Qamoqdagi bitiklar: Mamadali Mahmudov. "Oq gul"

BBC O‘zbek Xizmati atoqli adib Mamadali Mahmudovning qamoqxonada yozilgan turkum asarlarini e‘lon qilishni rejalagan. E‘tiboringizga havola qilinayotgan "Oq gul" romanini adib Chirchiqdagi jazo muassasasida yozib tugatgan.

Evril Turon

[Mamadali Mahmud]

Oq gul

(voqeiy roman)

(Birinchi qism)

Vatanni beqiyos

sevuvchi do‘stlarim...ga

bag‘ishlayman.

1

Bugun ikki ming o‘n birinchi yilning to‘rtinchi oy, yigirmanchi kuni. Men odatdagidek nonushta oldidan o‘rik ostida ishlab o‘tiribman. Kutilmaganda bir dovuchcha tuproqqa tushdi. Bundan ko‘nglim buzildi:

"Etilmay uzildi, – dedim o‘zimga-o‘zim, – sho‘rlik! Nima uchun?"

"Tangri "ishi" – dedi ichimda bir sas, – o‘zi yaratadi, o‘zi yitadi. Nega? Bunga javob topilmaydi. Topilmaydi hech zamon".

Sukutga botdim.

O‘y, xayol, xotira shunday qudratga ega:

Uning oldida to‘siq, chegara, masofalar ojiz. U zamonlarni ortga qaytaradi, o‘tganlarni tiriltiradi.

Dovuchcha ta‘siri: vaqt chekindi:

Ellik besh yilga.

Ko‘z oldimga Uchquloch oltin koni, olaquroq olomon, maktab keldi. So‘ng sakkizinchi sinf xonasi, birinchi parta, Omongul...

Ellik besh yil...

Bu vaqt davomida mening xotiramdan qancha – qancha tanishlarim, yaqinlarim, qarindoshlarim o‘chib ketdi. Manguga. Ammo Omongul?..

Uning olmosdek o‘tkir yuz – ko‘zlari, chimrilgan qoshlari, to‘ti burni, bir o‘rim yo‘g‘on sochi, tabiatan ol dudoqlari va o‘ktam yurish – turishlari esimda. Go‘yo vaqt to‘xtab qolgan, boyagidek esimda.

Men dunyoda olmon, ingliz, frantsuz, yahudiy, polyak, mojor, ukrain, oq rus, rus, bulg‘ar, koreys, yapon, xitoy, latish, gurji, arab,armani, fors... xullas, turli millat suluvlarini ko‘rdim. Biroq Omonguldek tabiiy go‘zalni uchratmadim. U tom ma‘noda bokira va betakror edi. Men uni endi ochilgan oq gulga bengzardim. O‘zimcha: "Oq gul" derdim. Buni unga aytishga yuragim betlamasdi. Bir menmas, boshqalar ham Omongulga tik boqishga botinmasdilar. Hatto o‘qituvchilar ham u bilan o‘ylab muomala qilardilar. Buning aniq sababini bilmasdim. Balki, bu hammadan ko‘ra ko‘rkamligi, a‘loga o‘qishi, uncha-muncha gapni yoqtirmasligi, cho‘rtkesar va odamoviligi uchundir?

Omongulning botinida bir g‘oyibiy sir bor deb o‘ylardim. Buni odamning ich – ichini ko‘rayotgandek tuyulgan ko‘zlaridan tuyardim. U yer yuzida hech kimga o‘xshamasdi. Men uni ba‘zan: "Osmon qizi" degan xayolga borardim. U o‘zini mag‘rur va yuksak tutardi. Ataylabmas. Tug‘ma shunday edi. Omongulning har bir harakat, gap – so‘zi chechakdek tabiiy edi. Shunga qaramay, uni ayrim qizlar uncha yoqtirmasdilar. Hasad o‘timi, goh – goh pana – pastqamlardan kunilab qolardilar:

" – Osmonda!.."

" – Olifta!.."

" – Sovuq!.."

U kezlarda Omongul bilan mening oramizda salom – alikdan boshqa narsa yo‘q edi. Faqat onda – sonda kechgan qisqa uchrashuv, so‘zlardan o‘zga.

Birda u yangi osilgan devoriy gazeta ("Kommunizm sari") oldiga mening do‘stim Bektemirni chaqirdi va undan so‘radi:

– Buni sen yozdingmi?

– Ha.

– O‘qi.

Temirchi o‘g‘li* Bektemir o‘z yoshiga nisbatan gavdali, kuchli, mag‘rur bo‘lsa ham Omongulga bir so‘z demay itoat etdi:

"Lenin bizning bobomiz,

O‘ris xalqi og‘amiz.

Kommunizm sari biz

Dadil olg‘a boramiz"

Omongul uni qovoqaridek chaqdi:

– Urug‘ – aymog‘ingni bilib oldim, Bek*. Yaqin orada maddoh shoirlarga non qolmaydi. Sendan tuzuk temirchi chiqadi deb o‘ylardim. Endi?..

Kun – tun kitob o‘qish*dan tolmaydigan Bektemir Omongulga qarshi og‘iz ochmadi. Balki, bu, til, adabiyot o‘qituvchisining buyurtma va o‘rgatmasi tufayli ushbu to‘rtlikni o‘ziga qarshi borgan holda yozganligi sabablidir? Balki, bu, Omongulga o‘zgacha tuyg‘u bilan qarashidandir?

Yana qaydam?

Omongul menga negadir sovuq nigoh tashlaroq tashqariga yo‘naldi.

-------------------------------------------------------------------------------------------------------

* Temirchi o‘g‘li – Bek Forish tumanidagi dongli temirchi Sunnatning o‘g‘li.

* Bek – Bog‘don va Uchqulochda Bektemirni yerli el "Bek" deb atardi. Ba‘zan uni "Chingizxon" ham derdilar.

*Kitob o‘qish – Bek badiiy kitob o‘qishni sevardi.

2

Sovuq nigoh?..

Nega?

Bek jo‘ram bo‘lgani uchunmi? Men o‘zimni tiyolmay, unga og‘u sochdim:

– Muncha kibr – havo, Oqgul?

– Nima?! – U shart to‘xtab, orqasiga keskin qayrildi. Shunda men uning ko‘zlari yashindek chaqnaganini ko‘rdim va bundan badanim junjukib ketdi.

– Uzr, Oqgul, men... beixtiyor...

– Mening o‘z ismim bor, – u tahdid va g‘azab otidan tushdi.

Agar sezgim aldamasa, "Oqgul" deganim Omongulni g‘ururiga tegsa ham, unga bir qadar yoqdi. Tag‘in Tangri bilguvchi.

Shundan keyin uni hamma: "Oqgul", deb atay boshladi. O‘kituvchilar xam. Omongulni o‘zi bunga sekin – sekin ko‘nikib bordi.

– Bunga sen sababchisan, ho‘kiz! – dedi bir kuni maktabdan qaytishimizda Oqgul.

– Mening otim Evril.

– Sening oting Mamadali.

– Bu arabcha...

– Ota – onang qo‘ygan ism.

– Yanglishganlar...Menga yoqmaydi. Men o‘g‘uzman. Qoramon bo‘yidan. O‘z tilimda o‘zimga-o‘zim ism qo‘ydim: Evril Turon.

– Millatchimisan?

– Milliyotchiman. O‘zimni "O‘zlik" degan kurashga...

– Maqtanchoq! – U meni bo‘ldi.

– Ishonmasang ishonma, Ko‘nglim shunday deydi. Shunga sening ismingni ham Qoramoncha qo‘ydim:

Oqgul!

