Britaniya shariatga mos moliya yuritmoqchi

Image copyright Getty
Image caption London moliya olamida shariatga mos ish yuritish keng yo‘lga qo‘yilmoqchi

Britaniya bosh vaziri Devid Kameron har vaqt "jahon bilan birga qadam tashlash" zarurligini uqdirib keladi.

Mana endi dunyoning badavlat musulmon sarmoyadorlari mablag‘laridan o‘z davlati naf ko‘rish yo‘lida shariatga mos moliya yuritish qonun-qoidalarini ham qabul qilmoqchi.

Hozir aksar musulmonlar yashovchi Yaqin Sharqda puldor sarmoyachilar ko‘p. Biroq ular shariat qonun-qoidalarini buzmasdan tijorat yuritib, foyda ko‘rishni istashadi.

G‘arbdagi mavjud bank va moliya tizimidagi ustama foizdan foyda ko‘rish yoki sudxo‘rlik esa Islomda harom qilingan.

E‘tiqodga tayangan ayni amallar global tijorat yuritishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin.

Katta miqdorda pul va ulkan tijoriy manfaatlar turgan joyda esa qaysidir tarafning murosasi ana shu tijorat kelajagini ta‘minlaydi.

Xullas, Britaniya bu o‘rinda diniy farqlar va yoki ayrim norozi ovozlar ehtimoliga qaramasdan, shariatga mos bank tizimini keng yo‘lga qo‘yishga chog‘lanayotgan ilk g‘ayrimusulmon davlat bo‘lmoqda.

Iilk bosqichda Britaniya 300 million dollarga teng Islomiy qimmatbaho qog‘oz yoki sukuk chiqaradi. Bu Islomiy qimmatbaho qog‘ozlar yoki sukuklar kelasi yildan chiqarila boshlanadi.

"London birjasi Shariatga mos ish yurituvchi shirkatlar uchun maxsus ko‘rsatkichlarni yo‘lga qo‘yishi ham e‘lon etiladi" - deydi Britaniya g‘aznasidan vazir Sojid Jovid.

"Devid Kameronning umid qilishicha, Britaniya shariatga mos moliya tizimini yo‘lga qo‘yib, Islomiy bank sohasida dunyoning yetakchi nuqtasiga aylanadi va ko‘plab xorijiy sarmoyadorlarni jalb eta boshlaydi".

Bu safargi Jahon Islomiy Iqtisodiyot Forumi ham Londonda o‘tmoqda va shu asno Britaniya ayni forumga mezbonlik qilayotgan ilk nomusulmon davlati bo‘layotir.

So‘nggi yillari qator musulmon mamlakatlarida kuzatilayotgan iqtisodiy o‘sish va Yaqin Sharq davlatlarining tabiiy zaxiralarga boyligi bois ko‘plab mamlakatlar hamda yirik shirkatlar Islomiy bank tizimiga mos ishlashga majbur bo‘lishlari mumkin.

Malayziya, Indoneziya va Turkiya kabi dunyoviy musulmon o‘lkalarida allaqachon shar‘iy moliya tizimini qo‘llash yo‘lida ilk qadamlar qo‘yilmoqda. Aftidan, endilikda ayrim g‘ayrimusulmon mamlakatlar ham moliya sohasida shariat qonun-qoidalarini qabul qila boshlashlari mumkin.