Tojik migrantining xulqi shov shuvga sabab bo‘ldi

Каримов омонат эгасини бир ой кутган Image copyright non

Rossiyada migrantlarga qarshi kampaniya davom etayotgan bir vaqtda tojikistonlik muhojirning harakati ijtimoiy tarmoqlarda shov shuvga sabab bo‘lgan. Moskva shahrida avtomobilga yonilg‘i quyish shahobchalarida ishlaydigan Zaxar Karimov bexosdan tushib qolgan ming rublning sohibini bir oy kutgan va qaytarib bergan.

Facebook foylalanuvchisi Stanislav Kucherning statusiga yozilgan bir migrant haqidagi hikoyaga 4 mingga yaqin o‘quvchi tomonidan layk bosilgan, ya‘ni xush qarshi olingan, qariyb 600 marta ko‘chirib bosilgan.

Stanislavning hikoya qilishicha, Moskvadagi AYoQShlarning biridan benzin olib, pulini to‘lab mashinasiga qaytayotganda, ushbu shahobchada ishlaydigan Markaziy osiyolik yosh yigit qarshisidan chiqqan va jilmaygancha rus tilida gapirgan.

"Men sizni bir oydan ko‘p kutdim! Endi kelmaydi deya qo‘rqandim...", - degan haligi yigit.

Ma‘lum bo‘lishicha, ushbu uchrashuvdan bir oycha oldin mijoz mashinasiga benzin quyib ming rubl (taxminan 32 dollar) tushirib qoldiradi. AYoQSh xodimi unga puli tushib qolganini aytganda, yo‘q meniki emas deya ketib qoladi.

Tojikistonlik mehnat muhojiri shahobchaga o‘rnatilgan video kameralarni ko‘rib chiqadi va pul so‘nggi mijozining cho‘ntagidan tushib qolganiga amin bo‘ladi. Omonatni egasiga topshirish uchun 1 oydan ko‘proq kutadi.

"U uzoq vaqt minnatdorchilik sifatida bermoqchi bo‘lgan 200 rublimni olmadi. Men unga choy puli haqida deyarli lektsiya o‘qidim va kelasi xizmatlari uchun avans sifatida ekanligini aytib zo‘rg‘a berdim", - deydi Stanislav Kucher.

Markaziy nashrlardan tortib,mahalliy matbuotgacha migrantlar haqida salbiy axborotlarga to‘ldirilayotgan bir vaqtda Stanislavning ushbu hikoyasi ijtimoiy tarmoqda shov shuvga sabab bo‘lgan.

Muallifning yozishicha, izoh qoldirganlarning 10 foizga yaqini ushbu hikoyaga umuman ishonmagan yoki migrantlar haqidagi salbiy faktlarni keltirgan. So‘zining rostligi tasdiqlatish uchun u ertasi kuni yana o‘sha AYoQShga boradi va savobli ish qilgan migrantni suratga olib uning ismi sharifini bilib keladi.

Zaxar Karimov Moskvadagi ikki AYoQShda ishlaydi va Tojikistondan kelgan.

Izoh qoldiruvchilar ikki guruhga bo‘lingan deyish mumkin. Ayrim foydalanuvchilar nima uchun bu kabi yakkam dukkam ijobiy holatlar butun migrantlar haqida ta‘surotni o‘zgartirishi kerak degan.

"Nimaga bahslashayotganimizni tushunmayapman. Men ushbu tojik Zaxar Karimov – yaxshi inson ekanligiga ishonaman. U va unga o‘xshaganlarda Rossiyada normal migratsion siyosat yuritilsa viza olish va ishga joylashishda muammo tug‘ilmaydi. Ulardan biri sizga ming rublni qaytarsa chegaralar va nazoratning yo‘qligi anglatmaydi va boshqalarga jinoyat sodir etib, jazosiz qolishni anglatmaydi", - deydi Aleksey Abanin.

"Hovlimizdagi yerto‘lada tinchgina qirg‘iz farroshlari yashardi. Ammo ertalablari uxlatishmasdi. Soat oltidan boshlab qitirlatib supirishardi. Ishga ketayotganingda hamma yoq top toza bo‘lardi. Savol, nima uchun ularning borligi meni asabiylashtiri kerak", - deydi Postoronnim V. Nomi ostidagi foydalanuvchi.

Rossiyada so‘nggi vaqtlarda hukumat kuch ishlatar tizimlari tomonidan migrantlarga qarshi reydlar avj olgan. Millatchi ruhdagi yoshlar esa "Rossiya ruslar uchun" shiori ostida o‘zga millat vakillaridan shaharlarni tozalashga qaratilgan amaliyotlarni kuchaytirmoqda.

Inson huqulari himoyachilari mahalliy va markaziy nashrlarni migrantlarning salbiy bo‘yoqda ko‘rsatish kampaniyasini olib borayotganlikda ayblaydi.

Migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra qolgan jinoyatlar bilan solishgtirganda ozchilikni tashkil qilsada, matbuot migrantlarning jinoyati haqidagi xabarlar bilan to‘lib toshgani aytiladi.