O‘zi men seni oq gulga bengzayman. Endi ochilgan oq gulga, shudring, shabnamlarda cho‘milguvchi oq gulga!

– Qog‘oz chechak odamning yuragini shu‘lalantirmaydi, menga oddiy, sodda gaplar yoqadi. Hayajonlanmay, bo‘rttirmay so‘zla. Menimcha, go‘zallik degani: soddalik qa‘tida...

Maqtovga toqatim yo‘q. Hammayoq maqtovga, soxta maqtovga to‘la. Bekning tuzsiz to‘rtligi kabi. Buni hech kimga foydasi yo‘q. Zarari qat – qat.

Soxta maqtov – o‘suv bo‘g‘ovi.

Soxta maqtov – jamiyat yovi.

Soxta maqtov – mute‘likka yo‘l...

3

Oqgulning menga ishonmagani alam qildi. Bunda o‘zimga bo‘lgan ishonchim yaralandi. Odam o‘z xato, kamchiligini tan olishi qiyin. Men tanqidga yo‘qman. Agarchi, u to‘g‘ri bo‘lsa ham.

"Qog‘oz chechak yurakni shu‘lalantirmaydi"mish, – dedim ichimda, – O‘zing-chi, Oqgul? O‘zingning gaping jimjimador emasmi? Buni men sening yuzingga solmayapman – ku! Xudbin!"

Uchqulochda birinchi ishga tushgan shaxta yaqinida xayr – xo‘shsiz ajrashdik. Men qir kabi cho‘zilib yotgan toshlar ustiga chiqdim. Bu yerdan Oqgulning uyi yaqol ko‘rinyapti. U boshqalarnikidan farq qilmasa ham menga negadir sirli tuyuldi.

Ana, Oqgul binafsha gulli kalta, tor, alvon ko‘ylakda o‘z xonasidan hovli sahniga (dengizda suzayotgan) oq qushdek oxista "suzib" chiqdi. Va eski tunika paqirda hovliga suv sepa boshladi.

Garchi, mavrudi kelmasa ham aytay: Oqgul o‘ziga xos, Ovro‘paning

man – man degan qizlari ham havas qilar darajada o‘ziga xos kiyinar va bu bejirim, ozoda, go‘zal kiyimda u oq chechak yanglig‘ yashnab ko‘rinardi.

Ancha paytgacha Oq guldan xafa bo‘lib o‘tirdim. Ammo miyamning bir chetida: "Oqgul haq" degan so‘z ham bong urardi. Uni qancha haydashga urinsam, u shuncha ko‘p bong urardi. Shuning ta‘sirida boshimga:

"Odam bolasi o‘zini – o‘zi mutlaq boshqara oladimi?" – degan savol keldi. Bunga kimdir javob berdi:

" – Nisbatan "ha", mutlaq esa "yo‘q".

Kim u?

Tegra bo‘m-bo‘sh. Tegra jim. Endi qo‘log‘imga boshqa kas shivirladi:

" – Odam bolasiga aql berilsa ham, u doimiy ravishda ko‘z ilg‘amas, ong yetmas tizginda..."

" – Kimning tizginida?"

" – Buning ildiziga inson yetmagan. Bu sir. Hozir seni bu yuksaklikka kim olib chiqdi?"

" – Bilmadim. Balki, bir noma‘lum kuchdir?.. Balki, xayol bilan... beixtiyor..."

"O‘zinga bog‘liq bo‘lmagan o‘sha kuch: tizgin egasi..."

" – Balki?.."

" – Ko‘nglingga og‘ir botgan toshni olib tashlash uchun seni bu kimsasiz "qir"ga yetakladi. O‘zing haqingda o‘ylashga imkon yaratdi. Endi sen o‘zingni ayamay xolis fikrla. Shunda, balki, to‘g‘ri yechimga kelarsan. Balki, Oqgul haqidagi qarashing ham o‘zgarar..."

O‘zimga bog‘liq bo‘lmagan kuch ta‘sirimi Oqgulga qarayman. U olma ostidagi so‘rida atlas ko‘rpachaga uzala tushib, ikki qat yostiqqa boshini

4

qo‘yib, kitob o‘kiyapti.

– Qandoq kitob? – deb o‘yladim, – darslikmi? Yo‘q. Badiiymi, Balki? Balki tarixdir? Yo falsafa?.."

Nogoh Oqgulga teskari qiz (oti esimda yo‘q)ning g‘iybati esimga endi:

– Oqgul tog‘asidan, uning eski bitiklaridan o‘rganganini sayraydi. To‘ti! O‘zini ko‘z – ko‘z qilishni, hammadan ustin qo‘yishni suyadi. Xudbin!"

Bektemir o‘z yoshiga yarashmagan do‘rilloq ovozda undan so‘radi:

– Oqgulni tog‘asi bormi?

– Bormish.

– Qayerda?

– Toshkentda.

– Nima ish qilarkan?

– Olimmish. Oqgul har ta‘tilni tog‘asinikida o‘tkazarmish.

– mish – mish ... mish – mish... Yolg‘onni yamlamay yutayapsan. Ikki yildan beri u Uchqulochdan chiqmadi. Faqat bir marta Osmonsoy*ga borib qaytdi.

– Balandosmon*ga degin, Bek – uni to‘g‘riladi Oqgulning o‘rtog‘i ham qo‘shnisi (ismi esimda yo‘q).

– Sen nimani bilasan, qurbaqa?

– Buzoqboshi!? – Uning bo‘yni kalta, tanasiga qapishib turardi.

– Ko‘r – ko‘rni qorong‘ida topadi, qurbaqa! Oqguldek turqing sovuq!

Bektemir uni kesdi:

– Oqgulga osilma!

– Yuragingdan urganmi?

– Ovozingni o‘chir! – Bekning ko‘zi sovuq chaqnadi. – Tulki shoxdagi quyruqqa yetolmay: "puf, sassiq!" dermish. Sen Oqgul bo‘lolmaysan. Sening ko‘ngling kir! Dunyodan tappi yopib o‘tasan. Oqgul akademik bo‘ladi.

– Jodugar seni sehrlab qo‘ygan shekilli ? Ko‘zing ko‘r!..

– Bas, buzoqboshi! Bo‘lmasa tilingni sug‘urib olaman! – Bektemir g‘azabdan yondi.

– Muallimlarni tan olmaysanmi? – Oqgulning qo‘shnisi yana gapga qo‘shildi.

– Ularni aralashtirma.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Osmonsoy – Forish tumanidagi tog‘li qishloq.

* Balandosmon – Osmonsoydan ancha yuqorida, tog‘ to‘rida joylashgan qishloq.

5

– Hatto maktab direktori ham Oqgulni akademik bo‘ladi deyapti – ku, baxil!

Tuyqis o‘ng yonog‘imni asalari chaqdi. Xayolim to‘zg‘idi. "Onam kutib qolgandir?" degan o‘y miyamga urildi. Men og‘riqni ham, Oqgulni ham unutib, uyga yondim.

2

Bektemirning to‘rtligi haqidagi gap maktab direktoriga ham yetdi. Balki, buni Buzoqboshi shipshigandir? Balki, Oqgulni yoqtirmas qizlar?..

Shu tufaylimi, ona tili va adabiyot o‘qituvchisi voqeadan yetti kun kechmay: "Mening shajaram" degan mavzuda bizga insho yozdirdi. Lekin u insho tafsiloti haqida o‘n kun og‘iz ochmadi. So‘ng, sababi nima, bilmadim, Samarqand viloyati* ma‘orif bo‘limidan bir vakil keldi. U o‘rta yoshli, ozg‘in, ko‘zlari sinchkov boquvchi kishi edi. O‘qituvchi uning ishtirokida baholarini o‘qib – eshittirdi. Biroq Oqgul bundan ayro edi. Vakil undan so‘radi:

– Sen o‘zingni O‘g‘uzxon, Bilga Hoqon, Temurlarga bog‘lagansan. Ular kimlar?

