Suriyada kimyoviy qurol ishlab chiqarish manbalari yakson qilindi

Image copyright AFP

Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotiga ko‘ra, Suriyada kimyoviy qurol ishlab chiqarish zavodlari deyarli yaroqsiz holga keltirilgan.

Xalqaro tashkilot keltirgan hisobotda aytilishicha, mutaxassislar Suriyadagi 23 zavoddan 21 tasini tekshirib ulgurganlar.

Kimyoviy snaryadlar va zaharli moddalarning asosiy qismi yo‘q qilingan.

Mutaxassislarning bildirishicha, qolgan ikki ob‘ektda tekshirish o‘tkazish juda xavfliligi bois olib borilayotgan ishlar 2014 yilning o‘rtalarigacha davom etadi.

Biroq u zavodlardagi kimyoviy qurol vositalari tekshirilmoqda.

Ishlab chiqarilgan qirg‘in qurollarining zahiralarini to‘liq tugatilishi uchun fursat lozimligi aytilgan.

Birinchi noyabrda Suriya hukumatiga qo‘yilgan kimyoviy qurollarni xalqaro kuzatuvga topshirish muddati nihoyasiga yetadi.

Rasmiy Damashq Rossiya vositachiligida o‘zidagi ommaviy qirg‘in qurollarini tugatish yoki keraksiz holga keltirish talabiga rozi bo‘lgan edi.

Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti manbasi ham Associated Press agentligiga Suriyadagi qirg‘in qurollari ishlab chiqaradigan uskunalarning yakson qilinganini tasdiqlagan.