o‘zini har yoqqa ayovsiz urarkan, to‘rga battar o‘ralib bordi. Shaytondan ham epchil Nizom tuynak uning ustiga chopon bilan o‘zini otdi. Men dumini bosdim. Chingizxon echkiemarning og‘zi-boshini arqonda bog‘ladi. Va bo‘g‘ziga pichoq tortdi. Keyin uning boshini "O‘rol" qutisiga tiqdik. Asosiy qismi ochiqda qoldi. Nizom tuynak uning ustiga choponini to‘shab o‘tirdi. Men orqa o‘rindiqqa cho‘kdim.

Bu o‘sha, biz (Oynur va men) ko‘rganimiz: Timsoh. Men unga achindim.

"Ayanchli qismat! – dedim ichimda, – burgutdan qochib, bizga tutildi. Sho‘rlikka shu qismat bitilgan-da!"

Odam bolasi har qandoq qilmishiga: jinoyatmi, xiyonatmi, ayrosiz,

Sabab topadi,

Bahona topadi,

Asos topadi.

Shu yo‘l bilan o‘zini ovutadi, o‘zini oqlaydi.

Tun to‘shalayotganda Lochin tabibning uyiga kirib bordik. U ajablandi:

– Men bundoq katta echkiemarni umrimda ko‘rmaganman. Uni shunday tez tutganlaringizga ham aqlim yetmayapti. Undan bir dunyo moy, talqon chiqadi. U bilan talay kasalni davolasam bo‘ladi. Hay, aytganday, Lola qachon keladi?

– Uch-to‘rt kunda, – dedim men, – ikki oyga. Endi umidimiz Sizdan, Lochin og‘a.

– Xuddi o‘z qarindoshingdek jon kuydiryapsanmi, Evril?

– Oynur opamni o‘z egachimdek yaxshi ko‘raman, Lochin og‘a. Lola opam esa uning qarindoshi.

– Shundaymi?

Men unga javob berish o‘rniga: "Lola opam zo‘r tarixchi", degim keldi. Biroq ichimdagi o‘zga bir Evril buni rad etdi: "Mavrudimas".

– Menimcha, sezgi qatiga ilohiy kuch yashirilgan. Men uni: "Tangrining bizga qilgan karami", deb o‘ylayman.

Bek tabibni xuddi katta kishilardek ma‘qulladi:

– Men fikringizga qo‘shilaman.

– Ko‘nglim sezyapti, bolalar, Lola bu dardni ko‘rmagandek bo‘lib ketadi.

Men Lochin tabibning ovozida ishonch zuhurligini tuydim.

16

Tongda usti yarim yopiq mashina bizni cho‘lga tashlab ketdi. Men Oynurga kechgan voqeani aytdim. U yosh boladek quvnab, chapak chaldi:

– Rahmat, Evril! Sen mening chin do‘stimsan!

Men bundan qanchalar sevinganimni tasvirlashga ojizman.

– Hali men, sen, Lola – uchovimiz ko‘p yaxshi ishlar qilamiz!

Kun jazillab yonishiga qaramay, ko‘tarinki ruh bilan ishladik. Terdan ust-boshimiz jiqqa ho‘l bo‘ldi. Lekin tolmadik.

Bizdan taqriban yuz ellik million kilometr uzoqlikda, oniga ikki yuz ellik chaqirim tezlikda suzayotgan quyosh tikka keldi. Menga borliq qizdirilgan tandirga o‘xshab tuyuldi. Lovullayotgan hovur badanimizni jiz-jiz kuydirdi. Yurakni o‘ynatdi. O‘zimizni saksovulzor ko‘lankasiga urdik. Oynur sochiqda artinarkan:

– Evril, kamida ellik besh daraja issiqmi, deyman, – dedi.

– Undan-da baland, Oynur opa.

Ayron ichdik. Ustidan qatiq. Qovurilgan xo‘roz eti bilan non yedik. Bosib-bosib ko‘k choy ichdik. Charchog‘imiz biroz yozildi.

– Evril, istasang, kun qaytguncha mizg‘ib ol, – Oynur opalarcha mehr bilan sochimni siladi.

– Siz-chi?

– Men Lola bilan dardlashaman.

– Qandoq? – ajablandim men.

– Xayolan, – totli jilmaydi u.

– Oynur opa, kecha Siz: "Erxon bobomning kechmishi uzun..." degandingiz-a?

– Ha.

– Men unga qiziqib qoldim.

Oynurning ruhiyati yuksak uchun, ortiqcha qistovsiz Erxon botir kechmishiga sho‘ng‘idi:

– Mening Erxon bobom!..

Oynur o‘z bobosini ko‘rmoqchi bo‘lgandek uzoqlarga, juda uzoqlarga tikildi. Tarqoq o‘ylarini to‘plash uchunmi, anchagacha jim qoldi. So‘ng:

– Onam ham ulug‘ bobomni ko‘rmagan, – dedi armonga qotilgan ma‘yus ovozda. – Uning surati ham saqlanmagan. Onam Erxon bobo haqida yuz yoshdan oshgan Iqlim momo hikoyasidangina tasavvurga ega:

"Aylanay qizim, bu qissani to‘la aytsam, u bir kitobga sig‘maydi. Shunga kesib-kesib aytaman:

Erxon botir[19]qilichdek keskir, suqsurdek bir yigit edi. Shu ko‘rinishiga Tangri unga aqldan ham bergan edi. Uning fe‘li ham keng edi. Qishloqda Erxon botirga ko‘z tikmagan qizni men ko‘rmaganman. Biroq Iqonda[20]u hech bir qizga nasib etmadi. Nega deysanmi? Quloq sol, aylanay.

Erxon botir o‘smirligidan savdo karvoni bilan Chin, Rim, Hind, yana boshqa yurtlarga qatnardi. Har zamon-har zamonda bizlar yo‘llarda yuz bergan xavf-xatarlar to‘g‘risida eshitib qolardik. Bunday paytlarda karvon bilan ketgan qarindoshlarimiz ko‘z oldimizga kelardi. Albatta, Erxon botir ham, aylanay... Bizni xavotir, qo‘rquv bosardi.

O‘ris Botardan[21]Chiqarga[22]ilondek o‘rmalayotgan, Qirg‘iz-qaysaqning Kichik juzi bilan O‘rta juzi bosib olingan, Oqmachit[23]Qo‘qon xonligidan ketgan zamonlarda, yo‘q, aylanay, undan xiyla keyin, Erxon botir Baliqkentda, uni hozir Pekin deydilarmi, bilmadim, kutilmaganda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Bundan uning karvondoshlari iztirob chekadilar. Zir-zir yugurib, uni qidiradilar. Lekin topolmaydilar. Kutisha-kutisha, oxiri, noiloj uylariga qaytadilar.

Erxon botirning boy-badavlat ota-onasi o‘g‘illarini o‘ylab, qattiq kuyib, qayg‘uradilar. Ammo undan umidlarini uzmaydilar. Oyxumor opa (onasi) har kuni yig‘lab, yo‘l boshida mung‘ayib o‘tirardi. Bundan men ham ezilardim. Ulus ham siqilardi. Qizlarni aytmasam ham bo‘ladi.

Shu zaylda besh yil kechadi. Erjon og‘a (otasi) o‘g‘lidan xat oladi. Suvsizlikdan so‘lib, sarg‘ayib qolgan ekin suv ichganda qanday tirilsa, ota-ona ham shunday yashnab ketadilar. Quvonganlaridan elga uch kun to‘y beradilar. O‘shanda men o‘n olti yoshda edim. Erxon botirning singlisi Oyxon bilan sirdosh edim. Yosh ham qiziquvchan emasmanmi, Oyxonga yalinib-yolvorib, undan xatni olib o‘qidim.

Ajablanarlisi shundaki, undagi bir-ikki so‘z, o‘zim uchun tushunmaganim bir-ikki so‘z esimda qolgan:

"...Ota, men Xitoyda urush, jang sirlari: Karate, Kung-fu, U-shu hamda boshqa jang san‘atlarini o‘rganish uchun qoldim. Yov o‘latdek yopirilib kelayotganda, men o‘zimni shunga burchliman deb o‘yladim. Birinchi maktubimda bu haqda Sizga yozgandim. Sizlarni g‘am-tashvishga qo‘yganim uchun meni kechiringlar, ota..."

Xatda bitilgan boshqa so‘zlar xotiramdan ko‘tarilgan, aylanay. Oradan qancha yillar oqib o‘tmadi deysan, qizim.

Erxon botirning Chinda bir necha oyga qolish sababini anchadan keyin Oyxondan bildim. U o‘ziga harbiy jang sirlarini o‘rgatgan ustozining suluvdan-suluv qizi Xun-Suga uylanadi. Aftidan, ko‘ngil qo‘yib. Undan O‘rxun otli o‘g‘il ko‘radi.

Erxon botirning yurtga qaytish fursati keladi. Biroq ustozi:

– Xun-Su mening yolg‘iz qizim, – deydi Erxonga, – usiz holim ne kechadi, o‘g‘lim? Men qarib qoldim. Sen shu yerda qol. Mol-mulkimga ham egalik qil.

Erxon botir ustozining ko‘nglini og‘ritgisi kelmaydi. Noiloj bir yilga Baliqkentda qoladi. Bu vaqt ichida Xun-Su otasiga qancha yig‘lab-yolvoradi. Chol so‘zida qat‘iy turadi.

Erxon botir ikki o‘t orasida qovriladi:

Yo xotini bilan o‘g‘li?..

Yo Yurti bilan Eli?..

U xotini bilan o‘g‘lini qancha yonib suymasin, YuRT tuyg‘usi uni o‘ziga qattiq, juda qattiq tortadi. Bu tuyg‘u oldida Erxon botirning aql, idroki ojizlik qiladi. Buni yurak betlab Xun-Suga aytadi. U

Zor yig‘laydi,

Qon yig‘laydi.

Oxiri rozi bo‘ladi.

– Qaytib kelib, bizni olib ketasizmi? – so‘raydi Xun-Su.

Erxon botir unga so‘z beradi:

– Ha, Xun-Su.

17

Erxon botir Iqonga qaytganida, ota-onasi, qarindosh-urug‘lari, qishloq eli uni cheksiz quvonch bilan kutib olishgani, biz qizlar sevinchimizni yashirolmay, osmonga sakraganimiz hamon esimda. Erjon og‘a o‘g‘li sharafiga katta to‘y-tomosha bergani, yetim-esirlarga yegulik-kiygulik ulashgani hozirgiday yodimda. Qizlar Erxon botirdan sovchi kelishini orziqib kutardilar. Ota-onasi ham uni uni uylantirishga oshiqardilar.

Erxon botir bir yillar chamasi xotini-yu o‘g‘li borligini yashirib yuradi. Bu vaqt ichida u otasi (Erjon og‘a qishloq oqsoqoli edi) hamda qishloq ulug‘lari bilan kengashgan holda Iqonda ko‘ngillilar o‘rdusini tuzadi. Unga Avliyoota, Chimkent, Sayram, Turkistondan ham yoshlar kelib qo‘shiladilar.

Erxon botirning ko‘ngillilarga aytgan mana bu so‘zi mening madrasa ko‘rgan otamga ham ma‘qul bo‘lgan:

– Biz, turk eli boshqa xalqlar bilan aloqa qilib borsak, ularning yaxshi tomonlarini o‘zimizga singdirib borsak, yutamiz. Ovro‘po ilm-fan, sanoat, qurilish... sohalarida bizdan o‘zib ketgan. Nima uchun undan ibrat olmaymiz? Yoki Japo‘n, Chindan jang san‘atlarini o‘rganmaymiz?