– Mening bobolarim.

–Tarixiy shaxslarmi?

– Ha.

– Him... Men O‘g‘uzxon, Bilga Hoqonlarini oldin eshitmaganman. Ammo Temirlangni bosqinchi, talonchi, kallakesar sifatida bilaman.

Vakilning o‘zbekchani sindirib, forscha ohangda so‘zlashi va buyuk Temurni "Temurlang" deyishi Oqgulga yoqmadi. U o‘zi sezmagan holda vakilga sovuq boqdi. Vakil buni ilg‘arkan, o‘z xatosini tuzatgan bo‘ldi:

– Yer yuzi ham Temurlang haqida shunday fikrda.

Oqgul tabiatan ham shunday fe‘lli qiz edi: o‘zini mutlaq haq deb bilsa, har qanday odamga ham o‘z so‘zini aytardi. Uning lavozimu salobati Oqgulga ta‘sir etmasdi.

U favqulodda jur‘atli edi:

– Tarixiy haqiqatga zid fikr.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Samarqand viloyati – o‘sha zamonda Jizzax, Zomin, Baxmal, G‘allaorol tumanlari kabi Forish ham Samarqand viloyati tarkibida edi.

6

– Dunyo fikri – ya?!

Vakil mayin jilmaydi. Lekin bu jilmayish qatiga tobutdek sovuq bir nima yashiringan edi. Buni Oqgul tuydi. Ammo cho‘chish o‘rniga, unda bir g‘oyibiy kuch paydo bo‘ldi va:

– Ovro‘pa Temurni: "Xaloskorimiz"* deb, tan oladi, – dedi u qat‘iy ishonch bilan, – rus ham.

– Rus ham?.. – titroq ovozda so‘radi vakil.

Sinf muzga aylandi. O‘qituvchining yuzi o‘lik tusiga kirdi. Oqgul qisqa, aniq javob berdi:

– Rusni mo‘g‘ullardan Temur bobom ozod etgan. To‘xtamishxonning o‘zi esa Oltin O‘rdani tashlab qochgan.

– Sen bu ma‘lumotni qayerdan bilasan?

– Rus akademiklaridan.

– Masalan?

– Bartold, Bertels, Yakubovskiylarni o‘qiganman. Yana bir rus xonimdan o‘rganganman.

– Rus xonim?..

– Ha.

– Balki, u rus yevreyidir?

– Ha, shunday: ruslashgan yevrey.

– Yevrey hech qachon ruslashmaydi. Yo boshqa millatga aylanmaydi. Yevrey har qanday vaziyat, holat, sharoit, zamonlarda ham "O‘zi"ni saqlaydi.

– Men buni to‘g‘ri deb o‘ylayman. Yo‘qsa, u millat sifatida yo‘qolib ketardi. "O‘zlik" – millatni vaqt to‘fonlaridan saqlovchi kuch, menimcha, ilohiy kuch. Vakil: "Mushtdek qiz bunday gapni biladi, – deb ko‘nglidan o‘tkazdi, – yevrey ming o‘rgatgani bilan o‘zida bo‘lmasa qiyin. Unda bir iste‘dod bor. Xuddi olimday fikrlaydi. Ulg‘aysa, tuzum uchun akademik Habib Abdullayevdek xavfli odamga aylanadi..."

Biroq u sirtiga suv yuqtirmadi:

– Endi angladim, – dedi yasama jilmayib, – senga "O‘zlik" tushunchasini yevrey xotin o‘rgatgan.

Oqgul vakilning gapi ohangida: "Yo‘ldan urgan..." ma‘nosi zohirligini his etarkan, unga e‘tiroz bildirdi:

– "O‘zlik" mening qonimda bor.

– Har bir o‘zbekda shunday tuyg‘u bormi?

– Bunday tuyg‘usiz millat millat o‘laroq yasholmaydi.

Vakil bu javobdan tashvishga tushganini sezdirmaslik maqsadida silliq taralgan siyrak sochini so‘l qo‘li bilan siladi. Oqgul undagi

7

kechinmani ilg‘arkan: "O‘zbekni yomon ko‘radi" degan hayolga bordi.

Bektemir beixtiyor "uh" tortdi. Rangi o‘chiq o‘qituvchi unga yer ostidan ho‘mrayib qaradi. Sinfni battar sukunat qurshadi. Vakil Oqgulga: "Kommunistik tuyg‘uga qanday qaraysan?" deb aytishga chog‘landi. Lekin uning o‘quvchilar ichida: "soxta tuyg‘u" deb yuborishidan cho‘chidi va fikridan qaytdi. Buning o‘rniga:

– Sen rus tilini yaxshi bilasanmi? – degan savolni nuqdi.

– Ruslardek.

Vakil Oqgulning ovozida maqtanish alomati yo‘qligini tuydi.

O‘qituvchi qo‘shimcha qildi:

– Inglizchadayam kammas.

– Yahudiychani-chi? – Vakil Oqgulga kulib boqdi.

– Eplayman.

– Yevrey xonim o‘rgatdimi?

– Ha... Menda yahudiycha – ruscha so‘zlik ham bor.

– Ofarin.

– Akademiklarni qaysi tilda o‘qiding?

– O‘rischa.

– Menimcha, ular yevreydirlar, nomlari ham... – U jo‘rttaga gapini oxiriga yetkazmadi.

– Bilmayman.

– Fikrlari g‘alati... yevreycha...

Oqgul vakilning maqsadini sezdi va o‘zini tutolmay kesatiq ohangda kesdi:

– "Temur tuzuklari"ga ishonarsiz?

– O‘zini kim yomonlaydi?

– Klavixoni o‘qiganmisiz?

– Yo‘q, ammo "oltin evaziga..." degan gaplarni eshitganman...- To‘qiganini yashirish uchun u Oqgulning ko‘ziga boqmadi.

– Ibn Arabshox, Xondamir, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiylarni inkor etmassiz?

Vakil ularning asarlarini o‘qimagani uchun o‘ylanib qoldi. Shu bilan birga qizning bilgirligidan yanada hayratlandi:

" – Sakkizinchi sinf o‘quvchisi... Shuncha narsani biladi... Ishongim kelmaydi... Umrimda bundayini ko‘rmaganman..."

Bektemir yana "uh"ladi. O‘qituvchi uning yoniga kelib (vakilga sezdirmay) qulog‘ini buradi:

– Uningni chiqarma!

Vakil oniy xayoldan boshini ko‘tardi va tilga kirdi:

8

– Shox so‘zi qonun zamonlar... Nelar bo‘lmagan?.. Nelar kechmagan?.. Buyruq... Buyurtmalar...

U ataylab mavhum so‘zladi. Men uning ovozida "chayon yashiringanini" sezdim. Biroq qaysi bir kitobda o‘qiganim: ushbu gapni aytishga o‘zimda jur‘at topmadim:

– "Kim o‘tmishga tosh otsa, o‘ziga tosh otadi".

Oqgul odob bilan vakilga "hujum" qildi:

– "Kallakesar deysiz?.."

Buyuk Temur haqida cho‘pon yo ekinchi (dehqon) fikrlasa ham, shubhasiz, mana bunday yechimga keladi:

– "Buyuk Temur Yurtimizni mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod qildi".

– "Buyuk Temur yigirma yetti mamlakatni o‘z ichiga olgan Ulug‘ Davlat tuzdi".

