Qamoqdagi bitiklar: Mamadali Mahmudov. "Oq gul" - ikkinchi qism

BBC O‘zbek Xizmati atoqli adib Mamadali Mahmudovning qamoqxonada yozilgan turkum asarlarini e‘lon qilishni rejalagan. E‘tiboringizga havola qilinayotgan "Oq gul" romanini adib Chirchiqdagi jazo muassasasida yozib tugatgan.

Evril Turon

[Mamadali Mahmud]

Oq gul

(voqeiy roman)

(Ikkinchi qism)

74

Oqgul dam Bekka, dam menga qarab, ushbu so‘zlarni tiniq mehr bilan aytdi:

– Seni bilmadimu Evril, bu, Chingizxonning ishi... Ko‘nglim shunday deyapti. Chunki u men o‘ylaganimdan ham ortiq jur‘atli. Buni yuragim bilan his etayapman. Yana uning bir xislatini tan olaman: U ishonchli do‘st.

Marvarid kabi Oqgul ham ilk bor uni: "Chingizxon" – deb tilga oldi. "Chingizxon!.." Buni va beg‘ubor maqtovni Oqgulning og‘zidan eshitish Bek uchun chinakam baxt. U o‘z etiga sig‘may sevindi: "Chingizxon!.." Undan buni eshitish qanchalar zavqli!"

Odatda Oqgulni o‘quvchilar, hatto uni ko‘rolmovchi qizlar ham eshitishni istardilar. Uning so‘zlaridan o‘zlaricha ma‘no axtarardilar, ta‘sirlanardilar. U kim bilan muloqotda bo‘lsa ham, o‘ziga ishontirar va sehrlab olardi. Menimcha, unga bu fazilat Tangri tomonidan berilgandi. Hozir Bektemir Oqgulni inkor etishga ojiz qoldi. Qizilchadek qizardi. Ammo: "meni ishim" deyishdan o‘zini tiydi.

Men: "Oqgulda bir ilohiy kuch borday, – dedim ichimda, – uni tanigan kishi bejiz: "O‘zgacha qiz..." deb aytmaydi. Menimcha, hayot Oqgulga o‘xshash insonlar bilan go‘zal. Ular qatoriga Bekni ham qo‘shgim keladi..."

Yana talay misol, masalalar yechdik. "Echdik" deyishim to‘g‘ri bo‘lmas. O‘zi aslida hamma misol, masalalarni bizga Oqgul yechib, tushuntirib berdi. Sodda, oson yo‘llar bilan.

– Ertaga ham qoldiraylik, – dedi Oqgul horg‘in va ma‘yus ohangda, – endi, bir piyoladan choy ichamiz, bolalar.

Men yengil tortdim. Menimcha, Bek bilan Marvarid ham.

Marvarid choy damlab kelish uchun oshxonaga chiqib ketdi. Oqgul bir o‘rim sochini oldiga tashladi. Sedanaday xoli bor yanog‘iga kaftini bosdi va ochiq derazadan tashqariga boqdi. Shunda men uning ko‘zlaridagi tubsiz g‘amni ko‘rdim. U chuqur, juda chuqur ruhiy azobda edi. Men yurak –yuragim bilan his qildim. Unga yordam berolmasligimni o‘ylab, ich –ichimdan ezildim va ojizligimdan nafratlandim. Shu onda Oqgulning borlig‘i larzaga kelayotgan, yarim yumuq kipriklari ho‘l o‘laroq titrayotgan edi – ki, buni uning o‘zi ham sezmasdi. Bundan mening ko‘nglim vayron bo‘ldi. Og‘ir tabiatli Bekning esa ko‘zlaridan yosh oqdi. Mungga, alamga, nafratga g‘arq yosh!..

75

Oqgul vakil maktabda paydo bo‘lguncha, oyday to‘lishib bordi. Keyin qaytayotgan oyday katila* boshladi. Juda ozib ketdi. Buni qo‘rquvdan desam, yanglisharman. Maqsadga erisholmay... desam to‘g‘ri bo‘lar.

U maqsadsiz hayotni puch yong‘oqqa bengzardi. Uni "yolonsuv"*dan ayromas derdi. Ayrim onlarda o‘ziga – o‘zi savol ham berib qolardi:

" – Milliardlar maqsad bilan yashaydilarmi? Yo qorinlari uchunmi?" Oqgul bunga bir aniq javob topolmasdi. Qoshlarini chimirib qo‘yardi.

" – Mening maqsadim bor... – derdi ichida, – shuning uchun ham men bu hayotni ardoqlayman. Bo‘lmasa, u menga : yolonsuv..."

Tungi mudhish hodisadan so‘ng Oqgul tamomila bo‘lmasa ham, qisman umidsizlik o‘rami*ga tushib qoldi.

Agarchi men uni metin irodali, aqlli qizligiga shubha qilmasam ham, "o‘ziga ishonch" degan narsa, ya‘ni qudratda tengsiz narsa undan yuz o‘girayotganini ilg‘agandek bo‘ldim. Yoxud menga shunday tuyuldimi? Bilmadim.

Men o‘z o‘limini oldindan bilish dahshatini – yer yuzida yuz beruvchi dahshatlarning eng dahshatlisi deb o‘ylayman. U tog‘dek odamni ham bukib, bir siqim qilib qo‘yadi. U o‘limning o‘zidan ham dahshatlidir. O‘zini yovuzlarcha o‘ldirib ketishini sezish esa, undan ham ming marta dahshatli.

Bunday o‘limdan Tangrining o‘zi asrasin. Men odamning yuragini siqib, qon etguvchi shu lahzada ich-ichimdan Tangri taologa iltijo qildim.

" – Omongulga umr ber, Yaratgan Egam!"

Ayni shu onda men Bektemirni ham ichida qon yig‘lab, Tangriga yolvorayotganini hali odam urug‘iga noma‘lum, qandoqdir sirli bir kuch vositasida eshitdim:

" – Omongulni o‘z panohingda asragin, Tangrim! Agar iloji bo‘lmasa, uning o‘rniga mening jonimni ol! Sendan o‘tinib so‘rayman, Yaratgan Egam, Omongulga beriladigan ja‘zoni menga ber!"

Ruhsiz va tolg‘in bir alpozda choy ichdik. Qizlar bilan xayrlasharkanmiz, Marvarid qo‘rquvga qotilgan past tovushda dedi:

– Niqobli kishilarni olib ketishayotganini otam ko‘rgan. U qo‘y so‘yish uchun erta uyg‘ongan. Bu haqda hech kimga og‘iz ochmanglar, bolalar. Otam qattiq ogohlantirilgan...

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Katila – katildi – kamayib, kamaydi.

* yolonsuv – sarob.

* o‘ram – girdob.

76

– Tashvish tortma, – dedim men.

Bektemir indamadi.

Oqgulning yuzi qordek oppoq edi. Biroq ko‘zida vahm sharpasi ko‘rinmasdi.

" – Har kim o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi, – ko‘nglimdan kechirdim men, – uning butun dardi ichida. Bundayda, bu qiz o‘zini – o‘zi yeb qo‘yadi. Unga ruhiy madad lozim. Shunga men o‘zimcha qizlarga dalda berdim:

– Qizlar, bizlar doim Sizlar bilan birgamiz!

Oqgul bu gap birinchi galda o‘ziga atalganini angladi va uning suluv yuzlariga qizillik yugurdi.

Men yo‘lda Bektemirga yurak qoni bilan Tangriga qilgan iltijosini aytdim. U ajablandi:

– Ha, shunday dedim. Sen mening ichimda kechgan bu so‘zlarni qandoq eshitding?

– Buni tushuntirolmayman. Tubsiz dard bilan, sodda til bilan shunday deganingni aniq eshitdim.

– Qiziq!

– Bunga o‘zim ham hayron bo‘ldim.

– G‘alati.

– Dunyoda odam bolasi bilmaydigan sirlar ko‘p, do‘stim.

– Oqgul eshitmadimikan?

– Menimcha, yo‘q. Ammo u kishi ko‘nglini ko‘ra biladi. Men shunday deb o‘ylayman. Yahudiy xonimning Oqgulga bejiz nazari tushmagan.

– To‘xta-to‘xta! – Bir ko‘za oltin topgan kimsadek qichqirdi Bek. Nogohoniy hayajon yolqini uning yuzida lola tusida aks etdi.

Men cho‘chib tushdim. O‘tkinchilar bizga ajablanib qaradilar. Men Bekning yengidan siltab tortdim:

– O‘pkangni bos!

– Nega shu paytgacha esimga kelmagan bu?

– Nima?

– Men yo‘lini topdim, Evril! Yo‘lini topdim!

– Nimani?

– Yo‘lini topdim!

– Jinni – pinni bo‘lib qolmadingmi, Bek? – Men uning ko‘ziga xavotir bilan boqdim, – sekin so‘zla, hamma bizga qarayapti.

– Topdim, do‘stim!

– Xit qilib yubording – ku, Bek, nimani axir?

– Yahudiy xonimni!

Esing joyidami o‘zi, Bek?

77

– Undan ko‘mak so‘raymiz!

– Endi, menga yetdi! – Qorong‘i tunda xavf – xatarga liq o‘rmonda adashib qolgan, so‘ng kutilmaganda o‘z yo‘lini topgan kasdek sevindim men. – Ajoyib topildiq, Bek!

Shoshib izimizga qaytdik.

– Endi, buyog‘i Oqgulga bog‘liq, – dedim men sal bo‘shashib.

– Nimaga?

– Oqgul yahudiy xonimning telefon raqamlarini bizga berishiga uncha ishonmayman.

Bektemir bo‘zdek oqardi va yig‘lamsiragan ohangda dedi:

– Bu yog‘ini o‘ylamabman, do‘stim.

Bizni qaytganimizga qizlar ajablandilar. Ham sevindilar. Men Oqgulga maqsadimizni aytdim. U gap qatida nima yotganini sezdi va tushkun bir alpozda dedi:

– U kishi hozir SSSRdamas

– Qayerdan bilasan? – So‘radi Bek soddadillik bilan.

Oqgul unga javob qaytarmadi. Boshini yerga egib, sukut saqladi. Men o‘zimcha fahmladim:

" – Qo‘ng‘iroqlashib tursalar kerak".

– Professor Mariya xonim SSSRda bo‘lganda ham men bunday qilmasdim, – dedi Oqgul xiyol sukutdan so‘ng, – chunki bunga o‘zimni majbur etolmasdim. Aqlim, yuragim, g‘ururim yo‘l qo‘ymaydi. Qolaversa, bu telefon gapimas. Meni to‘g‘ri tushininglar, bolalar, o‘zi bu masala... – U gapini tugatmadi.

Men o‘zimcha tugallanmagan bu so‘zni tugatdim:

" – O‘zi bu masala pishgan... Har narsaning vaqt – soati bor..."

Biz Oqgulni tushundik.

U o‘z nomus – orini osmondan ham yuqori qo‘yardi. Men buni to‘g‘ri deb bildim. Balki, Marvarid va Bektemir ham shunday fikrga kelishgandir?

" – Bu telefon gapimas" – deganda u haq edi.

Biz boshimizni eggan bo‘yi tog‘dek og‘ir sukut, dengizdek teran qayg‘u qurshovida uyga qaytdik.

Meva tugmas o‘ris og‘ochlari o‘sib yotgan "Madaniyat uyi" yonidan o‘tarkanmiz, bizga kimdir tagdor gap otdi:

– Bizning mahallaga serqatnov bo‘lib qolibdilarmi?

Boshimizni ko‘tarib, tovush kelgan yoqqa qaradik. Va "Madaniyat uyi" mudiri Berdibek akaning qorachadan kelgan sepkilli yuzini ko‘rdik.

– Vaqt shuni talab qilayapti, – dedim men istar-istamay, – imtihon...

78

– Vaqt degin... Boshqa narsamasmi ishqilib?..

Bektemirning lablari asabiy titradi, mushtlari tugildi:

– Nima, sizga hisob beraylikmi?

– Tiling uzun ko‘rinadi, bolakay.

O‘zi to‘lib turgan Bek uning kesatig‘iga ortiq chidolmadi, qo‘rs ovozda sensirab xirilladi:

– Pichinglaringni xotiningga qil!

Berdibek aka undan bunday qo‘pol gap kutmagandi. Har qalay Uchquloch oltin konida uning o‘z o‘rni, obro‘si bor:

Kommunist.

Mudir.

Bu ona suti og‘zidan arimagan go‘dak bo‘lsa, yuzidan olayapti, uyat, andisha, hurmat degan narsalarni bilmay yuzidan olayapti. Qarab tursa, qutirgan itdek tashlanadi ham. U alam, g‘azabdan titrab – qaqshadi:

– Sen bilan keyin gaplashaman!..

– Ayb o‘zingizda, – dedim men bosiq ovozda, – biz jimgina uyimizga ketayotgandik, siz hech narsadan – hech narsa yo‘q, yo‘limizni to‘sdingiz, tilingizga erk berdingiz: "Bizni mahallamiz..." deb ayirmachilik qildingiz. To‘g‘rimi?

– Sen ham betgachopar ko‘rinasan!

– Men doim haq tomonda turaman, – uni tahlikaga solish va bizni sotmaslik uchun ataylab gapimga siyosiy tus berishda davom etdim. – Nima, sizning mahallangiz SSSRdan ayromi? Ta‘qiq qo‘yasiz. Yoki Kommunistga shunday huquq berilganmi? Gitler ham bunday qilmasdi. Istalgan yerda gaplashamiz. Hatto Moskvada ham. Ustingizdan "Pravda"ga yozaman. BMTga ham. Shunga majbur etayapsiz. Bunday holda sizga ishongan tog‘laringiz ham ko‘rmak bermaydi. Berolmaydi ham.

Berdi aka o‘z ishiga jon – tani bilan yopishib olgan kishi edi. Ishidan ayrilishdan ko‘ra, jonidan ayrilishni avfzal ko‘rardi. So‘zlarimga ishondi. Men bir nimaga ahd qilsam, uni ohiriga yetkazardim ham. U har narsaga qiziquvchan, kuzatuvchan, pishiq odam sifatida mening bu odatimni bilgan bo‘lishi ham mumkin. Qolaversa, "Parij kommunasi"* gazetasida chop etilgan maqola, hikoyalarini ham o‘qib borgan. Bu haqda uning o‘zi menga aytgan edi.

Berdi akaning yuzi palag‘da tuxumdek sarg‘ayib – ko‘karib ketdi.

" – Bir hamlada yamlamay yutaman!.." degandi... Buning aksi bo‘lib chiqdi. U ichidan zil ketdi.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* "Parij komunnasi" – Forish tumani gazetasi.

79

" – Juda manmani bolalar ekan. Yuzing – ko‘zing deyishmaydi. Tarbiyasiz!.. Mana bunisi katta kishidek gap suqadi. Undan har narsani kutsa bo‘ladi. Yozishi ham mumkin. Ikkovi ham bir go‘r. Hech balodan qaytmaydi. Ularga boshqacha yo‘l bilan "saboq" berish kerak!.."

Men Berdi akaning ichida nelar kechganini o‘zimcha fahmlarkanman:

"Uni ham ishga solibdi – da..." deb o‘yladim.

Biroq u sirtiga suv yuqtirmaslikka urindi. O‘ljasini ololmagan maymundek chiyilladi:

– "Ishongan tog‘laringiz..." deysan...

– Sizni bizga qarshi qayrayotganlar... – dedim qat‘iyat bilan uning gapini kesib, – O‘zbekning mana bu gapi esingizdan chiqqan ko‘rinadi:

"Ikki ot tepishsa, o‘rtada eshak o‘ladi"...

– O‘zing mushtdek bo‘lsang ham, tiling zahar. Yoshingga yarasha gap qilmaysan. Osmondan kelasan.

Bek yoviga otilgan burgutdek unga tahdid soldi:

– Sengamas Evrilga aql o‘rgatish. Uning o‘zida aql g‘ij – g‘ij. Bizmas, sen "mushtdek bolalar" bilan o‘chakishyapsan. Sening yoshingga shu yarashadimi? "Keyin gaplashaman..." deysan. Kimga ishonayapsan? O‘z kallang bilan ish tut! Erkak bo‘lsang paysalga solma, hozir gaplash, birga – bir chiq!..

Berdi akaning cho‘tirga moyil yuziga qon tepdi. Og‘ir zarbdan tuproqqa to‘zg‘ib qulagan mahluqdek bo‘g‘ilib xirilladi:

– Sizlar bilan aytishgan odamning o‘zi ahmoq! Yo‘qolinglar bu yerdan! Ikkinchi ko‘zimga ko‘rinmanglar!

Biz sekin uyimizga yo‘naldik. O‘ris og‘ochlari ko‘lankalari ostida turgan dev kelbatli uch yigit yer tagidan bizga qarab qolishdi...

"Madaniyat uyi"dan xiyol uzoqlashganimizdan keyin Bektemirga uqtirdim:

– Bugun uydan – eshikka chiqmaysan, do‘stim.

– Stalin bo‘l.

– Hazilning vaqtimas, Bek. Izimizda iskovichlar... Juda xavfli.

– Oqgulni jallodlarga tashlab qo‘yamizmi?

– Oqgul bilan Marvaridga ham kechalari tashqariga chiqmasliklarini o‘tinib tayinladim. Bir amallab imtihondan o‘tib olsak, marra bizniki. Sen darhol Qozoqistonga, opangnikiga* ketasan. Bir necha

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Qozoqistonga, opangnikiga – Usta Sunnatning birinchi xotini (Bekning onasiga uylanishidan oldingi xotini)dan bo‘lgan qizi (ismini bilmayman) qozoqqa tekkan va Qozoqistonda yashardi.

80

yilga. Bu yerda qolishing o‘lim bilan tugaydi... Seni topadi... nishondasan...

– Qo‘rqitayapsanmi!

– Mutlaqo!

– Hech yoqqa ketmayman!

– Qonimni qaynatma, Bek. Ketasan!

Oqgul ham ketadi yahudiy xonimning oldiga.

– Bu qo‘lingdan keladimi?

– Keladi.

– Lof ur.

– Menda undoq odat yo‘q.

– Maqtanchoq.

– Bas qil. Mazahning o‘rnimas. Umuman birovlarni tahqirlash yomon odat. Yig‘ishtir!

– Qo‘lingdan kelsa ayt, qandoq?

– Reja bor.

– Mendan yashirma.

– Onam kon boshlig‘ining daftarchasidan professor Mariya honimning telefon raqamlarini yashirincha yozib oladi...

– O‘ – o‘! – Qichqirib yubordi Bek. – Zo‘r fikr! Ajoyib fikr!! Tirik bo‘lganda, sening aql – idrokingga O‘g‘uzxon* ham qoyil qolardi.

– Oshirvarma.

– Yurak so‘zim.

– Bu tun sen mening aytganimdan chiqmaysan. Menga so‘z ber.

– Bir aylanib kelaman.

– Yo‘q.

– Odamning erkini bo‘g‘ma.

– Hech yoqqa chiqmaysan!

– Besh – o‘n daqiqaga, xolos.

– Bir onga ham. Bu o‘ta qaltis. Tushun.

– Sal yumsha, qon ichma.

– Vaziyatni hisobga olmayapsan, Bek. Tentaklik qilma.

– Bir gapni hadeb chaynayverma., Evril. Men g‘alcha emasman, jonim halqumimga keladi.

– Yaxshi, boshqa eslatmayman, kelishdik.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* O‘g‘uzxon – miloddan oldin (III – II asrlar) ulug‘ davlat (Buyuk imperiya) qurgan bobomiz – Mate Tuman o‘g‘li Botir Tangriqut.

81

Bektemir bir so‘z deyish uchun og‘zini xiyol ochdi, biroq demadi. Men uning mo‘g‘ulnikiga bengzabroq ketguvchi ko‘zidan norozilik ifodasini o‘qidim. Ichimda: "Bu bola quturgan itlar bilan o‘ynashyapti..." deb og‘rindim, – bunga yo‘l qo‘ymayman!"

Onam bizga yahudiy xonimning manzili bilan telefon raqamlarini olib berishga so‘z berdi.

– Faqat yashirinchamas, – dedi, – bu yozuq. Yozuq ishga Tangri qarshi. Unga sababini ochiq aytaman. U yo‘q demaydi.

Biz sevindik.

27

Ochiq havoda, supada chalqancha yotdik. Salqin saboda tanamiz yayrayapti. Bu ko‘nglimizga ham allaqandoq taskin beryapti, huzur bag‘ishlayapti. Tumonot – tumonot yulduzlar boshimizga shu‘la sochmoqda. Oyni tun yutganmi, u yo‘q.

Bektemir bolalarcha soddadillik bilan meni savolga tutdi:

– Biz o‘lib ketganimizdan keyin ham shu yulduzlar jimirlayveradimi, Evril?

– E, go‘dak, – dedim unga mehrga lim mungli ovozda, – bizdan nom –nishon qolmaganda ham jimirlayveradi, milliard yildan keyin ham jimirlayveradi.

– Qandoq adolatsiz dunyo!..

Meni uyqu elitdi. Endi, do‘stimning sasi qulog‘imga elas – elas chalinardi. Elas – elas.

– O‘lganimizdan keyin bu dunyoga sira qaytib kelmaymiz – a, Evril?

Sira – sira...

Sira – sira...

Sira – sira...

Men uyqumda shu so‘zni pichirlab takrorlabman:

Sira – sira...

Sira – Sira...

Sira – sira...

28

Xuddi shu vaqtda Bektemir qalqadi. Hech kimga sezdirmaslik uchun birinchi shaxta bilan tepa oralig‘idan o‘tguvchi xilvat so‘qmoq sari yuradi. Bu tor, kimsasiz so‘qmoq "Oltintosh" omborini qiyalab o‘tar va Oqgullar mahallasiga eltardi.

82

Uchquloch teran uyquda. Bektemirning yonida zanglamas temirdan o‘zi yasagan (otasining ustaxonasida) kumush sopli pichoq. "Oltintosh" ombori biqinida, Xonbandiga eltuvchi yo‘lga yaqin yerda, kutulmaganda, uning qarshisidan ikki o‘ris, bir o‘zbek chiqdi. Yigitlar yigirma uch – yigirma besh yoshlarda edilar. Bek yulduzlar yog‘dusida ularning bilaklaridagi yozuvlarni o‘qidi:

"Patrul..."

– Qayerdan kelyapsan? – Rus tilida so‘radi gavdali o‘zbek.

– Do‘stimnikidan.

– Tun yarmida – ya?

– Imtihonga tayyorlandik. Shunga vaqt o‘tganini sezmay qolibmiz.

– Qayoqqa ketayapsan?

– Uyga.

– Nega yoningda pichoq olib yuribsan? – Sovuq ohangda so‘radi o‘rta bo‘yli o‘ris.

– Bu milliy pichoq. O‘zbek urfi bo‘yicha mumkin.

– Qonunni bilasanmi?

– Oz – moz.

– Qani, pichog‘ingni ko‘raychi, bola, – keng yelkali o‘ris gapga ulandi.

Shu on uzoqdan, shimol tomondan mashina chiroqlari ko‘rindi. "Patrul"lar bir – birlariga alang – jalang qarashdi. Bekning ko‘nglida xavotir uyg‘ondi:

" – Bular soxta patrullar..."

U qora charm qinidan pichog‘ini sug‘urdi.

– Ber, – o‘ng qo‘lini cho‘zdi keng yelkali o‘ris.

– Ko‘rib turibsan milliy pichoq.

– Ber!

