Sahroi Kabirda tirik qolgan qiz: "Men oilamni o‘z qo‘lim bilan ko‘mdim"

Image copyright AP
Image caption Muhojirlar topilgan joylarida dafn qilinganlar

Mehnat muhojiri bo‘lgan 92 ta insonning jasadi Nigerning shimolida Sahroi Kabir cho‘llarida payshanba kuni topilgan.

Ular o‘tirgan avtomashina cho‘lning o‘rtasida Jazoirga boradigan yo‘lda buzilib qolgach, muhojirlar suvsizlikdan halok bo‘lishgan.

Tirik qolganlardan biri 14 yashar Shafa BBCga o‘zining tarixini gapirib bergan.

"Biz qarindoshlarimizni ko‘rish uchun Jazoirga qarab yo‘lga chiqdik. Ikki avtomashinada 100 dan ortiq odam bor edi. Biz o‘tirgan mashina buzilib qoldi. Uni to‘g‘irlash uchun kun bo‘yi vaqt ketdi. Bu vaqtda biz suv qidira boshladik.

Biz suv topdik, lekin u juda kam edi. Odamlardan biri quduqqa osilib tushib, ozroq suv tortib oldi. Boshqalar esa yana suv qidirishga ketishdi.

Haydovchilar bizga kutishni aytishdi, lekin ko‘pchilik tunda suv qidirishga ketishdi, lekin ertasiga qaytib kelishmadi.

Keyin odamlar o‘la boshlashdi. Bizning qatorimizdagi yana 15 ta kishi ikkinchi kun suvsizlikdan vafot etdi.

O‘liklar mashinaga ortildi. Allohga shukrki, ertasi kuni ikkinchi mashina ozroq suv bilan qaytib keldi.

Biz Jazoir xavfsizlik xizmati xodimlarini ko‘rdik, lekin haydovchilar mashinani boshqa tomonga haydashdi- chunki ular odamlarni noqonuniy olib ketishayotgandi.

Ular bizdan ichkariga yashirinishni so‘rashdi. Biz u yerda yana bir tunni o‘tkazdik - shunday qilib uch kun suvsiz qoldik.

Bir ayol shikoyat qilishni boshlagan edi, haydovchilar bizni tinchitish uchun ura boshladi.

Ko‘p ayol va bolalar o‘ldi. Haydovchilarda ozroq suv bor edi, lekin uni o‘zlari uchun saqlab qo‘yishdi.

"Men oilamni ko‘mdim"

Image caption "Yo‘lda kelayotgan mashinalardan biri hatto uch kishini bosib ketdi va ular o‘ldi"

Bizni Nigerga olib ketishdi. Bizdagi suv butunlay tugadi. Biz och va o‘liklar orasida o‘tarar edik.

Biz Nigerga borganda haydovchilar jasadlarni ko‘mish uchun olib tushishdi. O‘lgan ayollarni oldin, ularning ustidan bolalarini qo‘yib ko‘mishdi.

Qimirlashga kuchi yetayotganlar bizni yana ortimizga qaytarib olib ketishlari mumkinligini aytishdi. Yo‘lda benzinimiz ham tugadi, haydovchilar bizdan benzin sotib olish uchun pul so‘rashdi.

Ular benzin sotib olishga ketishdi, lekin qaytib kelishmadi.

Biz yurishga ahd qilishdan oldin cho‘lu biyobonda ovqatsiz, suvsiz yana ikki kun kutib o‘tirdik.

Ba‘zi mashinalar oldimizdan o‘tganda to‘xtatishga urindik, lekin hech kim to‘xtamadi. Bitta mashina esa guruhimizdagi uch kishini bosib, o‘ldirdi.

U paytda biz sakkiz kishi qolgan edik. Mening onam va singlim ham ular orasida edi. Biz holdan toyib bir daraxt tagiga o‘tirdik, shunda mening singlim vafot etdi. Biz uni o‘sha yerga ko‘mdik.

Shundan so‘ng biz yana yo‘limizda davom etdik. Uchinchi kun onam hayotdan ko‘z yumdi. Men ularning hammasini o‘zim ko‘mdim.

Oldimdan o‘tgan mashinalardan birortasi ham to‘xtab, meni olib ketmas edi.

Bir qancha vaqtdan so‘ng bir daraxt ko‘rindi, men uning soyasiga o‘tirdim, men umidimni uzgan edim... Keyin bir mashina men tomonga yaqinlasha boshladi.

Men ustki ko‘ylagimni yechib, jon holatda silkita boshladim. U to‘xtadi va nima bo‘lganini so‘radi. Men unga hammasini gapirib berdim. Ular menga ozroq sut, so‘ngra suv va guruchlik non berishdi.

Men ozroq yedim, lekin boshqa kuchim yetmadi. Ular menga choy berishdi.

Nihoyat biz Arlitga yetib bordik, u yerda men bobomni ko‘rdim.

Hozir shu yerdaman - mening otam allaqachon o‘tib ketgan, mana endi onamdan ham ajraldim, mening opam ham, singlim ham, ukalarim ham yo‘q.

Men xolam bilan yashayapman. Aytishdiki, yo‘lga chiqqan 100 kishi orasidan men, kichik bir qizcha va 18 ta erkak tirik qolibdi xolos".

Sahroi Kabir orqali muhojirlik yo‘nalishi

Image copyright BBC World Service