– "Kallakesar deysiz?.."

Kallakesar dunyoda Temurdek ulkan, qudratda tengsiz Imperiya qura olmaydi. Kallakesar ikki kas nari tursin, hatto o‘zini – o‘zi boshqarishga ham noqobil. Chunki u ahmoq, eshakmiya. Shuning uchun ham kallakesar... Buyuk Temurdek sulton ming yilda bir keladi: O‘g‘uzxon, Iskandar, Chingizxon...

Oqgul gapini tugatishga ulgurmadi. Kutilmaganda Bek qalqdi va titroq ovozda portladi:

– "Kechmishsiz – kelajak yo‘q".

Bu so‘z Oqgulning so‘zi kabi vakilning yuragiga og‘u yanglig‘ ta‘sir etdi. Ko‘kimtir ko‘zi ola – kula o‘laroq yuzi muzladi. Miyasi larzaga keldi:

– "Bu sinf o‘quvchilari millatchilik kasaliga yo‘liqqan... La‘nati yevrey!.. U josus!.. Josus!.. Josus!!!"

O‘qituvchi vakilni mudhish g‘azabdan tushurish uchun Bektemirni savolga tutdi:

– Bu kimning so‘zi?

– Lelin...

– To‘g‘ri, – o‘qituvchi Bekni bo‘ldi.

– Ha – ha, shunday, – vakil birdan jonlandi, – oting nima?

– Bek, – U: "Meni Chingizxon ham deyishadi" – demoqchi bo‘ldi. Ammo o‘zi bilmas qandaydir noma‘lum kuch uni bu xavfdan to‘xtatdi:

" – Tilingni tiy!"

O‘qituvchi uni to‘g‘riladi:

– Bektemir... "Lenin bobomiz, rus og‘amiz"ni yozgan bola.

– Ha – Ha... barakalla, Bek, barakalla!

9

– Inshoni beshga yozdi. – O‘qituvchi vakilning kayfiyati ko‘tarilganidan sevindi.

– Tabriklayman. Bek! – Uning yuziga qon yugurdi. – Omongulniki ham a‘lo! Uni namuna sifatida Samarqandga olib ketaman. Menimcha, bu qizning kelajagi bor...

Hamma qarsak chaldi. Hatto kunchi buzoqboshi ham. Negadir mening yuragim "shuv" etdi. Oqgulning ort tomonida o‘tirganimga qaramay, men uning yuzidan qon qochganini tuydim. Qanday? Buni izohlashga ojizman. Balki? Go‘zal yelkasi silkingani, mag‘rur boshi egilgani uchun menda shunday his uyg‘ongandir?

O‘qituvchi xonim vakilga yaxshi ko‘rinish maqsadidami, tuyqus menga suq barmog‘ini nuqdi:

– Bir she‘r o‘qib ber Evril.

Nima uchun bilmadim, nogoh GPU jabrini ko‘rgan onamning o‘giti esimga endi:

"– Ko‘zga tashlanmay yur, bolam. Zamon nozik..."

Ikkilandim. Vakil kulib dedi:

– O‘qi – o‘qi, tortinma.

Men noiloj qoldim. Shunda miyamga bexos ushbu fikr endi:

" – Bundan foydalan... Bu Oqgulga ham ruhiy quvvat beradi..."

Mungli she‘rni mungli ohangda o‘qidim:

Monolog

Inon, bu olamda xo‘rlik ko‘rish saodat.

Chuqur bilim, shonu shuhrat orzu-istagi,

Zakovat va erkinlikka jo‘shqin muhabbat,

Biz ularni ishlatmasak, nedur keragi!

Biz shimolning bolalari, shu yer o‘tlari –

Kabi oz vaqt gullaymizu so‘lamiz tezroq...

Qishning kulrang ko‘kidagi quyosh singari

Hayotimiz bulutlidir. Ammoki uzoq

Davom etmas bir xildagi uning oqimi...

Ham Vatanda nafas olish qiyin ko‘rinar,

Yurakka ham og‘ir botar, ko‘ngil ham g‘amli...

Na sevgini va na totli do‘stlikni bilar,

Yoshligimiz azob chekar bo‘ronlar ichra,

Yovuzlikning zahri uni etadi xazon.

Haroratsiz hayot jomi achchiqdir juda,

Biror narsa ko‘nglimizni etmaydi shodon.

10

– Tushunmadim, – dedi vakil ichida va uning sarg‘imtir yuzi tundlashdi, – mana bu satrni tushunmadim:

"...Vatanda nafas olish qiyin ko‘rinar".

Yoki:

"Yoshligimiz azob chekar bo‘ronlar ichra,

Yovuzlikning zahri uni etadi xazon..."

Vakil gapirishga og‘iz juftlagan edi. Oqgulning qo‘shnisi undan so‘radi:

– Menam she‘r o‘qisam maylimi?

– Mayli.

O‘qidi:

To‘lqinlar va odamlar

To‘lqinlar bir-birin quvlar izma – iz,

O‘ynar va ko‘tarar bo‘g‘iq bir shovqin.

Odamlar o‘tadi ketma – ket, so‘ngsiz,

Razil bir olomon go‘yoki to‘lqin.

To‘lqinlarga issiq quyoshdan ko‘ra

Sovuqlik, erksizlik bebaho ko‘rkam.

Odamlar qalb istar... Taajjub nima? –

Ular sovuq to‘lqinlardan ham.

" – Bular biri – biridan battar, ― dedi o‘z-o‘ziga vakil va mana bu ikkilikni takrorladi:

"To‘lqinlarga issiq quyoshdan ko‘ra

Sovuqlik, erksizlik bebaho ko‘rkam..."

Buni qanday tushunmoq kerak?"

U juda ehtiyotkor bo‘lganidan "sanamay sakkiz"... deyishdan o‘zini tiydi va kechinmasini soxta kulgi bilan niqoblab, Oqgulni she‘r aytishga undadi. Oqgul biroz taraddudlanib turgach, quyidagini o‘qidi:

Yahudiy qo‘shig‘i

Ko‘rar edim tun yulduzini

Yaltirarkan oyna – ko‘rfazda,

Oqimlardan qaltirarkan u,

Kumush to‘zon sochilar asta.

11

Ammo uni ushlayman dema:

U to‘lqin ham, nur ham aldamchi.

Yaqin kelsang – cho‘kadi soyang.

Uzoqlashsang – porlar har tomchi.

Quvonchning ham betinch sharpasi

Shunday undar sovuq zulmatda.

Ushlay desang – o‘ynashib qochar -

Aldab-aldab qaytar albatta.

Vakil ixtiyorsiz bir tarzda mana bu ikkilikni qaytardi:

"Quvonchning ham betinch sharpasi

Shunday undar sovuq zulmatda..."

So‘ng u Oqgulning ziyrak va chaqnoq ko‘ziga boqolmay (buning sababi ne, bilmadim), yer singalagan holda pichirladi:

"Sovuq zulmatda"...

O‘qituvchi vakildagi asabiylikni ichki bir sezgi bilan sezdi. Shunga:

– Bu uchchala she‘rni ham ulug‘ rus shoiri Lermontov bitgan, – dedi.

– Shundaymi?.. Ha... shunday, – vakil botinida birdan yuzaga kelgan o‘zgarishni sezdirmaslikka urindi va ataylab boshini ko‘tarmadi. Boshqalarni bilmadim, men buni uqdim.

– O‘quvchilar Lermontovni sevadilar.

– His etayapman, – nihoyat vakil bizga ochiq yuz bilan qaradi.

Menga sinf yorishgandek tuyuldi.

