"Qozoq o‘smirlari orasida o‘zini o‘ldirish hollari keskin oshgan"

Image copyright Reuters
Image caption Bu yil avj olgan suitsid hollari deyarli bir hil rusumda amalga oshirilgan

Qozog‘iston rasmiylari bu yil mamlakat o‘smirlari orasida yuz bergan o‘z joniga qasd qilish hollarining keskin o‘sishi sabablarini tushunishga urinishmoqda. Yevraziyanet xabar agentligi maqolasiga ko‘ra, parlament a‘zolaridan biri bunga qozoq madaniyatiga yot g‘arb madaniy yo‘nalishlari sabab ekanini aytgan.

Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi a‘zosi Galina Baymaxanova bu hafta o‘smirlar muammolari haqida chiqish qila turib, "pank" va "emo" harakatlari "bizning mentalitetimizga yot", deb aytdi.

Uning aytishicha, "pank" va "emo" harakatlari ruhiy beqaror bo‘lgan o‘smirlarni nishonga oladi, panklar o‘smirlarni g‘azabnok odamlarga aylantiradi, emolar esa ularni ruhiy tushkunlik holatiga tushirib, o‘zini o‘ldirishga undaydi.

Emo harakati pank yo‘nalishidan ajralib chiqqan bo‘lib, o‘ta ehtirosli ohang va she‘riyati bilan ba‘zi yoshlarning ko‘ngliga mos tushadi. Biroq, emolarning o‘zlari faqat qora kiyim kiyishlari va og‘riqli mavzular haqida suhbatlashishni afzal ko‘rishlari ularning depressiyaga botganlarini anglatmasligini aytadilar.

Maqola muallifi Pol Bartletning yozishicha, Qozog‘istonda o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichlari yuqoridir. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining 2011 yilgi hisoboti, Qozog‘istonni uchinchi o‘ringa qo‘ygan. 2008 yilda, masalan, har 100 ming qozog‘istonlikdan 31.06 nafari o‘z joniga qasd qilgan.

Baymaxanova xonim o‘smirlar orasidagi suitsid hollarini to‘xtatish yo‘lida milliy dastur ishlab chiqilishiga chaqirdi va Qozog‘iston bolalari va yoshlarining huquqlarini himoya etish uchun maxsus ombudsman tayinlanishi kerakligini aytdi.

May oyida Olma-otadagi 12 qavatli binoning tepasidan ikki o‘smir o‘zlarini tashlab o‘lishlari Qozog‘istonni larzaga keltirdi. Ularning sinfdoshlariga ko‘ra, ikkovlon birga jon berishni rejalaganlar va suitsidni muhokama qiluvchi internet forumlariga a‘zo bo‘lganlar.

Iyunda esa mamlakat bo‘ylab sakkizta shunday holat takrorlandi. Ulardan biri 17 yoshli olma-otalik qiz o‘limidan avval ijtimoiy muloqot tarmoqlarida o‘z joniga qasd qilish haqida gapirgan.

Sentbrda bir haftaning ichida Aktau shahrida yashagan to‘rt o‘smir birin-ketin o‘zlarini derazalardan uloqtirib halok bo‘lishdi. Bu suitsidlar to‘lqinida juftlar qo‘l ushlagan holda birganlikda sakrab jon berishlari rusumga aylangan.

O‘tgan iyunda chiqish qilgan Psixoanaliz instituti direktori Anna Kudiyarova odamlar boshqalardan o‘rnak olib ayvonlardan sakrab o‘layotganlarini rad etdi.

Lekin, u ham maktab o‘quvchilari orasida psixologik yordam va suitsidni oldini olishga qaratilgan choralar olib borilishiga chaqirdi. Maktablarda o‘z tengdoshlari tomonidan siquvga olinish va oliy ta‘lim oldidan yaxshi baholarni olish bo‘yicha bosimlar yuqori bo‘lib qolayapti.

Your contact details
Disclaimer