U o‘z so‘zidan kelib chiqqan holda ko‘ngillilarga urush sirlarini (Karate, U-shu, Kung-fu, miltiqda mo‘ljalga aniq otish, qilichda bexato chopish...) o‘rgata boshladi. Biz qizlar buni (ba‘zi-ba‘zida) angrayib tomosha qilardik, aylanay.

Yov Qo‘qon xonligi chegaralarini buzib o‘tib, tobora ichkarilab kelar, Erxon botir bundan qattiq tashvishga tushar, xonlar (Qo‘qon, Buxoro, Xiva xonlari) bosqinchiga qarshi birlashmayotganlariga, aksincha, bir-birlariga ters munosabatda bo‘layotganlariga kuyib-yonardi:

– Yerni suv bossa, to‘piqlaridan chiqmaydi. Bu ketishda El-Yurt taqdiri ne kechadi? Biz kelajak avlod qarg‘ishiga qolamiz. Bizni tarix kechirmaydi.

Otam:

– Elimizga Erxon botirday odam bosh bo‘lganda, – derdi alam o‘tida yonib, – Yurtimizga pashsha ham uchib kirolmasdi.

Erjon og‘a bilan Oyxumor xola Erxon botirga uylanish masalasini ko‘ndalang qo‘yadi. U ilojsiz bir tarzda:

– O‘rxun otli bir nabiralaringiz bor, – deb aytishga majbur bo‘ladi.

18

Bu kezda Xun-Su otasidan ayrilgan, O‘rxun chopqillab yuradigan bo‘lib qolgan edi. Uni og‘ir o‘y, iztirob qurshaydi:

Yo Yurti?..

Yo Erxon?..

Nihoyat bir yechimga keladi:

Erxon!..

"O‘g‘lim otasi bag‘rida o‘ssin", deb o‘ylaydi.

Yeru mol-mulklarini sotadi. O‘rxunni bag‘riga olib, Turkiston karvoni bilan Iqonga keladi.

Ota-ona matonatli kelinlarini yotsiramaydilar. Quchoq ochib kutib oladilar. Nabiralarini boshlariga ko‘tarib erkalaydilar. Elga to‘y beradilar. Biz qizlar rashk qilish o‘rniga oydan suluv kelinni ko‘rish uchun Oyxumor xolanikiga bot-bot borib turardik. Birinchi kunlari Xun-Suni "Xun suv" derdik. Keyin: "Suluv" deb atay boshladik. U bizning tilimizni tez o‘rgandi, bizga singishib ketdi.

Shu-shu Iqonda xitoyga o‘xshash bolalar ko‘payib bordi. Shunga, aylanay qizim, sening ham ko‘zlaring sal qiyiqday.

Ota-ona boshda: "O‘g‘limizni o‘zimizning qizlardan ham biriga uylantiraylik", deb yurishdi. Biroq asta-sekin bu niyatlaridan qaytishdi. Xun-Su Xitoy ham shaharlik bo‘lishiga qaramay, non yopish, sigir sog‘ish, kir yuvish, supurib-sidirish... xullas, hamma ishlarni ko‘nglidan bajarardi. Buning ustiga yana bir o‘g‘il, bir qiz tug‘ib berdi. O‘zi ham o‘zimizcha kiyingani, o‘zimizcha so‘zlagani uchunmi, iqonli ayollarga o‘xshab bordi. Gapning qisqasini aytsam, aylanay qizim, Suluv hammamizga yoqib qoldi.

19

Iqonda totli hayot davom etarkan, General Verevskiy Qo‘qon xoni yeri bo‘lmish hozirgi Olmaotani bosib oladi. U yerda Vernyy harbiy qo‘rg‘onini quradi.

1863 yil Erxon botir bosh to‘qqiz er o‘nta qorabayirda g‘anim sari yeladi.

To‘g‘ri, qizim, men voqea kechgan yerda bo‘lmaganman, ammo uni qanday eshitgan bo‘lsam, shunday aytaman. Yana ham anig‘i: esimda qolganini aytaman.

Yigitlar tezda yog‘iyning rejasi, kuchu sonini aniqladilar. Yov deyarli qarshiliksiz ichkarilab kelayotgani uchun zaxirasini tish-tirnog‘i bilan qo‘riqlamayotgan ekan. Buni bilgan yigitlar oysiz, qorong‘i tunda o‘ris askarlaridek kiyingan holda ularning soqchilarini bo‘g‘izlaydilar. Uch yuzta otga (dushman otlariga) qurol-yarog‘, oziq-ovqat, kiyim-kechaklarni yuklaydilar. Iqonga uchadilar. Erxon botir bilan Ergash qoladi. Yigitlar ancha uzoqlashib ketganlaridan so‘ng, ikkovlon yovning zaxira omborlariga o‘t qo‘yadi. Keyin g‘animni chalg‘itish uchun do‘stlariga teskari: Chin tomonga ot suradi. Yovning yuz chog‘li suvoriysi ularning iziga tushadi. Ikki botir vaqti-vaqti bilan butoqzor oralaridan yog‘iyni o‘qqa (bosqinchidan olishgan miltiqlarda) tutadi. So‘ng yana qochadi. Shunday yo‘l bilan qirq bitta yovni uzlatga yuboradi. To‘qqiztasini yaralaydi. Qilichlashishga to‘g‘ri kelgan onlarda ikkovlon o‘zlariga tashlangan to‘rtta-beshta g‘animni chopib tashlaydi. Ortdagi ta‘qibchilar yetib kelgunlaricha, tag‘in qochib qoladilar. Sillasi qurigan bosqinchi: "Bular xitoylar", degan fikrga keladi. Bundan qo‘rquvga tushadi, otini ortga buradi.

Ikki botir aylanma so‘qmoqlar bilan Iqonga qaytadi. E, ha, aylanay, esimdan chiqay debdi, shu voqeadan keyin to‘qqiz o‘g‘lonning har birini el "botir" deb atay boshladi. Alp qomatli bu yigitlarning otlari hamon esimda: Elbek, Qo‘ldosh, Ergash, Dovul, Temur, Po‘lat, Toshbek, Elchin, Egam...

Men bu voqeani, aylanay qizim, bor tafsiloti bilan aytolmayman. Chunki bilmayman. Eldan eshitganimni, erimdan (Ergash botir) eshitganimni aytayapman. Uni ham uzuq-yuluq aytayapman. Oradan qancha zamonlar o‘tib ketmadi deysan, o‘rgulay.

Bu hammadan keyin bosqinchi bir yilgacha o‘ziga kelmaydi. Yurishni to‘xtatadi.

20

Bu zamon ichida Erxon botir Qo‘qonga boradi. Qo‘qon xoni qo‘shini boshlig‘i Alimquli bilan uchrashadi. Ular o‘rtasida qanday gap-so‘z kechgani menga qorong‘u. Bu haqda erim (Ergash botir) ham og‘iz ochmagan. Ammo men o‘zimcha shunday o‘ylayman:

Erxon botir ushlagan yerini kesadigan, har qanday kishiga o‘z ta‘sirini o‘tkazadigan yigit edi. Unda odamlarni o‘ziga tortuvchi, o‘ziga qaratuvchi, o‘ziga ishontiruvchi sirli bir kuch bor edi. Balki, bu ilohdan berilgan kuchdir?

Shundan kelib chiqib qaralsa, Erxon botir Alimquliga o‘z so‘zini o‘tkazgan. Shunga uning qo‘shini Chimkentga yuz tutadi. U 1864 yilda Iqon etagida bosqinchi bilan to‘qnashadi. Reja bo‘yicha (Erxon botir rejasi) ko‘ngillilar kutilmaganda yog‘iyning ikki qanotini majaqlaydi. Erxon botir bilan haligi to‘qqiz o‘g‘lon yov zaxiralarini yo‘q etadi. Shunga qaramay, qattiq jang bo‘ladi. Oxir-oqibat yov qochadi. Alimquli bilan Erxon botir uni Verevskiy ostonasigacha ta‘qib ettadi. Shunda lashkarboshilar Alimquli ko‘ngliga g‘ulg‘ula soladi:

– Yemog‘imiz tugayotir, – deydi Alimqulining o‘ng qo‘l lashkarboshisi tashvishli, ta‘sirli ovozda. – Qaytaylik.

So‘l qo‘l lashkarboshi uni quvvatlaydi:

– Verevskiyda o‘ris harbiy qo‘rg‘oni[24]bor. Eshitishimcha, u juda mastahkam qal‘a. Undagi madad kuchlari bizning holimizni tang etadi. Qo‘shin, otlarimiz ham charchagan.

Erxon botir Alimquliga o‘tinadi:

– Yov chalajon. Qo‘rg‘onida esa barmoq bilan sanarli cherigi qolgan. Chalajon ilonning boshi majaqlanmasa, u payt poylab chaqadi. Verevskiyni olib qaytaylik. Bunday fursat boshqa bo‘lmasligi mumkin.

– Muncha ishonch bilan so‘zlayapsan, Erxon?

– Ayg‘oqchilarim bilib qaytishdi.

Lashkarboshilar ayyuhannos solishadi:

– Noto‘g‘ri.

– Yolg‘on.

– Soxta ma‘lumot.

Ularning ta‘sirida Alimquli Erxon botirga pisanda qiladi:

– O‘z ko‘zing bilan ko‘rmaguncha ishonma. Olmaotani olishga kelsak, shoshma, har narsaning vaqti-soati bor...

Erxon botir unga ortiq og‘iz ochmaydi.

Xon qo‘shini ulkan o‘lja bilan tog‘lar oralab, Qo‘qonga ot suradi. Erxon botir bir so‘z demasa ham, ikki yuz ko‘ngilli ulardan ajrab chiqadi. Erxon botirni o‘y bosadi:

"Vaqti-soati bormish!.. Qachon? Ming yildan keyinmi? Yov O‘rol-Sibirimizni bosib olganiga necha yuz yil kechdi? Oltin O‘rda[25], Ashtarxon[26], Saratov[27], O‘rinbur[28]larimizni-chi?.. Endi u cheksiz-chegarasiz, go‘zal, boy o‘lkalarimiz (ochun belgi[29]sida) "O‘rusiya" deb atalayotir. U yerlardagi bir tug‘ishgan urug‘larimiz: Saxa, Hokas, Oltoy, Tuva, Sho‘r, Qipchoq, Uzlarimiz tarix sahnasida ko‘rinmayaptilar. Ustiga-ustak majburan nasroniy diniga o‘tganlar. Xun qoldig‘i – Chuvash ham. Ular yildan-yilga tillarini ham, o‘zliklarini ham unutib borayaptilar. Tatar, boshqird, Chuvash, Qorachoy, Kuko‘g‘uz (gagauz), bolqar, qirimli[30], qumiq, no‘g‘ay, Qorayim[31]kabi qondoshlarimiz ham ayni shunday: O‘ris tizginida.

Xo‘sh, ular qachon bu bo‘g‘ovdan qutuladilar? Oqishdan to‘xtagan suv ko‘lmakka aylanadi. Biz qutulish uchun kurashmasak, oqmay qolgan suv holiga tushamiz. Hozir Vernyyni tashlab ketayapmiz. Ertaga balki, Avliyoota, Chimkent, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xivalarni... Turkiston qil ustida... Shunday ayanchli holda ham biz: "Har narsaning vaqti-soati bor..." deb o‘zimizni-o‘zimiz ovutamiz. Aslida bu so‘z bilan qo‘rqayotganimizni, qo‘rqoqligimizni yashiramiz.

Bosqinchiga qarshi bir turk tug‘i ostida birlashmasak, birlashib kurashmasak, o‘nglab bo‘lmas xatoga qo‘l qo‘yamiz.

Tarix qarg‘ishiga qolamiz.

Avlodlar qarg‘ishiga qolamiz.