– Pushkinni ham yod bilasizlarmi?

"– Ha – ha..." – degan ovozlar yangradi.

– Rus poeziyasi betakror, – o‘qituvchining yuziga qon yugurdi.

– Tengsiz! – Uni quvnoq ovozda maqulladi vakil.

Shu on sinfga maktab direktori Bo‘ron Xudoyqulov kirdi. U salobatli, keng manglayli, o‘tkir ko‘zli kishi edi. Har bir gapni o‘ylab, miyasida pishirib, viqor bilan so‘zlardi. Bu "viqor" uning ulug‘ bo‘y – bastiga yarashardi va hech kimga erish tuyulmasdi.

Hamma "guv" qalqdi. Vakil ham.

Arslonning oldida tulki kichik va ojiz ko‘ringanidek, Bo‘ron og‘aning alp kelbati qarshisida ingichka gavdali vakil bir tutam bo‘lib qoldi. U qancha makkor bo‘lmasin, uning yupqa, qonsiz lablari o‘ziga bo‘ysunmadi, gezardi. Buni yashirish uchun u jilmayishga tutindi.

12

Biroq uddalolmadi, tulkidek tirjaydi. Men vakilning yuragi tipirchilayotganini eshitdim. Buni so‘z bilan tushuntirolmayman. Balki hali fan o‘rganmagan yurakning ham "qo‘z – qulog‘i" bordir?..

Bo‘ron og‘a hech kimga sezdirmay vakilga past nazar bilan qaradi. Bu yorug‘lik tezligida yuz berdi. Boshqalarni bilmadimu, men buni sezdim. Bilasiz: yorug‘lik bir soniyada yer kurrasini yetti marta aylanib chiqadi. Nima uchun vakilning yuragi tipirchiladi? Bu Bo‘ron og‘aning salobati bosgani uchungina emas, balki, uning Moskvada qudratli do‘sti borligi uchun hamdir. Do‘stiga shipshisa nima bo‘ladi? Issiq joyidan ayriladi, so‘ng mol boqadimi, loy qoradimi?.. Xunari bo‘lmasa...

– Tanaffusda Siz mening oldimga kirishni unutmassiz, – dedi u til – adabiyot o‘qituvchisiga va so‘ng o‘quvchilarga mehr bilan bir nigoh tashlab, xonadan chiqdi. Vakilning qo‘rimsiz yuzi yorishganini sezdim. "U meni shashtimdan tushurish uchun kirib ketdi" deb o‘yladi o‘zicha vakil.

Men bu yirik insonni hamon teran mehr bilan eslayman. Uning yuz – ko‘z, xatti – harakat, gap – so‘zidan "bo‘ron hidi"ni tuyardim. Va yana tabiiy shiddat – shijoatni... Vujudida tug‘ma ravishda o‘z el – yurtiga mislsiz sevgi qaynardi va buni u pinhon tutardi.

Uchqulochda yerliklar bilan kelgindilar o‘rtasida kechgan (1953 yilda) qonli to‘qnashuv boshida Bo‘ron og‘a turganligi to‘g‘risida gap yurardi. Biroq bu so‘z isbotini topmaganmi, tuzum sukut saqlardi... Yoki uning Moskvadagi ulkan do‘stidan hayiqarmidilar?..

Qaydam?

Ulkan do‘sti...

Frontovik do‘sti...

U kim?

Bo‘ron og‘a buni sir tutardi. Odamlar:

– U yevrey emish, Suslov*ning aymog‘i emish" degan mish – mishlardan nariga o‘tmasdilar.

Gohi – gohida choyxona, oshxona, hovuz bo‘ylarida mast shaxtyorlar – (o‘rislar)ning ochiqcha so‘kishlari va ham alamzada ming‘irlashlari qulog‘imga chalinib qolardi:

" – Moskva yevreylar qo‘lida!"

" – Rossiya degin!"

" – Butun SSSR!.."

" – Politbyuro a‘zolari, asosan, yevreylar."

" – Rus qiyofalariga kirgan yevreylar."

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Suslov – KPSS kotibi. SSSRda ikkinchi odam (rahbar).

13

" – Bir-ikki Ivan ham bor."

" – Nomiga."

" – Biron yevrey qora ishda ishlamaydi."

" – Ayyorda."

" – Gitler bekorga qirmagan."

" – Yevrey o‘zini hamma millatdan ustun qo‘yadi."

" – Aqillida."

" – AQSh ham yevrey mulki."

" – Yer yuzi deyaver."

" – Ahil xalqda."

" – Hamma payg‘ambarlar yevreylar."

"– Dunyoni ostin-ustun qilayotgan odamlar ham yevreylar:

Marks,

Eynshteyn,

Rezarford,

Bor,

Freyd,

Nishche,

Per Kyuri,

Mariya Kyuri..."

Bu so‘zlar haqiqatga yaqinmi, yo‘qmi, bilmadim. Biroq Bo‘ron og‘aning Uchquloch koni boshlig‘i Sokol bilan inoqligini bilardim.

Sokol Suslovning odami edi. U yahudiyligini yashirmasdi.

Shu kechgan qishda Sokol maktab o‘quvchilari bilan uchrashganda:

"– O‘z millati, o‘z tarixi, o‘z urf – odatini sevgan odam: chin odam, – dedi, – yo‘qsa, u o‘zidan boshqani sevmaydi, O‘zini* yolg‘ondan sevganday ko‘rsatadi... Hozir bular har qadamda...

Vatan tuyg‘usi yo‘q kimsa har nog‘oraga o‘ynaydi... U yemiruvchi kuchga ega: jamiyat, taraqqiyot, ilm – fan ildiziga tushgan qurt... Oxir – oqibat o‘zi "xizmat" qilayotgan tuzumning ham boshini yeydi...

Men yahudiyman!

Yahudiylar hamma davr, zamonlarda diniy, siyosiy, ilmiy, lo‘nda aytsam: buyuk burilishlarning boshlarida turganlar. Bu lof emas. Bu olam tan olgan haqiqat. Mana misollar:

Muso payg‘ambar Yaxudo diniga asos solgan. Unga "Tavrot" engan.

Dovud payg‘ambarga "Zabur" tushgan.

Iso payg‘ambar nasroniy dinini yuzaga keltirgan. Unga "Injil" nozil ------------------------------------------------------------------------------------------------

* O‘zini – SSSRni ma‘nosida

14

bo‘lgan.

Isaak Nyuton "Olamning tortishish qonuni"ni yaratgan.

Albert Eynshteyn "Nisbiylik nazariyasi"ni kashf etgan.

Rezerford atom, yadrolar otasi.

Karl Marks "Kapital" kitobi muallifi, nazariy kommunizm asoschisi.

Popov radioni ixtiro qilgan...

Musiqa, poeziya, tasviriy san‘at... hamma sohalarda ham millatdoshlarimning nomlari burilish nuqtalarida jaranglaydi. Men ular bilan g‘ururlanaman. Kishi O‘Zdan faxr tuymasa, O‘Zgadan ham tuymaydi. Men algebra, algoritm asoschisi Xorazmiy, dunyoda birinchi marta yer shari globusini yaratgan Beruniy, tib qonunlari otasi Ibn Sinolar bilan ham faxrlanaman. Beruniy buyuk geolog ham. Yerning oltin belbog‘ini ilk bor belgilagan daho. Sizlar ular bilan, umuman kechmishlaringiz bilan faxrlanishga haqlisizlar..."

Men buni: "Bo‘ron og‘aning rejasi, - deb o‘yladim, - Sokol orqali bizda o‘tmishga ishonch va mehr uyg‘otish rejasi..."

