AQSh josuslari ma‘lumotni qanday to‘plashadi?

Edvard Snouden oshkor qilgan hujjatlar AQSh hukumati dunyo bo‘ylab o‘ta yirik ayg‘oqchilik amaliyotlarini olib borgani va hatto o‘z ittifoqchilarini yashirincha nazorat qilganiga ishora qiladi.

Bu da‘volar ortidan AQSh Senatining razvedka qo‘mitasi mamlakatning eng yirik josuslik tashkiloti - NSA, ya‘ni Milliy Xavfsizlik Agentligi(MXA)ning ma‘lumot yig‘ish usullarini qayta ko‘rib chiqishga bel bog‘lagan.

Demak, fosh etilgan hujjatlarga qaralsa, xavfsizlik agentligi qo‘llayotgan eng asosiy usullar qanday?

1. Internet shirkatlarining ma‘lumotlar bazasiga kirib olish

Iyunda fosh qilingan hujjatlar MXA eng yirik texnologiya shirkatlariga "orqa eshik"dan kira olishini namoyon qildi. Ayon bo‘lishicha, MXA to‘qqizta eng yirik internet shirkatlari, jumladan Facebook, Google, Microsoft va Yahoo shirkatlarining serverlariga kira olgan, va "Prizm" nomli kuzatuv dasturi doirasida internetdagi yozishmalarni nazorat qila olgan.

Hujjatlar da‘vo qilishicha, MXA va uning Britaniyadagi sherigi GCHQ Hukumat Muloqot Qarorgohi (HMQ) elektronik pochta, chatrumlar, databazalar, ovozli muloqot, fayllar almashinuvi va ijtimoiy muloqot saytlaridagi ma‘lumotlarga kira olgan.

Biroq, internet shirkatlari xavfsizlik agentliklariga o‘z serverlariga "bevosita kirish" ruxsatini berganlarini rad etishdi.

Ba‘zi ekspertlar "Prizm"ning asl qudratini ham savol ostiga olishdi.

Shunday ekspertlardan biri Professor Piter Sommerning BBCga aytishicha, bu "orqa eshik" emas, balki "darcha" bo‘lgan, chunki xavfsizlik agentliklari hamma haqida yoppasiga ma‘lumot yig‘magan, balki muayyan nishonlar borasida ma‘lumot yiqqan.

2. Fibr tolali kabellarni nazorat qilish

Iyunda HMQdan sirqib chiqqan hujjatlar Gardian gazetasida chop qilindi. Ularga ko‘ra, Britaniya dunyo bo‘ylab muloqotlarni yetkazib beruvchi fibr tolali kabellarni nazorat qilgan, hamda olingan ma‘lumotni o‘z amerikalik sherigi MXAga bergan.

Hujjatlardan ayon bo‘lishicha, HMQ 200ta fibr tolali kabellarni nazorat qilgan va bu bilan kuniga 600 millionta muloqotni kuzatish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Da‘vo qilinishicha, internet va telefonlardan olingan ma‘lumot 30 kun davomida saqlangan va tahlil qilingan.

HMQ da‘volar bo‘yicha sharh berishdan bosh tortdi, biroq hech qanday qonunni buzmaganini aytdi.

Oktyabr oyida esa Italiyaning L'Espresso haftaligi HMQ va MXA terminallari Italiyada joylashgan uchta dengizosti kabellarini nishonga olgani va bu bilan tijoriy, hamda harbiy ma‘lumotlarni yashirin nazorat qilganini yozdi.

Sitsiliyada joylashgan uchta kabel SeaMeWe3, SeaMeWe4 va Flag Europe-Asia deb nomlangan.

So‘ngra, oktyabr oxirida, Vashington Post MXA Google va Yahoo shirkatlariga tegishli serverlarni bog‘laydigan fibr tolali kabellar va boshqa tarmoq jihozlariga xakerlik bilan kirib olganini xabar qildi.

Hujjatlardan ayon bo‘lishicha, agentlik metadatalarni yashirincha yozib olib, kim va qachon elektron maktub yo‘llagani, kim qanday SMS, audio va video yo‘llaganini tekshirgan. MXA bunda ham britan sherigi HMQ bilan hamkorlik qilgan.

3. Telefonlarni eshitish

Oktyabrda Olmoniya matbuoti AQSh Olmoniya Kantsleri Angela Merkelning telefonini o‘n yildan oshiq eshitib kelgani va atigi bir necha oy avval buni to‘xtatganini xabar qildi.

Der Shpigel jurnali Edvard Snouden fosh qilgan hujjatlardan iqtibos keltirib, AQSh Merkelning telefonini 2002 yildan beri eshitib kelayotganini yozdi.

Da‘vo qilinishicha, AQShning eshitgichlari Berlindagi elchixonadan boshqarilgan, va dunyoning yana 80ta joyida shunga o‘xshash eshitgichlar amal qilgan.

Tergovchi jurnalist Dankan Kempbellning izohlashicha, rasmiy idoralar binolarining derazasiz devorlari aslida "radio derazalari"dir. Bu "derazalar" maxsus materialdan ishlangan bo‘lib, ichkarida joylashgan jihozlarga radio signallarni yetkazib beradi.

Image caption Olmon matbuoti AQSh elchixonasining derazasiz xonasi suratini chop qildi

Der Shpigel nima uchun Merkel xonim telefonlari kuzatilgani ayon bo‘lmaganini yozdi.

Keyinroq chop qilingan maqolalarda aytilishicha, Merkel xonimning ikkita telefoni eshitib borilgan - biri partiya masalalari uchun ajratilgan va himoya qilinmagan telefon, ikkinchisi esa hukumat masalalari uchun ajratilgan va himoyalangan telefon bo‘lgan.

Kantsler Merkelning telefonidan tashqari, olmon va frantsuz fuqarolarining telefon suhbatlari eshitilgani, hamda Meksika va Braziliya prezidentlarining elektron maktublari va telefon suhbatlari kuzatilgani da‘vo qilinadi.

Edvard Snoudendagi ma‘lumotga ko‘ra, jahondagi 35 nafar davlat rahbarining telefonlariga quloq solingan.

Nishonli razvedka

Der Shpigel jurnali chop qilgan da‘volarga ko‘ra, MXA, shuningdek, Ovro‘po va AQShda joylashgan Ovro‘po Ittifoqi idoralari ustidan ham razvedka olib borgan.

Maqola Ovro‘po Ittifoqining Vashingtondagi ichki kompyuterlari va BMTdagi idoralar yashirinib kuzatib borilganini da‘vo qiladi.

Shuningdek, MXA Bryusseldagi Ovro‘po Ittifoqining vazirlar kengashi va Ovro‘po Kengashi idoralaridagi muloqot eshitib borilgani aytiladi.

Iyulda Gardian chop qilgan ma‘lumotga ko‘ra, hammasi bo‘lib 38ta elchixona AQSh josuslarining nishoni bo‘lgan.

Bu nishonlar orasida Frantsiya, Italiya, Yunoniston, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindiston vakolatxonalari bo‘lgan.

Hujjatlardan ayon bo‘lishicha, razvedka usullariga qo‘ng‘izsimon jihozlar, maxsus antennalar va kabellar kirgan.

Your contact details
Disclaimer