Ichimizdan O‘g‘uzxon chiqmasmi?

Ichimizdan Chingizxon chiqmasmi?

Ichimizdan Temurxon chiqmasmi?

Qani u kuch-qudratda tengsiz saltanatlarimiz?

Uyg‘onmasmi Turkiston?

Uyg‘onmasmi Turon?"

21

Xon qo‘shini ko‘zdan o‘chgandan so‘ng mening erim Ergash botir uning yoniga boradi. Erxon botir o‘ziga keladi. Ishongan do‘sti bo‘lgani uchun unga o‘z kechinmalarini aytadi:

Ergash botir:

– Uch xon birlashmasa, yov bizni yutadi, – deydi.

– Sen birlashadi, deb o‘ylaysanmi?

– Yo‘q, deb qo‘rqaman.

– Nega?

– "Sendan men kammi?" degan g‘ururlari yo‘l qo‘yishi qiyin.

– Balki endi, YuRT taqdiri xavf ostiga kelganida birlasharlar?

– Iloho, yanglishay, ammo ko‘nglim: "Uchala Xon ham o‘z Yurtlaridan ko‘ra, o‘zlarini yaxshi ko‘radilar.

– Bundoq taqdirda uchovi ham halokatga yuz tutadi.

– Uchovi bo‘lsa go‘rga edi, do‘stim. Undoqda:

El taqdiri ne kechadi?

Yurt taqdiri ne kechadi?

Agar menda ulkan boylik bo‘lganda, Ergash do‘stim, uchovidan ham najot kutib o‘tirmasdim. Yovni chiqqan yeriga tiqadigan bir qo‘shin tuzardim. Hozir bu, bir siqim ko‘ngilli bilan maqsadni amalga oshirolmayman. Bu ayanchli! Menga alam qilgani: bizga g‘alaba yor bo‘lib turganda orqaga qaytdik. Bu – fojianing boshi. Bu degani omad bizdan yuz o‘girdi, o‘chira boshladi degani. Ergash do‘stim, hozir bizda loaqal mingta ko‘ngilli bo‘lganda, orqaga qaytmasdik. Vernyy qo‘rg‘onining kulini ko‘kka sovurardik. Keyin Port-Prevskiy qal‘asini[32]!.. Keyin Kichik Juzni, O‘rta Juz[33]ni ozod qilardim. Bunga aqlim ham, ko‘zim ham yetib turibdi. Bunga ko‘nglim ham chopib turibdi.

– Senga ishonaman, do‘stim.

– Biroq qani o‘sha qo‘shin?

Ming cherik?

– Menimcha, buning ochqichi[34]bitta:

Boylar...

Gaplashib ko‘ramiz, Erxon.

– Ko‘narmikanlar?

– Shunday paytda ko‘maklashmasalar, qachon ko‘maklashadilar?

– Ishonasanmi?

– Tushuntirishimizga bog‘liq, ishontirishimizga bog‘liq. Agar yov bossa, birinchi galda boylarga balo toshlari yog‘iladi.

Bor-budlaridan ayriladilar.

22

Shu on bir to‘p yigit ikki botir oldiga keladi. Gap uziladi.

– Bu yerda ushlanib qolishimiz xavfli, – deydi ulardan biri Dovul botir. – Ta‘qib etilmayotganini sezsa, yog‘iy bizga ayg‘oqchi yuborishi mumkin.

– To‘g‘ri, – Erxon botir ko‘ngillilarga otlanishni buyuradi.

Janubga, Avliyoota tomonga yelishadi.

Besh-olti tosh yo‘l bosganlaridan so‘ng yo‘riladilar, och qoladilar. Otlar ham holdan toyadi. Yovvoyi og‘ochlar egallagan tog‘ to‘riga, tezoqar soy bo‘yiga qo‘nadilar.

Elbek botir bosh bir necha yigit qaysi bir qishloqdan o‘nta qo‘y, non, yem olib keladi.

Qo‘ylarni so‘yishadi, terilarini archishadi, ichak-chavoqlarini olib tashlashadi. Ularni butun-butun holda uzun-uzun qatrang‘i[35]og‘ochlariga sanchishadi. O‘nta yerga gulxan yoqishadi. Har o‘tning ikki tomoniga uchlari ayri og‘ochlar qoqishadi. Ularga qo‘ylarni osishadi. Qo‘ylar pishguncha arg‘umoqlarni yuvib-tarashadi. O‘zlari ham soyda cho‘milishadi. Otlarga yem berishadi. So‘ng ko‘katlarga yastanib (zo‘r ishtaha bilan) ovqatlanadilar.

Shu asnoda cho‘qqilarda turgan soqchilar shoshilinch xabar yetkazadilar:

– Bosqinchi har tomondan o‘rab kelayotir.

– Taxminan qancha?

– Ming atrofida.

Erxon botirning buyrug‘iga binoan ko‘ngillilar o‘z ot, yarog‘lari bilan qo‘shni qirg‘oqqa – osmonga tutashib ketgan qoya tizmalari ostiga o‘tadilar. Erxon botir hech narsa yuz bermayotgandek o‘zini xotirjam tutib, xotirjam ohangda ushbu so‘zlarni aytadi:

– Endi yov orqa tomonimizdan hamla qilolmaydi. Qoya bizga qalqon. Undan yovvoyi echkilar ham oshib o‘tolmaydi. Biz yog‘iydan yuksakda – haybatli toshlar orasida turibmiz. Endi yov bizga uch yoqdan xuruj qiladi: qarshidan, ikki qanotdan. Shunga uchga bo‘linaroq savashga o‘tamiz. Miltiq, o‘qlarimiz, qilich, sungularimiz yetarli. Bu biz uchun sinov jangi, mashqlarimizdan kelib chiqib aytsam: qilich, sungularda savashda bosqinchi bizga teng kelolmaydi. Qo‘l jangida ham. Miltiqlarda mo‘ljalga otishni bilamiz. G‘animning bizdan ustun tomoni: pulemyoti bor. U bizda yo‘q. Lekin o‘qlari toshlarni teshib o‘tolmaydi. Toshlar – bizga qalqon. Unutmanglar: yov yaqin kelganda toshlar panalaridan uni o‘qqa tutamiz. Qo‘qqis. Mening ishoram bilan. Ko‘nglim sezyapti:

Biz yengamiz!

– Biz yengamiz! – qichqiradilar yigitlar.

Tog‘-toshlar ham aks-sado beradi:

"Biz yengamiz!".

Bosqinchi uch tomondan bostirib keladi. Qo‘mondon Chernyayev:

– Bu qo‘ylar qo‘rqqanlaridan qoya-toshlar oralariga berkinib olganlar, – deydi o‘z qo‘shiniga. – Pulemyotlardan o‘t ochib, ularning o‘takalarini yoringlar. Ammo otlarga tegmanglar. Ular bizga kerak bo‘ladi...

– Bularga o‘qlar ham hayf, – e‘tiroz bildiradi o‘ng qo‘l lashkarboshi Ivan. – Jangsiz taslim etamiz.

Chernyayev tatar tilmochiga buyuradi:

– Gaplash!..

Tilmoch Chernyayev so‘zini Erxon botirga aytadi. Erxon botir (tilmoch orqali) ayni shu talabni Chernyayevning o‘ziga qo‘yadi. Uning "qo‘y" deganiga esa yana qo‘shimcha qiladi:

– U oyog‘imga bosh urib kelsin, shunda to‘ng‘iz boshi uzilmaydi.

Bu javobdan Chernyayev junbushga keladi, g‘azab, nafrat o‘tida yonib, titraydi, ajdarhodek to‘lg‘anib, na‘ra tortadi:

– Pulemyotlardan o‘t ochinglar!

O‘t ochishadi.

Son-sanoqsiz o‘qlar "chiv-chiv" ucharoq toshlarga uriladi, otlar yer tepinib, ko‘kka sapchib, kishnaydi. Bosqinchilar miltiqlarini ham ishga soladilar. Odamer yovvoyilardek bo‘kiraroq ko‘ngillilar sari otiladilar:

– U-ra![36]

– U-ra!!

– U-ra!!!

Ora torayadi. Ikki yuz bo‘z o‘g‘lon (miltiqlarda) yovni nishonga olganicha, tepkini bosishga buyruq kutadi. Nihoyat, Erxon botir o‘ng qo‘lini ko‘tarib, tushiradi. Birdan ikki yuzta o‘q dushmanga uchadi. Deyarli bexato... Kuchli dovulda og‘ochlar qandoq qulasa, bosqinchilar ham shundoq qulaydilar.

Voy-dodlab qulaydilar.

"Onajon"lab qulaydilar.

Tiriklari bu holdan:

Dovdirab qoladilar.

Vasvasaga tushib qoladilar.

Yog‘iy o‘ziga kelmasidan ko‘ngillilar yana tepkilarni bosadilar:

Yana...

Yana...

Yana...

Shamolda kuz yaproqlari qandoq to‘kilsa, bosqinchilar ham shundoq to‘kiladilar. Shunda birdan bo‘z yigitlar toshdan-toshlarga olqar misol yengil sakraroq qilich, sungularga erk beradilar. Tog‘-toshlarga moslashmagan yovni qamishni o‘rgandek "o‘radi"lar. Tirik qolgani bas kelolmasligini sezadi:

– Bular Xitoydan yollangan qotillar! – deya bo‘kirib qochadi.

O‘liklarini tashlab qochadi.

Yaradorlarini tashlab qochadi.

Otlarini tashlab qochadi.

Qurollarini tashlab qochadi.

Ivanga o‘xshash chalajon lashkarboshilarini tashlab qochadi.

G‘ururlarini bulg‘ab qochadi.

– Chingizxondan ham shunday qochgan, – deydi Elbek botir.

– Temur hoqondan ham shunday qochgan, – deydi Ergash botir.

– Jon shirin-da, – yoyilib kuladi Erxon botir, – bunday onlarda:

Vatan,

Millat,

Din

tuyg‘ulari ham ko‘zlariga ko‘rinmaydi. Qara, hammasi o‘z jonini hovuchlab qochayapti. Ko‘ryapsanmi, Chernyayevga ham sichqonning ini ming tanga bo‘lib qoldi.

Ko‘ngillilar shahid bo‘lgan do‘stlarining hurmatlarini joyiga qo‘yib, qoya ostiga dafn etadilar.

Erxon botir yig‘laydi.

Bo‘z yigitlar yig‘laydi.

23

Qalblarida g‘am bilan,

Qalblarida o‘ch olish istagi bilan,

Qalblarida zafar yog‘dusi bilan

Iqonga qaytadilar.

Erim (Ergash botir) bu jang haqida quvonchini ichiga sig‘dirolmay, zo‘r hayajon bilan hikoya qilib bergani hamon yodimda.

Qizim, aylanay qizim, vaqt degani to‘zonday to‘zib o‘taverarkan. Men uchun aziz bo‘lgan qancha-qancha odamlar o‘tdilar. Endi ular qaytmaydilar. O‘tib ketgan u baxtiyor kunlar ham qaytmaydi.

Mening ham sanoqli kunlarim qoldi. Men bu tarixni o‘zim bilan birga tuproqqa olib ketaman. Shundan keyin Erxon botir qissasi, bo‘z yigitlar qissasi unutilib ketadi".

Uning borlig‘ini armonu ayriliq o‘kinchi qurshaydi. Horg‘in, so‘niq ko‘zlaridan yosh oqib, qayg‘u-g‘am o‘tirib qolgan yuzlarini yuvadi.

Hasrat yoshlari,

Armon yoshlari,

Kechmishni qo‘msash yoshlari.