3

Qo‘ng‘iroq chalindi. Tanaffus. Oqguldan o‘zga hammamiz sinfdan chiqdik. "Vakil" yahudiy xonimni surishtirsa ajabmas?" degan so‘z miyamga urildi.

Fikrim to‘g‘ri chiqdi...

Darsdan keyin Oqgul, qo‘shni qiz, Bek va men birga qaytdik. Oqgulning oq yuzi yana ham oqargan. Ko‘zi ruhsiz va bezovta edi.

– Menimcha, – dedi u xavotirga qotiq xomush ovozda, – vakil "quda" tomondan...

– A?! – Qo‘shni qiz toshloq yo‘ldagi toshga qoqindi. Men uni tutib qoldim.

– Bahonada... – tagdor so‘zini tugatmay iljaydi Bek.

– Kulgiga balo bormi? – Jerkidi qo‘shni qiz... – Dunyoni suv olsa, to‘pig‘ingga chiqmaydi.

– Bek o‘z xatosini angladi, qizardi va undan uzr so‘radi. So‘ng Oqgulga yashirincha bir qarab qo‘ydi.

– U yahudiy xonim bilan qiziqdi – Oqgul menga siniq boqdi. Men uni sira bunday holda ko‘rmaganimgami:

– "Shunday mag‘rur qiz-a!.." degan so‘z ko‘nglimdan o‘tdi.

GPUni eshitgan odam titrardi. Men qo‘rqdim.

15

– Unga yomon bo‘lmasmikan?

Oqgul o‘zidan ko‘ra yahudiy xonimni ko‘proq o‘ylayotganini his etarkanman, ko‘z oldimda yana mag‘rur qiz paydo bo‘ldi. Yahudiy xonimning sharqshunos olimaligi, nafaqaga chiqqanligi, Lelingraddan ukasi Sokolning oldiga kelganligi haqida eshitgandim. Shunga asoslangan holda javob qildim.

– Qo‘li yetmaydi.

Oqgulning qo‘zlaridagi notinch ifodalar sal yozildi. Qonsiz yuziga qon yugurdi.

– Qolaversa, u hozir Lelingradda.

Bektemir gap suqdi:

– Yahudiy zoti har qanday xavf "hidi"ni oldindan sezarmish. Balki, Isroildadir?.. "Yahudiy qo‘shig‘i"da yozilganidek "shu‘la" tutqich bermaydi...

– O‘zingcha to‘qima, Bek, – gapga qo‘shilmadi qo‘shni qiz.

Kesishuvda jimgina ajrashdik.

4

Ochunda shunday kishilar bor: qamoq, qiynoq, hatto o‘lim xavfini sezsalar ham (har vaqt desam yolg‘on bo‘lar) ayrim hollarda haqni aytishdan o‘zlarini tiyolmaydilar...

Vakil voqeasidan talay kun kechgan, imtihonlar boshlangan edi. Oqgul bilan apoq-chapoq bo‘lib ketdik. U yuragini siqayotgan g‘ashlikdan qutilayozgan edi. Biroq, hu kungi sukut ichra ajrashgan yerimiz: kesishuvdagi mana bu mojora o‘chayozgan cho‘g‘ga yog‘ sepdi. Men og‘zaki "jang" ustidan chiqib qoldim. Janjal sababi shunday:

Yomchi*dan eshakda ikki kajava uzum olib enayotgan Tangriqut*ning yo‘lini Alik degan o‘ris to‘sadi. Undan bir bosh uzum so‘raydi. Tangriqut kajavani bozorda ochishini aytadi. Alik:

– Ishga shoshayapman, qo‘rqma, uzum pulini to‘layman, – deydi.

– Barakasi o‘chadi, – ko‘nmaydi Tangriqut.

– Tushunmadim.

– O‘rischaga no‘noqman.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Yomchi – Bog‘dondan uzilib chiqqan qishloq. Bog‘don eli kabi Yomchi ahli ham Qoramon urug‘idan.

* Tangriqutning asl ismi esimdan chiqqani uchun uni yaxshi niyat bilan "Tangriqut" deb atadim.

16

– Yolg‘onni yamlama!

– Yo‘ldan qoch! – Tangriqut qizarib – bo‘zardi.

– Ruscha so‘zla, chuchmek! – Alik yerdan tosh oladi.

Tangriqut tahqirona kuladi:

" – O‘zbekning non – tuzi seni ko‘r qilsin" – demoqchi bo‘ladi. Biroq, negadir niyatidan qaytadi. Buning o‘rniga:

– Bu yer O‘zbekiston, – deydi, – Men o‘z yurtimda o‘z tilimda so‘zlayman.

– Ayirmachi!.. O‘zbekiston Rossiya qaramog‘ida. Undan bir qadam chiqsang. O‘zbek tilini hech kim tushunmaydi. Shunda sen ruscha so‘zlaysan. Chunki rus tili xalqaro til. Ruscha so‘zla!

– Buyruqmi bu? Sen kimsan?

– Men rusman.

– Sen kelgindisan. O‘z elingga sig‘may kelgansan, qorningni to‘yg‘azishga kelgansan. O‘z o‘rningni bil, aksincha, sen o‘zbekcha gapir!

Alik uni chala-chulpa anglasa ham, Oqguldan so‘radi:

– Nima deyapti u to‘nka?

Oqgul tarjima qildi. U bo‘g‘riqib ketdi:

– Hali sen rus tilini mensimayapsanmi?

Tangriqut uni ichki sezgi bilan anglarkan, nafratga g‘arq ovozda dedi:

– Qildan qiyiq axtarma.

Oqgul o‘rischaga o‘girdi.

– Rus tili ulug‘ til, - u tishlarini g‘ijirlataroq toshni qattiq siqdi.

Tangriqut ham Alikdek yigit yoshida edi. Uning qoni gupullab qaynadi, tomog‘i–yu jag‘larida bezlar o‘ynadi.

– Har kimning o‘z tili o‘ziga ulug‘. – U Alikning hamlasiga shay turdi.

Alik tosh bilan unga tashlandi.

Tog‘da yovvoyi to‘ng‘izlar bilan olishib o‘sgan Tangriqut Alikka chap beraroq o‘ta epchillik bilan uning bo‘g‘zidan oldi va yerdan uzdi. U bo‘g‘ilib, tipirchiladi.

– O‘ldiraman!!! – Qoplondek xirilladi Tangriqut.

– Qo‘yib yuboring, – yolvordi qo‘shni qiz.

– Baloga qolasiz, – dedim men.

– Unga bu ham oz! – Oqgul Tangriqutni qo‘lladi.

Shu on Bek chopib, halloslab keldi va Tangriqutning changaliga yopishdi:

– Oqibatini o‘ylang, og‘a, qo‘yvaring.

Tangriqut Alikni bo‘shatdi. U tuproqqa qotilgan toshga yiqildi.

17

– Endi tez keting! – dedim men Tangriqutga, – bozorgamas, Qozoqovul*ga... Hozir u milisaga chopadi.

Tangriqut eshagiga xala bosdi.

Alik qalqdi. Ust – boshini ataylab qoqmay, ichki ishlar bo‘limiga yugurdi.

Biz maktabga chopdik.

Bir soat kechmay Alik militsionerni boshlab keldi. Uning buyrug‘iga binoan ona tili va adabiyot o‘qituvchimiz ( u direktor o‘rinbosari ham edi) bor o‘quvchilarni maktab sahniga turg‘azdi. Alik bizni tanidi. O‘rinbosarning xonasiga (kabinetiga) kirdik.

– Uzum sotarni taniysizlarmi? – deb so‘radi militsioner o‘zbek tilida, ammo tojikcha ohangda.

