London ajoyibotlari: kenguru tennis maydonida topilgan

Image caption London ajoyibotlari: kenguru tennis maydonida topilgan

Shimoliy Londonni sarosimaga keltirgan kenguru axir Kentish Taundagi tennis maydonchasida ushlangan.

Avvaliga hayvonlarni himoya etish tashkilotiga kimdir telefon qilib, York Rayz ko‘chasida "katta hayvon hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilyapti", deb shikoyatlangan.

Keyin bir to‘p odam hayvonni qurshovga olib uni tennis maydonchasida qo‘lga tushirishgan. Bundan so‘ng Hayvonlarni himoya etish tashkiloti vakili uni tennis to‘riga o‘rab olgan.

Bu kenguru dastlab Xamsted Xit mavzesida ikki hafta avval ko‘zga tushgan, so‘ng uni Haygeyt qabristonida ko‘rishgan.

Hayvonlarni himoya etish tashkiloti xodimi avvaliga bu hayvonni ulkan quyon deb bilgan, biroq kenguru ekanligini ko‘rgach, atrofdagi insonlarni hayvonning kuchli tuyoqlaridan asrash uchun uni tennis to‘ri bilan o‘ragan.