Bir kezlari olis, juda olis bir kezlari yuzlari tiniq, ko‘zlari quralay, qad-qomati jozibali bo‘lgan, endi og‘ir hayot, dovulli vaqt silsilalarida burishib-tirishib qolgan, bir siqim bo‘lib qolgan kampirning ayanchli ko‘rinishidan onamning yurak-bag‘ri xun bo‘ladi. Osmondanmi, g‘oyibdanmi, bilmaydi qayerdan: "Hamma tiriklarni shunday qismat kutadi", degan so‘z qulog‘iga keladi. Bundan uning ko‘ngli battar uvishadi.

Dengizni bosib yotgan qalin tumanni shamol haydaganda, u yana o‘zining azaliy – (moviy) osmon tusiga kiradi va ilohiy ulug‘vorligi-yu samoviy kengligini namoyish etadi.

Iqlim momo bilan onam o‘rtalariga cho‘kkan og‘ir sukunat ko‘tarilganida, momo o‘zini qo‘lga olib, botirlar qissasini davom ettirarkan, rutubatli tumandan qutulgan dengizdek yashnab ketadi:

"Iqon eli botirlarni zo‘r quvonch bilan kutib oldi. Eski urf-odatlarimizga ko‘ra o‘nlab gulxan yoqildi, o‘nlab qo‘y so‘yildi, qozon-qozon osh pishirildi, tandir-tandir non yopildi. Ulug‘ uylar tegralariga gilamlar to‘shaldi, tergilar yozildi. Kuy-qo‘shiq, o‘yin-kulgilar avjiga chiqdi. Bizlar (xotin-qizlar) ham gulxanlar atrofida armonsiz o‘ynadik. Qandoq zamonlar edi-ya, aylanay qizim! Bir kamsiz, o‘z erkimiz o‘zimizda yashardig-a! Oting o‘chkur bosqinchi tinchligimizni buzdi, yerimizni bulg‘adi. Bu ham bir ko‘rgulikmi, bilmadim, qizim.

Botirlar keltirgan sevinch abadiydek tuyulardi bizga. Biroq bir yilga ham cho‘zilmadi. Butun dunyo bosqinga qarshi turganiga qaramay, u o‘lgir och ajdarhoday o‘rmalab kela boshladi. Och ajdarhoday dedimmi, qizim? Yo‘q, uning oldida ajdarho pashshadek gap. Ajdarho faqat qon ichsa, bosqinchi qonimizni ham ichar, yerimizning osti-ustida ko‘zga surtib, avaylagudek nimamiz bo‘lsa, hammasini yamlamay yutar, yurtiga tashib ketardi. Tag‘in:

Miyamizni,

Pushtimizni,

Tilimizni,

Xotiramizni,

Erkimizni

bo‘g‘ovlashga kirishdi.

Tag‘in:

Kechmishimizni,

G‘ururimizni,

Imon-e‘tiqodimizni,

Yerimizni,

Milliy sha‘nimizni

bo‘g‘ovlashga kirishdi.

Ko‘plar yuz yoshni orzu qiladilar, qizim. Lekin yuzdan oshgan odamga ham qiyin. Nega desang, qizim, u o‘zini-o‘zi eplab yurolsa, yaxshi. Yurolmasa, bola-chaqasiga ham sig‘may qoladi. Dunyoga ham. O‘lishni istab qoladi. Tangriga yolvoradi:

– Yaratgan Egam, omonat joningni ol!

Bunday paytda uni azob-uqubatlar, xor-zorliklardan o‘lim qutqaradi. Faqat o‘lim. "O‘lim ham ne‘mat" deb bejiz aytilmagan. O‘zini-o‘zi eplab yurganiga ham osonmas. Bosh deyarli kasallikdan chiqmaydi. Bunday yoshda eng kuchli, irodali odam ham o‘zini zo‘rg‘a boshqarib yuradi. Mana, mening ham aqlim kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan. Buning ustiga ezma ham bo‘lib qolganman. Xotiram ham bo‘shashib ketgan. Ko‘rib turibsan, qizim. Hozir o‘zim sezmay, voqeadan uzoqlashib ketibman. Kechir, qizim. Senga aytsam, ayrim boylarning ko‘maklari bilan ko‘ngillilar soni uch yuztaga yetdi. Bizning ko‘z oldimizda Erxon botir ularni og‘ir, tinimsiz mashqlar bilan urushga hozirlaydi.

24

Biroq bu gal bosqinchi ko‘p qo‘shinu puxta tayyorgarlik bilan yo‘lga tushadi. Ko‘p o‘tmay, makr bilan Toshkentni qamal qiladi. Bu voqea 1965 yili yuz beradi. Dushman ichki sotqinlar maslahati bilan Kaykovus yo‘nalishini o‘zgartiradi. Kentni suvsiz qoldiradi.

Ko‘ngillilar uchqur arg‘umoqlarda ko‘makka Toshkentga uchadilar. Erxon botir ularni (Elbek botir boshchiligida) Turbatda qoldiradi. O‘zi (yuqorida otlari qayd etilgan to‘qqiz yigit bilan birga) vaziyatni o‘rganish uchun Toshkentga yonadi. Biroq hozirgi Chernyayevka[37]ga kirishdagi tepalar orasida pistirmaga – o‘ris o‘qlariga duch keladi. Yetti botir halok bo‘ladi. Jumladan, mening erim Ergash botir ham. Men ikki o‘g‘lim bilan tul qoldim. Shundan keyin, aylanay qizim, boshqa er qilmadim.

Erxon botir yelkasidan yaralanadi. Po‘lat botir oyog‘idan. Yuzdan ortiq bosqinchi ularni o‘rab oladi. Ikki botir qattiq qarshilik ko‘rsatadi: qilichda o‘nlabini yitadi. Ammo, oxiri (ko‘p qon yo‘qotgani uchun) holdan toyadi. Yov botirlarning qo‘llariga kishan soladi. Ularni Chernyayevning oldiga eltadi va:

– Bular tengsiz jangchilar, – deydi.

Chernyayev botirlarga qiziqib qoladi. Tezlik bilan o‘z jarrohiga buyuradi:

– Muslimlarni davola!

Jarroh botirlarga sanchilgan o‘qlarni olib tashlaydi. Ularni oyoqqa turg‘azadi.

Chernyayev boshqird tilmoch orqali Erxon botirga o‘z so‘zini aytadi:

– Sen bizga sadoqat bilan xizmat qilsang, seni o‘ldirmayman, o‘zimga yordamchi qilib olaman. Sherigingni esa bo‘linmaga komandir etib qo‘yaman.

Erxon botir bir rejani ko‘ngliga tugadi. Tugadi-yu: "Birdan "ha" desam, ishonmaydi", deb o‘ylaydi. Shunga:

– O‘ylab ko‘rishga muhlat ber, – deydi.

– Ertaga tongda sendan javob kutaman, – Chernyayev Erxon botirga boshdan-oyoq razm soladi. U Chernyayevga yo‘lbarsdek tik boqadi. Ko‘zlar to‘qnashadi. Chernyayev botirning qarashiga dosh berolmaydi. Ko‘zini olib qochadi.

– Uning ichida yo‘lbars bor, – deydi Chernyayev tilmochga, – undan ehtiyot bo‘lish kerak. Agar bo‘shalib ketsa, bizga katta xavf tug‘diradi. Chindan ham bizga qo‘shilsa, yerliklarni bo‘ysundirishimiz oson kechadi...

Tongda Erxon botir Chernyayevga o‘z istagini bildiradi:

– Roziman, – deydi ichidagi "sir"ni sezdirmaslik uchun jiddiy bir ohangda. – Faqat...

Erxon botir o‘zini ikkilanganday tutib, jim qoladi.

– Mujmal gapni jinim suymaydi, davom et.

– Mening ham ikki shartim bor.

– Qulog‘im senda.

– Birinchi shartim:

Po‘latni qo‘yib yubor. U uyiga qaytsin. Mening sog‘-salomatligimni ota-onamga aytsin.

– Yaraydi.

– Ikkinchi shartim:

Eng zo‘r yuzta askaring bilan kuch sinashaman.

– Birga-bir chiqasanmi?

– Sen nima desang, shu. Mayli, mening bir o‘zimga qarshi beshta-o‘nta bo‘lib chiqsa ham.

– Osmondan kelyapsan.

– So‘zim – so‘z.

– Yengilsang-chi?

– Senga xizmat qilaman.

– Yengsang-chi?

– Menga javob berasan. Buning uchun Tangri oldida so‘z ber.

– Tangri oldida so‘z beraman, – xo-xolab kuladi Chernyayev. – Ichingdan pishgan ko‘rinasan. Umuman olganda, menga yoqayapsan. Yuraging ham otning kallasiday, shekilli? Menimcha, zo‘r tomosha bo‘ladi. Qilichdami, sungudami, boltadami, qaysi tur bo‘yicha olishasan?

– Mega farqi yo‘q. Buni sen hal et.

– Mayli, qon to‘kilmasin. Qo‘l-oyoq jangiga yaraysanmi?

– Yarayman. Faqat bironta polvon o‘lib qolsa, o‘lmaganda ham uning biron yeri sinib ketsa, buning uchun mendan o‘ch olmaysanmi?

– Yo‘q.

Chernyayev har biri devday-devday keladigan o‘nta kazakni Erxon botirga ro‘baro‘ qiladi. U ichida ixtiyorsiz bir tarzda: "Quruq gavdalar", deydi.

Bu so‘z botirning cho‘chuvdan asar yo‘q yuz-ko‘zida aks etadi. Buni makkor Chernyayev ilg‘aydi. Yerliklar ichida bunday qo‘rqmas kishilar borligini aqlga sig‘dirolmaydi. Shu bilan birga, Turkiston tuprog‘ini yillar mobaynida bosib kelarkan, o‘ziga haddan ortiq ishongan bunday kimsani ko‘rmaganini ko‘nglidan o‘tkazadi. Bundan uning g‘ashi kelmaydi. Qaytaga Erxon botirga qiziquvi yana ham ortadi. Hatto unga hurmat ko‘zi bilan qaraydi.

Erxon botir birma-bir olishuvda o‘n kazakni ham yiqadi. Faqat uchovini... ya‘ni u (keyingilarini qo‘rqitib qo‘yish uchun) mislsiz tezlik bilan o‘mbaloq oshib borib, jigar, taloqlariga tepadi. Uchovi ham qon qusib o‘ladi. Hech biri botirga jiddiy qarshilik ko‘rsatolmaydi. Bu chaqmoq tezligida yuz beradi.

Bundan to‘qson sara cherik dahshatga tushadi. Chernyayev titraydi. Qo‘rquvdanmas. Sharmandalikdan. Shundan so‘ng u yana o‘nta jangchisini maydonga chiqaradi.

Erxon botir arslondek shiddat bilan hayqirib yovga otiladi. Yov ham unga beomon tashlanadi. Erxon botir maymundan ham chaqqon harakatlar bilan dam so‘lga, dam sog‘[38]ga, dam ko‘kka sakraydi, chap beradi. U tanasini har qanday zarbga dosh berishga Chinda ham, Iqonda ham chiniqtirgani uchun, unga oyoq-qo‘l bilan urishish jang siridan xabarsiz yovning biron-bir tepki, mushtlari tekkudek bo‘lsa, sezilarli ta‘sir etmaydi. U oyoq-qo‘llarini osmoniy tezlikda ishga sola borib, birpasda besh bosqinchini mahv etadi. Qolganiga esa boshqacha jang usulini qo‘llaydi: ketma-ket yuksakka sakraydi, ketma-ket chirpirak aylanadi, har quyilganda yovning boshiga yo tepadi yo chovut soladi. Beshovidan uchtasi uzlatga ketadi. Ikkitasi maydonni tashlab qochadi.