– Yo‘q, – dedik to‘rtovimiz ham birin – ketin.

– U qaysi qishloqning odamiga o‘xshaydi?

– Bilmaymiz.

– Menimcha, tojik qishlog‘idan: O‘xum*dan, – aldadi Bektemir, – o‘zbekchani sizday cho‘zib so‘zlaydi.

– Men o‘zbekman, – u Bekka sovuq qaradi, – bizning Samarqandda sheva shunday.

– Uzr.

Biz Bektemirning yolg‘onidan sevindik. Militsionerning yuz – ko‘zida qandaydir o‘zgarish yuz berdi. Bu, balki, Bekning to‘qimasi sabablidir?..

– U qayoqqa ketdi?

– Bozorga.

– Bozorda yo‘q – ku.

– Bilmasak.

– Ayb kimda edi?

– Manavi o‘risda, – dedi Oqgul, – uning yo‘lini to‘sdi.

– Nimaga?

– Undan uzum so‘radi. U bermadi. Keyin aytishib qolishdi. Manavi birinchi bo‘lib tosh bilan unga tashlandi. U o‘zini himoya etdi. Biz ularni ajratib qo‘ydik.

– Rus tilini yomonlab gapirdimi?

– Yo‘q.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Qozoqovul – "Bireshak" qishlog‘i. Adrsimon tog‘ning shunday etagida joylashgan qozoq ovuli. Hozir u Haydarko‘l ostida qolib ketgan.

* O‘xum – Forish tumanidagi qishloq.

18

– Gapiribdi – ku.

– "Har kimning tili o‘ziga ulug‘" dedi xalos.

– "Kelgindisan, o‘z yurtingga sig‘may kelgansan, qorningni to‘yg‘azishga kelgansan" – debdi.

– Yolg‘on, – dedi Oqgul.

– Tuhmat. – dedi qo‘shni qiz.

– Yo‘lto‘sarning o‘zini jazolang, – dedi Bek, - dehqonni yo‘lini to‘sdi. Uzumini tortib olmoqchi bo‘ldi.

– "Chuchmek" – deb tahqirladi. – dedim men, – hamma ayb o‘zida.

Ment bizning talabimizni hissiz eshitdi va tund bir ovozda buyurdi:

– Biron yolg‘onni qo‘shmay "Tushuntirish xati" yozinglar, rus tilida.

Yozdik.

Faqat Oqgul o‘zbekcha yozdi. Ment e‘tiroz bildirdi.

– Ruscha yozgin!

– Ruschaga no‘noqman. Qolaversa: "Tushuntirish xati"ni "O‘zbekcha yozma, o‘rischa yozgin" degan qonun yo‘q.

Ment undan bunday o‘tkir javobni kutmagan edi, qizardi:

– Aqllimisan?

– Qonunga qarshi kim so‘zlayapti?

Qizning ishonch bilan so‘zlashi mentga yoqmadi. Uning yupqa lablari asabiy titradi. Lekin, noiloj, xushlamay yelkasini qisdi:

– O‘zing bilasan...

Mening boshimdan: "ko‘ngliga bir kirni tugdi" degan gap kechdi.

Alik norozi bir ohangda to‘ng‘illadi:

– Bular uzum sotar tarafida. Men buni shunday qoldirmayman!

Ment hafsalasi pir bo‘lgan kasdek loqayd ohangda undan so‘radi:

– Boshqa guvohlaring yo‘qmi?

– Yo‘q.

Ment ataylab shubhali va jumboq so‘zladi:

– Qiyin.... O‘zingga...

Alik o‘ylanib qoldi.

Men: "Ment uning ichiga g‘ulg‘ula soldi" – dedim o‘z-o‘zimga.

– Zarurat tug‘ilsa chaqiraman, - dedi ment va xonadan chiqdi. Alik unga ergashdi.

– Biz yengil tortdik.

O‘qituvchi xonim Oqgulga tanbeh berdi:

– Milisa bilan o‘chakishib nima qilarding, qizim? Tinchgina yozib bersang, bir yering kamib qolarmidi? Juda o‘jarsanda, Oqgul.

19

Ishqilib oxiri bahayr bo‘lsin...

Oqgul indamadi.

– Anavi gaping tegishli yerga yetib borgan shekilli?

– Qaysi gapim?

– Rus tili o‘qituvchisiga: "Rus tili ona tilimiz emas" deganmiding?

– Ha.

– Nega?

– Har bolaning o‘z tuqqan onasi bor. Ikkinchi onasi yo‘q. Demak: Ona tilimiz ham bitta. Yo‘qsa, u "O‘gay ona", "O‘gay til" degan fikr tug‘diradi. Rus tili bizga o‘gaymi? Biz u orqali jahon ilm – fani, tarixi, adabiyoti bilan tanishamiz. U bizga ko‘prik vazifasini bajaradi.

Uchchovimiz ham Oqgulni quvvatladik:

– Juda to‘g‘ri.

O‘qituvchi Oqgulga nima deyishini bilmay o‘ylanib qoldi:

"– Bu tirmizakning gapida ham jon bor. Biroq oqimga qarshi suzib bo‘ladimi? Yoshda, bilmaydi! Oqim esa: "yosh – qari" deb o‘tirmaydi..."

Biz o‘qituvchining o‘yini bo‘lmaslik uchun jim turdik. Nihoyat u:

– Bu atamani butun O‘zbekiston "to‘g‘ri" deb biladi, – dedi, – bir sen...

– Mening o‘z fikrim bor, opa.

– Qaysar qiz.

– Shunday o‘ylaysizmi?

– Bir menmas.

– Lekin... – Oqgul birdan gapidan to‘xtadi va "tortishish ahmoqlik" – dedi o‘z-o‘ziga. So‘ng murosa qildi, – balki?..

– Sen sababli direktor ham olarini oldi.

– Nimaga?

– Bir nojo‘ya gaping uchun.

– Qaysi?

– Hu birda Jizzaxga, Lelin kolxoziga paxta chopig‘iga borganlaringda, jo‘yak ichida qo‘shningga nima deganding?

– Esimda yo‘q.

" – Bir zamon keladi, biz o‘shanda O‘z Eski Turk yozuvimizga o‘tamiz" – deganmiding?

Oqgulni qo‘rquv qurshadi va bu birdan uning yuz-ko‘ziga "guvillab" toshdi. U javob qaytarmadi. Qo‘rqdi.

– Devorning ham qulog‘i bor, – dedi o‘qituvchi va gapni chuvalatmadi.

" – Buni "vakil"ga "Buzoqboshi yetkazgan" – degan so‘z Oqgulning boshiga yashindek urildi. – O‘shanda u bizdan bir – ikki jo‘yak narida g‘o‘za

20

chopayotgandi. Qandoq eshitdiykin?.."

– Buni sizga kim aytdi? – Qo‘shni qizning o‘qituvchiga bergan savolidan Oqgul o‘ziga keldi.

– Shunday narsalar bor: aytilmaydi, hech qachon!

– Ko‘rinmayaptilar? – tortinib so‘radi qo‘shni qiz.

– "Yurak xuruji" deyishadi... Kasalxonadalar...

5

Maktabdan birga qaytdik. Oqgul taklif kiritdi:

– Uyda yolg‘iz o‘zimman. Ota – onam tongda Ilonchi*ga ketishdi. Qarindoshimiz o‘g‘ilchasini halollayapti. Istasalaringiz birga tushlik qilamiz.

Jon deb rozi bo‘ldik.