– Yo‘q, – u pichoqni qiniga qayta solib qo‘ydi.

– Nima?!

– Bermayman, bu mening shaxsiy pichog‘im.

– Bo‘lmasa biz bilan yur! – Buyurdi o‘zbek.

– Qayerga?

– Patrullar punktiga.

– Nega?

– Pichog‘ingni tekshirib ko‘ramiz.

– Hech yoqqa bormayman.

– Bormaysan?!. – U shart qo‘ltig‘i tagidan to‘pponcha chiqardi va Bekka o‘qtaldi, – itdek otib tashlayman, bola!

Bektemir qo‘rqmadi:

83

" – Otolmaydi, – dedi ichida, – otadigan odam aytib o‘tirmaydi".

Uchovlon uni o‘rab olishdi.

– Bolaga pichoq olib yurish qonunan ta‘qiqlangan! – dedi yumshoq ohangda keng yelkali o‘ris kulimsirab.

Bek bu yumshoq ohang, kulimsirash zamirida chipor ilon zaharli tilini o‘ynatib turganini aql ko‘zi bilan ko‘rdi. Sergak tortdi. Juda sergak tortdi. O‘zi sezib – sezmay himoya va hujumga shay bo‘ldi. Keng yelkali o‘ris uni chalg‘itish uchun:

– Yaxshilikcha beraqol, bolakay, – deya Bekka tag‘in qo‘lini cho‘zdi.

Endi Bek yovuz xavfini aniq tuydi. Pichog‘ini qayta sug‘urdi. Biroq shu on gavdali o‘zbek to‘pponchasining ort tomoni bilan uning kalta sochli boshiga ustma – ust urdi. O‘rta bo‘yli o‘ris jigariga tepdi. Bek keng yelkali rusning o‘ng qo‘lini yaralab quladi. U voy – voylab tisarildi. Ikki yov quturgandan – quturaroq Bektemirni urib – tepishda davom etdi. Lekin yaqin kelib qolgan mashina uning joniga oro kirdi.

Uch kas qorong‘ilik qo‘yniga sho‘ng‘idi.

29

Yumaloq ochun odamzod bilmaydigan, tag – tugiga yetmaydigan, yetolmaydigan Tangri qonuniyatlari asosida aylanadi, tumonot sir, jumboq, mo‘‘jizalarni o‘zida saqlaroq aylanadi.

Abadiy aylanadi.

Inson aqli bularni, ya‘ni o‘ziga berilganidan ortig‘ini ochishga ojiz. Hech zamon ocholmaydi ham.

Hozir kon boshlig‘ining o‘z xizmat mashinasi: "vils"da jinoyat ustiga kelib qolishini odam bolasi "tasodif" deb biladi. Aslida shundaymi? Yo‘q. Bu ham Tangri ishi"...

"Tasodif...", "Halokat...", "Falokat...", "To‘satdan"... Odamzod yuzlab atamalar o‘ylab topgan. Biroq bularning barchasi Tangri taoloning qonuniyatlari asosida yuzaga keladi. Uning izmisiz olamda hech narsa sodir bo‘lmaydi.

Hech narsa!..

Agar, teran tafakkur etolsak, aql, idrok, shuur, sezgi, his, tuyg‘ularimizni borlig‘icha ishga sololsak, hali Bekning rizqi yorug‘ ochundan uzulmaganini g‘ira – shira anglagandek bo‘lamiz.

Shu sababli, ha, ayni shu sababli Tangri Sokolni "Tasodif" niqobi ostida Bektemirga yordamga yuborgan. Buni Sokol sezganmi? Yo‘q. Sezishga qodir emas, mutlaqo qodir emas.

84

U Xonbandidan (o‘ziga tegishli ishlarni bajarib) uyiga qaytayotir.

Sokol!..

Uchqulochda birinchi odam...

Tangri Bektemirni o‘lim changalidan qutqazish uchun uni tanlagan.

Sokol qonga belanib yotgan chalajon Bekni Uchquloch xastaxonasi*ga tez yetkazdi...

30

Men bu lahzada TUSh bo‘g‘ovida o‘zim bilan qo‘nishayotgan edim:

" – O‘tgan kishi qaytmaydi. Sira qaytmaydi. Sira-sira... Yo‘q, qaytadi. Yo‘q qaytmaydi. Qaytadi... Qaytmaydi..."

Ko‘zga ko‘rinmas bir kuch, shakli – shamoyili yo‘q bir kuch meni bo‘g‘adi:

" – Shakkok! – deb so‘kadi. – Sen Ollohga shak keltirayapsan! Yana Qur‘onga, butun ilohiy kitoblarga!.."

" – Kimsan?" – deyman bo‘g‘ilib.

" – Men o‘lim farishtasi*man" – deydi u.

Men qo‘rqqanimdan dir – dir titrayman. O‘zimnikiga o‘xshamas xirqiroq, qaltiroq ovozda deyman:

" – Yer yaralgandan beri qaytgan odamni hech kim ko‘rmagan. U borsa kelmas yo‘l..."

" – Tavba qildim" – deb ayt.

" – Men o‘z ko‘zimga ishonaman, o‘z aqlimga ishonaman, mutlaq aniq dalil – asoslarga ishonaman".

" – Ollohga – chi?"

" – Tangri haq. Boshqalari to‘qima..!"

" – Olloh so‘ziga ishonmaysanmi?"

" – Olam yaralgandan beri uning so‘zini hech kim eshitmagan. O‘zini ham hech kim ko‘rmagan".

" – Yanglishma, bola. Tavrot, Zabur, Injil, Qur‘on, yana ko‘plab kitoblarni Olloh tushirgan. Ulardagi har bir kalima Uniki. "Sen qayta tirilmaydi" deb iddao qilayapsan. Bu ulug‘ gunoh. Mana, Ollo Taolo nima deydi, eshit:

"Kofirlar qayta tirilmaymiz deb, gumon qiladilar." Ey Muhammad, ayting, Robbimga qasamki, albatta qayta tiriltirilursizlar. ( Suv bilan o‘simliklar tirilganidek)". (Tag‘obun – 7).

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Uchquloch xastaxonasi – muvaqqat, mo‘‘jaz xastaxona.

* O‘lim farishtasi – Malakul – Mavt – Azroil.

85

" – Qachon qayta tiriladi?"

" – Qiyomat Qoyimdan so‘ng".

" – Qachon Qiyomat Qoyim bo‘ladi?"

" – Bu yolg‘iz Tangriga ayon. Ammo, sen qiyomat haqidagi ushbu oyatni eslab qolgin:"

" Bas, qachonki yulduzlar so‘ndirilib, osmon yorilgach, tog‘lar (qum kabi) sochilgach ( Qiyomat Qoyim bo‘lur)". (Mursalat – 8 – 11).

Men dahshat qurshovida ilohiy so‘zlarni takrorlayman:

" – Yulduzlar so‘ndirilib, osmon yorilgach, tog‘lar qum kabi sochilgach Qiyomat Qoyim bo‘lur".

" – Bundoq holda yeru ko‘kda hayot tugaydi – ku" – deyman.

" – Tugaydi, – deydi o‘lim farishtasi, – ammo so‘ng yetti qat osmonning o‘zga bir yerida hayot boshlanadi. Buning qayerdaligini Ollohdan boshqa bilmaydi".

" – Shundan keyin hamma o‘lganlar tiriladilarmi?"

" – Ha".

" – Million – million yillar o‘nja o‘lganlar hammi?"

" – Ha".

" – O‘g‘uzxon, Bilga Hoqon, Temurxon bobolarim ham tiriladilar – da".

" – Endi haqni anglayotgandaysan, bola". – u meni bo‘g‘ishdan to‘xtadi.

Men hayajonlangan, qattiq hayajonlangan holda deyman:

" – O‘! Bu qandoq mo‘‘jiza!! Misli ko‘rilmagan mo‘‘jiza!!!"

Shunda o‘z – o‘zidan boshimda ilohiy so‘zlar aylandi:

" Ey Muhammad, ayting,

Robbimga qasamki, albatta

qayta tiriltirilursizlar.

Suv bilan o‘simliklar

tirilganidek".

Agarchi men dindan uzoq bola bo‘lsam ham, bu oyat mening qo‘nglimda qayta tirilishga umid bog‘laydi. Shu bilan birga u qalbimdagi qo‘rquvni ham haydaydi.

Men o‘lim farishtasidan yurak botinib so‘rayman:

" – Sen mening jonimni olgani keldingmi?"

U javob beradi:

" – Yerda qiladigan ishlaring bor..."

Oqgul haqida so‘rashga og‘iz juftlayman. Biroq lablarim mumyolab qo‘yilgandek ochilmaydi. U qat‘iy, lekin odamning ko‘nglini o‘ksitmaydigan ohangda deydi:

86

" – Adashma!.."

Bu o‘lim farishtasining menga aytgan so‘ngi so‘zi edi. U ko‘kga uchadi. Men uni ko‘rmayman. Yuragim bilan sezaman.

Shunda ko‘z oldimda qora ochun asta – sekin, asta – sekin yorisha boshlaydi.

Asta – sekin...

Asta – sekin...

Asta – sekin...

Men uyg‘onib ketdim. Ancha – anchagacha bu g‘ayri – tabiiy uchrashuv ta‘siridan chiqolmadim. O‘zimni – o‘zim savolga tutdim:

" – Nega o‘lim farishtasi mening tushimga kirdi? Nega? Yo o‘limim yaqinmi? Yo‘q. U buni inkor etdi. Meni yerda qiladigan ishlarim bor emish. Qandoq ishlar? Bunga javob izladim. Topmadim. Balki, keyin toparman.

" – Adashma!..." – dedi. – Nimadan adashmay? Men har qandoq holda ham o‘z Elimni Erkka yetaklovchi yo‘ldan boraman. Buni: " Haq yo‘l" deb bilaman. Yashashdan tub maqsadim ham shu. Balki, O‘lim farishtasi ham shuni qo‘zda tutgandir? Yana diniy tuyg‘ularni ham...

Men tirik ekanman, shu ishlarni qilaman. Tangri ham bu ishlarimni yorlaqaydi. Men bunga ishonaman. Butun vujudim bilan ishonaman.

Shunday ekan, O‘lim farishtasi tushimga kirishi sirli bir hol emasmi? Bu nimadan darak? O‘yladim... o‘yladim... oxiri topdim: Bekning mana bu tushkin so‘zlarini yechib berish uchun tushumga kirgandir:

" – O‘lganimizdan keyin bu dunyoga sira qaytib kelmaymiz – a, Evril? Sira – sira... sira – sira... sira – sira..."

Men tushimni Bektemirga aytish uchun so‘l tomonimga burildim. U yo‘q. Uni yozilmada deb o‘yladim. Kutdim. Kelmadi. Birdan miyamda noxush fikr portladi:

"Uxlayotganimda surgan..."

Sapchib qalqdim. Yozilmaga chopdim, yo‘q. Ayvonga chopdim. Yo‘q.

Yuz – qo‘limni shoshib yuvaroq Oqgullar mahallasiga yugurdim. Jimjit. Bekning qarindoshinikiga yugurdim. Behuda... Borlig‘imni xavotir, qo‘rquv, turli yomon o‘y – fikrlar chulg‘ab oldi. Yuragim ko‘ksimdam yorilib chiqar darajasida qattiq urmoqda. Yana zir yugurib hamma xilvat go‘shalarni ko‘zdan kechirib chiqdim. Lekin Bektemirni topmadim. Quyosh ko‘tarilganda, nailoj uyga qaytdim.

Onam meni qattiq iztirob ichida, ko‘zlari to‘rt bo‘lib, ostonada kutib turgan ekan:

– Menga bir og‘iz aytmay ketibsan – da, bolam, – deb og‘rindi xazin va titroq ovozda, – qon yutdim – a!...

87

– Uzr, ona, – men mung‘ayib boshimni egdim.

– Do‘sting xastaxonada. Dam hushiga kelib, dam hushidan ketib, alahsirab yotibdi. Vrach uning badan, boshini yuvib, yorilgan yerlarini tikkan. Xudo bir asrabdi... Kon boshlig‘i ko‘rib qolmaganida ...

Onam gapini davom ettirolmadi, unsiz yig‘ladi. Men uning hay – huyiga ham qaramay, Uchqulochning chekka qismida (sharqida) joylashgan xastaxonaga bor kuchim bilan chopdim.

Ne‘mat degan qorachadan kelgan, ozg‘in, ko‘rkam duxtur* (med. brat) uzoqroq urug‘imiz bo‘ladi. U o‘z ishini vrachlar darajasda puxta biladi, biroq menga yoqmaydi. Odam bilan og‘zini sun‘iy tarzda yirib, irshayib, oliftanoma gaplashadi. Bog‘don lahjasini (o‘g‘uzcha) buzib, adabiy tilda so‘zlashga urinadi. Bundan mening ensam qotadi. Men ichimda: " – Koshki eplasa..." – deb piching qilaman.

Kelib – kelib, hozir shu oliftaga mening ishim tushdi. Men bundan ichimda g‘ijinsam ham, undan Bektemirni oldiga kirishga ruxsat so‘rashga majbur bo‘ldim.

– Qonun – qoidalar bor, jigar, – u oltin tishlarini yarqiratib irshaydi, – men buni o‘ylab topmaganman.

– Odam o‘ylab topganmi?

– Es – hushing joyidami, bola? Bo‘lmasa kim? Undan boshqasi bunga qodirmas.

– Tangri – chi?

– Jinni – pinni emasmisan o‘zi?!.

Ne‘matning so‘zi ta‘sirida menda shunday fikr tug‘ildi:

" – Odam bolasi odamzotni boshqarish uchun qonun – qoidalar "kashf" qilgan. Qonun – qoidalar degani: bug‘ov, jilov, tushov, qurol...degani. Qurol bo‘lganda ham, eng daxshatli, eng qudratli qurol. Agar bu Stalin*dek yovuz kasning "qo‘liga tushsa", uning oqibati oldida zilzila, o‘lat, to‘fonlar ham holva bo‘lib qoladi. Xudbin, qo‘rqoq, taxtparast yirtqich o‘z jonini, taxtini saqlab qolish uchun har qandok qirg‘in, yovuzlikdan qaytmaydi. Biroq qancha ayanchli bo‘lmasin, busiz odamzotni boshqarish qiyin. Hatto mumkin emas. Men buni o‘zim istamagan holda odam bolasining buyuk kashfiyoti deb bilaman.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* duxtur (med. brat) – u zamonda oliy ma‘lumotli vrachlar yetishmaganiga , Ne‘mat Uchquloch xastaxonasiga boshliq edi.

* Stalin 65 million odamni boshiga yetgan. Kommunistik mafkura sababli 165 million kishi hayotdan ko‘z yumgan.

88

Menimcha, inson qonundan oldin uy, eshik, darcha, ilgich, qulf – kalitni; so‘ng to‘siq (panjara), devor, qopi (darvoza)ni; so‘ng zindon, qamoqxonalarni "ixtiro" qilgan. Bular yashash, saqlanish, saqlash vositalari, bunga odamni hayotning o‘zi majbur etgan.

Do‘stim og‘ir ahvolda yotganda, meni bundoq hayol surishim, kechirilmas hol. Ammo, ba‘zan, kishi xayolga berilganini o‘zi ham sezmay qoladi. Chunki xayol kutulmaganda, oniy tezlikda yuz beradi. Bundoq onda odam o‘zini idora qilolmay qolishi mumkin.

Men ichimda o‘z – o‘zimdan xijolat chekdim. Va:

– Bir gal qonunni chetlab o‘tsak, yer yorilib, osmon tushib ketmas, – dedim.

– O‘zing chigirtkaday bo‘lsang ham, katta kishilarday gapirasan. Men bir so‘zli odamman. G‘ashimga tegma.

O‘zi mening gapirish usulim shunday.

– "Gapirish usulimish"... Sengamas birovning ustidan kulish... Oldin o‘zingni bil, maqtanchoq. Jo‘na!

Mening yuragim "shuv" etdi. Ko‘nglimdan: " – O‘ziga nisbatan mening munosabatimni bilarkan – da" – degan gap kechdi. Biroq sir bermay, so‘radim:

– Bekning ahvoli yaxshimi o‘zi?

– Nafas olyapti. O‘lmaydi. Ayb o‘zida. "Sayoq yurgan, tayoq yeydi". Tun yarmida it daydib, sanqib yuradi. Ahmoq bola! Kon boshlig‘i yordam bermaganda, o‘lib ketardi.

Ne‘matdan yorug‘lik chiqmasligini sezdim. Ruhsiz holda tashqariga chiqdi. Shunda miyamga: "Odam bolasi xastaxona bilan birga deraza ham "kashf" qilgan degan fikr urildi. Yashirincha ochiq oyna oldiga bordim.

Bektemirning badani, boshi bint bilan o‘ralgan (faqat ko‘z qismi sal ochiq) bo‘lsa ham, uni beshta kasalning ichidan bir qarashda adashmay topdim. U shiftga qaragancha chalqancha yotibdi. Juda past tovushda uni chaqirdim:

– Bek!

U boshini deraza tomonga zo‘rg‘a burdi. Hol – ahvol so‘rashga ham menga imkon bermadi:

– U omonmi? – so‘radi o‘ta zaif, qaltiroq sasda. Xastalar ichida Oqgulning otini aytishni lozim topmadi.

– Sog‘ – omon. Tushda ularnikiga o‘taman.

– So‘rasa, meni Bog‘donda degin.

" – Qizlarni aldashga tilim bormaydi" – demoqchi bo‘ldim. Lekin Bekni bu ahvolda ranjitgim kelmadi.

89

– Ha, – deb qo‘ya qoldim.

– Yahudiy xonim masalasi...

– Bugun hal bo‘ladi. Xotirjam bo‘l. Xabar beraman.

– Endi ket, ishlar bilan bo‘l...

Bekning ayanchli ahvolidan ko‘nglim vayron bo‘lib, uyga qaytdim. Tikka o‘rmalayotgan quyosh yondiraman deydi. Ko‘cha – kuyda odam urug‘i kam. To‘satdan Ne‘matning pichinggi esimga tushdi:

"O‘zing chigirtkaday bo‘lsang ham, katta kishilarday gapirasan".

O‘ylab qarasam, u haq. Ayrim onlarda odam o‘z kamchiligini sezmaydi. Chindan ham ba‘zi so‘zlarim katta kishilarnikiday, soxtaday, kitobiyday. Buni tan olmasdan ilojim yo‘q. Shu lahzada ichimdan bir sas keldi:

" – Hamisha o‘zingni-o‘zing tergab yur, tuzatib yur".

Ne‘matning ikkinchi kesatig‘i ham yuragimga ignadek sanchildi:

" – Sengamas birovning ustidan kulish... Oldin o‘zingni bil..."

Qancha zaharli bo‘lmasin, men bu kesatiqni to‘g‘ri deb bildim. Shu zum ko‘zga ko‘rinmas bir kas qulog‘imga shivirladi:

" – Ne‘matning achchiq gapi senga saboq bo‘lg‘ay".

" – Tilning tizgini yo‘q, – deb o‘yladim men o‘zimcha, – asov otni boshqarish qiyin bo‘lganidek, ba‘zan aql tilni idora qilolmay qoladi".

Shunda, qo‘qqis, onamning so‘zi esimga tushdi:

" – Har bir so‘zni o‘ylab so‘zla, gapning ham oyog‘i bor..."

" – Agar Oqgul ichidagi dardni tashiga chiqarmaganda, – dedim o‘zimga – o‘zim, – hozir bunday mudhish kunlarga qolib o‘tirmasdi".

Ichidagi dard!..

Menimcha, bu uzun yillardan keyin... aytiladigan dard edi. Uzun – uzun yillardan keyin... Kuch – quvvatga to‘lgandan keyin... Ochunga tanilgandan keyin..."

Men buni shunday izohladimu, biroq qalbim bu fikrimga qo‘shilmayotganday edi. To‘g‘rirog‘i, u o‘zgacha fikrda edi:

Bo‘g‘oz xotin tug‘adi.

Oy tutiladi.

Bo‘ron qo‘padi.

Yerdan minglab marta katta yulduz parchalanib ketadi.

Bular Tangri amri bilan yuz beradi va shu sababli ularni to‘xtatib bo‘lmaydi. Ayni shular kabi Oqgulning ichidagi dard ham o‘ziga bo‘ysunmagan holda ko‘ksini yorib chiqdi. Xuddi yetti qat yer qa‘ridan otilib chiqqan vulqon misol.

90

Oqgul Sovet siyosati bilan "ulug‘ og‘a"ga qarshi bir so‘z dedimi? Yo‘q. Hamma qo‘rqanidan yolg‘on so‘zlayotganda, u tarixiy haqiqatni aytdi. Mavjud haqni aytdi. Bu esa tuzumga yoqmadi. Eng asosiysi:

Oqgulning aqlidan qo‘rqdi.

To‘g‘ri so‘zligidan qo‘rqdi.

Kelajagidan qo‘rqdi.

Yillar kecharoq uni Elga tanilishini, Cho‘lponlar kabi tuzum ildiziga bolta urushini angladi. Mana, ta‘qibga, hatto yo‘q qilishga bo‘lgan sabab.

Bosh sabab...

31

Menimcha, endi Oqgulni asrash qiyin.

Xuddi o‘rik og‘ochidan uzilgan dovuchcha misol...

Dovuchcha...

Oqgul...

Tabiatning shafqatsiz qonuni oldida hamma mavjudod ojiz.

Jonli, jonsiz ayrosiz...

Endi, Oqgul birinchi va so‘nggi qo‘riqchisidan ham ayrildi. Bekning hayoti ham xavf ostida... U hozir Oqgulni o‘limdan asrab qolish yo‘llarini o‘ylab yotibdi. O‘zining og‘ir dardi ko‘ziga ham ko‘rinmayapti. Qani endi o‘rnidan turolsa! Turolmaydi. O‘z muvozanatini saqlolmaydi. Boshi aylanib, yiqilib qoladi. Hamma yog‘i zirqirab og‘riyapti. Og‘riganda ham dahshatli!..

Men uyga xazin o‘ylar qurshovida terga botgan, majolsiz holda keldim. Onam yo‘q. Ishda. Jaziramadan, chivindan saqlanish uchun derazalarga qalin, qora to‘smalar ilingan. Paqirlardagi suvlar ilib qolgan. Bir chelak suvga yuvundim. Lekin artinmay, o‘zimni ko‘rpachaga tashladim. Xona jimjit. Qorong‘u. Salqin aralash dim. Qotib qolibman. Tushumga Bek kirdi. U soppa – sog‘, o‘sha havo rang sport kiyimda. Oqgulning qora to‘sma osilgan derazasi ostida qora qoplondek pisib turibdi.

Bo‘g‘iq tun.

Oy yo‘q.

Yulduzlar yo‘q.

Simyog‘ochga osilgan mitti chiroqning xira yog‘dusida Bek Otello*ga o‘xshaydi. Yosh, qop – qora Otelloga. "Tavba!.. – deyman, – Tavba!.."

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Otello – Oq xunlar imperiyasi imperatori. Qadimgi ajdodimiz.

91

Uning ko‘zlari qoplonnikidek qahrli. Zulmatni yoritaroq yonmoqda. Qo‘lidagi kumush sopli pichoq sovuq hamda qo‘rqinchli yiltirayapti.

Havo dim.

Shamol yo‘q.

Sokit.

Qora to‘sma silkindi. Balki, menga shundoq tuyulgandir? Qaydam. Mitti chiroq ham so‘ndi.