Chernyayevning ruhi tushib ketadi. Cheriklar tahlikada qoladilar. Chernyayev g‘azabnok o‘shqiradi:

– Bularni ko‘zdan yo‘qot!

Shu zahoti o‘liklaru chalajonlar maydondan sudrab chiqiladi.

Agarchi Chernyayev g‘alabaga ishonmasa ham, jangni to‘xtatmaydi. Balki, uning ko‘ngli chetida miltillagan umid uchquni ham bo‘lgandir. Bu uni kurashga rag‘bat etgandir?

Chernyayevning imosi bilan yana o‘nta dev maydonga chiqadi. Ruhsiz bir alfozda. Buni Erxon botir his etadi. Gapni cho‘zib o‘tirmayman, aylanay qizim. Erxon botir o‘novini ham yengadi.

Xunobi oshgan Chernyayev ortiqcha sharmanda bo‘lishni istamaydi. Erxon botir bilan oxirgi marta qo‘nishadi:

– Kelajakda senga katta lavozim beraman, – deydi.

Erxon botir qat‘iy turadi:

– Sen menga Tangri oldida so‘z berding.

Chernyayev ilojsiz bir tarzda Erxon botir bilan Po‘lat botirga o‘z otlarini qaytarib beradi. Ammo: "Bularni tiriklay qo‘yib yuborish xavfli", deb o‘ylaydi.

Botirlar har ehtimolga qarshi arg‘umoqlarining yollariga (boshlari bilan) yopishib olib, qamchi bosdilar. Shu onda ularning yelkalariga o‘qlar sanchiladi. Biroq yigitlar o‘qdan tez uchishda davom etadilar. Turbatga yetadilar. Erxon botir ko‘ngillilarga so‘nggi so‘zini aytib, jon beradi:

– Alimquli qo‘shiniga qo‘shilinglar.

Shu kuni tunda Po‘lat botir ham do‘stlari bilan vidolashadi:

Ardoqli o‘g‘illari uchun Iqon motam tutadi.

Erxon botirday erlar yuz yilda bir marta tug‘iladi, aylanay qizim. Lekin hozirgi odamlar ularni unutib yuborganlar.

Turlanuvchi Tarix ham...

So‘nggi voqea[39]ni men otamdan ham, erimdan ham eshitmaganman. Bu el og‘zida yurgan gap. Shunga uni to‘la to‘g‘ri deb aytsam, balki, adasharman, qizim. Mening fahmimcha, u biroz bo‘rttirilgan. Yana Tangri bilguvchi".

25

Oynurning onasi Erxon botir qissasini Iqlim momodan qanday eshitgan bo‘lsa, qiziga ham shunday hikoya qilib bergan. Yuz martalab hikoya qilib bergan. Har gal Oynur uni zo‘r qiziqish, zo‘r hayajon bilan eshitgan. Shunga u Oynurga yod bo‘lib ketgan.

Oynur esa bu qissani menga faxrga, g‘ururga qotilgan ma‘yus hamda shijoatga g‘arq ovozda (oqizmay-tomizmay) bayon etdi. U og‘ir xo‘rsindi. Uning yumuq kipriklaridan yosh sizib chiqdi. Marvarid yoshlar. Menga shunday tuyuldi. Yana sukunat borliqni qurshadi.

U anchadan so‘ng o‘ziga keldi. Sumkachasidan bir qalin daftar oldi va menga uzatdi:

– Bobomning tarixga kirishini istayman, – Oynur yoshlarini och havorang ro‘molchasi bilan ohista artdi. – Sendan umidim katta, Evril.

Bu gapni birov, hatto oliy darajali kishi aytganda ham, mening qalbim "qilt" etmasdi. (Men o‘zimcha shunday o‘yladim). Biroq buni Oynurning tilidan eshitganim uchun u menga sevinch ham g‘urur bag‘ishladi. O‘zimga ishonchim ortdi.

Men entikdim.

Men hayajonlandim.

Men Oynur hikoyasi bo‘yicha Erxon botir qissasini uch kun ichida (ishdan keyin, tunlari) qog‘ozga tushirdim[40]. So‘ng o‘sha siyrak saksovullar o‘sgan cho‘lda, tush paytida uni Oynurga ko‘rsatdim.

Chanqagan kishi suvni qanday yutoqib ichsa, u ham qissani shunday tashnalik bilan o‘qidi. Keyin meni quchib, yuzimdan o‘pdi. Hali men bola bo‘lsam ham, bundan badanlarim jimirlab ketdi.

– Xotirang muncha tiniq, Evril! – dedi. – Bir so‘zni ham tushirmay yozibsan. Yana o‘zingcha unga badiiy bo‘yoq ham beribsan.

Maqtovdan mening yuz-ko‘zlarim yondi. Men buni tuyarkanman, go‘yo o‘zimni osmonda sezdim. Maqtov odamga nechog‘lik zo‘r ta‘sir etishini, unda samoviy bir kuch borligini ilk daf‘a his etdim. Tavba! Qayerdandir, bilmayman, shu on ko‘nglimga: "Tangri maqtovni bekorga yaratmagan, – degan so‘z keldi, – uning qatiga ulug‘ qudrat ham jo etgan".

– Zamonlar kechganda... bobom qissasiga badiiy tus berasan, deb umid qilaman, Evril, – Oynur menga mehribon ko‘zlarini tikdi.

"Zamonlar kechganda..."

Jumboq gap.

Sirli gap.

Tagdor gap.

Men uni tushundim.

– Shubhasiz, Oynur opa, – dedim.

26

Oltinchi kuni (shanba) kuni tushdan keyin biz Uchquloch – Osmonsoy yo‘li orqali Chingizxonning qutili mototsiklida (Osmonsoy etagidan o‘tuvchi) katta so‘qoqqa chiqdik. Qo‘l uchida qurilgan, yog‘in-sochin, shamol-bo‘ronlarda ayanchli holga kelgan bekatda Jizzax–Forish avtobusini kutdik.

Nihoyat, u keldi. Undan Lola tushdi. Oynurnikidek uning ham bo‘yi o‘rtadan tik, iroda va aql belgilari aks etib turgan yuz-ko‘zlari tiniq edi. Biroq ular (yuz-ko‘zlar) menga hurkak, o‘ychan, ma‘yusday tuyuldi. Shunga qaramay, men uni agar Oynur yonimda bo‘lmaganida, Oynur deb o‘ylardim.

Bek ham xuddi mendek dam Oynurga, dam Lolaga tikilarkan, hayratdan og‘zini ochib qoldi.

Bekatdagi kishilar ham hayotda siyrak uchraydigan, bir-biriga ikki dona sedana guliday o‘xshaydigan go‘zal qizlardan ko‘zlarini uzolmasdilar.

Men Oynurdan oldin yugurib borib Lolaga salom berdim. Va uning qo‘lidan jiydarang ulkan jomadonni oldim.

– Yaxshimisan, Evril? – Lola meni eski tanishidek, yana ham to‘g‘rirog‘i, o‘z inisidek yuzimdan o‘pdi. U meni qanday taniganidan ham ko‘ra, uning ovozi, "bo‘yi" Oynurnikiga bengzashiga hayron bo‘ldim:

Munchalar o‘xshash ovoz! Munchalar o‘xshash bo‘y!

Men entikdim. O‘sha samoviy ovoz! O‘sha samoviy bo‘y! O‘ziga ishonch ruhi bilan sug‘orilgan ovoz!

Oynur va Lola bir-birlarining og‘ushlariga singib ketishdi. Bek hamon ikki "mo‘‘jiza"ga angraygancha qarab turardi. Lola ohista qadamlar ila uning oldiga bordi va:

– Chingizxon inim! – deya nazokat bilan Bekka qo‘lini cho‘zdi.

Bu ko‘klam tongiday tiniq, bolday totli so‘zdan Bek hayajonlandi, g‘urur tuydi va anordek qizardi.

Oynur va men "quti"ga o‘tirdik. Borliqni yondirayotgan quyoshdan emas, Oynurning ajib haroratidan terga botdim.

Lola orqa o‘rindiqqa o‘tirdi.

Lochin tabibning uyiga yondik.

Nazarbeli dovonining qoq "beli"da Qiziljar (tuprog‘i sariq-qizil) yoqasida to‘xtadik. Qizigan "O‘rol"ni qoldirib, o‘zimiz jar tubiga, o‘sha Qizilbuloqqa endik. Sizikdan tiniq suv qaynab chiqyapti. Uch-to‘rt qadam quyiga, tegrasini turli chechak, o‘tlar bosgan hovuzga quyilyapti. Ko‘m-ko‘k chimga yastandik. Oynurning iltimosiga binoan men jomadonni olib tushdim.

Bu onda Lola atrofni butkul o‘rab turgan tog‘laru Bo‘g‘ombir qoya tizmalariga suqlanib boqmoqda edi. Uning cho‘zinchoq ham emas, yumaloq ham emas, o‘rta bichimdagi yuzlariga cho‘kkan ma‘yuslik ko‘rinmasdi shu tobda.

– Bu yerlar bir ilohiyday tuyuladi menga, – Lola mehrga lim minnatdorlik hissi bilan Oynurga termildi. – Bu yerlarning havosi ham o‘zgacha, tozadan-toza, shaffof. U o‘z ibtidoiy aslini saqlab kelayotganday go‘yo. Yana bunda qadim osmon sukunati hukmron.

– Bog‘don shunisi bilan qadrli ham sehrli. Lekin men bunda bir o‘sish yo bir o‘zgarishni ko‘rmadim. Yurtolar[41]Temur hoqon o‘limi[42]dan so‘ng bu yerda hayot ham, zamon ham to‘xtab qolganday. O‘sha hammasi bir xil uslubda, o‘ta didsiz ham fayzsiz qurilgan loysuvoq kulbalar, o‘sha ho‘kiz aravalar, o‘sha ketmon, omochlar... Ulus ham ongli ochundan uzilib qolgan.

– Oynur, agar iloji bo‘lsa, men shu qishloqda bir muddat davolanaman ham ilmiy ishim ustida ishlayman.

– Men bilan birga Uchqulochda yashaganing ma‘qul. Bog‘donda sharoit yo‘q. Boshpana, ko‘rpa-to‘shak, yemoq-ichmoq, svet, hammom masalalari...

Men gapga suqildim:

– Bizning uyimiz bo‘m-bo‘sh.

Chingizxon meni quvvatladi:

– Men Lola opamning xizmatida bo‘laman. Ko‘rpa-to‘shakmi, bozor-o‘charmi, yemoqmi, daralarga sayohatmi... hammasini uddalayman, Oynur opa.

Oynurning bo‘yoqdan xoli[43]do‘lana dudoqlariga[44], pardoz-andozni xush ko‘rmas[45]quyoshrang yuzlariga tabassum yoyildi. Lola ham jilmaydi. Xuddi Oynurday. Tiniq. Yo tavba! Men bu tabassumlarga qanchalar sinchiklab qaramay, ularning bir-biridan farqini topolmadim.

Munchalar nozik o‘xshashlik!

Munchalar noyob o‘xshashlik!

– Lola xonim, kelganingizga bir zum bo‘lmay, yigitlarni mendan tortib olib qo‘yyapsiz, – Oynur o‘z gapidan o‘zi zavqlandi, ochilib kuldi.

Bizlar (Lola, Bek, men) ham kuldik.

– Maza qilib yuvinib olmaymizmi, azizim?

– Qizaloq onlarimizda bir-birimizga suv sochib, qiyqirib cho‘milgan onlarimizni esimga solayapsan, Oynur.

– Qanday baxtiyor damlar edi-ya o‘sha damlar!

Bek bilan men yuqoriga chiqdik.

Oynur chamasi qirq daqiqadan so‘ng bizlarni chaqirdi:

– Evril, Bek.

Endik.

