O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha vakili Akmal Saidov BMT minbarida baqirdi

Image caption Majlis ishtirokchilari yuqori martabali o‘zbek diplomatining o‘zini tutishidan larzaga kelganliklarini aytishmoqda

Davlat rahbarlarining BMTning yuksak minbaridan turib baqirishlari noodatiy hol emas. Ammo diplomatlarning jazavaga tushishlari kamdan-kam sodir bo‘ladigan hodisa.

O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha bosh muzokarachisi Akmal Saidov 30 oktyabr, tushdan so‘ng Jenevada o‘zini so‘roqqa tutgan Birlashgan Millatlarning Qiynoqlarga qarshi qo‘mita a‘zolariga baqirgan va stolni mushtlash bilan javob bergan.

Majlis ishtirokchilari yuqori martabali o‘zbek diplomatining o‘zini tutishidan larzaga kelganliklarini aytishmoqda. Majlisda ishtirok etgan Human Rights Watch tashkiloti vakili Stiv Sverdlovning aytishicha, janob Saidov qiynoqlar bilan bog‘liq konkret savollarni javobsiz qoldirgan.

Stiv Sverdlov: O‘zbekiston hukumat hay‘ati real odamlarning qiynoqqa solingani haqidagi juda ham jiddiy, aniq va batafsil savollarga baqirib-chaqirish bilan javob qaytardi. Bu bizni larzaga soldi, ammo hayratga solgani yo‘q. Ular qiynoqlar bo‘yicha mustaqil, xalqaro ekspertlar oldida o‘z dalillarini aytish imkoniga ega edilar. Ammo buni tomoshaga aylantirishdi. Qiynoqlarga qarshi qo‘mita o‘zbek mulozimlaridan siyosiy mahbuslar, jumladan, qamoqdagi huquq faollari qiynoqqa solinmagan, degan da‘volarini aniq dalillar bilan isbotlashni so‘radi. Ammo hukumat hay‘ati aniq dalillarni taqdim etish o‘rniga qo‘mita a‘zolarini haqoratladi va majlisni siyosiylashtirishga urindi va qiynoqlarning mavjudligini rad qilishda davom etdi.

BBC: Qo‘mita o‘zbek mulozimlaridan Jasliq qamoqxonasining nima uchun yopilmagani va qiynoq da‘volarining nega tekshirilmayotgani singari aniq savollarni so‘ragan. Ularning javoblari qanday bo‘ldi?

Stiv Sverdlov: Jasliq qamoqxonasini yopish qiynoqlarga qarshi qo‘mitaning uzoq vaqtdan buyon tavsiya etib kelayotgan choralaridan biridir. Bu BMT Qiynoqlarga qarshi maxsus ma‘ruzachisining 2002 yilda bergan tavsiyalari orasida ham bor edi. Ammo o‘zbek hukumat hay‘ati rahbari Akmal Saidovning bunga javobini javob emas, balki ayblov deb aytgan bo‘lardim. Janob Saidov Qiynoqlarga qarshi qo‘mita O‘zbekistonga qanday yashash kerakligini o‘rgatmasligi kerak, qabilida javob qaytardi. Uning aytishicha, Jasliq qamoqxonasidagi muammo faqat ob-havo, iqlim sharoitlari bilan bog‘liq, xolos. U xalqaro ekspertlarning Jasliqqa haddan ziyod e‘tibor qaratishlaridan norozilik bildirdi. Ammo u yerdagi mahbuslar, jumladan, inson huquqlari faoli A‘zam Farmonovning ning qiynoqqa solingani haqidagi xabarlarning birontasiga ham javob qaytargani yo‘q.

BBC: Janob Saidovning qo‘mita a‘zolariga baqirib-chaqirishini qanday baholagan bo‘lardingiz?

Stiv Sverdlov: Bu o‘zbek hukumati o‘zining xalqaro majburiyatlari borasida tanlagan strategiyasi, falsafasini oshkor qilib qo‘ydi. Janob Saidov qiynoqlar borasida dunyodagi eng yetakchi ekspertlarni o‘z ichiga olgan BMT qo‘mitasini jiddiy qabul qilish, ularga professional muomala qilish o‘rniga juda ham tajovuzkor bir mavqe‘ni egalladi va o‘shqira ketdi. Ishonchim komilki, uning baqir-chaqirlarini mamlakat ichkarisidagi o‘zbeklar ko‘rishganida, ularning ham hafsalalari pir bo‘lgan bo‘lur edi. Nufuzli bir tashkilotning minbaridan turib, jazava qilish muammoni hal qilmaydi, qaytaga O‘zbekistonning xalqaro nufuziga juda katta zarar yetkazadi. Menimcha, hukumat hay‘ati qo‘mitani qiynoqlar haqidagi aniq faktlardan chalg‘itish maqsadida o‘zini shunday tutdi, ammo bu ish bergani yo‘q.