Uchquloch zulmat ichida qoldi.

Tavba – tavba!

Oqqush Bekning shunday ko‘z oldidan uchib o‘tdi. Bek buni ko‘rmadi. Men bundan ajablandim. "Bek – Bek! Qara – qara!" – deb qichqirdim. Bor ovozim bilan qichqirdim. Bek eshitmadi. Borlig‘ini ko‘z – quloq qilib turgan Bek eshitmadi. Bundan battar hayratlandim.

Endi Oqqush mening boshim uzra oppoq qanotlarini silkita – silkita uchib o‘ta boshladi. Go‘yo:

" – Alvido Evril, alvido!" deyayotgandek edi.

Shunda, shundagina men uni: "Oqgul, – deb o‘yladim, – Oqqushga aylanib qolgan Oqgul!.. Yo, Tangrim – yey! Bu qandoq bo‘ldi!!."

Shunda, shundagina men, yo Tangrim – yey, Oqqush bilan yonma – yon buyuk bir nima uchayotganini his etdim. Ko‘zga ko‘rinmas buyuk bir nima!.. Yo Tangrim – yey, angladim, bu o‘sha: O‘lim farishtasi – Azroil!

Qo‘rqqanimdan yuragim orqamga tortib ketdi. Shunga qaramay, mudhish bir titroq xurujida o‘lim farishtasiga yolvordim:

" – Oqqushni tashlab ket!"

Nidom havoda quruq qor misol sochilib ketdi. Yo tavba! Qor misol!.. Umrimda ovozni qorga aylanganini va qor misol sochilganini ko‘rmaganman.

Yo Tangrim! Bu foniy dunyoda nimalar bo‘layapti o‘zi?!.

Oqqush Uchquloch tepasiga oyday ko‘tarilganda, yaltoq itlarning yaltoqona akillashlari kuchaydi. Bir to‘da qora it xirillab Bektemirga tashlandi. Bek ularga bas kelolmasligini sezdi, pichog‘ini yaltiratib sermab, tomga uchib chiqdi. Xuddi burgut yanglig‘. Yo tavba! Unda bunday qobiliyat borligini oldin hech sezmaganman.

Ojiz qolgan itlar biroz irillab turishdi – da, so‘ng yer changitib mening yonimdan o‘tib ketishdi.

Men chang – to‘zon ichida qoldim...

Oqqush zulmatga singib ketdi.

Ko‘z oldimga tuproqqa qorilib yotgan dovuchcha keldi.

So‘ng Oqgul...

92

Ikki xil mavjudot...

Bir xil taqdir...

Shafqatsiz taqdir...

" – Oqgul! – deya yig‘ladim, – Oqgul!.."

– Uyg‘on bolam, uyg‘on! – Onamning tashvishli ovozi qulog‘imga uzoqlardan keldi. Qaltirab ko‘zimni ochdim. Borlig‘im terdan jiqqa ho‘l edi. Onam ho‘l kigiz o‘ralgan ko‘zadan bir piyola muzdek suv olib kelib berdi:

– Ich, o‘g‘lim, – dedi qo‘rquvga qotilgan mehribon ovozda, – ichaqol.

" – Tangriga shukr, tushum ekan! – dedim men ichimda va suvni bir simirishda ichdim. – Rahmat, Ona!"

Qalqdim. Chanqog‘u qo‘rqqanimdan og‘zim qurib qolgan edi. Ko‘zadan to‘ygunimcha suv ichdim. Keyin bir paqir suvni ko‘tarib hovliga chiqdim va boshimdan quydim. Birdan yengil tortdim. Biroq fikri-zikrim Oqgulda edi:

" – Nega bundoq qo‘rqinchli tush ko‘rdim? Juda qo‘rqinchli! Uni ko‘p o‘ylaganim uchunmi? Yo Bekning tushi ta‘sirimi bu, Ishqilib shundoq bo‘lsinda, Yaratgan Egam! Oqgulning umrini uzun qil! Uni o‘z panohingda asra!"

Oddiy oq sochiqda artinib bo‘lganimdan so‘ng onam menga professor Mariya xonimning manzili va telefon raqamlari yozilgan varaqni uzatdi. Sevinganimdan men: " – Rahmat Ona!" – deya uni quchoqlab, yuz –ko‘zlaridan o‘pdim. Vujudimni titratayotgan tush, gumon, g‘amlar tarqab ketdi.

– Hozir u xonim Isroilda ekan, o‘g‘lim, – dedi onam afsusga qotiq xomush ovozda mening boshimni silab.

Mening ichim yana muzga aylandi. Onam buni yuz – ko‘zimdan uqdi shekilli, menga tasalli berdi:

– Uch – to‘rt kunda qaytarmish.

Ixtiyorsiz ravishda ko‘nglimdan shu so‘zlar kechdi:

" – Oqgulga kelganda, hamma narsa teskari:

Qimmatli kitoblari o‘g‘irlandi.

Bo‘ron og‘a o‘ldirildi.

Yahudiy xonim Isroilda.

Bektemir to‘shakka mixlandi

Endi Oqgulning hayoti tamomila xavf ostida qoldi.

Tamomila!

Uch – to‘rt kungacha uni kim qo‘riqlaydi?

Uch – to‘rt kun!..

93

Yuz yildek uzun zamon!

Yuz yildek!.."

– Senga quymoq pishirib qo‘ydim, o‘g‘lim.

Onamning gapidan o‘zimga keldim. Oqgullarga so‘z berganimni, ertaga so‘nggi imtihonligini, tushlikni ham ularnikida qilishimni unga aytdim.

– Meyli, bolam, meyli, – dedi – yaxshi tayyorlaninglar, faqat... faqat... – deya manglayimdan o‘pib, o‘ylanib qoldi. Keyin, chamasi, bir fikrga keldi, so‘zini aytdi, – ortiqcha gapdan o‘zlaringni tiyinglar, o‘g‘lim. Zamon nozik. O‘z jonlaringga jabr qilmanglar. O‘ris bosqinida bo‘vaklarni ham, go‘daklarni ham o‘ldirishdi. Bo‘g‘oz xotinlarning ichlarini ham yorishdi... Buni el – yurt biladi. Ongli dunyo biladi. Tuzum boshida shularning avlodlari turishibdi... Yosh – qari deb o‘tirishmaydi...

– Bilaman, ona, – dedim, – xotirjam bo‘ling.

32

Non, qaymoqni olib, xastaxonaga chopdim. Derazadan Bekka narsalarni uzatarkanman, yangilikni aytdim. Bundan u qattiq quvondi:

– Hoziroq unga telefon qil, do‘stim. Yana telegramma ham ber.

Bektemirning dardiga-dard qo‘shishni istamadim. Yahudiy xonimning Tel – Avivda ekanini undan yashirdim.

– Xo‘p, Bek, – dedim.

– Do‘stlarga salom ayt.

– Xo‘p.

– Bilasanmi, do‘stim, – u meni to‘xtatdi, – xastaxonada miyamga avallari kelmagan fikrlar kelyapti:

Hozir men hamma a‘zolari sog‘ kishini eng baxtli kishi deb o‘ylaydigan bo‘ldim. Menimcha, odam uchun bu birinchi baxt.

Ko‘ngling g‘ash bo‘lsa, olam ko‘zingga qorong‘u ko‘rinadi.

Menimcha, odam uchun ko‘ngil tinchligi: ikkinchi baxt.

Istagan vaqtingda qalbingga eng yaqin do‘stlaring bilan ko‘rishib turishing, menimcha, bu uchinchi baxt.

Senga erishdek, lofdek tuyulsa ham, Evril, aytay: hozir men o‘zing bilgan do‘stlarimni bir marta ko‘rish uchun jonimni ham berishga tayyorman. Ishon, do‘stim, bu mening yurak so‘zim! Afsus! Buning iloji yo‘q. O‘rnimdan turolmay yotibman. Ming afsus!!!

94

Bekning: "do‘stlarimni..." deganda, birinchi galda Oqgulni ko‘zda tutayotganini uqdim. O‘zim sezmagan holda unga ma‘noli boqdim. U mendan sog‘inchga g‘arq ko‘zlarini yashirmadi. Yashirolmadi.

33

Qizlar meni olma ostidagi so‘rida kutib olishdi. Oqgulning ota – onasi, ukalari uyda yo‘q edi.

" – Bog‘donga ketishgandir?.." – deb o‘zimcha faraz qildim.

Qizlar menga: " – Bek qani?" – degan ma‘noda savol nazari bilan qaradilar. Ularga yolg‘on so‘zlolmadim. Ikkovining ham ruhi tushib ketdi.

– So‘nggi imtihonga bir kun qolganda – ya!..– Oqgul gapini davom ettirolmay titradi. Boshini changallab o‘ylanib qoldi. Uning yuzlari qordan – da oqardi, tiyrak ko‘zlari olmosdek keskin tus oldi, dudoqlari asabiy ochilib, yumildi.

Marvarid ham g‘amga botdi.

" – Nega aytdim – a, nega?!" – deya o‘zimdan o‘zim g‘ijindim.

Nihoyat qizlar o‘zlarini tutib, tergiga bir chinni lagan kulchatoy, bir choynak ko‘k choy olib kelishdi. Gap – so‘zsiz, ishtahasiz ovqatlandik. Tergi yig‘ishtirilgach, bir piyoladan ko‘k choy ichdik.

– Imtihon ham ko‘ngilga sig‘mayapti, – dedi Oqgul o‘ta xazin oxangda, – ertaga nima bo‘lishini yolg‘iz Tangri biladi. Yolg‘iz Tangri!.. U – f – f!!. O‘lim qo‘rqinchli!.. O‘lim g‘ulg‘ulasi undan – da qo‘rqinchli!.. U - f – f!!!

Oqgul menga alahsirayotganday tuyuldi. Bundan mening yuragim uvushdi. Tizzalarim qaltiradi. Men uni bu qadar tushkun holda sira ko‘rmagandim. Sira!..

" – Nega birdan taslim bo‘layapti? – Men o‘z – o‘zimni savolga tutdim. – Nega? Taslim bo‘lish bu irodali qiz tabiatiga yot edi.

Endi?..

Endi: " – Men uchun biron yorug‘ yo‘l qolmadi" – deb o‘ylayotgandir? Balki, shunday yechimga kelgandir ham. O‘ta tushkun, o‘ta mungli u gaplar shuning mevasimasmi? Shunga uning yosh qalbi dengizdan – da chuqur qayg‘u, iztiroblarga dosh berolmagandir? Berolmayotgandir?..

Qayg‘u, iztiroblar!..

Qayg‘u, iztiroblar bo‘lganda ham, yengib bo‘lmas qayg‘u, iztiroblar!.. U tog‘dek odamni ham siqib, bukib, bir siqim qilib qo‘yadi.

Qalb qiynog‘idan ortiq qiynoq bormi dunyoda?

Qalb azobidan ortiq azob bormi dunyoda?

95

Oqgul kecha–yu–kunduz o‘ylay – o‘ylay, qutilish yo‘lini topmay. o‘zini – o‘zi yedi: uning quruq suyaklarigina qoldi".

Rasm daftari va qalamning shitir – shitiridan xayolim qochdi. Oqgul tuxumsimon shaklida o‘n bitta aylana chizdi. Ularning qoq o‘rtasiga Quyoshni "o‘rnatdi". Aylana chiziqlarga esa Merkuriy*, Venera*, Yer*, Mars*, Yupiter*, Saturn*, Uran*, Neptun*, Pluton*larni "joylashtirdi".

Bu Quyosh tizimi* (sistemasi) edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------------------

* 1. Merkuriyda bir yil – 88 kun. 2. Venerada bir yil – 150 kun. 3. Yerda bir yil – 365 kun. 4. Marsda bir yil – 700 kun. 5. Yupiterda bir yil – 1000 kun. 6. Saturnda bir yil – 1500 kun. 7. Uranda bir yil – 50 yil, bizning yil hisobimizda. 8. Neptunda bir yil – 150 yil, bizning yil hisobimizda. 9. Plutonda bir yil – 250 yil bizning yil hisobimizda.

96

Men bundan ajablandim. Marvarid ham hayron bo‘ldi.

– Ertaga matematikadan imtihon emasmi, Oqgul? – Taajubini yashirmay so‘radi Marvarid.

– Balki?..

Bu javobdan: " – Esi og‘ib qoldimi?.." degan so‘z boshimga to‘qmoqdek urildi. Bundan ich – etim jimirlab ketdi.

– Men mana bu sayyora*ning yil hisobi bo‘yicha oltmish bir yarim yil yashayman... – U tuxumsimon aylanalarning biriga ishora etdi, – so‘ng...so‘ng jonim uchib ketadi. – Uning ko‘zlaridan marjon – marjon yosh oqdi.

Oqgulning so‘zlari bizga telbaning gapidek g‘ayri – tabiiy tuyuldi. Bundan mening ich – etim ezildi. Marvaridning ham. U sir bermay dedi:

– Oltmish bir yarim yil yashash ham har kimga nasb bo‘lavermaydi, Oqgul.

Oqgul siniq kuldi.

Mening ko‘nglim yomon bir narsani sezgandek, notinch edi. Yomon bir narsa!.. Nima u? Buni aniq bilmasdim. Shu tobda men fikrlashga ham ojizday edim.

" – Agar chindan ham oltmish bir yarim yoshga kirsa, – dedim o‘zimga – o‘zim, – buni olqishlash kerak. Lekin... Lekin... bu yerda bir sir borday... Yo uni tomi ketayapti? Tomi?.."

– Tangri mening o‘zimga qo‘yib bersa, men o‘zga bir sayyorada yashardim – dedi Oqgul xayolimni to‘zg‘itib, – Masalan: Mars*da!...

Uning gapi qa‘tiga qandoqdir sir yashiringanligi mening xayolimga ham kelmadi. Marvarid e‘tiroz bildirdi:

– Marsda hayot yo‘q – ku Oqgul.

– Esim qursin, Marvarid, o‘zga Quyosh Tizimida, o‘zga yerda...

– O‘zga Quyosh Tizimi?.. O‘zga Yer?.. – Hayron bo‘ldim men va ko‘nglimdan ixtiyorsiz bir tarzda ushbu so‘zlar o‘tdi: " – Oqgulning hushi o‘zidamas. Ishqilib uni Tangri asrasin!"

– Minglab o‘zga Quyosh tizmlari bor, Evril. Ulardagi Yerlar biznikidan katta ham ko‘rkam. U Yerlarda yashovchilar bizdan ko‘p aqlli, imonli, ilmli.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* ...Mana bu sayyora – Quyoshga eng yaqin sayyora – Merkuriy. Merkuriyda bir yil 88 kun. Hozir Oqgul 15 yoshda bo‘lsa, Merkuriy yili hisobi bilan 61.5 yoshga to‘ladi.

* Marsda ... – Mars sayyorasida bir yil 700 kundir. Yerda 15 yoshga kirgan odam, Marsda taqribon 8 yoshga chiqadi.

97

– Buni senga kim aytdi, Oqgul?

– Yuragim sezayapti, yuragim aytayapti. Xayol ko‘zi bilan ko‘rayapman ham.

– Professor Mariya xonim ham shunday fikrdalarmi?

– U kishi Sharqshunos olimalar, Evril.

Biz battar taajjublandik. Chunki Astronomiya fanini bilmas edik.

– Sizlar meni jinniga chiqarib qo‘yyapsizlar. – Oqgulning og‘ir kasallarnikiday za‘faron yuzlari g‘alati tirishdi, – gap mag‘zini chaqmayapsizlar, – uning so‘niq ko‘zlari yana lovullab yondi.

Biz mulzam bo‘lib qoldik.

Oqgulning tanbehidan keyin men tuxumsimon aylanaga qancha sinchiklab boqmay, undan hech narsani anglamadim. Hozir idrok qiladigan holda emasdim ham. Tushum ham ko‘nglimga g‘ulg‘ula sola boshlagandi. Kirajak tun vahmi meni bo‘g‘ma ilondek bo‘g‘ib kelardi. Oqgulning qismatini o‘ylardim. Tan – jonim bilan O‘ylardim. Endi, Bek yo‘q. Uni kim qo‘riqlaydi? Menda esa bundoq jasorat yetishmaydi. Maboda yetishganda ham, qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Buyuk Muqanna:

"O‘z kuchingga ishomasang, jangga kirma, yo‘qsa, halokatga uchraysan", deb bejiz aytmagan.

Oqgul mendagi kechinmani adashmay uqdi va og‘rindi:

– Men hozircha tirikman, Evril. Oltmish bir yarim yil yashayman... Men haqimda o‘ylashni bas qil. Bu menga og‘ir botayapti.

Men noqulay ahvolga tushdim. Yuzim yonganini his etdim. Bundan qutilish uchun uni chalg‘itishga urindim:

– Nega o‘n bitta aylana chizding? Menimcha, ikkitasi ortiqcha. O‘zing ham bu chizmada Quyosh tegrasida to‘qqizta sayyora aylanayotganini ko‘rsatgansan.

– To‘g‘ri, Evril. Ammo men buni professor Mariya xonimning o‘rgatmasidan kelib chiqqan holda shundoq qildim.

– Bu haqiqatga zid – ku.

– Men ham avval senday o‘ylardim. Endi boshqacha...

– Qanday?

– Bolalik paytida Yusuf elchi*ning tushiga oy, quyosh hamda o‘n bitta yulduz kiradi.

– Bu bir rivoyatda, Oqgul.

– Men ham ayni shu gapni professor Mariya xonimga aytgandim. U buni inkor etgandi:

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Yusuf elchi – Yusuf payg‘ambar. U Yoqub payg‘ambarning o‘g‘li.

98

" – Ilohiy kitoblar*dagi bitiklarni rivoyat deb bo‘lmaydi, azizim. Qur‘onda ham bu to‘g‘rida oyat bor:

"Yoqub (A.S.)ga o‘g‘li Yusuf dedi:

"Menga (tushumda) Quyosh, Oy hamda o‘n bitta yulduzning sajda qilib turgani ko‘rsatildi"*.

(Yusuf surasi, 4 – oyat).

– Sen bunga inonasanmi?

– Shak keltirma, Evril.

– Bundan chiqdi: Quyosh tegrasida o‘n bitta planeta aylanayotir.

– Shunday.

– Qani ikkitasi?

– Menimcha, ular Yerdan juda – juda yiroqda, Masalan: milliardlab chaqirim yiroqda va mutlaq – mutlaq qorong‘ulik qa‘rida bo‘lishi mumkin. Qachonlardir, Evril, ilm – fan ularga yetib boradi. Balki, sen buni guvohi bo‘larsan. Marvarid ham. Chunki sizlar mendan uzoq umr ko‘rasizlar...

– Unday dema, Oqgul. Bu yolg‘iz Tangriga ayon.

– Balki, men yanglishayotgandirman. Lekin mening yuragim shuni sezayotganday... O‘sha ikki sayyora topilganda, meni eslarsizlar... Balki, sen, Evril, o‘zimiz to‘g‘rimizda kitob ham yozarsan.

– Tangri nasb etsa, Oqgul.

– Men sizlarni sevaman!

Men sizlarga inonaman!

– Biz ham seni sevamiz, Oqgul! – dedim men.

– Sen bizni jonimizsan! – dedi Marvarid.

Oqgul: " – Agar men oralaringizda bo‘lmasam..." – deyishga og‘iz juftladi. Biroq bizni ayab fikridan qaytdi. Va picha sukutdan so‘ng dedi: – Agar men shu ta‘tilda sizlardan uzoqlarda bo‘lsam, masalan: Mariya xonimnikiga ketsam, "Oq tug‘" Kengashini sen boshqarasan, Evril".

Uning ko‘zlariga yana qayg‘uli, alamli yoshlar qalqidi. Shunga qaramay, ovozida shiddat, ishonch, hukmfarmoga o‘xshash bir nimalar mavjud edi. Men Oqgulga bu xislatlarni Tangri bergan deb aytishga jur‘at etaman. "Ulg‘aysa, "Etakchi..." bo‘ladi" – deb o‘ylardim. Bek, Marvarid, boshqalar ham shunday fikrda edilar. U doimiy ravishda bizdan bir qadamcha oldinda yurardi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Ilohiy kitoblar – Tavrat, Zabur, Injil ko‘zda tutiladi.

* Bu oyatni Oqgul o‘rischadan o‘zbekchaga o‘girgan. Professor Mariya xonimning so‘zi asosida.

99

Uning bu odatini o‘zgalar bilan yurganda ham kuzatganman. Oqgul tug‘ma shunday edi.

– Sen yahudiy xonimnikiga ketsang, biz bu ayriliqqa qandoq chidaymiz? – Marvarid og‘ir xo‘rsindi. – Seni sog‘inamiz! Juda – juda sog‘inamiz! Ammo, shunga qaramay, uzoqlarga, dajjol qo‘li yetmas uzoqlarga ketsang, quvonamiz! Cheksiz – cheksiz quvonamiz, aziz do‘stim! – Uning ko‘zlari yoshga to‘ldi.

– Marvarid mening ko‘nglimni aytdi, Omongul, – dedim men vujudimni qurshab olgan qayg‘u – g‘amini qizlarga sezdirmay, – qayerda bo‘lsang ham, omon bo‘lsang bo‘lgani, do‘stim. Biz senga uzoq umr tilab, Tangriga iltijo qilamiz!..

34

Oqgul qachon bu yechimga keldi? Qora niqobli "o‘g‘rilar" voqeasidan keyinmi? Yoxud Bektemir fojeasi boismi? Yoki doimiy bosim tufaylimi? Adashmasam: hammasi sababli... Hammasi sababliyu, ammo Bek voqeasi uning ikkilanishiga uzil – kesil chek qo‘ydi.

Menimcha, Oqgul o‘zi uchun oqibati halokat bilan tugayajak to‘fon misol kuchli qurshovdan qutilish yo‘lini ko‘p izladi. Tinsiz izladi. Bekni o‘limdan tasodifan qutilib qolishi uni professor Mariya xonimnikiga ketishiga tub turtki bo‘ldi. Zotan Oqgulga bundan o‘zga yo‘l yo‘q ham edi.

Biroq, endi, uni:

" – Ulgurarmikanman?!.." degan savol dahshat bilan ich – etini yemira boshladi.

Meni ham zo‘r tashvish iskanjaga oldi:

" – Kechikib qolmasa bo‘lgani!.."

Marvarid ham shunday o‘y qurshovida ezilmoqda edi:

" – Ishqilib Tangri qo‘llasin!.."

Oramizga cho‘kkan ancha sukutdan so‘ng Oqgul bizga tubsiz mehr bilan termilib dedi:

– Tangri umr bersa, aziz do‘stlarim, qayerda yashamay, hamisha xayolan Sizlar bilan birga bo‘laman.

Hamisha!.. – Uning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Qayg‘uli yoshga.

Go‘yo ochunda hayot to‘xtab qolganday, so‘rini o‘lik sukut qurshadi. Bu hol bir necha on davom etsa ham, menga uzoq vaqtday tuyuldi.

100

– Sizlardan hech ajragim kelmaydi, Evril, – Oqgul ko‘z yoshlarini shaftoli gulli qo‘lro‘molchasi bilan artdi. So‘ng bir nima esiga tushdimi, qalqdi, uyiga kirib "So‘na" romanini olib chiqdi. Marvarid bilan men taajjublandik. Oqgul har yoqqa ko‘z yugurtirdi. Tinch. U titroq barmoqlari bilan kitob orasidan bir varaq olib, menga uzatdi:

– Yashir.