Ikkala qiz ham ovro‘pacha tikilgan (beli xipcha, yoqasiz, ixcham) atlas ko‘ylak, atlasrang tufli[46]kiyib olganlari uchun ularni bir-biridan ajratolmadik. Hatto yuzlarining ranglaridan ham. Chunki Lola shahardan kelsa ham, u Bodom bo‘yida, bog‘ uylarida quyoshda toblangan va shunga uning yuzi ham Oynurnikidan tandirda singdirilib yopilgan non tusiga kirgan edi.

Ikkovining ham tim qora sochlari yoyilib, go‘zal yelkalarini qoplagan va bu "manzara" har qanday kishini o‘ziga tortardi. Barmoqlari bilan tirnoqlari ham bir xil ediki, bundan odam hayratlanardi. Shuning ta‘sirimi, qo‘qqis boshimga bema‘ni fikr keldi: "Oynur opam Lola opamga aylanib qolsa-ya! Yo Lola opam Oynur opamga..."

Men o‘z xayolotimdan (fantaziyamdan) o‘zim junjikdim. Biroq, keyin, o‘zimning ustimdan o‘zim kuldim: "Ahmoq bola!"

Kuldim-u: "Qiziq o‘zi, – dedim ichimda, – odamga fikrlar qayerdan keladi o‘zi? Osmondanmi? Buni, menimcha, hech kim bilmaydi. Jumboq. Odamzot paydo bo‘lgandan beri, balki, bu jumboq".

Qizlar xayolimni to‘zg‘itaroq xuddi oldindan kelishib olganday, bir ovozdan so‘rashdi:

– Evril, top-chi, qaysi birimiz Lola yo Oynurmiz?

Men qizlarga o‘ta sinchkovlik bilan tikildim. Agarchi Lola Oynurdek jilmayib tursa ham, uning ko‘zlarining to‘rida, juda to‘rida sezilar-sezilmas mung izlarini ilg‘aganday bo‘ldim. shunday esada o‘z ko‘zlarimga to‘la ishonmadim. Lekin tavakkal qilgan holda dedim:

– Siz Lola opamsiz, – men uning qo‘lini beixtiyor tutdim.

– Ziyrak bola, – Oynur mening sochlarimni to‘zg‘itdi va Lolaga yuzlanib dedi: – Sezdingmi, Lola, Evril bizni ko‘zlarimizdan aniqladi.

– Qanday?

– Ko‘zlarimizdagi ifodalardan...

– Shundaymi, Evril?

– Ha, Lola opa.

– Qoyil.

27

Qizilbuloqdan hovuch-hovuch suv ichdik. So‘ng yengil ruh bilan manzilga bordik. Lochin tabib ham, uning qotmadan kelgan oriq yuzli xotini Oymomo ham bizlarni izzat-hurmat bilan kutib olishdi. Shoshib-pishib so‘riga tutilmagan atlas, baxmal ko‘rpachalar yozishdi.

Bozor-o‘char[47]qilib olgandik. Yana sovg‘alar[48]... Bek ularni Oymomoga tutqazdi. Er-xotin bundan xijolat chekdilar.

– Voy, o‘layin, odamni...

– Bo‘ldi-bo‘ldi, Oy , javrama, – Lochin tabib xotinini bo‘ldi. Ammo uning o‘zi ham Oymomodek qizil tusga kirdi.

So‘riga chiqdik. Er-xotin qizlardan ko‘zlarini uzolmasdilar: "Qaysi biri Lola?"

Oynur Lolani ularga tanishtirdi...

Chingizxon bilan men: "Hozir kelamiz", deya uzr so‘rab qalqdik. Bekning uyidan vaqtincha yashashga kerakli narsalar (ko‘rpa-to‘shak va boshqa zarur narsalar...) oldik. Qishloqdan bir chaqirimcha yuqorida, tepa ustida joylashgan bizning uyimizga yondik. Hammayoqni supurib-sidirdik. Supaga gilam, ko‘rpachalar to‘shadik. Hovliga yana qaytadan ko‘llatib suv sepdik. Keyin (shunday etagimizdagi) soyga endik. Kiyim-kechagimizni yaxshilab qoqib, suvga sho‘ng‘idik.

Qon tus quyosh tog‘ning eng yuqori cho‘qqisiga qo‘nayotganda Lochin tabibnikiga qaytdik. Bu vaqt ichida emlovchi (hamshira) vazifasini bajaruvchi Oymomo erining topshirig‘iga binoan alohida xonada Lolaning badanidagi oq dog‘larni sinchiklab ko‘zdan kechirgan va ularga "timsoh" yog‘ini surtib bo‘lgan edi. Yana unga bir qoshiq talqon (echkiemar suyagidan quritilgan talqon) ham oshatgan edi. Bundan Lolaning ko‘ngli aynidi. O‘qchidi. Qusdi.

Shunda Lochin tabib uning ko‘ziga tik boqib, dedi:

– Buyam baliq kabi Xudoning maxlug‘i. Xitoylar uni ko‘zlariga surtib yeydilar. Bular cho‘chqadan ming marta toza. Agar mening so‘zimga kirsangiz, undan jirkanmang, qizim. Shunda, uch oyning ichida u dog‘lardan qutulasiz. Shunda, men ham Sizdan kam sevinmayman! Bu dunyoda o‘zi bir narsa ikkinchi bir narsaga sabab bo‘ladi. Ilon og‘usi ham dardga davo. Har narsaning o‘z o‘rni, o‘z siri bor. Tangri ularni bejiz yaratmagan.

Lola bir narsani o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha yoki o‘z boshidan kechirmaguncha, unga inonmas edi. Lekin hozir, ne uchundir, buning sababini o‘zi ham bilmaydi, tabibga o‘ylanib qarab qoldi. Shunda Lola uning ma‘noli kulrang ko‘zlarida, tog‘cha jo‘n, biroq pishiq so‘zlarida chin zohirligini tuyganday bo‘ldi. Tuyganday bo‘ldi-yu, qalbi to‘rida sog‘ayishga bo‘lgan umid uchquni miltiradi va bu undagi (echkiemardan) jirkanish tuyg‘usini qandaydir darajada haydadi.

Turli rang uzum, qizil olma, karchlangan qovun-tarvuzlarga g‘arq tergi tegrasida Lochin tabib, Oymomo, Oynur, Lolalar ochilib o‘tirardilar. Bek bilan men ham so‘riga chiqdik. Qizlar savol ko‘zlari bilan bizga qaradilar. Chingizxon Oynurning qulog‘iga shivirladi:

– Joy taxt, Oynur opa.

– O, yashanglar! Yig‘ma karovat ham topgandirsizlar?

– E... shu... – men nima deyishni bilmay duduqlandim.

– G‘am yemang, Oynur opa, – qisqa javob berdi Chingizxon.

Er-xotin nima haqda gap borayotganini uncha fahmlamay qalqishdi. Tandir bilan yonma-yon qurilgan o‘choqlar sari yurishdi.

Oymomo o‘choq supachasiga, chiptaga[49]barg-barg qilib kesilgan yupqa-yupqa xamirlarni mildirab qaynayotgan qozonga bitta-bittalab tashladi. Tabib ikkita gulsiz, oppoq chinni laganni qozonga taqbaroq tutdi. Oymomo majnuntol chiviqlaridan to‘qilgan cho‘lpida Bog‘donning suyumli taomi: kulchatoyni yoyib suzdi. Ularning o‘rtalariga yog‘lovidan danakday-danakday kattalikda to‘g‘ralgan qo‘y etlarini olib, gumbaz shaklida uyib qo‘ydi. Tergiga keltirishdi. So‘ng yana yarim kosadan chakki qotilgan, ko‘k piyoz sepilgan sho‘rva ham olib kelishdi.

Ishtaha bilan yeb, ichdik.

Tog‘lardan (o‘tloqlardan) mol-hollar qaytmoqda. Qishloqni qo‘y, echki, sigirlarning ma‘rashlaru mo‘‘rashlari tutdi. Ko‘kka chang-to‘zon ko‘tarildi. Biz qalqdik. Bog‘donliklar mulozamatni uncha suymaydilar. Ammo uy egalari:

– Uy-joyimiz keng, ko‘nglimiz ham, yotib qolinglar, – deyishdi.

Qizlar er-xotinga qayta-qayta rahmatlar aytdilar. Oymomo:

– Lola xonim biznikida yotib davolanadi, – deb turib oldi.

Lochin tabib:

– Bular erkin qushlar, Oy, – dedi, – qo‘y, ularning erklarini bo‘g‘ma. Evrillarning uylari bo‘sh, har kuni Lolaxon bilan ko‘rishib turamiz. Oramiz bir qadam. Dam olish kunlari Oynur xonim ham bizni unutib qo‘ymaydi.

U kulib Oynurga yuzlandi.

– Ha, albatta, amaki, – totli jilmaydi Oynur.

28

Oynur, Lola va men soy yoqalab ketgan ilang-bilang so‘qmoqdan bizning uyga yo‘naldik. Chingizxon "O‘rol"da qishloqni va so‘ng qabristonni kesib o‘tguvchi yo‘lga tushdi. Tun yerni unsiz bosib kelmoqda va yorug‘likni unsiz yutmoqda. Unga salqin epkin yo‘ldosh.

Lola ixtiyorsiz bir tarzda tabibning so‘zini bizga eslatdi: "Men Sizdan kam suyunmayman..."

– Ha, Lola opa, u shunday kishi: kimni davolasa, bundan o‘zi ham sevinadi. Hatto davolangan odamdan ham ortiq sevinadi.

– Samimiy kishiga o‘xshaydi.

– Uni tug‘ma shunday deyishadi. Minnat, ta‘ma, tabibga yot. Shunga tog‘liklar uni yoqtiradilar. Onamning aytishicha, Lochin og‘a tabiblikni tirikchilik yo havas uchun qilmaydi. Balki, savob uchun qiladi. Yana Lola opa, sizga erish tuyulsa ham aytay: menimcha, u bundan rohat oladi. Ayni shu rohatlanish uni bu ishga undagan. Undaganda ham yuragi bilan undagan.

– Faqat shu uchunmi?

– Ko‘nglim shunday deydi, Lola opa.

Oynur meni quvvatladi:

– Hayotda shunday kishilar ham bor. Lola, men bunga ishonaman. Adashmasam, Qashg‘arli Mahmudning bu haqda so‘zi bor. Men uni otamdan eshitganman. Agar esimdan chiqmagan bo‘lsa, u quyidagicha: "Chin er kishilarga chin ko‘nglidan ko‘maklashadi. Quvonch baxsh etadi. Bundan uning o‘zi ulardan ortiq suyunadi, biroq siylov kutmaydi".

– Ishonaman, biroq tirikchilik masalasi?..

– Cho‘chqali soydami, Yeltegmasdami, yo‘q-yo‘q, Ovloqbuloqda ekan, Lochin og‘aning uzumzori ham qisman yong‘oqzori bor, tirikchiligi shundan. O‘g‘il-qizlari o‘sha yoqda. Uning o‘ziga yarasha mol-holi ham bor deyishadi. Eshitishimcha, tog‘ to‘rida, Savatli darasida yilqilar ichida bir-ikki baytali ham bor emish.

Gap uzildi. Soyning tor yeriga o‘rnatilgan, yo‘nilmagan, g‘adir-budir, uzun, yo‘g‘on og‘och ustidan yurib, qo‘shni qirg‘oqqa o‘tdik. Yong‘oqzor oralab ketgan so‘qmoqqa chiqdik. Lola:

– Qanday orombaxsh yerlar-a! – dedi entikib va so‘ng chala qolgan gapni uladi:

– Sen haqsan, Oynur, mehribonim, o‘zgalar uchun o‘zidan kechish tuyg‘usi qonimizda bor. Bundan ikki ming yillar[50]o‘nja[51]er yuzida eng ulug‘ davlat[52]tuzgan O‘g‘uzxonning[53]mana bu so‘zlari shundan darak beradi:

"Mening har bir cherigim: "Yurtim uchun!" deb urushga kiradi. Agar savashda qay biri ilojsiz qolsa: "Elim uchun!" deb o‘ladi. Buni Xun:

O‘z Yurti uchun o‘zidan kechish deydi.

