Volgogradlik "hijobli" xudkush hujumchi surati atrofidagi savollar

21 oktyabr kuni Rossiyaning Volgograd shahridagi avtobusda portlash ro‘y berganidan keyin olti inson halok bo‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Bu portlashni xudkush hujumchi ayol sodir etgani xabar qilinganidan ko‘p o‘tmay Rossiya telekanalida gumon qilingan ayolniki deb aytilgan pasportning fotosurat yopishtirilgan sahifasi namoyish ham etildi.

Biroq bu fotosurat darhol odamlarda savollarni paydo qildi, ayniqsa, rus tilidagi Internet sahifalari va ijtimoiy media saytlar ushbu mavzu muhokamasi bilan "qaynab ketdi".

Boshida Naida Asiyalovaning pasporti birinchi sahifasi ekani aytilgan surat Rossiya aksilterror qo‘mitasining Twitter akkauntida e‘lon qilingani ma‘lum bo‘ldi.

Va bu pasport portlash joyida topilgani xabar qilindi.

Sotsial tarmoqdagilar darrov "bu qanchalik mustahkam pasport ekanki, shunchalik kuchli portlashda ham shikastlanmapti", degan savollarni bildirishdi.

Sal o‘tib esa Rossiya qonunlari bo‘yicha hijob o‘rab pasport uchun suratga tushish taqiqlangani yodga tushdi.

Internetdagi bloglarda Dog‘istonda tug‘ilgan Naida Asiyalova Volgogradgacha bo‘lgan "shuncha uzoq masofaga portlovchi moddasi bilan yetib borishi mumkinmidi" degan savol qo‘yildi.

Oradan biroz vaqt o‘tib esa Rossiyaning 1-kanali boshqa, rangli suratli pasportni namoyish etdi.

Bu suratdagi pasport shikastlangan, undagi ism, familiya, tug‘ilgan vaqti va tug‘ilgan joyi o‘sha-o‘sha, faqat Asiyalovaning boshiga hech narsa o‘ralmagan.

Soxta surat borasidagi savollar ko‘paygani uchun Rossiya Tergov qo‘mitasi birinchi suratni tarqatmagani haqida e‘lon qildi.

Xabar qilinishicha, birinchi surat xavfsizlik xizmatlarining shaxsiy delosidan olingan.

Asiyalovani tanib olish uchun xavfsizlik xodimlari uning boshiga "hijob kiygizgan"lar.

Rossiya tergovchilariga ko‘ra, o‘zini portlatgan paytda xudkush hujumchi xuddi shunday ko‘rinishda bo‘lgan.