Men shoshib uni havo rang daftarim ichiga bekitdim.. Oqgul bizdagi taajjubga barham berish uchun past va titroq ovozda dedi:

Professor Mariya xonim menga o‘sha kitoblar (o‘g‘irlangan) bilan birga besh xil eski Turk Yozuvini ham beruvdilar. Men yashirincha, mana shu O‘RXUN Alifbosini o‘rganayotgandim:

O‘RXUN YoZUVI:

V - Q - h1

G - ℓ - h2

- Y -

" - OU -

NN - OÜ - h hỳ

- - hthd

- V2 1 -

S - 1 - 1

- 2 - 2

- 2 - O U

- 1 - 1

X - 2 - 2

- 1 - S1

- 2 - S2

- K2 - S

R - ÖKÜKKÖKÜ - t1

- Z2 hh - t2

M - Zt - Z

- m

Shu sababli uni o‘qiyotganim: "So‘na"ning orasiga qo‘ygandim. Bo‘lmasa, bu noyob Yozuvdan ham ayrilib qolardim.

Marvaridning yuz – ko‘ziga zo‘r achinish belgilari toshdi:

101

– Odam topolmaydigan yerga...

– Bundoq bo‘lishini bilganimda... Kitoblarim orasida turuvdida...

Men ham kuyindim:

– Essiz!.. Yaramas "vakil!.."

– Tuzum degin! – Marvarid meni tuzatdi. – "Vakil" bir qo‘g‘irchoq – Robotda.

- Endi, afsusdan foyda yo‘q, – Oqgulning ovozida yana o‘ziga ishonch paydo bo‘ldi. – Bu yozuvni asra, Evril. O‘z ko‘zingni asragandek asra. O‘z yuragingni asragandek asra. Ko‘paytir, Marvarid bilan Bekka bittadan nusxa bor. Bir zamonlar kelganda... Hur zamonlar... – Oqgul gapini mavhum qoldirdi. Tin oldi. Keyin davom etdi:

– Bizning O‘Z YoZUVIMIZ bo‘lishini istayman. Butun Turk ellariga Bir YoZUV bo‘lishini istayman. Shunda biz mislsiz kuchga kiramiz.

Gurjining o‘z yozuvi bor. Mo‘g‘ulning o‘z yozuvi bor. Hatto armanining ham. Nimaga bizniki yo‘q? Yovuz arab bosqinchilari bizning Yozuvlarimizni yoqib yuborishgan. Hamma – hamma kitoblarimizni ham, ne muqaddas narsamiz bo‘lsa, hamma – hammasini. Oradan ming yil kechib, O‘ris shovinistlari ham ayni shu "usul"ni qo‘llashdi. Bizning Turkiy so‘z qurilishimizga arabchasi ham, kirilchasi ham mos kelmaydi. Biz O‘Z YoZUVIMIZNI tiklashimiz lozim. Xor – zor bo‘lib yotgan O‘Z Yozuvimizni, bizni asrlar bo‘yi kutib yotgan O‘Z YoZUVImizni!..

– Butun Turk ellarining O‘Z YoZUVlari yo‘q, – kuyindi Marvarid. – Turkistonni qaram desak, Mustaqil Turkiyaning ham!..

Bu ko‘rgulik!..

Bu ko‘rgulik!

– Ko‘rgulik! – deb takrorladi Oqgul, – ne qismat bu, bilmadim! – U o‘ylanib qoldi va so‘ng dedi: – Bu buyuk xatoni tuzatishimiz mumkin... Hozircha biz bu Alifboni tugal o‘rganaylik. Xotiramizda saqlaylik. Xotiramiz "Qulf"ini hech kim ocholmaydi.

KGB ham!

Yer yuzida uning kaliti yo‘q.

Marvarid go‘zal boshini egib – ko‘taroq tasdiqladi.

– To‘g‘ri, – dedim men ham.

– Mening fikrimni anglading, Evril. Endi men bundan xotirjamman. Ha, tag‘in bir so‘zni aytay. Bu ham Mariya xonimning o‘guti:

" – O‘zida yuksak madaniyat namunasini aks ettirgan Lotin Yozuvi bilan Ingliz tilini o‘rganish lozim. Hatto Amerikadek Davlat ham Lotin Yozuvida. Va ham ingliz tilida so‘zlaydi. U jahon tili. U bilan dunyo "eshik"lari ochiladi".

102

Men bu o‘gutlar ta‘sirida o‘yga toldim. O‘zimcha fikrladim ham:

" – Yahudiy xonim biz bilmaydigan narsalarni biladi. Bu bilan bizning mudroq ko‘zimizni ochishga urinadi. Tuzum: "Qora" – deganni u: "Oq" – deydi. Tuzum: "Oq" – deganni u: "qora" – deydi. Tub haqning ildizini ochadi. Bu bilan bizni "O‘ZLIK" – degan haq kurashga da‘vat etadi; zimdan tayyorlaydi. O‘zimcha his etaman: bu kurash og‘ir, qonli, uzoq davom etadigan kurash. Bu kurashda Oqgul, Bek, Marvaridlar bilan birga men yonma – yon turib kurashaman. Bizning umrimiz shu bilan mazmunli ham go‘zal bo‘ladi. Fitratlarniki kabi...

Hozir bizning ichimizda Fitratlar bormi? Yo hammasi otilganmi? Yoki qamog‘u surgunlarda shahid bo‘lganmi? Menimcha bizning ichimizda ham bor. Fitratdek, Cho‘lpondek, Mariya xonimdek insonlar. Tuzum ularni o‘ldirib tugatolmaydi. Bil‘aks o‘zi tanazzulga uchraydi. Bil‘aks o‘zi uzlatga ketadi. Yangi – yangi avlodlardan yangi – yangi Fitratlar o‘sib chiqadi. Chiqaveradi. Bunga mitti misol:

Oqgul,

Marvarid,

Bek...

Balki, yana biz bilmaydigan yoshlar bordir.

Balki, yuzlab yoshlar,

Balki, minglab yoshlar...

Mariya xonim minglab o‘zbeklar qilmagan, qilolmagan ishlarni qilayapti. Yurakdan. Xolis. Millati, dini boshqa bu xotin nima uchun bizga jon kuydirayapti? Ko‘nglimdagini aytsam: Dunyoda oz bo‘lsa ham Mariya xonimday odamlar bor. Ularni "Haqiqat kurashchilari" desam to‘g‘ri bo‘lar. Ular butun insoniyatni o‘ylab ish ko‘radilar. Ha, u xotinda odamzotda kamdan – kam uchraydigan shunday xislat, shunday tuyg‘u bor. Men bunga ishonaman. Qani bizdan ham shunday buyuk kishilar chiqsa!"

– Yetti uxlab tushimizga kirmaydigan gaplar, – Marvaridning ovozidan o‘yim boshimdan uchdi, – biz ko‘lmakni: "ko‘l", tepani "tog‘" – deb yurgan ekanmiz.

Oqgul mayus jilmaydi va mayus sasda dedi:

– Evril, shu tobda sening boshingdan ne kechganini yuzingdan o‘qidim. Xuddi bir yozuvni o‘qiganday o‘qidim. Marvaridning ko‘zida ham shunday ifoda yolqinlanib turdi. Menimcha, professor Mariya xonimning ta‘siri atom ta‘siridan kuchliday. Agar gapim o‘rinli bo‘lsa: "Odamning odamga ta‘siri"dan buyukroq ta‘sir, buyukroq kuch yo‘q, buyukroq "Qonun" ham yo‘q. Dunyo barcha "qonunlar"dan ko‘ra ham, "Odamni odamga ta‘siri Qonun"dan ko‘proq yuksalib boradi.

103

– Menimcha ham, – Marvarid Oqgulni quvvatladi.

– Endi, o‘zimizning Chingizxonni ko‘rib kelaylik, – ohista qalqdi Oqgul.

Biz ham qalqdik.

Kesishuvgacha birga bordik. So‘ng qizlar men bilan mehr aralash nazokat ila xayrlashdilar. Shunda, nogoh miyamga:

" – Bu so‘nggi xayrlashuv bo‘lsa-chi?!." – degan savol yashin yanglig‘ urildi. Men umrimda ilk da‘fa ko‘kragimni changallab qoldim. So‘qoq chetidagi qora toshga behol o‘tirdim. Yuragim ignadek sanchmoqda edi...

35

Ertalab so‘nggi imtihonga yondim. Maktab ostonasida meni til, adabiyot o‘qituvchisi sovuq qarshi oldi. U qovog‘idan qor yog‘ilgan holda:

– Orqamdan yur! – deya meni Bo‘ron og‘a o‘rniga tayinlangan maktab direktori huzuriga boshlab kirdi.

Yosh, nazokatli, xushbichim rus xonim (uning ismi – sharifi alla zamonlar esimdan chiqib ketgan) menga o‘tirishga joy (stul) ko‘rsatdi va sinchkovlik ila muloyim boqdi. Men uning sarg‘ish yuzlariyu zangor ko‘zlaridan achinish ifodalarini o‘qidim.

– Men buni istamagan holda senga aytishga majburman... – dedi rus xonim xiyla sukunatdan keyin. – Sen maktabdan chetlatilding... Marvarid bilan Bek ham... Meni to‘g‘ri tushuninglar...

Bu gap menga yuragimga sanchilgan ignadek ta‘sir etdi: Boshim aylandi, ko‘z oldim qorong‘ulashdi. Biroq yiqilmadim. Iroda bilan o‘zimni tutdim. Direktor xonimning (menga nisbatan) kin, og‘udan xoli, bil‘aks mehrli ko‘zlariga: " – Nima sababdan?.." degan ma‘noda boqishga o‘zimda kuch topdim.

Direktor mendagi kechinmani sezdi. Til, adabiyot o‘qituvchisiga qarab, o‘ylanib, ikkilanib qoldi. Aftidan unga ishonmayotganday edi. Balki, men shunday o‘ylagandirman? Yana, kim bilsin?

U qizardi. Lekin menga bir so‘z demadi. Yerga ma‘yus boqdi. Til, adabiyot o‘qituvchisi zahrini sochdi:

– Yashirincha uchrashib yurgansizlar!..

Hamma balo shundan chiqqan...

Bu gap tagida bir dahshatli tuhmat chayon misol vishillab yotgandek edi. Shungami, mening yuragim bejo urib, siqa boshladi. Biroq men unga sir bermay, javob qaytardim:

– Yashirinchamas, ochiqcha... o‘z uylarimizda...

104

– Sabab?..

– Imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rdik.

– Toqqa sayohatga – chi?..

– Bu Qonunda ta‘qiqlanganmi?

– Yo‘q, ammo tog‘da nima ishlar qildilaringiz?

– Lola, chugri, pidina, yalpizlar terdik.

– Faqat shumi?

– Ha.

– Intim ishlar – chi?..

– Sizdan bunday tuhmatni kutmagandim.

– Men o‘zimdan kelib chiqib aytmayapman.

– Tuhmatligini ichingizda sezib turibsiz – ku.

– Yana ortiqcha gaplar-chi?.. – U buni davlatga qarshi ma‘nosida urg‘u bilan aytdi.

– Bu ham tuhmat! – Men unga o‘ylab – netib o‘tirmay javob qaytardim. Biroq shu on: "Ovozimizni yozib olgan bo‘lsa – chi?" degan savol miyamni parmalab o‘tdi. Yuragim sancha boshladi. Ammo shu zumning o‘zida g‘oyibdan madad sasi ham keldi: "Yozib olmagan" ... O‘zimni darhol qo‘lga oldim. Lekin, endi, ichimda ikki Evril* bir – biri bilan tortishishga tushdi:

" – Yozib olgan!"

" – Yozib olmagan!"...

Bundan toqatim toq o‘laroq boshim gangidi. Ko‘z oldimni siyrak tuman bosdi. Yuragim beomon ura boshladi. Til, adabiyot o‘qituvchisining zaharli ovozi tag‘in qulog‘im tagida bombadek portladi:

– Oralaringda bir nima o‘tgan!..

– Hech nima o‘tmagan, – dedim zo‘rg‘a. Aftidan qon bosimim oshdi. Tomog‘im, tanglayim, lablarim qaqrab qoldi. Burnim bitdi. Menga havo yetmasdi.

– Bo‘lmasa, Omongul nega o‘zini – o‘zi osib qo‘ydi?!.

– Nima?!!

Xona gir aylandi.

Xonani zulmat bosdi.

Men mash‘um qorong‘ulikka quladim. Shunda rus xonimning tovushi uzoq – uzoqlardan kelayotgandek qulog‘imga elas – elas chalinib qoldi:

– Biz tergovchi emasmiz, pedagogmiz, buni unutmaylik! Yo‘qoling ko‘zimdan!

Men o‘zimga kelganimda boshimda direktor, Ne‘mat duxtur, o‘zbek, rus o‘qituvchilari turardilar. Ularning orasida til, adabiyot o‘qituvchisi

105

yo‘q edi.

Holsiz qalqdim. Direktor achinishga qotilgan mehribon ovozda meni to‘xtatishga urindi:

– Biroz o‘zingga kelgin, biroz tin olgin.

– Rahmat, – o‘pkam yoshga to‘ldi. Ko‘ksidan o‘q yegan yo‘lbars bolasidek sudralib, o‘ksib yig‘lab, koridorga chiqdim. So‘nggi imtihonga kelgan o‘quvchilarning shivir – kuchirlari ko‘nglimni butunlay vayron qildi:

" – Oqgul o‘zini osib qo‘yibdi!.."

" – Oqgul o‘zini osib qo‘yibdi!.."

" – Oqgul o‘zini osib qo‘yibdi!.."

Yo‘lda onasidan ayrilgan bo‘taday bo‘zlab borarkanman, o‘tkinchilarning gap – so‘zlari yurak – bag‘rimni tilka – pora etdi:

" – Dunyoga sig‘madi!.."

" – Hur ketdi!.."

" – Tungi soat uch – to‘rtlarda uni o‘z xonasida bo‘g‘ib o‘ldirishgan. So‘ng olmalariga osib ketishgan..."

" – Bundoq qiz yuz yilda bir tug‘iladi!.."

Men kuyib yig‘lab, o‘sha tanish tepaga chiqdim. Oqgullarning uyi, tegrasi, yo‘llari odamlarga to‘lib toshgan.

Hammaning boshi egik.

Hammaning ko‘zida yosh.

Oqgulning ko‘k kiygan, beli ro‘mol bilan bog‘langan onasi (xotinlar orasida) o‘zini yulib bo‘zlardi:

– Voy bolam!!!

Meni nega tashlab ketding, voy bolam!!!

Sen o‘lguncha, men o‘lsam bo‘lmasmidi, voy bolam!!!

Xuddi shu asnoda Oqgulning bizga:

" – Men mana bu sayyora bo‘yicha oltmish bir yarim yoshga chiqaman..." – deya quyoshga yaqin planetani ko‘rsatganini esladim. Demak: u o‘zini o‘ldirib ketishlarini bilgan. Marvarid bilan meni ayab yolg‘on so‘zlagan.

Yo Tangrim, u qaysi sayyora?

Qon yig‘lab o‘yladim.

Qancha o‘ylamay topolmadim.

Topadigan holda emasdim. Shunda, yo Tangrim, g‘oyibiy bir sas qulog‘imga shivirladi:

"MERKURIY".

Esladim: Merkuriy sakson besh kunda Quyosh atrofida bir marta aylanadi. Bu: bir yil degani. Demak, Yerda o‘n beshga kirgan qiz, Merkuriy yili hisobi bo‘yicha oltmish bir yarim yoshga chiqadi.

106

Tavba – tavba!..

Kelajak tunda Oqgul misli ko‘rilmagan dahshatli voqea yuz berishini va undan qochib qutila olmasligini sezgandir? Bizni qo‘rqitib yubormaslik uchun Quyosh tizimini o‘ylab topgan. "Ertaga so‘nggi imtihon" deganimizda ham, u: "Balki?.." deb bejiz aytmagan. Maktabdan haydalishimizni ham, tuhmatga qolishimizni... ham oldindan ko‘ra bilgan.

36

Oqgulni tobutga solishdi.

Dod – faryod ochunni tutdi.

Og‘ayotgan quyosh yerni beayov qizdirmoqda. Agarchi men sovuqqa ham, issiqqa ham chidamsiz bo‘lsam – da, shu lahzada jaziramani sezmayotgandek edim.

Boshidan – oyog‘igacha oq kiyingan, oq soqolli, qorni katta mulla* baland ovozda qichqirdi:

– Islom dinida o‘zini - o‘zi o‘ldirgan odamga janoza o‘qish yoki tilovat qilish ma‘n etilgan. Gunohga botmay, shunga qarab ish tutinglar!..

Bungacha ham tuman Ichki Ishlari Boshqarmasidan bir kas rasmiy tarzda kelgan va shu gapni tahdid ohangida aytgan edi.

Shu sabablimi, mening miyamga uch fikr keldi:

" – Qo‘rqoq oldin musht ko‘taradi..."

" – Oyni etak bilan bekitayapti..."

" – O‘zlarini – o‘zlari ochib qo‘ymoqda..."

Ta‘qiqqa qaramay, o‘zlarini imonli bilganlar ichlarida jonoza o‘qidilar.

Odamlardan ayro, ho‘ng – ho‘ng yig‘lab tobutga ergashdim. Uni Uchqulochning sharqiy qismiga, tog‘simon tepaning yon bag‘ridagi yangi qabristonga qo‘yishdi. Chin musulmonlar ichlarida Qur‘on o‘qidilar, tilovat qildilar.

Sekin – sekin hamma tarqadi.

Oqgulning qabri yonida yolg‘iz qoldim. Pastga yumalab engan namxush kesaklarni (joy – joyiga) tahladim. Qizg‘ish tuproqlarni kaftlarim bilan tekislab, silliqladim. Atrofni shuvoqda supurib, tozaladim. Shunda, ko‘z oldimda Oqgul jonlandi va qat‘iyatga qotilgan mehribon

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Mulla – El uni GPUning qulog‘i derdi.. "GPU" derdi. "GPUni odami" derdi.

107

ovozda dedi:

– Hech zamon o‘z yo‘limizdan qaytma, Evril!

Hech zamon!!

Hech zamon!!

– Men shuni deb yashayman, Oqgul!

– Men senga inonaman, do‘stim!

U g‘oyib bo‘ldi.

Ich – ichimdan xo‘rsinib, o‘kinib, o‘ksib yig‘ladim.

– Oqgul, aziz do‘stim, kecha, kechagina sen bilan birga edik! – deb yig‘ladim, – kecha, kechagina baxtiyor edik!

Endi?..

Sen...

Oh!..

Qandoq adolatsiz dunyo bu!

Qandoq adolatsiz, hissiz, hayosiz dunyo!..

Qandoq yolg‘onga, to‘hmatga, qonga botgan dunyo bu!

Tangrim!

Nega haq qolib, nohaqqa erk berding?!

Nega razil, munofiqni g‘olib qilding?!!

Nega?!!

Nega?!!

Nega?!!

Men o‘pkamni bosolmay, o‘ksib yig‘ladim.

Ho‘ng – ho‘ng yig‘ladim.

Uzoq, juda uzoq yig‘ladim.

Qabristonni qabrdek qora tun bosganini ham sezmadim.

Qabrdek qora tun!..

Men qorong‘u kechalarda qabristondan, arvoh, alvasti, jinlardan qo‘rqardim. Biroq, hozir menda (nima uchundir) shu tuyg‘u, shu qo‘rquv tuyg‘usi yo‘q. Men, Oqgulni tashlab ketmadim. Ketolmadim. Uyga oyog‘im tortmadi. Uning qabriga boshimni qo‘yib yig‘ladim.

Unsiz yig‘ladim.

Tun jim – jit.

Tog‘dan shamol enmoqda.

Salqin shamol.

Men xayolan Oqgul bilan qo‘nishdim.

Tonggacha qo‘nishdim.

Nima haqda?

Bu sir...

108

Uni kelajak avlodlarga aytaman.

Nasb etsa...

Etakda bir to‘da ayol ko‘rindi.

Oqgulning onasini tanidim.

Marvaridni tanidim.

Men istamay uyga qaytdim.

Shunda menga hayot bo‘m – bo‘shday tuyuldi.

Bo‘m – bo‘shday!..

Oqgulsiz hayot!..

Ufq qonga aylangan edi...

Hali quyosh chiqmagan edi...

T u g a n m a

Qabristondan buyuk qayg‘u bilan qaytarkanman, o‘z – o‘zidan "Muqanna nidosi" degan so‘z miyamdan kechdi. So‘ng ushbu satrlar yuragimni yondirib o‘tdi:

M u q a n n a n i d o s i

(VIII – asr)

1.

Bor narsa vaqt quli, 13

Bari sovrilar bir kun.

Yer,

Oy,

Quyosh,

Yulduzlar ham...

Balki osmon ham... 13

Zo‘r Davlat,*

Mafkura

Ular oldida nima? 13

Bir zarra,

Chang.

Umri:

Ko‘z ochib, yumguncha dam. 13

U bir bo‘g‘ov.

Ichi:

---------------------------------------------------------------------------------------------------

* Zo‘r davlat – imperiya – xalifalik ko‘rinishida.(tagida SSSR...)

109

Yiring,

Og‘u,

Sarob,

Qon... 13

U bir qamoq,

Kishan,

Kishi qurgan jahannam... 13

U yolg‘on, haromlarga to‘lib oqayotgan yam*

U tirik olamda zo‘r hoqon:

Nafs,

Ta‘ma... 13

Inon!

Biz ularga qarshi kurashmoq uchun 13

Yerga enganmiz bu kun!

Bizning terimiz – la 13

Poklanar,

Sog‘ayar

Ushbu yarali ochun. 13

Inon!

Bo‘ron, dovullarga berolamiz dosh!.. 13

Inon!

Yetar bunga bizdagi:

Ong.

Kuch.

Bardosh!.. 13

Inonma!

Yovning hech bir so‘z, va‘dalariga! 13

Agar qul qullikdan qutulmasa,

Qodirmas: 13

O‘ z l i k n i t i k l a sh g a,

T ye r a n t a f a k k u r l a r g a. 13

Zanjirlarni uz!

Uz shart!!

Buz!!!

Yetar xo‘rlik!

Bas! 13

Bizlar qul bo‘lishga kelmaganmiz dunyoga! 13

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Yam – daryo

110

Ko‘nikma hech:

Zulm,

Tahqir,

Zo‘rlik, 13

Ro‘yoga!...

Qo‘zg‘ol!

Qo‘zg‘al!!

Qo‘zg‘al ey mening mazlum Elim!!! 13

Qabriston bilan uyim oralig‘ida, toshloq yo‘lda tug‘ilgan bu satrlarga ellik besh yil o‘tdi.

Ellik besh yil!..

Shu uzun zamon ichida men uning bir so‘zini ham o‘zgartirmadim. Ko‘nglim shuni istadi...

Uyga qanday yetib kelganimni bilmayman. Satrlarni qog‘ozga tushirdim. Shundagina borlig‘im olov bo‘lib yonayotganini his etdim. O‘zimni boshqarolmay qoldim. Yiqildim. Bir oy dam hushimga kelib, dam hushimdan ketib, alahsirab yotdim. O‘n kun tildan ham qoldim. Onam uzoqni ko‘ra biladigan odam edi. Meni o‘ldirib yuborigshlaridan qo‘rqib, kasalxonaga yotqizmadi. Yashirincha davolashga Lochin otli bir tabibni topdi...