O‘z Eli uchun o‘zidan kechish deydi.

Mening har bir cherigim o‘zidan kechib yov bilan savashgani uchun:

Chin-Mochinni oldik biz![54]

Yetti iqlimni oldik biz![55]

O‘zidan kechish tuyg‘usini bizga Tangri bergan.

Eng og‘ir damda Xun o‘zini xavfga qo‘yib bo‘lsa ham.

Yo‘ldoshini qutqazib qoladi.

Shuning uchun bizni Tangri siylaydi.

Shuning uchun biz Yengilmas Elmiz!"

Men Xun Eli va O‘g‘uzxon haqida oldin eshitmagandim. Bundan:

Beqiyos faxr tuydim.

Beqiyos g‘urur tuydim.

Yuragim gupillab ura boshladi.

Qonim tez aylana boshladi.

Men buni his etarkanman, o‘zim sezmagan holda nido qildim:

"Buyuk Xun Imperiyasi!"

"Buyuk Hoqon O‘g‘uzxon!"

"Mening ulug‘ ajdodlarim!"

Qizlar menga ajablanish aralash kulib boqishdi. Men ularga qaramasam ham, buni sezdim. Biroq o‘z holatimdan xijolat chekmadim. Boshimda O‘g‘uzxon hoqon so‘zi charx uraroq bunga imkon bermadi:

"Chin-Mochinni oldik biz!"

"Etti iqlimni oldik biz!"

– Lochin og‘a ko‘pdan tabiblik qiladimi, Evril?

Mening iftixoru armonga g‘arq xayolim bo‘lindi. Unga boqmay, past ovozda javob qaytardim:

– Men tug‘ilmasimdan oldin.

– Ancha tajribaga ega ekan.

– Ha, Lola opa, shunday. Uning tabib bo‘lishi sababi kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

– Nimaga?

– Ham hayratga soladi.

– Qiziq, aytgin.

Ko‘pdan buyon miyamda "yashayotgan" bu fikrni qizlarga aytish-aytmaslikni bilmay, ikkilanib qoldim. Aytsam, "nodon bola" deb kulishlari mumkin. Chunki ilmim yo‘qligi uchun fikrimni "to‘g‘ri" deyishga o‘zim ham botinmasdim.

– Odamning ichini qizdirmay aytaqol, Evril, – qistadi Oynur.

Men: "O‘ylantirib qo‘yadi", "Hayratga soladi" degan so‘zlarimga pushaymon yedim. Ammo, endi, uni izohlashdan boshqa choram qolmaganini tuydim va noiloj yorildim:

29

– Lochin tabib o‘lib-tirilmaganda, balki, bu fikr miyamga kelmasdi. Bir narsa ikkinchi bir narsaning ochilishiga turtki – sabab bo‘ladi. Buni men to‘rtinchi sinfda o‘qib yurganimda, ya‘ni, tabib voqeasini eshitganimdan so‘ng sezdim.

"Eru osmon tag-tugiga yetib bo‘lmas sirlar qurshovida, – deb o‘yladim o‘shanda, – odam-ku odam, har bir zarra ko‘zga ko‘rinmas tizginda, ko‘zga ko‘rinmas kuzatuvda. Bor jonli, jonsiz mavjudot "aylana chiziq" bo‘ylab harakatda. Hech bir narsa "aylana chiziq"dan boshqa chiziqqa o‘tolmaydi. Va ham e‘tiborsiz qolmaydi. Hatto bir zum ham".

– Menimcha ham shunday, – dedi Oynur.

– Menimcha ham, – ma‘qulladi Lola.

– Lochin tabib ham ana shu "kuzatuv", ana shu "tizgin"da bo‘lgan. Buni men mana bu "turtkilar"dan uqdim.

Lochin Ovloqbuloqda, bog‘ida ishlab, charchab, soy ustiga qo‘yilgan so‘risida uxlab qoladi. Uning tushiga (bir oycha oldin bo‘g‘ma ilon bo‘g‘ib o‘ldirgan) onasi Oychuchuk momo kiradi. U g‘amgin bir alpozda o‘g‘liga yaqin keladi. To‘xtaydi. Uning yenglari uzun, keng chit ko‘ylagi birdan qora tusga qiradi. O‘zi ham qorayadi. Shunda, qo‘qqis, Lochin onasining bo‘yniga tilini bulanglatib chirmashayotgan bo‘g‘ma ilonni ko‘radi. Jonholatda chinqiradi:

– Onajon!!!

Ilon Oychuchuk momoning tomog‘iga nish urib qochadi. Qocharkan, qop-qora qanot chiqaradi. Va so‘ngsiz bo‘shliqni qoplagan so‘ngsiz qorong‘ilikka sho‘ng‘iydi. Oychuchuk momo ingrab zorlanadi:

– Lochin, o‘g‘lim, sen aytganimga qaramay otangning izidan bormading-a?

Oychuchuk momo yiqiladi. Lochin uni quchoqlab olib ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi:

– Onajonim!!!

Mehribonim!!!

Oychuchuk momo zo‘rg‘a ko‘zini ochadi. Gapirolmaydi. Faqat uning qurib qolgan dudoqlari bir necha marta ochilib, yumiladi. Bundan Lochin o‘zicha ushbu o‘kinchga qotilgan armonli so‘zlarni uqadi: "Otang rahmatli tirik bo‘lganda, meni qutqarib qolarmidi, Lochin o‘g‘lim?"

Lochin onasining so‘zu nigohlaridan: "Sen otangdek tabib bo‘lganingda, meni o‘limdan olib qolarding-a, o‘g‘lim?" degan armon borligini tuyadi.

"Omon bo‘l, o‘g‘lim!"

Oychuchuk momoning yosh to‘la ko‘zlari yumiladi.

U abadiy uyquga ketadi.

"Onajonim!!!" deya Lochin ho‘ngrab yig‘laydi. Va o‘z tovushidan o‘zi uyg‘onib ketadi.

– Lochin og‘aning otasi ham tabib bo‘lganmi, Evril?

– Ha, Lola opa, bobosi ham tabib o‘tganlar.

– Qonida bor ekan-da?

– Biroq u (boshi toshga qattiq tegmaguncha) ota yo‘lidan bormaydi. Uning mehrini uzumzori, yong‘oqzori ko‘proq tortadi. U onasining o‘gitiga amal qilmoqchi bo‘lsa ham, bu mehr uni o‘ziga ko‘proq tortadi. Oynur opa, Siz ham o‘zingizni o‘z ishingizsiz tasavvur qilolmaysiz-ku. U ham shunday bo‘lganda o‘shanda. Lekin, keyin...

Men uzun zamonlar o‘nja kechgan voqea, ya‘ni onamu keksalardan eshitganim voqea tafsilotini miyamga jamlash uchun bir lahza tin oldim. So‘ng so‘zimda davom etdim:

– Lochin og‘a birovlarning yaxshi-yomon gaplaridan uzoqda, o‘z bog‘ida ertadan-kechgacha terga botib ishlaydi. Shomga borib toshdek qotib qoladi. Bir kuni tush paytida, quyosh borliqni ayovsiz qizdirayotgan pallada u o‘zini lohas ham horg‘in sezadi. Yuragi bejo uradi. Picha dam olish uchun o‘sha so‘riga chiqadi. Yostiqqa behol bosh qo‘yadi. Ovloq tog‘lar orasi, kimsasiz maskan emasmi, o‘lik sukunat hukmron. Biroq uning qulog‘iga odam bolasiga yot, bo‘g‘iq, yovvoyi, qudratli tovush eshitiladi. U ko‘zini endi yumgan edi, shoshib, qo‘rqib ochadi. Shunda, so‘ri yonida qip-yalang‘och holda tik turgan, hammayog‘ini jun bosgan odamsimon maxluqni ko‘rib dahshatga tushadi. Ko‘mak istab, baqirmoqchi bo‘ladi. Lekin og‘zi mumiyolanganday ovozi chiqmaydi. Ichida onasidan eshitgani: kalimani keltiradi: "A‘uzu billahi minash-shaytonir rojiym, Bismillahir rohmanir rohiym".

Maxluqqa ta‘sir etmaydi. Uning qosh, kipriklarsiz ko‘zlari o‘tdek yonadi, ajdarhonikidek katta og‘zidan nafasi olov bo‘lib chiqadi. Lochin og‘a ishtonini ho‘llab, titraydi. Maxluq dahshat solib o‘shqiradi:

– Parilar cho‘miluvchi yo‘lni to‘sma!

Maxluq so‘rini o‘rlikka, yerto‘la tomonga uloqtiradi. Yo tavba! U o‘n to‘qqizinchi asrda Lochin og‘aninng bobosi (Arslon) ekkan qayrag‘och ostiga, eski joyiga borib tushadi. Burgut bobo (Lochin og‘aning otasi) bu so‘rini tut og‘ochidan yasagan va shu ulkan qayrag‘och ostiga o‘rnatgan edi.

So‘rining bir yeri ham sinmaydi. Lekin Lochin og‘a yulduzlardan nom-nishon yo‘q bo‘shliqqa uchadi.

Oqish bo‘shliqqa!

Yuqoridan pastga uchadi.

Erkin uchadi.

Osuda uchadi.

Yer yo‘q.

Bir jon yo‘q.

Bo‘shliq, bo‘shliq. Adoqsiz bo‘shliq.

Lochin: "Shu paytgacha bilmabman-a, dunyo degani tubsiz bo‘shliq ekan-a?" deb o‘ylaydi.

Shimolga uchadi.

Janubga uchadi.

Vaqt o‘lchovlari:

Oy yo‘q.

Quyosh yo‘q.

Necha zamon uchadi.

Bilmaydi.

Sukunat.

Qabr sukunatidan ham og‘ir sukunat.

Yozuqlari esiga tushadi:

"Nega gunoh qildim?" deb o‘kinadi.

Onasining o‘giti esiga tushadi:

"Nega amal qilmadim?" deb o‘kinadi.

Yo tavba!!

Yo tavba!!!

G‘oyibdan bir ovoz keladi.

Odamzot ovoziga o‘xshamas, oddiy, sodda, tiniq ovoz keladi:

"Savob qil..."

"Amal qil..."

"Qulog‘imga shunday chalingandir?" deb o‘ylaydi.

"Menga shunday tuyulgandir?" deb o‘ylaydi.

Yo tavba!!

Yo tavba!!!

Shu on osmonni tilka-pora etaroq momaqaldiroq o‘kiradi.

Davomli o‘kiradi.

G‘azabli o‘kiradi.

Bunday guldurakni umrida eshitmagan.

Do‘l yog‘adi.

Yong‘oqdek-yong‘oqdek do‘l yog‘adi.

Bunday do‘lni umrida ko‘rmagan.

Qochadi.

Qayerga?

Bir pana yer yo‘q.

Bo‘shliq.

Tag-tugsiz bo‘shliq.

Do‘ldan tanasi g‘alvir bo‘ladi.

Boshi pachaq bo‘ladi.

Qonga botadi.

Tangriga iltijo qildai:

"Yordam ber Yaratgan Egam!"

"Yordam ber Yaratgan Egam!!"

"Yordam ber Yaratgan Egam!!!"

Yo tavba!

Yo tavba!!

