"Ba‘zi britanlarning hatto ovqatlarini isitishga qurbi yetmayapti"

Britaniyada salqin tushishi bilan, eng yirik energiya shirkatlari narxlarni oshirgani ko‘pchilikni norozi qilmoqda. Britanlar odatda gaz narxlari va poyezd chiptalari narxlarining mamlakatdagi iqtisodiy ahvolga noproportsional ravishda ko‘tarilishidan shikoyat qiladilar.

Seshanba kuni Britaniyadagi oltita eng yirik energiya shirkatlarining rahbarlari nima uchun gaz va elektr quvvati uchun narxlar o‘rtacha hisobda 9 foizga ko‘tarilgani haqida parlament qo‘mitasi tomonidan so‘roq qilindilar.

Ulardan to‘rttasi narxlar oshishiga ulgurji narxlarning oshgani sabab bo‘lganini aytishgan. Biroq, matbuotda chop qilinayotgan maqolalarga binoan, bu shirkatlar narxlarni oshirish orqali millionlab dollar foyda ko‘rayotganlarini yashirishmaydi.

Gardian gazetasida chop qilingan maqola "Ba‘zi britanlarning hatto ovqatlarini isitishga qurbi yetmayapti. Uyat bormi bizda?" deya nomlanadi.

Uning muallifi Jak Monroning yozishicha, Britaniyaning Koventri shahrida qashshoq odamlar tekinga berilgan tunuka idishlardagi ovqatlarni qaytarib xayriya markaziga olib kelishayapti, chunki bu ovqatni isitish uchun zarur bo‘lgan energiyaga ularning puli yetmaydi.

"Parlamentda chiqish qilgan oltita yirik rahbar hech qachon energiyaga pul to‘lay olmasdan muzlatgichlarini o‘chirib qo‘ymagan bo‘lsalar kerak, yoki kechqurun kichkina farzandlarini qavat-qavat jemperga o‘ramagan bo‘lsalar kerak", - deb yozadi Monro xonim.

Maqola muallifi yaqin o‘tmishda bu qiyinchiliklarni shaxsan o‘z boshidan kechirganini tasvirlaydi.

"Hali yaqin-yaqinlarda men eshigimga orqamni tirab olib, bolamni og‘zini yopib miq etmasdan o‘tirgandim, eshigimga esa bir erkak mushti bilan dursillab urardi. Men Yeon(energiya shirkati)ga elektr uchun 390 funt qarz edim, ular esa "bilamiz, ichkaridasan!" deb baqirishardi. Har kuni ogohlantirishlar to‘la maktublar kelardi, men esa pulim yo‘qligini ularga qayta-qayta aytardim".

Uning aytishicha, o‘g‘ilchasi bilan xaftasiga 10 funt(16 dollar)ga kun ko‘rgan. Davlatdan imtiyozli yordam olish harakatlarida qayta-qayta xato qilgani uchun, hech vaqo olmagan.

"Rojdestvo kunida bolam yana muzlab yotgan uyda televizorsiz, sovg‘asiz va ovqatsiz o‘tirmasin deb sobiq erimnikiga jo‘natgandim. Isitgichlarni yoqmasdim ham, oshxonam eng iliqroq xona bo‘lgani uchun shu yerga kirib uxlardim. Ba‘zi kunlari deyarli karavotimdan turmasdan, ko‘rpaga o‘ranib olib, kompyuyetrda to‘g‘ri kelgan har qanday ishga ariza yo‘llaganman, bolam esa yonimda o‘ynab o‘tirardi".

Muallif energiya to‘lovlarini to‘lashga qurbi yetmay, bir yarim yil qiyinchilikda yashaganini tasvirlaydi.

"Iloji boricha kam gaz va elektr quvvatini ishlatish uchun juda tez ovqat pishirardim. Dahlizdagi lampani sug‘urib olgandim, hech nimani tokka tiqmasdim. Bora-bora muzlatgichni ham o‘chirdim, baribir bo‘m-bo‘sh edi. Ertalab esa juda tez, muzdek suvda cho‘milib o‘zimni shokka tushirardim, haftasiga ikki marta choynakda suv qaynatib bolamni cho‘miltirardim".

Monro xonimga ko‘ra, u ish topishi uchun o‘ta zarur bo‘lgan telefoni va kompyuteri batareyasini to‘ldirib olish uchun kunlab qahvaxonalarda o‘tirgan. U bugun ham ko‘plab britanlar uchun bu ahvol davom etayotganini va hatto yanada og‘irlashib borayotganini aytadi.

U bir necha hafta Britaniya g‘arbidagi Bristol shahrida qator yosh onalar bilan uchrashgan va ular energiya narxlarining oshishi ko‘plab oilalarni falajlab qo‘yayotganini so‘zlab berganlar.

Britan matbuotida issiqlik va elektr uchun pul to‘lashga qurbi yetmay qolgan nafaqaxo‘rlarning kun bo‘yi issiq shahar avtobuslarida o‘tirishlari, yoki kutubxonalarda jon saqlayotganlari yoritilgan.

"Britaniya qanday farovon, nufuzli mamlakat ekanini qayta-qayta eshitamiz. Lekin, favqulodda yordamga muhtoj odamlar tunuka idishdan sovuq no‘xot yoyayotganidan, yoki uni qizdira olmay, xayriya tashkilotiga qaytarayotganidan uyalmaymizmi?" - deb so‘raydi Jak Monro.

Your contact details
Disclaimer