Men o‘zimga kelganimda Bekka ushbu xatni yozdim:

"Aziz do‘stim!

Sendan o‘tinib so‘rayman: shu saharda sahro (Qizilqum) orqali Qozoqistonga qoch. Bo‘lmasa hayoting Oqgulniki kabi fojea bilan tugaydi. Bir necha yilgacha yurtga qaytma.

Men bilan xayrlashishga kelma.

Menga xat yozma.

Bu juda xavfli. Biz (Marvarid, men) doimiy kuzatuvdamiz...

Tangri umr bersa, yaxshi kunlar kelganda ko‘rishamiz.

Omon bo‘l!

Do‘sting..."

Onam xastaxonaga borib, maktubni Bekka beradi. U shundan uch kun o‘tgach, quyuq tunda "O‘rol"da Qozoqistonga qochadi. Va muqarrar o‘limdan qutilib qoladi.

Marvarid va men Oqgulning o‘limida gumon etilib, olti oy tergov berdik.

111

Qishda o‘n olti yoshimda, maxsus suyuq loy hozirlov tsexida motorist yordamchisi, so‘ng, oylar o‘tishi bilan motorist bo‘lib ishladim.

Marvarid bilan men (Sovet armiyasiga ketgunimcha) maxfiy tarzda ko‘rishib turdik. "Oq tug‘" Kengashi ishini davom ettirdik... Oqgul o‘gut qilganidek, "kosa, kosa tagida nim kosa" qabilidagi mitti hikoyalarim "Parij komunnasi"da (vaqti – vaqti bilan) bosilib turdi.

Birda, yo‘lda o‘sha chiyilloq ovozli "vakil" bilan "to‘satdan" uchrashib qoldik. Go‘yo "to‘satdan"... Aslida... U mendan Bektemirni so‘radi.

" – Hozir u Ufadamish".

" – Yolg‘onni yamlamay yutma".

" – Eshitganim shu".

" – Qozoqistonda".

" – Bo‘lmasa nega so‘rayapsiz?"

" – Shunchaki qiziqayapman... Kimdan eshitding?"

" – Choyxona*da shaxmat o‘ynayotganimda qulog‘imga chalinuvdi".

" – Eslasang yaxshi bo‘lardi".

" – Qandoq eslayman? U kishilarni ko‘rmadim ham.

" – Tulkilik qilma, bola, esla!"

Uning bu gapi mening izzat – nafsimga tegdi, qonim qaynadi. Unga g‘azab bilan boqib, dedim:

" – Aktyorlik qo‘lingdan kelmasa, qisib yur, yaloq!.."

Shu kuni meni ishdan haydashdi.

Nihoyat, orziqib kutganim: armiyaga jo‘nash vaqtim yetdi. Marvarid bilan birga Bo‘ron og‘a va Oqgulning qabrlarini ziyorat etdik...

Ukrainaning Jitomir viloyatidagi Novgorod – Volinsk shahrida (tankchilar qismida) uch yil xizmat qildim. Shoira Lesya Ukrainka* tug‘ilib-o‘sgan bu suluv yurt meni o‘ziga rom etdi:

Yashil o‘rmonlar... Ko‘m – ko‘k o‘tloqlar... Moviy ko‘llar... Osmondan andoza olgan "Krasivaya mecha" daryosi va musiqali irmoqlar betakror go‘zal edi.

Shu tabiatiga yarasha odamlari ham ko‘rkamu saxiy ko‘rinardilar. Men buni bir bezaksiz aytayapman.

Tanklarimiz bilan o‘siq o‘tli, sertepali payonsiz dala – dashtlarga

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Choyxona – Uchqulochning qoq o‘rtasida faqat bir choyxona bor edi. Ko‘p ustunli, ayvonli.

* Lesya Ukrainka – Novograd – Volinsk shahrida tug‘ilgan. Men uning uy-muzeyida bo‘lganman, she‘rlari bilan tanishganman.

112

(mashq qilishga) chiqqan kunlarimizda ukrainlar bizlarni suv o‘rniga sut, tovalarda pishirilgan (gumbazsimon) non, po‘stlog‘i archilmay tayyorlangan bulba (yirik – yirik qora kartoshka), totli pishiriqlar bilan siylardilar.

Ukraina tunlari so‘lim, serzavq edi. To‘p – to‘p yigit – qizlar oy, yulduzlarning jimir – jimir yog‘dularida tuproqli ko‘chalar, o‘t bosgan so‘qmoqlar, sirli shovullayotgan o‘rmon chetlarida garmon chalib, qo‘shiq aytib, sayr qilardilar:

"My pidem de travi paxili..."

Bu kentda men bir yil tank komandirligiga o‘qidim. 54, 56 – tanklar kuchda edi. Xizmatim so‘nggida "T – 62" rusmli tankga ham komandirlik qildim. Ekipajimdagi o‘g‘lonlar: Anatoliy Yevseyev (rus, mexanik – haydovchi), Leonid Vaysbux (evrey, novodchik – orudiya), Xurram Hoqon (turk, zarejayushiy)lar bilan o‘zimni quvnoq, tetik sezardim.

" – Baynalminal ekipaj... – derdi sirli kulib aql – idrokda teran Vaysbux, – ammo, bu tasodifiy holmas..." – u gapini tugatmay, yana kulardi. Men uning sirli kulgisi ostida sirli kesatiq yotganini his etardim.

" – Sovetcha..." – hazilsevar Yevseyev sirli to‘sma*ni sal ko‘tarardi. Aftidan to‘la ko‘tarishga uning yuragi betlamasdi.

" – Ulug‘ og‘a bosh..." – luqma tashlardi turk Hoqon.

" – Ulug‘ og‘a bosh bo‘lsa, bu baynalminal bo‘ladimi?"

" – Bo‘lyapti – ku, Lyonya" – tishining oqini ko‘rsatib tirjayardi tolya.

Dam olishga (uvolneniyaga) ham to‘rtovimiz birga chiqardik. Jozibali tanishlarimiz bizni (kelishganimizga binoan) Krasivaya – Mecha daryosi ko‘prigi ustida shodon qarshi olardilar. Bir – birlari bilan inoq qizlar ham to‘rt millatga mansub edilar. Bundan bizlar ajablanardik. Vaysbux buni:

" – Kam uchraydigan hodisa" – derdi va xiyol sukutdan so‘ng gapini ulardi: – bu chin baynalminal... ulug‘ og‘asiz..."

Bolalarcha kulardik.

Valentina Katvitskaya polyak, Zinaida ukrain, Margarita mojar, Kristina bulg‘ar edi.

Turli chechak, o‘tlar bilan yastangan qirg‘oq, ko‘l buyi yoki qayinzor o‘rmonlarda daydirdik. Beg‘am, bearmon daydirdik...

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* to‘sma – parda.

113.

Shunday onlarda, ba‘zan, Oqgul, Mrvarid, Beklarni eslab, o‘ylar ummoniga g‘arq bo‘lganimni sezmay qolardim:

" – Qani, endi, Tangri bir karam qilsa, – derdim ichimda, – Oqgulga qayta hayot bersa, u Marvarid, Beklar bilan birga meni ko‘rgani (bu yerga) kelishsa!..

O, bundan ortiq baxt bo‘larmidi menga! Biroq, endi, bu tilagim hech zamon ushalmaydi, hech zamon, hech bir zamon!.."

Qo‘zlarimdagi halqa – halqa yoshlarni ko‘rib, Katvitskaya hayron bo‘lardi va hatto xijolat chekardi:

– Zeriktirib qo‘ymadikmi, Evril?

– Yo‘q – yo‘q.

– Yurtingni sog‘indingmi?

– Yo‘q, Valya, o‘zim... Uzoq bir voqea esimga tushdi...

Kazarmaga qaytganimda ham Oqgul hayoli meni tark etmasdi:

" – Odam bolasi aldaydi, – derdim o‘zimga – o‘zim, – yoki o‘zini ovutadi:

"Haqiqat egiladi, sinmaydi".

"Qing‘ir ishning qirq yilda ham qiyig‘i chiqadi".

"Yolg‘onning umri qisqa".

Menimcha, haqiqat abadiyatga sinishi, qing‘ir ish ham, yolg‘onu tuhmat ham hech zamon fosh bo‘lmasligi mumkin.

O‘zi dunyo adolat va tuhmatdan tuzilganday. To Yer turguncha ular o‘rtasida kurash ketadi. Birda adolat yengsa, birda tuhmat... Hech biri mutloq g‘olib bo‘lmaydi...

Oqgul haqiqati ham hech qachon ochilmaydi. Tuzm, zamon, makonlar o‘zgarsa ham...

Lekin, shuni aniq bilaman: Tangri karami keng:

Bir kun, yo‘q, bir soat, yo‘q, bir daqiqadan keyin ham shunday voqea, hodisalar yuz beradiki, bunga hayronu lol qolasan.

Adashmasam, 1960 yili, kuzda Karpat orti Harbiy okrugi bo‘yicha Stanislav (Ivan Franko) shahrida sara bokschilar musobaqasi tashkil etildi. Unga men ham (zahiradagi bokschi sifatida) qatnashdim. O‘shanda birinchi razryadli bokschi, ikkinchi kategoriyali sudya darajasida edim.

Rovna* shahri harbiy qismidan kelgan bokschilar orasida menga qiya turgan bir askar tanishdek ko‘rindi. Unga yaqin borib qaradim. Va

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Rovnaga xizmatga kelganiga 7 oy kechgan. Rovna Novograd – Volinskiyga yaqin shahar.

114

hayrat, hayajondan og‘zimga bir so‘z kelmay, qotib qoldim.

U mening do‘stim Bek edi!!.

Bek!!!

U zobit, askarlar ichida ko‘kka uchmoqchi bo‘lgan asov otdek alohida ajralib, qad kerib, mag‘rur turardi. Men hayronu lol edim.

Ochunda shunday tasodif bo‘lishi mumkinmi? Yana olis, yot bir yurtda deng. Bunga o‘zgalar – ku o‘zgalar, o‘zim ham ishonmayotgandek edim. Nahot ko‘zlarim aldamayotgan bo‘lsa?!.

Nahot!..

Yo‘q – yo‘q, bu tasodif emasdi. Bu men bilan Bekka Yaratgan Egamning bir karami: inoyati edi.

Mening yuragim shunday derdi.

Mening aqlim shunday derdi.

Qattiq bir hayajon ichida, ixtiyorsiz bir tarzda qichqirdim:

– Bek!!!

– Evril!!!

U olomonni yoraroq men tomonga otildi.

Bir – birimizning bag‘rimizga singib ketdik. Ikkovimiz ham go‘yo tildan qolgandik, gapirolmasdik.

Ko‘zlarimizdan yoshlar oqardi.

Sog‘inch yoshlari!...

Sevinch yoshlari!...

Bektemir Jambul (Avliyoota, Taroz)da yashagani – yu boshidan kechirganlarini qisqa bayon etdi. U ezmalikni o‘lguday suymasdi.

– Taqdir taqozasi bilan, – dedi gapi so‘nggida, – harbiy xizmatni endi boshladim. Yanglishmasam, sendan ikki yilcha keyin...

Men buning sababini so‘ramadim.

Endi Bekning xatti – harakat, ovoz, lab, yuz – ko‘zlarida qat‘iyatlik belgilari yana ham bo‘rtib ko‘rinardi.

Endi bo‘y – basti ham devni eslatardi.

U formada edi.

Uning o‘ziga ishonchi, ruhiyati tog‘dek baland edi.

Bek Karpart orti Harbiy Okrugi bo‘yicha "Mutlaq chempion" degan nom oldi. Bironta ham raqibini uch raundga yetkazmadi.

Menga boksga tushishga zarurat tug‘ilmadi.

Bek kuldi:

– Mazza qilib dam olib ketyapsan – a, Evril?

– Bunga sevinmayapman... Ammo, do‘stim, seni ko‘rganimdan boshim osmonda.

115

Biz Stanislavda talay kun birga bo‘ldik. Oqgul bilan Marvaridni ko‘p esladik. Oqgulning vahshiyona o‘ldirilishi har ikkimizning qalbimizda ham o‘chmas iz qoldirgan edi.

Xayrlashish oldimizda Bek meni savolga tutdi:

– Xizmatdan so‘ng uyga qaytasanmi?

– Yo‘q, Uchqulochda menga kelajak yo‘q...

– Enamni kuydirasanmi?

– Rejalarim bor, Bek. Yefremov (Tula viloyati) shahrida Butunittifoq komsomol yoshlari qurilishi ketayapti. Shunga yozilib qo‘ydik... Ishlab, o‘qimoqchiman... Onam meni (xat orqali) to‘g‘ri tushundi... Keyinchalik onamni olib kelish niyatim bor.

– Yefremovgami?

– Ha. Mening sezishimcha, Rossiyada erkinlik ko‘pday, imkoniyat ko‘pday...

– Menimcha ham rejang to‘g‘ri, Evril. Xizmatdan keyin oldingga boraman. "Oq tug‘" ishini ham birga davom ettiramiz. Faqat uni: "Oqgul" deb o‘zgartirgan holda.

– O‘zim ham shuni o‘ylab yurgandim, bu haqda Marvarid ham aytgandi, demak: uchchovimizning ham fikrimiz bir:

"Oqgul".

Xayrlashdik.

Ko‘zlarimiz yoshga to‘ldi.

Qalblarimiz g‘amga to‘ldi.

Anatoliy Yevseyev, Leonid Vaysbux, Xurram Hoqon va men Yefremov shahriga komsomol yo‘llanmasi bilan ishga jo‘nadik. Qizlar bizlarni (ko‘zlarida ayriliq yoshlari bilan) poyezdga kuzatib qo‘yishdi.

Lev Tolstoy sevgan, Ivan Bunin xayol surgan, Temur hoqon ot o‘ynatgan bu oshyon bizni o‘z go‘zallagi bilan asr etdi.

Bu oshyon!..

Tegrasi adoqsiz o‘rmonlar bilan o‘ralgan tiniq havoli suluv oshyon!..

Uni "Sluch" daryosi o‘pib – ardoqlab, yuvib – tarab oqayotir.

To‘rttovimiz ham bir yotoqxonaga joylashdik. Qish qilichini omonsiz qayrasada, yoshlar bilan to‘lib – toshgan bu kent lava yanglig‘ qaynayotir. Har kuni ishdan keyin dushga tushamiz, borimizni ardoqlab kiyamiz. Tinmagur qizlar bizni tantsaga yo muzda uchishga sudrashadi... Ko‘pincha Vaysbux kitobdan bosh ko‘tarmaydi.

Men Oqgul haqida qissa yoza boshladim... Uni: "Osmon qizi" – deb atasammikan? – deyman o‘zimga – o‘zim, – yoki: "O‘lim halqasi"?..

116

Kadrlar bo‘limi boshlig‘i Natasha xonim o‘z ishiga puxta, qattiqqo‘l xotin edi. Ammo u men bilan iliq so‘rashardi. Xotiram aldamasa, uning yoshi qirqdan oshgan, ko‘zlari zangori edi. Qirqilgan sochlari yelkasiga makkaning popugiday tovlanib tushar va bu sarg‘ish yuziga zeb berib turardi.

Kimyo kombinati qurilishida ishlayotganimga endi to‘rt – besh oy bo‘lganda, u meni o‘z huzuriga chaqirdi va muloyim ovozda dedi:

– Seni Voronejga bir yillik o‘qishga yuborayapman. Bilasan, kombinatga mashinistlar kerak. Tayyorlan. Ertaga jo‘naysan. Yashirmayman, senga mehrimiz bor...

Men bundan sevindim. Lekin: " Senga mehrimiz bor..." deganini tushunmadim. Yana (o‘zidan boshqa) kim bo‘lishi mumkin? Kim? So‘rashga botinmadim. U qo‘limni siqdi:

– Tabriklayman!

" – O‘qishni yomoni yo‘q, – dedim ichimda, – shu bahonada hunarli bo‘laman. Shu bahonada o‘zga shaharni ko‘raman. Bu o‘rusiya bilan durustroq tanishishimga bir turtki ham bo‘ladi. Vaysbuxning:

" – Hamma ulkan qurilishlar Rossiyada... – degani esimda, – yo‘llar, metrolar, zavod – fabrikalar, shaharlar... Yana boshqa muhim, maxfiy ob‘ektlar... Yana yashin tezligida harbiy salohiyatni oshirish... Dunyoda eng ko‘p xavfli qurollar ishlab chiqarish...

Bularning yuzdan bir foizi ham sening yurtingda yo‘q. Bilasanmi, Rossiyaning tub maqsadi nima?

Men Vaysbuxning fikrini to‘laroq bilib olish uchun jo‘rttaga yelkamni qisdim.

" – Kompartiya shiori:

Tenglik.

Tinchlik.

Birlik" niqobi ostida hamma narsani o‘ziniki qilish...

O‘zlashtirish...

Gegemon bo‘lish...

Bo‘lajak o‘zbek – turk yozuvchisiga bu kerak. Buning mag‘zini chaq.

Rossiya bunday ulug‘ qurilishlarni qaysi mablag‘ hisobiga qilayapti?

O‘rta Osiyoning yer osti, usti boyligi qayoqqa sizib ketayapti?..

Boltiq bo‘yi bilan Kavkazniki – chi?..

Yana boshqa sotsialistik Respublikalar...

Eng birinchi galda O‘rta Osiyo hisobiga desam yanglishmayman. O‘rta Osiyo bitmas – tugamas boylikka ega.

O‘rta Osiyo Rossiya uchun dasturxon, xom – ashyo bazasi..."

117

U menga Rossiya yerida qurilgan, qurilayotgan, qurilajak zavod – fabrikalar va o‘zga ulkan inshootlar haqida yozilgan bir maxfiy kitob berdi:

" – Hech kimga sezdirmay o‘qi, Evril, – dedi. – Faqat tez, bu senga kerak bo‘ladi..."

AQShda o‘ris tilida (juda kam nusxada) bosilgan bu kitob ("Bakavul"*)ni yetti kunda (Efremovda) yashirincha o‘qib chiqdim. Shunda Oqgulni professor Mariya xonimdan eshitgani – ushbu asar to‘g‘risida menga aytgani esimga endi:

" – Demak, – deb o‘yladim, – yahudiy xonim Oqgulni kitob mazmun – mohiyati bilan ham tanishtirgan..."

O‘quv uyimiz va yotoqxonamiz Voronejning markaziy so‘qog‘ida joylashgan edi. Ko‘chaning u tomonida Politexnika instituti binosi ko‘rinib turibdi. Shahar adog‘ida atom zavodi qad ko‘tarmoqda. Bu qurilish, oqgul, Vaysbuxlarning gaplari va maxfiy kitob ta‘sirlarida mening boshimda shu so‘zlar lovullab kechdi:

" – O‘rusiyada og‘ir, yengil sanoat rivojlangan. Tag‘in turli – tuman, son – sanoqsiz institutlar... Buni o‘zbek faqat orzu qilishi mumkin.

Biroq o‘zbek paxta bo‘yicha SSSRda birinchi...

O‘zbek uyqudan:

"Paxta" deb uyg‘onadi.

"Paxta" deb nafas oladi.

Paxta deb ongli ochundan uzilib qoladi...

Paxta deb o‘ladi.

Xotinlar "Kukuruznik"*lar o‘lim "dori"lari*ni sepayotgan paxta dalalarida tug‘adilar.

Zahar qoplagan jo‘yaklarda ishlab, jo‘yaklarda bevaqt jon beradilar.

Bu haqiqat.

Achchiq haqiqat.

Ishlamasalar "Paxta dushmani" tamg‘asi ostida qamaladilar, tomorqalaridan, mol – hollaridan, uy-joylaridan ayriladilar, surgun qilinadilar.

--------------------------------------------------------------------------------------------------

*Bakavul – kitobning o‘rischa nomi xotiramdan ko‘tarilgan. U shunday mazmunda edi.

*Kukuruznik – "An – 2" uchog‘i.

*O‘lim "dori"lari – butifos.

118

Bu haqiqat,

Achchiq haqiqat.

Paxta!..

Eng og‘ir.

Eng past maoshli ish*...

Paxta!..

Qul ishi.

Qul maoshi...

Shu sababli kelgindilarning biri ham paxtada ishlamaydilar.

Hammasi shaharlarni ishg‘ol etgan.

Shaharda issiq – sovuq suv, gaz, elektr quvvati, transport va o‘zga qulayliklar.

Buni paxtachilar havas qiladilar.

O‘z kentiga sig‘magan, o‘z kentiga yot elim!

Miyasi, og‘zi, qulog‘i, qo‘l – oyog‘i bo‘g‘ov elim!

Tarixi, e‘tiqodi, urf – odati tushov elim!

O‘z yurtida och, yalang‘och elim!

O‘z yurtida qul elim!

Men bu haqda "O‘lim halqasi" qissamda alohida to‘xtalaman. Bundan Oqgulning ruhi ham shod bo‘ladi."

O‘z odatimga binoan men har kuni erta tongda uyg‘onaman, yarim soat badan tarbiya bilan shug‘ullanaman, dushga tushaman, bir bakal qahva ichaman. So‘ng bir soat "O‘lim halqasi" ustida ishlayman. Keyin nonushta qilib, o‘qishga yonaman...

O‘qish...

O‘zim qiziqmagan soha bo‘lsa ham, o‘ris, ukrain, tatar yigit – qizlaridan ortda qolmay o‘qiy boshladim.

Tatarlar...

Ancha o‘rislashgan bo‘lsalar ham, bir tug‘ishgan turk urug‘i sifatida (qonlariga tortadilar...) meni yaqin oladilar. Ular bilan o‘z tilimizda qo‘nishib, rohat qilaman. Buni Vatandan uzoqda, yot elda yashayotgan odam yuragidan his qiladi...

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Eng past maosh – 30, 40, 50 so‘m atrofida maosh. Erta tongdan tungacha ish. Tunda ham ko‘rak chuviladi. Dam olish kunlari yo‘q. Ta‘til (otpuska) yo‘q.

* Qulayliklar – shaharda 7 soatli ish. Shanba, bozor kunlari dam olishadi. Vaqtida ta‘til. 100 so‘mdan ortiq maosh.

119

O‘z tilimiz!..

Tangri biz turklarga bergan eng buyuk ne‘mat bu!

Dam olish kunlarimiz zavqli o‘tardi. Tatar, o‘ris qizlari qo‘ziqorin, maymunjon, yana boshqa meva – chevalar terishga meni ham sudrardilar.

Men ko‘pincha o‘qishdan keyin (tuzukroq kiyinish, yeb – ichish, onamga pul jo‘natish uchun) tovar vokzaliga borardim. Vagonlardan yuk tushurardim.

Boks mashg‘ulotiga qatnashishga ham, badiiy kitoblar o‘qishga ham vaqt topardim. Kuchli istak bo‘lsa, vaqt toparkansan.

Kuchli istak!..

Orzular ushalishi shunga ham bog‘liq.

Voronejni ikkiga bo‘lib bir daryo oqadi. Don daryosi. Uni biz turklar: "Tin daryosi" deymiz. Ba‘zan Tinning zangor qirg‘oqlarida tanho sayr qilishni sevaman. Bu menga lazzat bag‘ishlaydi!

Teran sukunat, shabboda, g‘ira – shira tun, mavjli daryoda oy, yulduzlar cho‘miladi. Men Onamni eslayman. U meni sarg‘ayib kutayapti. Men ham uning diydoriga zorman. Biroq oldimda maqsadlarim ko‘ndalang turibdi. Kelajakka zamin hozirlashim lozim...

