Rossiyalik qo‘shiqchi Grigoriy Leps G‘afur Rahimovga qanchalik aloqador?

Image copyright RIA Novosti
Image caption AQSh Moliya vazirligi Grigoriy Lepsni G‘afur Rahimovga bog‘liq jinoiy guruhlardan biriga kurer sifatida yordam berganlikda gumon qilmoqda

Rossiyalik mashhur qo‘shiqchi Grigoriy Leps AQShda istalmagan shaxsga aylangan.

AQSh Moliya vazirligi Grigoriy Lepsni jinoiy guruhlardan biriga kurer sifatida yordam berganlikda gumon qilmoqda.

Qo‘shma Shtatlar yana olti kishiga va to‘rt shirkatga nisbatan sanktsiya chiqargan. Amerika hukumati manbalariga ko‘ra, "Birodarlar doirasi" nomini olgan guruh "evroosiyo jinoiy sindikati"ni namoyon etadi.

Bu guruh orasida Rossiyaning hozirda eng mashhur qo‘shiqchilaridan Grigoriy Leps (haqiqiy familiyasi Lepsveridze) ham bor.

Moliya vazirligining matbuot xizmati keltirishicha, bu shaxslar Vladislav Leontev va G‘afur Rahimov bilan aloqador bo‘lib, AQSh hukumati ularni "Birodarlar doirasi"ning nufuzli a‘zolari deb biladi. Bu ikki shaxs 2012 yil 23 fevralda Amerikaning taqiqiga duch kelgan edi.

Endigi sanktsiyalar "Leontev va Rahimovga ishlaydigan Ovro‘po, Osiyo va Yaqin Sharqdagi jismoniy shaxslar va shirkatlar"ga qaratilgan. Moliya vazirligida tuzilgan ro‘yxatda "Birodarlar doirasi"ning hamkorlari 28 kishini tashkil qiladi.

Ularga AQShga safar qilishlariga yo‘l qo‘yilmaydi, shuningdek Amerika fuqarolarining ular bilan kelishuvlari taqiqlanadi.

Qo‘shiqchi Lepsning manfaatlarini himoya qiladigan vakillar unga qo‘yilgan ayblovlarni bema‘ni, absurd deb atagan.

Leps - "pul yetkazuvchi"

Janob Leps Amerika rasmiylari tomonidan jinoyat olami vakili Leontev uchun mablag‘larni tashigani gumon qilinmoqda.

Image copyright none
Image caption O‘zbekistonlik G‘afur Rahimov 2012 yil 23 fevralda Amerikaning taqiqiga duch kelgan edi

AQShga ko‘ra, "Birodarlar doirasi" besh transmilliy jinoiy guruhlardan biri hisoblanadi. Undan tashqari Italiyaning "Kamorra", Yaponiyaning Yakudza, Meksikaning "Los Vetas" va Lotin Amerikasining MS-13 guruhlari shunday jinoiy guruhlar qatorida ko‘riladi.

Grigoriy Lepsning vakili Mayya Serikovaning RIA Novostiga aytishicha, ilgari surilgan ayblovlar aynan Lepsga tegishli ekani haqida unda dalillar yo‘q.

"Bu murakkab, hamma gapirayotgan AQShdagi janjal bilan bog‘liq shaxs haqiqatdan ham Grigoriy ekanligi haqida javob berish qiyin. Hozir ommaviy axborot vositalarida bu haqda yozilmoqda. Lekin Lepsning o‘ziga rasman hali hech qanday murojaat bo‘lgani yo‘q. Albatta bir tomondan bu kulguli, boshqa tomondan g‘ayritabiiy va kutilmagan", - deydi Mayya Serikova.

Serikova shuningdek, Leps aytilayotganidek Pxuket orolida yashamasligiga ta‘kidlagan.

"U Moskva markazida yashaydi va hech qayoqqa ketmoqchi emas. U Rossiyaning qonunga rioya qiluvchi fuqarosi. Shuningdek uning Amerikada mol-mulki va hisob raqamlari yo‘q. Buning hammasi o‘ylab chiqarilgan", - deydi xonandaning matbuot vakili.

AQSh Moliya vazirligi bildirishicha, "Birodarlar doirasi"- "bu asosiy boshqaruvchilar va bir necha Ovroosiyo jinoiy guruhlari yetakchi a‘zolaridan tashkil topgan birlashma bo‘lib, asosan sobiq Ittifoq mamlakatlarida joylashgan, biroq Ovro‘po, Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasi hududida bemalol faoliyat yurg‘izadi."Birodarlar doirasi" bunda asosiy yo‘naltiruvchi tashkilot vazifasini bajarib, jinoiy guruhlar orasida bahsli masalalarni yechadi va butun dunyoga o‘zining vakillarini jo‘natib keladi".

Grigoriy Leps Forbs jurnalining 2013 yil reytingida rossiyalik badavlat qo‘shiqchilar orasida ikkinchi o‘rinni egallagan. Uning 2012 yilda daromadi 15 million dollarni tashkil qilgan, deyiladi jurnal xabarida.

AQSh Moliya vazirligi ta‘kidlashicha, Vladislav Leontev turli jinoiy faoliyatga, xususan giyohvand moddalar savdosiga aloqadordir. "U bu borada nazoratni qo‘lga olish maqsadida turli hududlarda otishmalarda ham ishtirok etgan".

Leontev va Raximovga aloqador shaxslar ro‘yxatida jumladan quyidagilar bor:

- Rossiya fuqarosi, ayni paytda Dubayda yashovchi Vadim Mixaylovich Lyalin, u Leontevga xizmat qiladi, deb ishoniladi.

- Grigoriy Leps - Rossiya fuqarosi Grigoriy Lepsveridze, ro‘yxatda uni "Grisha" deb ham atashgan. AQSh rasmiylari Leps 1962 yil 12 iyulda Sochida tug‘ilgani, asosan Tailandning Pxuket orolida istiqomat qilishi va Leontevga pul tashib turgan, deb gumon qiladi.

Rossiya fuqarosi Shlik laqabi bilan Igor Leonidovich Shlykov Leontevga hujjatlarni keltirgan va Afrikadagi tijoratni boshqarishda yordamlashgani aytiladi.

Ro‘yxatda Gurgen House FZCO shirkati bo‘lib, Lazar Shaybazyanga tegishli ekani aytiladi. Shirkatning Birlashgan Amir Amirliklari, O‘zbekiston va Rossiyada bo‘limlari bo‘lgan.

AQSh Moliya vazirligining sanktsiyasiga tushgan o‘zbekistonlik G‘afur Rahimov Markaziy Osiyodagi giyohvand moddalar savdosiga ishtisoslashgan jinoiy guruhga aloqador ko‘riladi. Amerika hukumati G‘afur Rahimovni "geroin savdosi bilan shug‘ullanadigan yirik xalqaro narkosindikatlarga rahbarlik qilgan".

Raximov bilan aloqador Lyutsernda yashovchi O‘zbekiston fuqarosi Sergey Moskalenko, va isroillik Yakov Rybalskiy ham taqiqqa uchragan.

Shuningdek Artur Badalyan va uning dubaydagi Fasten Tourism LLC shirkati ham jinoiy guruhga aloqador ko‘rilmoqda. "Birodarlar doirasi"ning nufuzli a‘zolari undan pul tashish va sayohatlarni tashkillashtirish uchun foydalangan.