O‘zbekistonda Gulnora Karimovaga tegishli hisoblar muzlatilgan

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakat huquq-tartibot organlari Gulnora Karimova boshchiligidagi Fond Forum faoliyati va unga bog‘liq tashkilotlar ustidan tekshiruv boshlashgan.

Toshkentda joylashgan xususiy ochiq aktsiyadorlik tijorat Invest Finance bankdagi Fond Forumning hisoblari, Terragroup, "Dom stilya" va Gulnora Karimovaning rasmiy ofisiga tegishli barcha hisoblar muzlatilgan.

BBCning Fond Forum o‘z faoliyatini to‘xtatgani borasidagi taxminlar qanchalik haqiqatga yaqin ekani borasidagi savoliga, Toshkentdagi manba‘lar hisoblari muzlatilgani bois Fond Forum hozirda faoliyat yurgizmayotganini aytishgan. Fond Forum esa, sukut saqlamoqda, garchi uning websahifasi hanuzgacha faol qolmoqda.

Twitterda Fond forum nomidan yozishmalar davom etayapti, biroq tekshiruv ochilgani borasida birorta ham xabar berilmagan.

Boshlangan tekshiruvdan ayon bo‘lishicha, Gulnora Karimovaning ofisi va Fond Forum alohida-alohida binolarda joylashgan va ularning moliyaviy faoliyati ham bir-biridan ayri holda olib borilgan.

Ofis hisob-kitoblari uchun mas‘ulning Qozog‘istondagi qarindoshlari undan bir necha oydirki hech qanday xabar yo‘qligi va uning qayerda ekanligi noma‘lum qolayotgani borasida xavotirlarini bildirishgan. Manba‘larimizning aytishlaricha, u hozirda Toshkentda uy qamog‘ida ushlab turilibdi.

Tekshiruv chog‘ida mazkur Invest Finance bankida bir necha kichik-kichik hisoblar ochilgani aniqlangan, hisoblar egalari Karimovaning tor doirasiga kirgan shaxslar bo‘lgan.

Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan guruhdan boshqa insonlarga nisbatan ham dalillar yig‘ilayotgani manba‘larimiz tomonidan tasdiqlandi. Mazkur insonlar tarafidan pullar maqsadsiz yo‘lda ishlatilganmi-yo‘qmi degan masala tekshirilmoqda.

Hisoblardagi mablag‘lar ham chet eldan hamda mahalliy manbalar, jumladan tadbirkorlardan kelib tushgan. Ular, bildirilishicha, shu yo‘l orqali Fond Forum xayriya tadbirlariga homiylik qilishgan.

Tushgan mablag‘lar, manba‘larimizning aytishicha, juda katta - yiliga bir necha million dollarni tashkil qilgan. Mazkur mablag‘lar Gulnora Karimovaning yaqin odamlari tomonidan naqd pulga almashtirilib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatilganiga oid gumonlar ham tekshirilmoqda.