Birinchi galda Universitet...

Buning uchun kechki o‘rta maktabni bitirishim kerak. Uchqulochda iloji yo‘q. O‘rusiya nisbatan erkin yurt. Kursni bitiray, Yefremovda o‘qiyman. So‘ng oliygoh eshigini ochaman.

Sohilning kimsasiz, sokin xilvatgohlarida kelajak rejalarimni tuzaman. Ularni amalga oshirish uchun to‘siq, davon, to‘fonlarni yorib o‘tishga o‘zimni tayyorlayman. Afsus, bu haqda dardlashishga Oqgul, Marvarid, Beklar yetishmaydi.

Bugun ham kechki yemoqdan so‘ng daryo bo‘yida uzoq sanqidim. Xayol bilan dunyoni kezdim... Tun cho‘kayotganda, ko‘prikka yaqin keldim. Salqin shamol urf (moda)da bo‘lgan qo‘shiqni qirg‘oqqa yoymoqda:

Vse jdala, vse verila, serdtsu vopreki,

My staboy dva berega, u odnoy reki...

Kutulmaganda ko‘zim ko‘prik ustidan pastga sudrashib enayotgan bir yigit, bir qizga tushdi. Yigit so‘l qo‘lida qizning og‘zini bekitib olgandi.

Men beixtiyor to‘xtadim. Bir zum: "Qizga ko‘mak beraymi?" deb ikkilanib turdim. Keyin: " – xavfli, – dedim o‘zimga – o‘zim, – uning o‘ng qo‘lida pichoq yiltirayapti. Mening ko‘nglimda qo‘rquv uyg‘ondi. – kishi yurtida bekafan o‘lib ketmay yana, xavfli!.."

120

Men qorong‘ulikda edim. Ular meni ko‘rishmadi.

Yigit qizni ko‘prik chiroqlarining xira nurida daryo bo‘yiga sudrab endi va tomog‘iga pichoq tirab, buyurdi:

– Uzuk, sirg‘alaringni yech! Tufli, koftangni ham! Sumkangni yerga qo‘y! Tez!

Qiz dir – dir qaltirab, yig‘lab elandi:

– Hujjatlarimni olay.

– Aytganimni qil, – u qizning yuz – ko‘ziga shapaloq tortdi, chotiga tepdi, – tez! Yana bir og‘iz gapirsang o‘ldiraman!

Yech!!!

Qizning xo‘rlanayotganiga chidab turolmadim. Mendagi vahm chekindi. Zulmatni yoraroq pichoq tutgan kasga qoplon misol otildim:

– Uni qo‘yib yubor!

Garchi u mast bo‘lsa ham, nagohoniy hayqirig‘imdan dovdirab qoldi. Shu asnoda men uning ustiga vahshiy bir tusda ( o‘zimga shunday tuyuldi) bostirib bordim. Va:

– Qo‘yib yubor!!! – deb bo‘g‘ilib xirilladim.

Uning ko‘zlarida qo‘rquv paydo bo‘ldi. Qizni bo‘shatdi. Og‘zidan aroq isi sasimoqda edi. Pichoq bilan menga tashlandi:

– Ne russkiy, chyort! Ubyu!..

Men so‘lga chekindim. Va engasharoq o‘ng qo‘lim bilan uning o‘ng jag‘iga musht tushirdim. Buni boksda "kryuk" deydi. U to‘ng‘izdek quladi, pichog‘i daryoga uchdi. Undan hamma narsani qaytarib oldik va u qalqishga urinayotganda qochdik.

Qizni yetaklab olgandim. U so‘qoqqa chiqqinimizcha, ikki – uch marta qoqildi. Lekin men uni yiqilishga qo‘ymadim.

Qiz Politexnika instituti yonidagi ko‘p qatli uyning ikkinchi qatida yasharkan. Eshigi oldiga kuzatib chiqdim. Qiz halloslardi, o‘zini bosolmay hamon yig‘lardi.

– Xayr, – dedim.

U qo‘limni qo‘yib yubormay so‘radi:

– Oting nima?

– Evril.

– Qayerda yashaysan?

Aytdim...

– Mening otim Oksana, qo‘shni ekanmiz, uyga kir.

– Uzr, yotoqda vaqt cheklangan.*

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Yotoqda kechki soat o‘ndan keyin eshiklar yopiladi.

121

– Meni bir falokatdan qutqazib qolding, Evril, cheksiz rahmat!

– Odam – odamga yordam beradi, Oksana, bu tabiiy hol.

– Hammada ham bu tuyg‘u yo‘q.

Men javob berish o‘rniga, Oksananing qiyofasini eslab qolish uchunmi yoki shunchaki bir qiziqish istagidami, bilmadim, uning mayda, siyrak sepkillar "sochilgan" yuziga, tiniq qora ko‘ziga, och qizil dudog‘iga, kalta qirqilgan qoramtir sochiga, ixcham qad – qovmatiga (sezdirmay) ko‘z yugurtirdim. Agar sezgim aldamasa, u buni aql ko‘zi bilan ilg‘adi. Men o‘zimni o‘ng‘aysiz his etdim va ichimda: " – ziyrak qizga o‘xshaydi, – dedim, – ko‘rinishidan ham tarbiya topgan, xush xulqday".

– Ertaga kechqurun, seni uyda kutamiz, Evril.

– Vaqt masalasi... – vokzalga ishga chiqishimni unga aytolmadim.

– Iltimos, albatta kelgin, bundan onam ham quvonadi.

– Xayrli tun, Oksana.

– Xayrli tun, Evril.

O‘qishdan keyin vokzalga (tramvayda) yondim. To‘rt soat tinmay vagondan yukli qutilarni tushirdim. So‘ng yotoqxonada dushga tushdim. Artindim. Kiyindim. Keyin so‘qoq chetidagi bozorchadan bir tutam (oq, qizil, moviy) gul sotib oldim va Oksanalarnikiga bordim.

Eshikni qirq besh yoshlar chamasidagi bir salobatli xonim ochdi. Yosh bo‘lganida uni Oksanadan ajrata olmasdim. Ona – bola ikki tup loladek bir – biriga o‘xshash edi. Faqat xonimning sochlari qizg‘ishroq, uzunroq, dudoqlari yupqaroq edi. Garchi yuzlari tiniq ko‘rinsa ham, manglayida qirq besh yil izi: bir ajin sezilib – sezilmay turardi.

Politexnika instituti professori bo‘lmish bu xonimning ismi: Sofiya edi. Qizi esa shu oliygoh (ikkinchi kurs) talabasi. Buni suhbatimiz orasida bildim.

Uch xonali uylari ( bir xonasi kutubxona) havas qilar darajada ozoda va ortiqcha bezak, narsalardan xoli edi. Bu menga yoqdi. Bu menga Oqgul, Marvaridlarning farishtali uylarini eslatdi.

Sofiya xonim Oksanaga yordam berganim uchun menga o‘z minnatdorchiligini qayta – qayta bildirdi...

Yemoq oldidan Sofiya xonim menga Napaleonning surati (ot ustida), (shlyapada) aks ettirilgan konyakni ko‘rsatib, dedi:

– Buni bultur Parijdan olib kelgandim, oz – ozdan ichaylik, o‘g‘lim.

Men unga ichmas, chekmasligimni aytdim. Ona – bolaning yuzlariga tabassum yoyildi.

– Bu yaxshi odat, – dedi Sofiya xonim, – mening qizim ham umrida uni tatib ko‘rmagan. Biroq kechagi hodisadan keyin...

122

Men o‘ylanib qoldim. Oksana:

" – Onamning gapini yerda qoldirmaylik" – degan ma‘noda menga jilmayib boqdi.

Men noiloj qoldim, Sofiya xonim qadah aytdi:

– Umrimizda yomonlik ko‘rmaylik, bolalarim. Saodatli hayot bizga nasb etsin!

Ichdik.

Men qiziganimni his qildim.

Buzoq eti bilan qip – qizil qilib qovrilgan kartoshka yedik. Shokolad bilan bir bakaldan achchiq qora qahva ichdik.

Keyin turli mavzularda qo‘nishdik. Ayrim hollarda tortishdik ham. Suhbatimiz ochiq, samimiy kechayotgani uchun men ham ba‘zi – ba‘zida o‘z fikr, mulohazalarimni aytib turdim. Bunda "Bonapart"ning ham ta‘siri borligini o‘zimcha tuydim.

Millatlar, yurtlar to‘g‘risida ham fikrlashdik. Sofiya xonim o‘z shajarasini Isroil* (bani Isroil)*dan boshlaganini, zamonlarning siquv, silsilalarida ajdodlari ikki ming yil o‘nja yer yuziga sochilib ketgani, shu "ko‘cha – ko‘ch"lar bilan o‘zining bobolari ham Ovro‘paga va so‘ng urusiyaga kelib qolganini aytdi.

– Rim imperiyasi zug‘umi bilan quvg‘in qilinganmi, Sofiya xonim?

– U zamonda ham, undan oldin ham, keyin ham...

– Menimcha, buni bir foydali tomoni ham bo‘ldi.

– Qiziq, qandoq, Evril?

– Hayotning ayovsiz sinovlari... qaqshatgich qirg‘inlar... mu‘teliklar... muhtojliklar... siqintilar... sarson – sargardonliklar... Yahudiylarni (o‘zga ellarga nisbatan) aqlan qayraganlar, binobarin, bu fikriy teranlikka olib kelgan...

– Idrokli bola ko‘rinasan, o‘zbekmisan o‘zing, Evril?

– Ha, shunday, o‘ris bosqinidan beri...

Bu gap beixtiyor og‘zimdan chiqib ketdi. Bundan ichimda kuyindim. Ammo, endi orqaga qaytishning iloji yo‘q edi.

– Bu mavhum gap, Evril, – Sofiya xonim ziyrak ayol edi, ichimdagi o‘zgarishni sezdi va: – tortinmay, qo‘rqmay, ochiq so‘zlayver, o‘g‘lim. Bizga o‘z onangga, o‘z singlingga ishongandek ishon.

Men uning ovozida zarra yasamalik yo‘qligini tuydim. Shunga o‘z so‘zimni aytdim:

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Isroil – Isro – tun –kecha degani. Yahudiycha "il" tun odami (Muso – Moisey odami) degani.

* Bani Isroil – Isroil qavmi.

123

– Bosqingacha dunyo bizni turk, yurtimizni Turkiston deb atagan.

Oksana luqma tashladi:

– Bo‘laklamoq... o‘zgartirmoq... adashtirmoq... juda eski usul...

– O‘zi bo‘laklangan edi – ku, Evril.

– Uch xonlikni ko‘zda tutayapsizmi, Sofiya xonim?

– Ha.

– To‘g‘ri, biroq, uchchovi ham Tangri Taolo bergan nomlarga sodiq edi:

Turkiston...

Turk...

– Sen ularni yoqlaysanmi?

– Yo‘q, Sofiya xonim, xonlarning tarixiy atamalarga sadoqatini aytdim, xolos. Biroq buzg‘unchiliklarini emas. Turkistonni g‘orot qilgan, bosqinchiga boy bergan shular! Ularning o‘zaro ichki, mayda, mijg‘ov nizolari, shaxsiy adovat, manfaatlari, aysh – ishratdan bosh ko‘tarmaganliklari va o‘ta xudbinliklari sabab Turkiston bosqinchiga qaram bo‘lib qoldi.

– Agar uch xonlik bir butun o‘laroq bosqinchiga qarshi kurashganda, yengilmasmidi?

– Yo‘q.

– Menimcha, yengilardi, Evril. Chunki el – yurt qarovsiz, ma‘rifatsiz qolgan, qashshoq holga tushib, dunyodan uzilib qolgan edi. Xonlar esa xalqdan... Xalqning qo‘llovisiz esa g‘alabaga erishish qiyin.

– Qancha achinarli bo‘lmasin, Sofiya xonim, fikringiz to‘g‘riday, – dedim men o‘ylab turib, – ammo "bosmachilar" harakati – el harakati emasmi?

Tor ma‘noda uni shunday deyish mumkin, Evril, hatto, juda tor ma‘noda. Fahmimcha, u o‘z-o‘zidan uyushgan bir narsa. Yoxud bir muncha ongli kishilar tomonidan uyushtirilgan narsa... Uni xalq harakati deyish, menimcha, haqiqatga zidroq.

Men Sofiya xonimning javoblaridan qanoat hosil qilsam ham, ko‘nglimning bir chetida unga qo‘shilmayotgandek ham edim. Shunga Sofiya xonimga quyidagi savolni berdim:

– Turkiya sultoni kuyovi hamda harbiy noziri Anvar poshodek inson "dunyodan uzilib qolgan xalq" kuchiga tayangan, inongan holda Turkistonga kelgan emasmi?

– Anvar posho haqida hech narsa o‘qimaganman, faqat bir marta katta davrada eshitganman. U menga bir charaqlab so‘ngan yulduzni eslatgan.

124

Tarixda bunday insonlar kam uchraydi.

Anvar poshoni qadim, etnik yurtidagi qondoshlarini bosqindan qutqazishga kelgani milliy tuyg‘uni o‘lmasligidan, qudratidan dalolat beradi.

– Buni men yahudiylar misolida yana ham tiniq ko‘raman, Sofiya xonim, – dedim – oradan ming – ming yillar kecharoq (tarqalib ketganiga) Isroil davlatini qayta tiklanishi* fikrimning yaqqol isbotidir.

– To‘g‘ri, Evril, – dedi Oksana.

Sofiya xonim ham meni quvvatladi va gapida davom etdi:

– Anvar poshoni bobo yurtiga – olov ichiga kelishini men buyuk jasorat, deb bilaman. Menimcha, u tom ma‘noda yigirmanchi yillarning afsonaviy qahramoni. Men Sovet tuzumini yoqlagan holda, buni yuragimdan aytayapman, u aymoqmi, yovmi, ayrosiz, voqealarga xolis yondashaman.

– Sizdek xolis odamlar olamda oz, Sofiya xonim.

– Men maqtovni suymayman, Evril – Sofiya xonim qizardi. Oksana totli kuldi.

– Anvar posho dunyodan uzilgan xalqni uyqudan uyg‘otish, o‘zaro qovushmagan qo‘rboshilarni qovushtirish va so‘ng ular bilan bir butun o‘laroq qizil armiyaga qarshi kurashish uchun Turkistonga kelgan. Buning uchun yosh yigit butun aql-idroki, kuch – quvvatini ishga solgan va o‘zi bu Milliy Ozodlik harakati boshida turgan! Tez fursat ichida Buxoro amirligiga qarashli butun hududlarni qizillardan ozod etgan. O‘shanda Turkiston eli ushbu so‘zlarni aytgan:

" Bizga Anvar poshoni Tangri yuborgan".

"Turkiston buyuk bir inson tomonidan ozod etiladi!"

Lekin Anvar poshoning bevaqt o‘limi* sababli bu ish amalga oshmay qolgan. Yo‘qsa, balki, hozir Turkistonda o‘zgacha hayot, o‘zgacha mafkura hukm surarmidi?..

Oksana o‘zi bilibmi, bilmaymi, tagdor gap qildi:

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Isroil davlatini qayta tiklanishi – 1948 yilda bani Isroil qavmi qovusharoq Isroil davlatini qayta qurishdi(ikki ming yil kecharoq deyish mumkin).

* Anvar posho Islom Qurolli Kuchlari bosh qo‘mondoni va Buxoro amiri noibi bo‘lgan. U Junaydxon, Shermuhammad kabi qo‘rboshilarning kuchlarini birlashtirgan. Va Sovetlarga qarshi qaqshatgich janglar olib borgan. G‘alaba qozongan.

125

– Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadi: bir tuzum muqim yasholmaydi, yangidan – yangilari chiqaveradi... Yoki o‘z ichidan yangilanib boradi...

– Men sening fikringga qo‘shilaman, Oksana, – dedim va so‘ng Sofiya xonimga murojaat etdim, – poeziyaga qiziqasizmi?

– Yaxshi she‘rlar bo‘lsa, o‘qiyman. Menga Anna Ahmatova bilan Mariya Tsvetayevalar yoqadi. Ular ko‘p azobu g‘am chekishdi.

– Eshitdim... Ko‘p eshitdim... Biroq o‘qimadim, kitoblari ta‘qiqdami?

– Endi Stalin yo‘q, endi yo‘llar ochiladi, sabr qil... o‘qiysan...

Men ichimda: "sabr qil, o‘qiysan..." – degan so‘zlarni beixtiyor takrorladim, – menimcha, unda bu kitoblar bor. Hozircha, sir tutayotir".

– Bizda ham asarlari ta‘qiqlangan, qatl etilgan shoirlar bor, – dedim xayolimni haydab, – ulardan yorqini: Cho‘lpon.

– Cho‘lpon haqida eshitganman, – dedi Sofiya xonim gapimni bo‘lib, – uni millatchilikda ayblab otishganmi?

– Ha, qirq yoshida... Cho‘lpon Anvar posho bilan ham yaqin bo‘lgan. Uning o‘limidan larzaga kelgan va marsiya bitgan.

– Uni yod bilasanmi?

– Ha.

– O‘qi, o‘g‘lim.

O‘qidim...

– O‘zbekchani bilmaymiz – da, – Sofiya xonim afsuslandi.

Men marsiyani so‘zma – so‘z ruschaga o‘gurdim.

Oksana quyidagi satrlarni o‘rischada takrorladi:

Tarixning rangini ko‘p qonlar bilan

Qoraytgan, to‘ldirgan biroq Boljuvon

Eng so‘nggi umidni qonga bo‘yagan,

Oh, qanday ug‘ursiz zamonlar kelgan...

Sofiya xonim negadir o‘ylanib qoldi. Qizi kabi uning yuz – ko‘ziga ham achinish belgilari yoyildi. Ancha sukutdan so‘ng ushbu qatorni o‘qidi:

Qutqazish yulduzi yo‘qlikka kirmish...

– Qandoq ayanchli! – dedi Sofiya xonim va so‘ng g‘amli bir sasda Anna Ahmatovadan o‘qidi:

Ya pyu za razorennyi dom,

Za zluyu jizn moyu.

Za odinochestvo vdvoyem.

I za tebya ya pyu –

Za loj menya predavshix gub.

Za myortvix xolod glaz.

126

Za to, chto bog ne spas...

Xona sukut qa‘riga cho‘kdi. Xiyladan keyin men chala qolgan mavzuni davom ettirdim:

– Atamalarning o‘zgarishi millat, yurtlarning o‘zgarishu chalkashtirishga olib keladi. Masalan:

O‘zbek – O‘zbekiston.

Turkman – Turkmaniston.

Qozoq – Qozoqiston.

Qirg‘iz – Qirg‘iziston.

Qoraqalpoq – Qoraqalpog‘iston...

Bu beshovi ham bir tug‘ishgan, bir tilli el:

Turk eli.

Zamonlar kechishi bilan bu tug‘ishgan urug‘lar Turkiston yaxlit davlat bo‘lganini, uni bosqinchilar olti bo‘lakka bo‘lganini unutib boradilar, yotlashib, yovlashib boradilar. Oqibat natijada bir-birlariga og‘uli toshlar otadilar. Qozoq:

" – Bu Qozoqiston, bu mening yurtim, men qozoqman, bu yerda sartga non yo‘q" – deb o‘zbekning yuragini yaralaydi.

O‘zbek ham o‘z navbatidan osmondan kelib, qozoqni kamsitadi:

" – Qozoqda... Qozoqning fami..."

Turkman, Qirg‘iz, Qoraqalpoqlar ham bir – birlarini bulg‘anch so‘zlar bilan o‘yib – o‘yib oladilar.

Bu ketishda bu ichki nizolar zamonlar kecharoq urushga aylanmaydimi?

Turkistonni yurtlarga, millatlarga bo‘lishdan ham bosqinchining bosh maqsadi shu edi.

– Men shunga o‘xshash gapni kursdoshim qozoq qizi – Oyguldan ham eshitgandim, ona, – dedi Oksana.

– Eskidan bu gap bor... – Sofiya xonim Oksanani quvvatladi.

Men yana gap tizginini tutdim:

– Bu besh qondoshga yana bittasini sun‘iy ravishda tiqishtirdi:

Oldin avtonom...

Keyin alohida...

127

– Yunon*, Eron*, Arab* bosqinlarida kelib qolganlarmi?

– Turkiston kechmishini ham bilasizmi, Sofiya xonim.

– Inson yorug‘likka olamni bilish uchun keladi.

Shu so‘z ta‘sirida menda mana bunday fikr uyg‘ondi:

" – Oqgul Mariya xonimdan ko‘p ilm o‘rgandi. Men ham Sofiya xonimdan saboq olaman. Faqat ko‘narmikan?"

– Kelib qolganlarga kelsak, – Sofiya xonim o‘yimni haydadi, – eng qadimgi yunon, Hind, Xitoy bitiklarida ham Turonda turk yashagani, yuqorida aytganimday, bosqinlarda fors urug‘i qolib ketgani haqida ma‘lumotlar bor. Bu haqda menga Anna Ahmatovaning O‘g‘li Lev Gumilev ham aytgan va bir qancha eski bitiklar bergan.

" – Lev Gumilev to‘g‘risida Oqgul ham ko‘p aytar edi" – deyishga og‘iz juftladim. Ammo gapni chuvalatmaslik uchun fikrimdan qaytdim va buning o‘rniga dedim:

– Buni eronning o‘z shoiri Firdavsiy ham tasdiqlaydi. Uning "Shoxnoma"sida millatchilikka zo‘r "ruju" qo‘yilgan, forsni osmonu falakka ko‘targan va Turonga bosqini ko‘pirtirilgan. Afrosiyob shahriga asos solgan buyuk Turon hoqoni Alp Er To‘nga (Afrosiyob)ga hamda turk botirlariga osilgan...

– Men "Shoxnoma"ni o‘qimaganman. Lekin Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarini ko‘zimdan kechirganman. Unda shunday bitik bor:

"Eroniy to‘dalar Turonda paydo bo‘lmasidan minglab asr oldin bu yurtda Turklar yashab kelganlar".

Sofiya xonim ta‘siri: Men Abu Rayhon Beruniyni o‘qishni ko‘nglimga tugdim*. Va so‘ng o‘zim sezib – sezmay yuqorida chala qolgan gapimga ko‘chdim:

– Bo‘laklangan Turkistonliklar bir – birlarini kunilaydilaru ammo yurtlarida, asosan shaharlarida ildiz otayotgan kelgindilarga og‘iz ocholmaydilar. Hatto, aksincha, o‘z uylarida uning tilida so‘zlaydilar. O‘rusiyada shundaymi? Yo‘q, Angliya, Frantsiya, Olmoniya – chi? Yo‘q. O‘sha yurtlardagi hamma kelgindilar o‘sha yurtlardagi yerli millatlarning tillarida qo‘nishadilar. Men buni olqishlayman.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Yunon – Makedonskiy bosqini.

* Eron – Ahmoniylar bosqini.

* Arab – qutayba Ibn Muslim bosqini.

* Uzun yillar kechib, men Beruniy haqida ocherk yozdim.

128

Sofiya xonim e‘tiroz bildirdi:

– Buning ildizini o‘zlaringdan axtaringlar.

"Ildizini"... – O‘ylanib qoldim men va oqibat bir yechimga keldim: "O‘zimizni urib ketgan... O‘zimizda birlik yo‘q".

Shu kecha uzoq qo‘nishdik: Qizg‘in, mazmunli.

