O‘sh shahri madaniy poytaxtlardan biri deb e‘lon qilindi

Image copyright Storyscape

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi vazirlar kengashining Moskvada o‘tgan yig‘ilishida Qirg‘izistonning O‘sh shahrini MDH madaniy poytaxtlaridan biri, deb e‘lon qilindi.

Biroq 2010 yilda sodir bo‘lgan etnik zo‘ravonliklar O‘sh shahrining madaniy va tarixiy qiyofasiga ham ta‘sir ko‘rsatmay qolmagan.

Zo‘ravonliklar payti O‘zbeklarga qarashli minglab uylarga o‘t qo‘yilishi bilan birga, ularning madaniy binolari, jumladan O‘zbek teatri ham katta zarar ko‘rgan edi.

Kuni kecha O‘sh shahridagi Bobur nomli O‘zbek musiqa-drama teatri va Sulton Ibraimov nomli Qirg‘iz drama teatri ovoz kuchaytiradigan yangi uskunaga ega bo‘ldi.

Yaponiyaning Qirg‘izistondagi elchixonasi bildirishicha, Yaponiya hukumati mazkur ikki teatrni taxminan 190 ming AQSh dollari miqdoridagi ovoz kuchaytiradigan uskuna bilan ta‘minlagan.

Ushbu asbob-uskunalarni teatr jamoalariga Yaponiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sin Maruo topshirdi.

"Bundan uch yil oldin, iyun oyida ikki teatr xam barbod qilingan. Endi esa biz sizlarni ovoz kuchaytiradigan uskuna bilan ta‘minlay olamiz. Men umidvormanki, kelajakda qirg‘izlar bilan o‘zbeklar tinch va totuvlikda birga yashaydi", - deb bildirdi janob Sin Maruo.

Yaponiya elchixonasi bilan birga shu kunlardagi tadbirlarni Ovrupoda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, O‘sh shahri va viloyati hokimiyatlari, "IRET" ijtimoiy jamg‘armasi hamda bir qator nodavlat tashkilotlar uyushtirgan.

E‘tiborli jihati, ikki teatrda xam spektakllarni professional aktyorlar emas, xuddi o‘sha "IRET" ijtimoiy jamg‘armasi a‘zolari bo‘lgan o‘zbek va qirgiz millatiga mansub teatr havaskorlari ijro etishgan.

"IRET" nodavlat tashkiloti rahbari Dilbar Mamayusupova aytishicha, ikki millat yoshlari iyun voqealarida ruhiy tomondan xam darz ketgan jamiyatni xuddi shunday usul bilan birlashtirishga qaror qilganlar.

Mazkur nodavlat birlashma a‘zolari o‘zlarini "Ыntыmak jarchыlarы" ("Ittifoklik darakchilari") deya atashadi.

Image copyright bb
Image caption 2010 yil iyun voqealaridan keyin ikki xalqni birodarligiga jiddiy darz ketdi

O‘shdagi Bobur nomli O‘zbek drama teatri rahbari va taniqli madaniy faol Baxtiyor To‘xtamatov bildirishicha, kelgusi yilga qadar Mustakil Davlatlar Xamdo‘stligining madaniy poytaxtlaridan biri sifatida e‘lon kilingan O‘sh shahri hakikatan shu makomga mos kelishi uchun barcha asoslar bor.

O‘sh shaxrida qadimdan barcha mehmonlar diqqatini o‘ziga tortgan mukaddas yodgorlik joylashgan. Bu - "Taxti-Sulaymon", ya‘ni "Sulaymon-Tog‘i" deya nomlangan mashhur tarixiy-muzey kompleksidir.

Bu o‘tmish esdaligining direktori Xayrulla Ubaydullayev bildirishicha, O‘sh shahri MDX madaniy poytaxti bo‘lishga, barcha mahalliy aholi faxrlanadigan maqomga yanada mos kelishi uchun harakat qilinmoqda.

"2010 yilning iyun vokealaridan so‘ng O‘shga keladigan sayyoxlar soni keskin ravishda pasayib ketdi. 2011 yildan esa sayyoxatchilar yana ko‘paya boshladi. Masalan, o‘tgan yilda bizga taxminan 90 ming sayyoh kelgan bo‘lsa, joriy yilning fakat to‘kkiz oyida shuncha inson tashrif buyurdi. Ulardan uch mingdan ko‘prog‘i xorijliklardir. Ular bu yerga kelib, havas qiladigan ko‘p narsalarimiz bor. Masalan, tosh davridan boshlab shu kunga qadar boy tariximiz guvohi bo‘lgan ekspozitsiya tayyorlaganmiz. Xech qayerda namunasi yo‘k qadimiy ungurlar tizimi muzeyga aylangan", deb aytadi Xayrulla Ubaydullayev.

Ma‘lum vokealardan uch yil o‘tib, O‘shdagi Qirg‘iz drama teatrida ilk bor O‘zbek ijodkorlarining qo‘shiqlari yangradi.