Shu dam qiyomat-qoyim qo‘padi:

Momaqaldiroq oldingilariga nisbatan ming-ming chandon qattiq guldiraydi.

Osmon qasir-qusur sinadi.

Uning:

O‘takasi yoriladi.

Yuragi yoriladi.

Insoniy chinqiriqqa yot, allaqandoq yovvoyi, maxluqdek bo‘kiraroq, aniqrog‘i, qansharidan o‘q yegan qoplondek bo‘kiraroq ko‘kka sapchidi.

Yo tavba!

Yo tavba!!

Shunda uning boshi tosh qirrasi[56]ga uriladi.

Og‘riqdanmi yo odamzot bilmas qandoqdir sirli kuch ta‘siridami, ko‘zi ochilib ketadi.

O‘zini zulmatda ko‘radi. Jonholatda yuqoriga tilpinadi. Ammo boshi bilan qo‘llari chag‘ir tosh aralash tuproqqa uriladi. Qonga belanadi. Shunda Lochin og‘a o‘zini kafanga o‘ralgan holda go‘rda yotganligini sezadi.

Dahshatga tushadi.

Chinqiradi.

Tinmay chinqiradi...

Boya men: "Qabristonni kesib o‘tgan yo‘l"[57]deb aytgandim. Tun cho‘kayotganda O‘nar[58]otli yolg‘iz yo‘lovchi go‘r qa‘ridan kelayotgan ayanchli chinqiriqni eshitadi. "Ajina!" deb o‘ylaydi. Qo‘rqqanidan shaytonlab qoladi. Qochadi. Toshga qoqilib yuztuban qiyiladi. Uning yuz-qo‘llari shilinadi. Sapchib turadi. Qochadi. Yana yuztuban yiqiladi. Yana shilinadi. "Hozir meni ajina bo‘g‘ib o‘ldiradi!" degan so‘z miyasini qilichdek tilkalab o‘tadi. Jonholatda qalqadi. Qochishga tutinadi. Shu chog‘ uning orqasida hayajonga g‘arq ovozlar portlaydi:

"To‘xta!"

"Qochma!"

"Qo‘rqma!"

O‘nar o‘lar darajada qo‘rqadi.

Zo‘r tahlikaga tushadi.

Shunga:

Oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay qoladi.

Og‘zi qiyshayib qoladi.

So‘l ko‘zi g‘ilay bo‘lib qoladi.

Dodlab qulaydi.

Shimini bulg‘aydi.

Orqadan yetib kelgan uch kishi[59]dan biri qishloqqa chopadi. Voqeani Sattor so‘fi[60]ga aytadi. Sattor so‘fi bir to‘p odam bilan (ketmon, belkuraklar olgan, mash‘alalar yoqqan holda) qabristonga yonishadi. Lochin og‘ani go‘rdan qutqazishadi. O‘narni tuman kasalxonasiga eltishadi.

Keyin... kutilmaganda: "Qizlarni zeriktirib qo‘ydimmi?" degan savol ko‘nglimga keldi. Shu andishada gapimdan taqqa to‘xtadim. Va dedim:

– Cho‘zib yubordim, uzr.

– Aksincha, – dedi Lola loladay ochilib, – juda qiziq, davom et, Evril, davom et, inim.

– Xijolat chekma, Evril, so‘zla, g‘ayrioddiy voqea, g‘alati...

– Keyin... Shundan keyin Lochin og‘a boshidan kechirganlari ustida qayta-qayta o‘yga toladi, ularni qayta-qayta mulohaza qiladi, qayta-qayta fikr elagidan o‘tkazadi.

Yana Ahmat oqsoqol, Oqilbek baxshi, Sattor so‘filar bilan kengashadi.

Va so‘ng:

Tabiblikni kasb etadi.

– O‘narning taqdiri nima bo‘ladi?

– Ko‘zi tuzaladi, Lola opa, og‘zi tuzalmaydi. Hamma uni: "Jin chalgan", deb yuradi va "O‘nar qiyshiq" deb ataydi. Faqat Lochin tabib: "Asab tomirlari lat yegan", deydi.

– Senga, Evril, bu voqea yod bo‘lib ketgan shekilli, uni bizga she‘rday aytib berding.

(Davomi bor)

Izohlar:

[1]Katta Turk – Katta Turk qishlog‘i, Payariq tumanida, Chelak kenti yonida joylashgan.

[2]Konstantinopol – Istanbul.

[3]Xungariya – Vengriya. Adashmasam, 1948 yilda Stalin Budapesht namoyishini tanklar bilan bostirgan.

[4]"Stalin qurbonlarining jami soni 40 millionga yetadi" ("Argumenty i fakti", 1989 yil-5).

[5] Payg‘ambar hadisidan.

[6]"Mak-sheder" – Uch oyoqli o‘lchov asbobi. Binokl. Unga hisoblash uskunasi, simobli idish o‘rnatilgan.

[7]Kvalda – katta bolg‘a

[8]Qo‘niq – otel

[9]Botar – g‘arb

[10]Lochin tabibning asl oti boshqa. Men ayrim sabablarga ko‘ra, uning ismini sir tutdim.

[11]"Saodat" jurnalining bosh muharriri shoira Zulfiya opa edi. Men uni hurmat bilan eslayman.

[12]Akademik Habib Abdulla, adashmasam, 47 yoshida o‘ldirildi.

[13]Titov – O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Markaziy Qo‘mitasining ikkinchi kotibi.

[14]Fotima opa – akademik Habib Abdullaning umr yo‘ldoshi.

[15]Qarshi mo‘ylov – Bog‘donda hamma shop mo‘ylovli bu kishini "Qarshi mo‘ylov" deb atardi.

[16]Abdurahmon jevachi – rus bosqinchilariga qarshi kurashgan milliy botir. U 1866 yilda Chernyayev armiyasi ustidan (Jizzax jangida) g‘alaba qozonadi.

[17]Nizom tuynak – Nizomning boshi sapchaga o‘xshash, kichik, gavdasi ham mittiroq va juda epchil edi. Har qanday tuynukdan ichkariga kirar, juda tez yugurardi. "Tuynik" laqabi shundan.

[18]Bog‘donda "-lar" qo‘shimchasisiz so‘zlashadi.

[19]Erxon botir – Iqon qishlog‘i ulusi uni shunday atardi. Kurashlarda... yengilmagani, bir so‘zli, qo‘rqmas, qaytmasligi uchun shunday nom olgan.

[20]Iqon – Chimkent bilan Turkiston oralig‘ida joylashgan qishloq.

[21]Botar – G‘arb.

[22]Chiqar – Sharq.

[23]Oqmachit – Qizil O‘rda.

[24]Qo‘rg‘on – Verny harbiy qo‘rg‘oni.

[25]Oltin O‘rda – Volgograd.

[26]Ashtarxon – Astraxan – Hojitarxon.

[27]Saratov – Saritov – Sariqtog‘.

[28]O‘rinbur – Orenburg.

[29]Belgi – xarita.

[30]Qirimli – Qirimli turk – Qirim tatari.

[31]Qorayim – yahudiy (yahudo) dinida. Asosan, Boltiqbo‘yi va Isroilda yashayotgan qondoshimiz.

[32]Port-Perevskiy – Oqmachit (Qizil O‘rda)da 1848 yilda qurilgan harbiy qo‘rg‘on.

[33]Uz – Juz – qozoqlar "Juz" deyishadi. Kichik Juz 1834 yilda, O‘rta Juz 1841 yilda bosib olingan.

[34]Ochqich – kalit.

[35]

[36]Ura – "Ura" so‘zi turkcha. "U-ra-ur" so‘zidan olingan. Salb yurishida Saljuqli Turklar tog‘ oralaridan, daralardan, pistirmalardan chiqib: "Ur, U-ra-ur!.." deya hayqirib, salbchilarga chovut solganlar. O‘sha zamonda "Ura!" so‘zi Ovro‘paga kirib borgan. Bu Boufardning kitobida ham aks etgan.

[37]Chernyayevka – Toshkentni ishg‘ol qilgan bosqinchi, o‘ris qo‘shini boshlig‘i, o‘ta yirtqich maxluq otiga qo‘yilgan joy nomi. Ming afsus, ming-minglab yozuqsiz insonlarning o‘limiga sababchi bo‘lgan bu kasning nomi haligacha olib tashlanmagan.

[38]Sog‘ – o‘ng.

[39]So‘nggi voqea – Erxon botir bilan Chernyayev o‘rtasida kechgan muloqot, "o‘lim o‘yini", Chernyayevning o‘z so‘zida turmagani va botirlar fojialari ko‘zda tutiladi.

[40]Qog‘ozga tushirdim – Oynur menga sovg‘a qilgan o‘sha qalin daftar ko‘zda tutiladi.

[41]Yurtolar Temur – Jahongir Temur, Ulug‘ Temur.

[42]Temur o‘limi – 1405 yil.

[43]Oynur dudoqlariga sira bo‘yoq surtmas edi. Keyincha bilsam, Lola ham bo‘yoqni suymas ekan.

[44]Do‘lanaday qalin va do‘lanarang ma‘nosida.

[45]U hech qachon pardoz-andoz qilmas edi. Tabiiylikni suyardi. Keyinroq Lolada ham shu xususiyatni ko‘rib ajablandim.

[46]Atlas ko‘ylak, atlasrang tufli – Lola bularni Chimkentdan sovg‘a sifatida olib kelgan.

[47]Bozor-o‘char – oshga masalliq va boshqa noz-ne‘matlar...

[48]Sovg‘a – Lochin tabibga oq ko‘ylak-ishton, Oymomoga bir kiyim xonatlas...

[49]Chipta – non savat. Bog‘don shevasida chipta deyiladi.

[50]Eramizdan oldingi III-II asrlar.

[51]O‘nja – oldin.

[52]Ulug‘ davlat – Buyuk Imperiya. Miloddan avval 200-yillar.

[53]O‘g‘uzxon – Mate Tuman, uni kechmishda Botir Tangriqut deb ham atagan. U dunyoda kuch-qudratda tengsiz, ulug‘ davlat tuzgan.

[54]Chin-Mochin – Xitoy – Xan imperiyasi. Miloddan avval, taxminan, 199-yilda O‘g‘izxon bilan Xan imperatori Liyibong o‘rtasida qaqshatgich urush kechadi. O‘g‘izxon uning o‘zidan ko‘p baravar qo‘shinini yanchib tashlaydi. Liyibong behisob oltin, qimmatbaho, noyob narsalar va shuningdek, hali 17 yoshga to‘lmagan o‘z qizi Ningni O‘g‘uzxonga xotinlikka berishga majbur bo‘ladi. U shu yo‘l bilan muqarrar o‘limdan qutilib qoladi.

Xan imperiyasi Xun davlatiga yuz yilga yaqin o‘lpon to‘laydi.

[55]Etti iqlimni oldik biz – O‘g‘uzxon o‘nlab mamlakatni ishg‘ol etadi va Yer yuzida eng buyuk, eng qudratli davlatga asos soladi.

[56]Tosh qirrasi – Bog‘donda qabriston toshloq tog‘ yon bag‘riga joylashgan. Go‘r qazish nihoyatda og‘ir kechadi.

[57]Qabristonni kesib o‘tgan yo‘l – bu yo‘l hozir ham turibdi. Faqat u qabristonni obodonlashtirish masalasi ko‘tarilganda (40 yillar oldin) yopilgan.

[58]O‘nar – og‘zi qiyshayib qolgan (... qiyshiq) kimsaning ismini o‘zgartirdim. O‘nar yasama ism.

[59]Uch kishi – otlari xotiramdan o‘chgan.

[60]Sattor so‘fi – oppoq soqolli, beozor, kamsuqum chol edi. Bog‘donda azonni shu kishi aytar edi.