Sofiya xonimning:

" – Tun og‘ib qoldi, biznikida qol" – deganiga qaramay, yotoqxonaga qaytdim. Eshik og‘asining qosh – qovog‘ini yozish uchun unga besh so‘m cho‘zdim.

Oksanalarnikiga uchunchi yo to‘rtinchi marta borganimdami, aniq esimda yo‘q, Sofiya xonim:

– Palov qilishni bilasanmi, Evril? – deb so‘radi mendan.

– Eplayman, deb o‘ylayman, Sofiya xonim.

U menga masallig‘ olishga pul berdi. Olmadim. Oksana bilan birga bozor qildik. Oltinchi kun (shanba) kechqurun hafsala bilan palov tayyorladim. Sersabzi, sergo‘sht. Pomidor, piyoz, bodring, qalampirlardan achchiq – chuchuk ham hozirladim. Bu ishlarda menga Oksana ko‘maklashib turdi.

Osh oldidan ellik – ellik grammdan frantsuz konyagini ichdik. Palovni uncha o‘xshata olmasam ham, ona – bola maqtashdi:

– O, qanday mazali! – Menga mehr bilan boqdi Oksana.

– Har shanba kuni palov qilib berasan – a, Evril? – jilmaydi Sofiya xonim.

– Bundan men ham rohat qilaman, Sofiya xonim.

– Yasha o‘g‘lim.

– Oksana ham osh qilishni o‘rganib oldi.

– Erkakning qo‘lidan palov yeyishning o‘zgacha toti bor... Seni, endi, Voronejdan qo‘yib yubormaymiz... O‘zim seni Politexnika institutiga, mexanika fakultetiga tayyorlayman. Yozuvchi bo‘lish uchun alohida oliygohda o‘qish shart emas. Odamning o‘zida bo‘lsa yozaveradi.

Sofiya xonimdan men yetti oy uzluksiz matematika (algebra, geometriya, trigonometriya) bilan fizikadan ta‘lim oldim.

Sofiya xonim shunday qobiliyatga ega edi – ku, fanlarni juda sodda til, juda sodda usulda ildiz – ildizi bilan o‘rgatardi.

Men bu fanlarning ich – ichiga kirib borayotganimni o‘zim ham sezib, sezmasdim. Menga mo‘‘jizadek tuyulgan bu holdan o‘zim ham hayron edim. Chunki men maktabda matematika – fizikadan zo‘rg‘a uchga o‘qirdim.

Endi esa bu fanlarga qiziqib qoldim.

Sofiya xonim menda injener – yozuvchi bo‘lish hissini uyg‘otdi. Yana

129

men undan ko‘p narsalarni o‘rgandim va shuningdek hayotiy saboqlarni ham...

Ko‘z ochib – yumguncha Yer Quyosh atrofidan bir marta aylandi:

Bir yil kechdi.

Voronej bilan xayrlashadigan on ham yetdi. Sofiya xonim:

– Yefremovga borib, ishdan bo‘shab qayt, o‘g‘lim, – dedi, – Voronejda ishlab, kechki maktabda o‘qiysan. Gaplashib qo‘ydim... O‘ninchi sinfni bitirganingdan so‘ng bizning institut (Politexnika)ga kirasan. Men o‘ylaganimdan ko‘ra ham zehning balandday, endi buni o‘zing ham uddalaysan.

Oksana meni poyezdga kuzatib qo‘ydi...

Yumshoq vagonda ketarkanman, Onam ko‘z oldimga keldi. So‘ng Marvarid... Ular bilan men xat yozishib turardim. Bir oy o‘nja Marvariddan ketma-ket ikkita maktub oldim. So‘ng xat kelmay qo‘ydi.

Birinchi xatda shunday so‘zlar bor:

"Evril!

Onang seni orziqib kutayapti.

Men ham (do‘stim sifatida) seni sog‘indim!

Onang yoningda bo‘lishni istaydi.

O‘rusiyani ko‘rish orzusi!

Balki, bu ushalmas orzudir?

Armonning o‘zi ham totli...

Hozircha u yoq yaxshi...

Onagga ham shuni aytaman.

Uni o‘z onamdek sevib qolganman.

U meni qizidek...

Bizni unutib qo‘yma".

Ikkinchi maktub:

"Mehribon do‘stim!

Men "Oq kiyik" degan hikoya yozdim. Uning qisqacha mazmuni bilan seni tanishtirishni istadim.

Uqi, Evril...

Ovchilar Oq kiyikning izidan tushdilar.

Tunu kun ta‘qib qildilar.

Nihoyat "Sharildoq" darasida uni o‘rab oldilar.

U ilojsiz qoldi:

" – Shunday keng dunyoda qochadigan pana yer yo‘q... Bir ko‘mak yo‘q... " – deb bo‘zladi Oq kiyik.

O‘ksib-o‘ksib bo‘zladi Oq kiyik.

130

Najot izlab yuksak cho‘qqiga qochib chiqdi Oq kiyik.

Najot yo‘q.

Ovchilar uni nishonga oldilar.

Tangriga yolvordi Oq kiyik:

" – Yordam ber, Yaratgan Egam!"

Tangri sukutda.

Yer tor...

Osmon uzoq...

Qanot yo‘q...

Asirga tushishni istamaydi Oq kiyik.

Quyi dara.

Tubsiz dara...

Ne qilsin Oq kiyik?..

O‘zga yo‘l bo‘lganda..."

Men buni matematika – fizikaga berilib ketganimda o‘qigandim. Shunda uni: "Oqgul haqida yozgan?" deb o‘ylagandim. Endi?.. Endi Oq kiyik – Marvaridning o‘zi ekanini tuydim Demak: hamon uning izida o‘lim*...

– Yuragim uvishdi.

"Uqi, Evril"...

Uqimabman.

Meni kechir, Marvarid.

"O‘zga yo‘l bo‘lganda"...

"O‘zga yo‘l... O‘zga yo‘l... – o‘yladim men, – qanday yo‘l? Qutilish yo‘li... Balki, uni onam bilan birga mening oldimga kelishi – qutulish yo‘lidir?.. Zotan boshqa yo‘l ham yo‘q. Shunga u: "o‘rusiyaning ko‘rish orzusi!.." deb bejiz yozmagan. Onam bilan Marvaridni bu yoqqa olib kelsam bo‘ladi. Ish topiladi. Kvartira va shaharga ro‘yxatga o‘tish masalasi qiyin..."

Yefremovga yetgunimcha, bu to‘g‘rida o‘yladim. Va bir yechimga keldim:

"Olib kelaman!.."

Do‘stlarim (Leonid, Xurram, Anatoliy) meni zo‘r quvonch bilan kutib olishdi. Ishdan bo‘shash uchun kadrlar bo‘limi boshlig‘i Natasha xonimning qabuliga kirdim. U meni eshitgach:

– Bir yil seni kombinat puli hisobiga o‘qitdik, – deb qovoq – tumshuq qildi, – meni to‘g‘ri tushin...

Shu kuni buni telefonda Sofiya xonimga aytdim.

------------------------------------------------------------------------------------------------

*O‘lim – (KGB) ko‘zda tutiladi.

131

– O‘zim ham shunday deb o‘ylab turgandim, Evril, – dedi u, – ko‘nglingni buzma, ishchi – yoshlar kechki maktabida o‘qi, attestatni ol, keyin kelasan, xabarlashib turaylik, seni sog‘inib qolamiz.

Uch kundan so‘ng Natasha xonim meni uyiga taklif qildi. Bordim. Qarag‘ay og‘ochlaridan qurilgan uy. Kaftdek yer. Tegra yashil rangga bo‘yalgan og‘och to‘siq (reshotka) bilan o‘ralgan. Ko‘kimtir eshik oldida meni bir qiz kulib qarshi oldi:

– Men Natalya Petrovnaning qiziman, otim Nastya, – u mayin ovozda o‘zini tanishtirdi.

– Evril, – odobdan bo‘lmasa ham men Nastyaga qo‘limni cho‘zdim. U ham... uning kafti issiq edi. Tongdagi oyga bengzar yuziga alvon ranglar yugurdi. U Oksanadan ikki – uch yosh kichik, o‘n yetti – o‘n sakkiz yoshlarda edi.

– Xush kelibsan, ichkariga marhamat, – Nastya eshikni keng ochdi, – onam hozir kelib qoladi.

Uch xonali, bir ayvonli uy, oshxona. Nikolay zamonidan qolgan qahrabo tusli mebellar. Eski kitob jovoni. Zal o‘rtasida stol, to‘rtta stul. To‘rda radio. Sodda, oddiy jihozlar. Tuyqus menda bir fikr tug‘ildi:

– Anastasya, uzr, – dedim, – bir narsa esimdan chiqibdi.

– Nima? – Hayron bo‘ldi qiz.

– Tezda qaytib kelaman.

– Balki, birga borarmiz.

– Mayli, yur.

Bozorga yondik. Palov uchun masallig‘, bir konyak, bir shampan oldim. Uyga qaytdik. Natasha xonim hali kelmabdi. Hovlidagi kranda qo‘llarimni sovunlab yuvib, binafsha rang sochiqqa artdim. So‘ng osh qilishga kirishdim. Nastya taajjubda, ammo bir so‘z demadi, menga ko‘maklashdi.

– Esli qizday ko‘rinasan, – deyman hazil – omuz ohangda uning moviy ko‘zlariga sirli qarab.

– Xuddi bir – birimizni oldindan biladigandaymiz – a, Evril?

– Ming yil, balki, undan ham o‘nja biz do‘st bo‘lgandirmiz, Anastasya.

– Qiziq, bu dunyoning turgan – bitgani sir.

Natalya xonim keldi. Gapimiz uzildi. U oynalarni ochdi. Zal may oyi havosi bilan to‘ldi.

– Sen, bebosh bola, o‘zingcha nimalar qilayapsan? – Natalya Petrovna meni koyidi, – odamni uyaltirma – da, bunday.

– Men umrimda palov yemaganman, oyi, – Nastya mening yonimni oldi.

132

– Sizning sharofatingiz bilan o‘qishni bitirib qaytdim, Natalya Petrovna, bir yuvaylik dedim – da.

– Mayli, o‘g‘lim, bo‘lar ish bo‘libdi. Ikkinchi marta mendan so‘roqsiz bunday qilma.

– Xo‘p, Natalya Petrovna.

Natalya xonimning taklif – ijozati bilan oz – ozdan konyak va shampan (ona – bola) ichdik. So‘ng ishtaha bilan osh yedik. Ona – bola palovni rosa maqtashdi. Nastya qopqoqsiz, oppoqgina choynakda qora –qahva (shakarsiz) tayyorlab keldi. U yoqimli hid tarataroq ko‘piklanib turardi. Uni rohat qilib icharkanmiz, Natasha xonim mening ko‘nglimdagi gapni aytdi:

– Evril, ertaga ta‘tilga chiqasan, Onangni ko‘rib kel, u seni juda sog‘ingan, men buni bir ona sifatida his etayapman.

– Rahmat, Natalya Petrovna! – men behad sevindim.

– Oksana, musiqani qo‘y, men bir yerga borib qaytaman.

– Xo‘p, oyi, – Nastyaning yuz – ko‘zlarida quvonch porladi. U Oqgulniki kabi bir o‘rim yo‘g‘on, sariq sochini oldiga olib, o‘ynadi.

Armonsiz raqs (tantsa)ga tusharoq turli mavzularda qo‘nishdik. U soddadil, jozibali, romantik qiz edi.

– Tangri karami cheksiz – a, Evril, biz ming yil kecharoq yana qayta ko‘rishayapmiz. Men bunga ishonaman, seni juda – juda eski zamonlardan beri bilishimga ishonaman. Sen – chi, Evril?

– Men ham.

– Sen to‘g‘ringda Onam ancha narsa biladi. Seni Anatoliy, Leonid, Xurram degan do‘stlaring bormi?

– Ha.

– Seni yozuvchi bo‘ladi deyapti. Menimcha buni onam do‘stlaringdan eshitgan. Senga ularning mehrlari yuksak emish.

– Balki, Anastasya.

– Leonid Vaysbux yevreymi?

– Ha.

– Aqllimi.

– Iqtidorli.

– Tolik – chi?

– O‘ziga yarasha.

Xurram – chi?

U ham...

Natalya Petrovna qaytib keldi. U sevinchga lim ovozda dedi:

133

– Evril, senga yurtingga borib – kelishga (ikkala tomonga) ikkita chipta oldim. Bugun bozor. Indinga kechqurun poyezdga chiqasan.

Men bundan qanchalik sevinmay, noqulay ahvolda qoldim. Chipta pulini Natasha xonimga berishga urindim. Uning jahli chiqdi. Oxiri men ichimda:

"– Sovg‘a olib kelaman..." – deb o‘zimni – o‘zim ovutdim.

Nastyaning ruhi tushib ketdi.

Meni poyezdga Anastasya, Leonid, Anatoliy, Xurramlar kuzatib qo‘yishdi.

Bir oy onamning huzurida bo‘ldim. Uning maslahatiga binoan deyarli uydan – eshikka chiqmadim. Faqat uch marta Oqgulning qabrini yashirincha ziyorat qildim. Menga Marvaridni ko‘rish nasib etmadi. Uni onasining o‘limidan keyin... Chelak*ka, ammasinikiga ketgan deyishdi. Onam ham shuni takrorladi. Unga:

– Siz bilan Marvaridni O‘rusiyaga olib ketaman, – dedim.

– Sening oyog‘ingga tushov bo‘lmaylik, bolam.

– Uy bilan ish topib qo‘ydim.

– Buning iloji yo‘q...

– Nega, ona?

U savolimga javob bermadi.

Shundan keyin men deyarli bor pulimga sakkizta Samarqand noni, ikki banka tut shinnisi, mayiz, yong‘oq, o‘rik, bodom mag‘izlarini oldim. Yana oshga masallig‘, ikkita "Samarqand* konyagi, pomidor, bodring, turli ko‘katlar... Buzilmaydiganlardan bir qismini pochta orqali Sofiya xonimga jo‘natdim. Qolganiga to‘rtta handalak qo‘shib, yo‘lga shaylandim. Shunda onam menga chinni aytdi:

– Marvarid Toshkentda, kasalxonada.

– Nimaga, Ona?

– Kimdir uning yuziga kislota sepib qochib ketgan.

Men bundan larzaga keldim.

– Nega buni oldinroq aytmadingiz?! – dedim alam bilan.

– Seni o‘yladim, bolam... – Onamning ko‘zlariga yosh toshdi, – bu dunyoda sendan boshqa kimim bor? – Onam yig‘ladi.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Samarqand viloyatidagi Chelak shahri.

134

– Marvaridning ko‘zlariga ziyon yetmabdimi, ona?

– Yetmagan deyishayapti.

– Yuzlari qattiq kuymaganmi?

– Unchamas deyishayapti.

– Izlari qoladi.

– Oyday qiz edi – ya!

– Men Marvaridni ko‘rmasdan ketmayman, ona.

– Buni xayolingga ham keltirma, bolam. Bu juda xavfli. Izida iskovichlar... Eson – omon o‘rusiyaga yetib ol. U yoq tinchroq. O‘zing aytganingdek, ishlab, o‘qi. Meni o‘ylama. Cening oliygohga kirgan kuning – mening eng baxtli kunim bo‘ladi, o‘g‘lim!

– Doimo sog‘ bo‘ling, ona!

– Marvarid bilan ona – bola bo‘lib qoluvdik. Esli – hushli, odobli, ozoda qiz. Unga kuyayapman. Agar u sog‘ – salomat bo‘lganda, sen bilan birga ketardik. Kishi yurtida menga ovunchoq bo‘lardi. Endi men Marvaridning chiqishini kutaman. Uni kimdir sotgan, rostmi, yolg‘onmi, bilmadim, u qayerdadir, kimgadir:

" – Oqgulni KGB o‘ldirdi", – deganmish.

Menga Marvaridni ko‘rish nasib etmadi. Chiptam kuymasligi uchun men noiloj Jizzaxda poyezdga chiqdim.

Uni ko‘rmay ketayotganimga asosan uchta sabab bor.

– Cho‘ntagimda chaqam qolmadi.

– Onamning so‘zini ikki qilolmadim.

– Qo‘rqdim.

Buning uchun o‘zimni umr bo‘yi kechirmayman...

Poyezddan tushib, to‘g‘ri Natasha xonimning uyiga bordim. Anastasya meni quchoqlab, o‘pib kutib oldi. Uni ijozati bilan (kirlanganim uchun) hammomga tushib chiqdim. Kiyimlarimni almashtirdim. Natasha xonimning ishdan qaytishiga osh va achchiq – chuchuk hozirladim. Nastya tergini bezadi.

Natasha xonim vaqtida keldi. U meni ko‘rib gulday ochilib ketdi. Palov oldidan konyak ichdik. U "Samarqand" konyagiga qiziqsinib qarab, dedi:

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Chelak – Samarqandning Payariq tumanidagi shaharcha. Chelakning 85 – 90 foiz eli Bog‘donlik, urug‘i Qoramon turki. Chelakning yonidagi Kichik turk, Kattaturk qishloqlarining aholisi ham Bog‘dondan. Mening onam ham Katta turk qishlog‘idan.

135

– Toza, o‘tkir konyak ekan. Yana qitday – qitday quy, Evril.

Quydim.

Ichdik.

Achchiq – chuchuk bilan osh yedik.

– O, qanday mazali! – Natalya Petrovna mening yelkamga qoqdi. – Yasha, Evril!

– O, behad!.. – Nastya yuzimdan o‘pdi.

Oshdan keyin qahva ustida suhbat qurdik:

– Olmonlar Shvarts*da sun‘iy qon zavodi qurayapti, – dedi Natasha xonim, – unga sen o‘z ekipaj a‘zolaring bilan birga borasan. Bundan Xurram Hoqon ayro, u uylandi... Turk... Qurilish esa maxfiy...

– Ona, boshqalarni yuboring, – e‘tiroz bildirdi Nastya.

– Iloji yo‘q, yuqorining topshirig‘i, bir yilga... Shvarts bilan Yefremov orasi bir qadam... Dam olish kunlari kelib turasan, Evril.

Anastasya bilan men "Samarqand" konyagi va noz – ne‘matlardan olib, yotoqxonaga yondik. So‘qoq chetidagi bozorcha va do‘kondan Nastya bir tutam atirgul, aroq, shampan, shokoladlar xarid qildi.

Yotoqxonada bizni Anatoliy va Leonid zo‘r quvonch bilan kutib olishdi. Keyin hammamiz birga qo‘shni uy (dom – tom)ga, Xurram Hoqonnikiga o‘tdik. Uning xotini Valentinaga tegishli bir xonali hujrasi shodlikka to‘ldi. Er – xotin darhol kartoshka qovurishdi. Biz o‘zbek ne‘matlari bilan tergini yasantirdik. Zo‘r kayfiyat bilan yeb, ichdik.

Alla – pallagacha o‘ris, ingliz, frantsuz kuy – qo‘shiqlari ostida o‘ynab – kuldik...

Uch kundan so‘ng Vaysbux, Yevseyev va men Shvartsga jo‘nadik. Bizni Xurram, Valya, Nastyalar avtobusda kuzatib qo‘yishdi.

Shvarts...

Pastak – pastak tepalar, kichik – kichik ko‘llar, siyrak og‘ochzorlarga hayron tikildim. Bu go‘zal manzil menga tanish ham qadrdon tuyuldi. Qachonlardir men bu yerlarni armonsiz kezganman. Qachon? Balki Chingizxon, balki Temur xoqon zamonlarida...

----------------------------------------------------------------------------------------------------

*Shvarts – Tula viloyatining Boloxov tumanida joylashgan shaharcha.

136

Yefremovdagidek Shvartsda ham yigit – qizlarning qirpishdan qurilgan yotoqxonalari yonma – yon. Biz uchchovimiz ham ikkinchi qavatga, bir xonaga joylashdik.

Santexnik o‘laroq ishga kirishdik.

Men kuzda kechki maktabda, to‘qqizinchi sinfda o‘qiy boshladim. Bunga Tula viloyati Partiya qo‘mitasiga ishga ko‘tarilgan Natasha xonim ko‘mak berdi.

Shvartsda ham Yefremovdagidek hayot bo‘ron qo‘payotgan dengliz yanglig‘ guvullaydi, "o‘zan"idan quturib toshadi. Har kuni kechqurun tantsa... o‘yin – kulgi... kayf – safo... janjal... O‘ris zotini ichkilikka mukkasidan ketganini men Shvartsda yana ham teranroq tuydim. Topganini ichadi, oylikdan – oylikka qarzga botadi...

To‘qqizinchi sinfni bitirdim.

Bu vaqt ichida Oksana Shvartsga uch marta kelib ketdi. U bilan bu dunyoda o‘chmas iz qoldirish, shon – sharaflarga to‘lib yashash, yer yuzining eng go‘zal, muqaddas oshyonlarini ko‘rish va ilm – fan haqida qizg‘in qo‘nishardik.

Vaqtimiz qanchalar fayzli, mazmunli kechganini hali – hanuz armon bilan eslayman. Bu chin so‘zli qiz o‘z fikrlash tarzi, aql – idroki bilan Oqgulga bengzardi.

Anastasya Moskvaga, Universitetga (til – adabiyot fakultetiga) o‘qishga kirdi. Uning tug‘ilgan kunini Moskvada, "Moskva" restoranida o‘tkazdik. Nastyaning yanada go‘zallashib ketganini his etarkanman:

" – Universitet hayoti betakror, yoshlik zavq-shavqiga to‘la! – deb yutundim armon bilan, – u odamning ko‘nglini o‘stiradi, ruhiyatini ko‘taradi, ochunga o‘zgacha ko‘z bilan qarashni o‘rgatadi".

Anatoliy Yevseyev Zinaida ismli qizga uylandi. Uning to‘yiga (Leonid va men) pul qo‘shdik.

Vaysbux Vinnitsaga (tug‘ilib – o‘sgan kenti) ketish taraddudiga tushdi. Bundan mening ko‘nglim cho‘kdi. Shunda u:

– Chirchiqda ham Kimyo kombinati bor, – dedi, – odamga o‘z yurti aziz... Onang ham yolg‘iz...

Shu asnoda Bektemir o‘z harbiy ta‘tilini men bilan birga o‘tkazishga keldi. U "Osmon qizi" ("O‘lim halqasi") qissamni qayta – qayta o‘qidi va so‘ng dedi:

– Bir yolg‘onni qo‘shmay, manzil, nomlari bilan ismlarni o‘zgartirmay yozibsan. Bu yaxshi, ammo KGBning qo‘liga tushsa, birinchi galda meni otadi. So‘ng Marvarid bilan seni!

137

Zinhor uni Chirchiqqa olib ketma. Yashir. Nomini ham "Oqgul" deb o‘zgartir.

Men uzoq o‘yladim. So‘ng:

– Ma‘qul, do‘stim, – dedim.

"Oqgul"ni pochta orqali Oksanaga yubormoqchi bo‘ldim. Qo‘rqdim. Shundan keyin uni sodiq do‘stim Leonid Vaysbuxga berdim. U:

– Balki, uzun zamon kecharoq buni Isroilda chop ettirarman, – dedi va menga o‘ychanu horg‘in boqdi.

Ko‘z yoshlar bilan xayrlashdik.

Vaysbux Vinnitsaga ketdi. Bek Rovnaga. Men Chirchiqqa.

Shundan so‘ng Vaysbuxni qayta ko‘rmadim. Boshqa do‘stlarim (Valentina Katvitskaya, Oksana, Anastasiya...) qatori u bilan xat yozishib turdik. Keyin maktub to‘xtadi. Uni Quddusda deyishdi.

Chirchiq...

Sovet O‘zbekistonining yirik sanoat shahri.

Boshini haybatli tog‘ tizmalari qurshagan, so‘lida Chirchiq daryosi toshib oqayotgan, qoq o‘rtasini tez oqar anhor (Bo‘zsuv) kesib o‘tgan bu dilbar kentda olti foiz o‘zbek yashaydi. Nomi demasa, u rus shahri. Uning sakson besh foiz ulusi o‘ris, qolgani boshqa kelgindilar.

Men Kimyo kombinatining o‘n beshinchi maxfiy tsexiga* mashinist bo‘lib ishga joylashdim.

"Borzig" va Sum kompressorlari...

SSSR Olmoniyani ishg‘ol etganda, u yurtni g‘orot qilgan... Shafqatsiz ravishda Olmoniyadan tumonot zavod, fabrikalarni o‘rusiyaga ko‘chirib kelgan. Jumladan, "Borzig"larni ham. Bularga taqlidan keyin ularning "nusxa"larini "yaratgan". Ruscha nomlar bilan. Bu: Rossiyaning og‘ir, yengil, harbiy sanoatlarini rivojlanishiga buyuk "turtki" bo‘lgan.

Buyuk turtki...

Men "Borzig"da ishladim. Endi onam ham yonimda, oldin "Qipchoq" mahallasida ijaraga yashadik. So‘ng menga kombinat bir xonali kvartira berdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------------------* Maxfiy tsex – bu tsexga olmon, qirim, chechan, ingushlar ishga olinmasdi.

138

Trotskiydagi ikki qatli kechki ishchi – yoshlar maktabida (2 – maktab) o‘n birinchi sinfda o‘qiy boshladim.

Gohi – gohida onam Marvaridni eslab yig‘lab oladi:

– Yer yutqurlar!.. Gulday qizning umrini xazon qilishdi!

Ko‘zlari xiralashib qolgan!

Yuzlari o‘yilib ketgan!!

Qandoq yirtqichlik!!!

Sho‘rlik qiz uyiga ham sig‘may qolganday... Chelakda... tul ammasinikida...O‘gay ona – o‘gay onada...

U yoqqa, urug‘larimnikiga borganimda, Marvaridni ko‘rmay qaytmayman. U har gal seni so‘raydi... So‘raydi – yu yig‘laydi... Uning dardi ichida... Ammo ruhi sinmagan.

" – BMTga yozayapman... – dedi u so‘nggi suhbatimizda, – olchoqlarni fosh etaman!.."

" – Bundoq qilma, qizim, foydasiz, xating ham yetib bormaydi, hammayoq temir devor... Baloga qolasan..."

" – Endi yo‘qotadigan yerim yo‘q, ona*, qolgan umrim sadaqaga, o‘lsam ham Haq!" deb o‘laman. Sizdan yashirmayman: Oqgulning oldiga ketgim kelayapti. Qabrim ham uning yonida bo‘lishini istayman. Lekin buning iloji yo‘q. Onam meni o‘ylay – o‘ylay kuyib kul bo‘ldi, dunyodan o‘tdi. Otam o‘gay onamning chizgan chizig‘idan chiqmaydi... Ukalarim jabr ko‘rayapti..."

Mening vujud – vujudimni titroq bosdi. Men yig‘ladim:

– Marvaridni Chirchiqqa olib kelaylik, ona! – dedim.

Bu so‘zni yuragimdan aytganimni onam his etarkan, boshimni siladi:

– Sendan bu gapni uzoq kutgandim, o‘g‘lim! – dedi sevinib, – juda uzoq! Yana puxta o‘ylab ko‘r, bolam!

– Ona, men so‘zimdan qaytmayman!

Onam manglayimdan o‘pdi.

– Senga ishonaman, o‘g‘lim, – dedi, – sen ulug‘ otangga tortgansan. Bir so‘z aytsang qilasan. Ahd qilding – ki, mana, o‘n birinchi sinfni ham bitirding, Oliygohga hujjat ham topshirding. Buning, uchun qancha yo‘llarni bosib o‘tding... Iloho, ulug‘ otangning o‘rnini bos!

------------------------------------------------------------------------------------------------

*Ona – Marvarid onamni "ona" deb aytishga odatlangan edi.

139

Onamning yolg‘iz o‘zi Chelakka ketdi. Aftidan u meni iskovchilarning ko‘zlariga chalinmasligimni istadi.

Men ToshDUga imtihonlar topshirish uchun ta‘tilga chiqishga kirishdim. Xuddi shu onlarda Bektemir Chirchiqqa keldi. U bilan Kimyo kombinatining ulkan qopisi (darvozasi) oldida uchrashdik. Yonimda Matluba ham bor edi.

Matluba...*

Qorachadan kelgan, qop – qora ko‘zlari xiyol qisiq, yuzlarini ko‘zga tashlanavermas siyrak sepkillar bezab turgan, jozibali bu qiz ancha ruslashgan edi. Biroq, bu uning milliy g‘ururini "qiyalab o‘tgan" desa bo‘lardi. Qo‘lidan ruscha, o‘zbekcha kitoblar tushmasdi. Negadir u meni: "Roman" deb aytardi. Buning sababini so‘rasam, aytmasdi. Agarchi, bu ism menga yot tuyulsa ham, men unga e‘tiroz bildirmasdim. Balki, toza yurak bu qizga tiniq hurmat bilan qaraganim uchundir?

Bir kezlari Bek Oqgulni o‘zidan ham ortiq ardoqlardi. Undan yashirincha ko‘zlarini uzolmasdi. Hozir u Matlubaga ham ana shunday sezdirmay tiyiqsiz nigoh bilan boqayotganini sezib qoldim. Va ixtiyorsiz bir tarzda ko‘nglimdan shu g‘amli so‘zlar kechdi:

" – Bu ochunda hamma narsa eskiradi, o‘zgaradi, unutiladi.

Sadoqat ham.

Qasam ham.

Sevgi ham...

Hatto, balki, eng yuksak tuyg‘ularu e‘tiqodlar ham..."

Matluba o‘ziga yarasha ziyrak qiz edi. U Bekning suqlanib boqayotganini sezarkan:

" – Bu qanday bez?!." – degan ma‘noda unga sovuq qaradi. Va so‘ng bodom qovoqlarini uygan, olcha rang dudoqlarini cho‘chchaytirgan holda dedi:

– Xayr, Roman!

– Hozircha Matluba.

Bektemir Matluba ko‘zdan o‘chguncha, undan ko‘zini uzmadi. Keyin menga yolvordi:

--------------------------------------------------------------------------------------------------

* ToshDU – filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limiga...

* Matluba bo‘yoqchi (molyar) bo‘lib ishlardi.

140

– Bilaman, sen Oksanaga uylanasan...

– Adashma, Bek, – men uni bo‘ldim, – u mening sirdosh do‘stim. Uning onasi Sofiya xonimdan ko‘p narsa o‘rgandim! Hatto, Oksanadan ham. Xuddi shunday Natasha xonimu Anastasiyadan ham. Ular menga aziz kishilar. Men ularni hech qachon unutmayman! Lekin uylanish masalasi boshqa gap...

– Matluba bilan qanday do‘stsan?

– Oksana kabi.

Anastasiya kabi.

– Yordam ber, men unga uylanay.

– Oqgulni unutdingmi?

– Bolalik tuyg‘ularimni qo‘zg‘ama, Evril. Endi, Oqgul achchiq xotira... Endi, u ushalmas armon... Agar Oqgul tirik bo‘lganda ham, menga tegmasdi, deb o‘ylayman.

– Qayerdan bilasan?

– Ko‘nglim shunday deyapti. Osmon bilan Yer hech zamon tutashmaydi... Yordam ber, do‘stim, men Matlubaga uylanay.

– Bu yurak ishi, Bek. Meni noqulay ahvolga solma. Meni kechir. O‘zing qo‘nish.

Qancha rad etmay, u meni holi – jonimga qo‘ymadi. Qo‘qqis xayolimni shu so‘zlar qurshadi:

" – Bir ko‘rishda sevib qolish... Uning kimligi – yu fe‘l – atvorini bilmay sevib qolish... Yana kim? Mening do‘stim: Bek. Men umrimda birinchi marta bunday holga duch kelayapman. Bu yog‘i nima bo‘ladi? Bilmayman. Muammo ustiga muammo:

Imtihon...

Marvarid...

Bek.....

Turk: "Do‘sting uchun zahar yut" – deydi, - bir urinib ko‘ray, o‘xshamasa, ko‘ngli o‘zidan qoladi".

Ikkinchi kun men Matlubani uyga taklif etdim. Palov qildik. Shampan, konyak ochdik. Matlubaga Bekni "ildiz – ildizi" bilan tanishtirdim...

Bozor kuni toqqa chiqdik. U zamonda Chimyonga asfalt yo‘l yo‘q edi. Chorvoq "dengizi" ham. Hammayoq o‘rmon bilan qoplangan edi.

141

Yovvoyi tabiat qo‘ynida uzoq daydidik. So‘ng to‘rt daryo (Chotqol, Piskom, Ko‘ksuv, O‘gam) tugal birlashgan* yerda, to‘g‘rirog‘i, Tohir sandiqda oqizilgan yerda cho‘qqidan tezoqar Chirchiqqa sho‘ng‘idik. Bu tog‘ daryosi Ukraina, o‘rusiya daryolaridan ham tez oqar, tiniq, muzdek edi. Tanamiz yayradi. Ruhiyatimiz ko‘tarildi. Keyin sohildan xiyol yuqorida joylashgan "Chinor" choyxonasida, ming – ming yillik chinorlarning quyosh o‘tmas ko‘lankalarida shashlik yeb, choy ichdik va har xil mavzuda, jumladan: sevgi, sadoqat haqida ham qo‘nishdik.

Kechqurun G‘azalkentda, restoranda suhbatimizni davom ettirdik.

Matluba Nijniy-Komsomolskiy (Quyi Komsomol) degan so‘lim maskanda, "Bo‘zsuv" bo‘yida yashasa ham, go‘zal G‘azalkent havosini maqtadi. So‘ng:

– Ko‘pdan bunday dam olmagandim, Roman, – dedi.

Shu ongacha Matlubaga jo‘yali bir so‘z deyishga botinmagan Bektemir paytni boy bermadi:

– Istasangiz har bozor kuni toqqa chiqamiz, Matluba, – dedi va qip – qizarib ketdi.

– Siz nima deysiz, Roman? – Matluba menga yuzlandi.

– Ko‘ngil tusasa... Tusaganda...

– Bu boshqa gap.

Bektemir mening so‘z o‘yinimni tushunmadi, yer tagidan menga norozi qiyofada boqdi.

Restorandan zo‘r kayfiyat bilan chiqdik. Shiddat ila keng yoyilib oqayotgan Chirchiq daryosi bo‘yida biroz sang‘idik. Shunda, tuyqus, Matluba chag‘ir toshga qattiq qoqindi. Agar Bek uni tutib qolmaganda, u daryoga qulardi.

– Rahmat! – Matluba uning o‘tli quchog‘idan yengil chiqarkan, Bekdagi dev kuchini his etdi.

Biz Chirchiqqa kech qaytdik.

Yetti kun kechdi. Onamdan darak yo‘q. Havotir ola boshladim. Bektemir bilan ovora bo‘lib, imtihonlarga ham tayyorgarlik

------------------------------------------------------------------------------------------------

* tugal birlashgan yer – O‘gam to‘rtinchi daryo o‘laroq Chirchiqqa qo‘shilgan yer ko‘zda tutiladi. U Chorvoq dengiziga quyilmaydi.

* "Tohir va Zuhra" kino filmida Tohirni sandiqqa solib oqizilgan baland qirg‘oqli daryo – Chirchiq ko‘zda tutiladi.

142

ko‘rolmayapman. Har kuni Matluba bilan qo‘nishsak – da, natija yo‘q.

Bektemir tunda Bog‘donga yashirincha borib, og‘alaridan pul olib qaytdi*.

Bektemir bilan birga boylardek bozor qildik. Tergini to‘kis bezadik. Matluba va Luizani taklif etgandim. Kelishdi. Luizaning qo‘lida magnitafon. Undan buni men iltimos qilgandim.

Luiza...

Olmon qizi.

Volga (Oq Edil) bo‘yi olmonlari. Stalin zulmi bilan O‘rta Osiyoga surgun etilganda, uning ota – onasi Chirchiqqa kelib qolishgan. Bu mudhish badarg‘a Luizaning go‘dak ko‘ngliga yomon ta‘sir etgan. U men bilan qo‘nishganda, Olmoniyaga ketishi, kishi yurti hech qachon vatan bo‘lolmasligi haqida so‘zlardi. Menga ishonganidanmi, qo‘rqmay, ochiq so‘zlardi.

O‘ris kitoblari – yu kino – filmlarida: "bosqinchi", "yirtqich", "talonchi" deb qoralanayotgan olmoniyani behad hurmat bilan tilga olardi.

" – Ishtoni yo‘q, ishtoni yirtiqdan kulibdi" – derdi alam va nafrat bilan, – kechagina chipta kovush kiyib yurgan maskallar nemislardan ishton kiyishni o‘rganganlar".

Dunyo qarashimiz yaqin bo‘lgan bu dilkash, durkun qiz kimyo kombinatida ishlaydi va ham Chirchiq Politexnika institutining kechki bo‘limida o‘qiydi. U Matlubadan besh yosh katta, yigirma to‘rt yoshda. Uning yuzi sochidek sarg‘ish, ko‘zi moviy, qaddi Matlubanikidek tarang. Handalak misol siynalari alvon ko‘ylagini turtib chiqib turibdi.

Luiza tergini ko‘rib, bolalarcha chapak chaldi:

– O – o!.. Zo‘r – ku, Evril! Sultonlar ham bu tergini havas qiladilar.

Palov dam yeguncha, shampan hamda konyak ochdik. Luiza qadah aytdi:

– Menimcha, kimdir butun mavjudotlarni domiy ravishda kuzatib, sinab, saralab boradi. Shu yo‘l bilan me‘yorni saqlaydi. Busiz olam buziladi.

Kimdir?

Uni biz Tangri deymiz.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Yo‘ldosh ismli (Qo‘shqo‘rg‘onlik) kasbdoshimning "Moskvich"ida Bog‘donga borib, qaytishdi.

143

Bo‘ron, dovul, toshqinlar... vositalarida og‘ochlarni sinaydi. Bunga dosh berolmaganlari qulaydi...

Odamzotning ham boshiga turli musibatlarni yog‘dirib sinaydi. Unga bardoshi yetmaganlari yer tuban bo‘ladi...

Biz ana shunday sinovlarni yengib yashasak, yashaganda ham o‘z maqsad, e‘tiqodlarimizdan toymay yashasak, hayotimiz mazmunli bo‘ladi.

Shunga bu qadahlarni olamiz.

Oldik.

– Gapingdan, Luiza, Nishchening hidi kelayapti.

– Fridrix Nishche! – Hayajonlandi Luiza. – U mening jonim, Evril.

– U sening millatdoshing ham. Gegel, Heyote, Heyne, Motsartlar... kabi... Olmon daholari uchun ichamiz.

Luiza qo‘shimcha qildi:

– O‘zbeklardan ham shunday daholar tug‘ilishi uchun ichamiz.

Ichdik.

Men Luiza bilan, Bek Matluba bilan tantsaga tushdik.

– Osh ezilib ketdi! – Nogoh shoshqin, shodon ovozda qichqirdi Matluba. Hammamiz oshxonaga yugurdik. Palov tobida edi. Katta chinni laganga suzdik. Osh oldidan men so‘z aytdim:

– Gullab – yashnayotgan boqqa qaramay qo‘yilsa, uni yovvoyi o‘tlar, ilon, kalamushlar, qurt – qumursqalar bosib ketadi. Ular bog‘ning quvvatini so‘rib oladi. U hosildan qoladi, cho‘lga aylanadi...

Hindistonu Rossiyani o‘z ichiga olaroq Misrdan Xitoy devorigacha bo‘lgan hududni egallagan Buyuk Temur davltaini (imperiyasini) o‘sha gullab – yashnayotgan boqqa qiyos etish mumkin.

Temur xoqon o‘limidan keyin esa kuch – qudratu taraqqiyotda tengsiz imperiya bo‘laklanib ketdi. Oqibat cho‘l holiga keldi. Oxiri uchta xonlikka aylandi:

Buxoro.

Xiva.

Qo‘qon...

Xonlar davlatlarni o‘z xususiy mulklariga aylantirib oldilar. Oqibat: Bu xonliklar dunyodan, dunyo ilm – fanidan, dunyoviy o‘sishdan uzilib qoldilar. El ma‘rifatsiz qoldi. Vatan cho‘lga aylangan bog‘ holiga tushdi.

Shundan so‘ng o‘rusiya uni osongina bosib oldi va o‘z yemoqxonasiga aylantirdi.

144

Luiza, o‘zbeklardan sen aytgan daholar bilan birga Temurdek buyuk, suyuk inson tug‘ilishini va u yurtimizni ozod, obod etishini Tangridan so‘rayman.

Hammamiz qalqdik, qadah ko‘tardik. Bektemir menga yer tagidan sovuq qaradi. Xasta kasning kasalligi yuz – ko‘zida yaqqol aks etganidek, uning ham nigohida: "Bo‘lar – bo‘lmasga siyosatni suqaverasanmi? Har gapning o‘z o‘rni, o‘z mavrudi bor" – degan ifoda aniq ko‘rinib turardi.

Agarchi mening aqlim Bekning kesatig‘ini to‘g‘ri deb bilsada, yuragim bunga ko‘shilmadi. Va shunga xijolat chekmadim. Bekka tik boqdim. U yuzini burishtirdi.

Bekning holatini tushinsa bo‘lardi: uzoq bir paytlari butun fikru – zikri Oqgulda bo‘lganidek, hozir Matlubada edi. Matluba yuragidan urgandan keyin uning ko‘ngliga qil ham sig‘may qoldi. Hatto el – yurt haqidagi ezgu so‘zlar ham. "Oqgul" Kengashini ham unutib qo‘ydi. Men bu borada jon kuydirib og‘iz ochsam. U buni loqayd eshitardi. Hatto bir gal:

" – Otam: "Zamon senga boqmasa, sen zamonga boq" – deb aytardi dedi, – Odam bir marta yashaydi, Evril. Bizni ham Oqguldek o‘ldirib yuboradilar. Yoki Marvarid kunini boshimizga soladilar".

Men do‘stimni yaxshi bilaman, undagi El, Yurt tuyg‘usi har qandoq

tuyg‘udan kuchli, so‘nmas deb yurardim. Uni "Oqgul" Kengashiga sadoqatiga shubha ham qilmasdim. Oqgulni himoya etishdagi jasoratiga hamon faxr tuyg‘usi tuyardim. Biroq, endi?.. Ishqilib yanglishay – da, Tangrim!

Shunday onlarda men ikkilanib qolardim va ixtiyorsiz bir tarzda mening boshimda ushbu so‘zlar g‘ujg‘on o‘ynardi:

" – Nahot, Bekda Vatan, Millat tuyg‘usidan ko‘ra, qizlarga ishq tuyg‘usi kuchli bo‘lsa?!"

Hozir u yuzini zaharli burishtirarkan, bu menga og‘ir botdi. Ammo men o‘tirishni buzmaslik uchun ko‘nglimni keng tutdim. Bu holni Luiza sezdi shekilli, yana piyolalarga konyak quydi va tiniq ohangda dedi:

– Bek bilan Matluba bir – biriga o‘xshab ketadi. Tangrining bu "ishi" bejiz emasday. Menimcha, bu ikki yoshning yulduzi – yulduziga to‘g‘ri keladi. Shunga olamiz.

Oldik.

Bekning yuzi yashnab ketdi. U qalin lablarini yig‘ishtirolmay qoldi. Matluba Luizaga noxush boqdi. Luiza hazilomuz ohangda:

– Men senga tegaman, Evril, – dedi va meni o‘pib, yelkamga boshini qo‘ydi.

145

– Saodat enam Marvaridni olib kelgani Samarqandga ketgan, – dedi Bek Luizaga.

– Men Evril uchun kundosh bo‘lishga ham roziman, – Luiza meni quchgancha xandon otib kuldi.

– Osh sovub qoldi, – dedim men.

Gan – so‘zsiz palovni yedik. So‘ng o‘zimizni unitib tantsaga tushdik. Tun og‘ganini sezmabmiz ham. Yo‘l harakatlari to‘xtagan. Qizlar noiloj mening tor kulbamda qolishdi.

Bek behad sevindi...

Men erkin mavzuda (nomi esimda yo‘q) insho yozdim. To‘rtga. Agar qolgan imtihonlarni beshga topshirolmasam, universitetga kirolmayman. Bundan ko‘nglim xira bo‘lish o‘rniga, xotirijamday edi. Go‘yo ichimda yorug‘ nurlar kezayotganday edi. Men o‘zimni yengil va quvvatli his etardim. Nechun? Sababini bilmayman. Balki, yuragim o‘qishga o‘tishimni oldindan sezgandir?

Yurak!...

O‘xshashi yo‘q, ziyrak, betakror olam!

Mustaqil olam!

Ba‘zan uning oldida aql ham ojiz qoladi.

Endi, oralari qo‘yiqlashayotgan Bektemir bilan Matlubani ham o‘z hollariga qo‘yib, bor aql, kuchim bilan imtihonlarga hozirlik ko‘rishga sho‘ng‘idim. Yuragimda o‘zimga bo‘lgan ishonch qat‘iy edi. Ammo onamning Chelakda ushlanib qolishi ko‘nglimga ko‘lanka solib turardi.

Ikkinchi imtihonni beshga topshirdim. Kutilmaganda Kattaturk qishlog‘idan (ona tomondan qarindoshim) Bektursin keldi. Uni ko‘rishim bilan bir falokat yuz berganini his etdim. Yuragim bejo ura boshladi. U buni sezdi va darhol menga taskin berdi:

– Xolam sog‘ – salomatlar.

– Tangriga shukur!

– Marvaridning qirqini o‘tkazib kelishini aytib yubordilar.

– Nimalar deyapsan, Bektursin?!!

Bektursin dahshatli voqeani ikki og‘iz so‘z bilan ifodaladi:

– Marvaridning tanasiz boshi qo‘yidagi yozuv bilan ostonaga* tashlab ketilgan:

"Saboq..."

Men larzaga keldim.

Bek ham.

Bek bir kundan so‘ng erta tongda:

146

– Men "Oqgul" Kengashidan chiqdim, Evril, – dedi qo‘rquvga qotilgan mungli ovozda, – Endi tinch yashashni istayman. Xayr, do‘stim!

U Matluba bilan ketdi. Qayoqqa? Buni menga aytmadi.

Men "Oqgul" Kengashida yolg‘iz qoldim.

Go‘yo dunyoda ham...

"– Yo‘q, – dedi g‘oyibiy bir ovoz qulog‘imga, – yo‘q, – hali oldinda bo‘ronli hayot... og‘ir yo‘l... shafqatsiz kurashlar..."

-------------------------------------------------------------------------------------------------------

* Ostonaga – ammasining uyi ostonasiga. Marvaridning tanasiz boshi Chelakdagi tepa etagiga – siyrak o‘rikzor qo‘ynidagi eski qabristonga qo‘yilgan.

20 aprel – 21 avgust, 2011 yil

Chirchiq.