Tuyqis mening ko‘nglimdan ushbu gap kechdi:

"Oqgulning yuragida bir qo‘rquv bor. Shunga yolg‘iz qolgisi yo‘q. Yo sezgim aldayaptimi? Menimcha, yo‘q..."

Mis qumg‘ondagi suvga yuvinib, artinib, olma ostidagi so‘riga chiqdik. Qo‘shni qiz hovliga ola-chalpoq suv sepdi va uni changitmay supurdi. Bungacha Oqgul xontaxtaga chuchmoma gulli tergi yozdi. Uni non, patir, qatlama, shinni, novvotlar bilan bezadi. So‘ng ikki choynak ko‘k choy va to‘rtta piyola olib keldi.

Mazza qilib yeb – ichdik. Shundan keyin men xush kayfiyat ta‘sirida Oqguldan so‘radim:

– Yahudiy xonim sovg‘a etgan kitoblarni ko‘rsak bo‘ladimi?

U indamay o‘z xonasiga yo‘naldi va anchadan so‘ng rangi "quv" o‘chib chiqdi.

– Kitoblarim yo‘q!!!

Hammamiz larzaga keldik.

Qo‘shni qiz yonayotgan o‘tga suv sepishga tirishdi:

– Otang biron yerga yashirib ketgandir?

– Bilmadim, bu ehtimoldan uzoq. – Oqgulning ko‘zlarida sezilar – sezilmas umid uchqunlari miltiradi.

– Ko‘rasan, shunday, – qo‘shni qiz o‘z to‘qimasidan o‘zi ham ruhlandi.

– Aytganing to‘g‘ri chiqsa, senga shuni hadya etaman. – Oqgul o‘ng qo‘lining o‘rta barmog‘iga taqilgan oltin uzukni ko‘rsatdi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Ilonchi – Bog‘dondan uzilib chiqqan qishloq.

21

– Meni dunyoda sendan ortiq do‘stim yo‘q. Men buni Tangrining inoyati deb bilaman. Men uchun bu nafaqat oltin uzuk , balki, "Ko‘hi nur"*dan ham ortiq.

Oqgul do‘stiga nimadir demoqchi bo‘ldi. Lekin Bek buni sezmadimi, shoshib uni savolga tutdi:

– Eshiklar qulflanganmidi?

– Ha.

– Derazalar ichidan tanbalanganmidi?

– Ha.

– Hammasini ko‘zdan kechirdingmi?

– Ha, hammasi joy-joyida.

Mening boshimda mana bu so‘zlar yorg‘uchoqdek aylandi:

" – Vakil"ning "ishi" emasmi?.. Agar shunday bo‘lsa unga qulf degani nima?.. Onam:

"GPU uchun to‘siq yo‘q, u har qanday ishni izsiz, guvohsiz, sezdirmay qiladi" – deb aytardilar, - "izsiz, guvohsiz, sezdirmay" – takrorladim yana beixtiyor.

– Asarlardan ko‘chirma daftarimni taxminga, ko‘rpamning orasiga berkitib qo‘ygandim, xayriyat u turibdi.

– Tangriga shukr: - Qo‘shni qiz sevinganidan Oqgulni quchdi.

– Ko‘nglimga har narsa kelyapti. Huv kungi "vakil" bu kitoblar bilan qiziquvdi... Biroq, birovni isbotsiz ayblash yozuq, Marvarid.

Oqgul ba‘zi-ba‘zida dugonasini "Marvarid" deb atardi. Balki, bu uning tishlari marvariddek oq, bir tekis, go‘zalligi uchundir? U kulganda husniga-husn qo‘shilardi. Yoqut rang dudoqlari orasidan marvaridlar ko‘rinar va tegraga shu‘lalar sochayotgandek bo‘lardi. Kulchaga moyil bug‘doy tusli yuzlari, tiniq qora ko‘zlari jozibali edi va odamni o‘ziga jodulardi.

– Mening bir taklifim bor. – Bek Oqgulga murojaat qildi, - kelasi bozor kuni Bog‘donga, toqqa chiqaylik.

– Hozir shu ko‘ngilga sig‘adimi. Bek? Yana imtihonlar... Tayyorlanishimiz kerak.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* "Ko‘hi nur" – Boburiylarga (Nodirshohga) tegishli uzuk. Dunyoda eng qimmatbaho uzuk, to‘g‘rirog‘i bahosiz uzuk. Hozir u London muzeyida saqlanmoqda.

22

– Ko‘nglimizni yozib kelish uchun aytayapman. "Qizuchgan","Otuchgan" qoyalari... Oqbuloq... Toza havo... Lola, yalpiz, pidina...

– Qizdir odamni. – Bekni bo‘lib ma‘yus jilmaydi Oqgul.

– Maza qilardik-da. – Marvarid Bekni yoqladi. – Sharildoq darasi osha qorli cho‘qqiga chiqardik, to‘yib-to‘yib chugri* yerdik, o‘ngurlardan lola, pidina terardik. Sharildoq soydan yalpiz...

– O‘t yoq...

– Men tandir pichak*ni juda yaxshi ko‘raman, Oqgul. Sen-chi?

– Iydirayapsan meni, yolmog‘iz.

– "Xo‘p" degin, Oqgul, - dedim men, - umrimiz bo‘yi esimizdan chiqmaydigan sayohatimiz bo‘lardi bu.

– Yozuvchi bo‘laman deysan, bir zamonlar kelib, buni yozasanmi, Evril?

Men sevinganimdan shoshib so‘z berdim:

– Ha, Oqgul.

– O‘ylab ko‘ray.

– Shu bahonada Bo‘ron og‘ani ham ko‘rib qaytardik.

– Ko‘ngli o‘sardi, - meni yoqladi Marvarid.

– Unday bo‘lsa meyli.

Hammamiz chapak chaldik.

6

Bozor kuni tongda Bekning uch g‘ildirakli, qutili mototsikl*ida Forish* tumani markazidagi kasalxonaga yondik. Ming yil o‘nja* qurilgan Xonbandi* ustida to‘xtadik. Gilza qizigandi. Sovugincha ulkan toshlardan bunyod etilgan to‘qqiz qulfaglik to‘g‘onni hayratlanib tomosha qildik. Bu lahzada qon tus quyosh olisdagi yassi tog‘lar ortidan bosh ko‘tarmoqda edi. Ufq alvon rang. Go‘yo alvon daryo oqmoqda.

------------------------------------------------------------------------------------------------------

* Chugri – chukri – rovoch

* Pichak – somsa

* Mototsikl – "O‘rol" rusmli.

* O‘nja – oldin, avval, muqaddam.

* Xonbandi – Xuddi Chorvoq "dengizi" kabi ikki tog‘ orasiga qurilgan suv ombori.

* Ustida – chag‘ir toshli yo‘l Xonbandi to‘g‘oni osha o‘tadi, hozir ham shunday.

23

Salqin shamol sochlarimizni to‘zg‘itadi. Ko‘ylaklarimizni yulqilaydi, tanamizga sovuq orom beradi. Uzun zamonlardan beri o‘z holiga tashlab qo‘yilgan suv omborini asrlar qurumi hamda Nurota tizma tog‘laridan oqib kelguvchi irmoqlarning loyqalari ishg‘ol etganki, bundan ko‘nglimiz buzildi.

– Essizgina suv ombori! – Kuyindi Oqgul, – olis bir zamonlar shu suv sababli bu yerlar gullab – yashnagan, – u o‘ng qo‘li bilan to‘g‘onning ikki tomonidagi uchi – qiri yo‘q cho‘llarni ko‘rsatdi. Buni huv anavi shaxta, burg‘u tsexlari etagidagi – shimolga ishora qildi Oqgul – juda qadimgi qabriston ham tasdiqlab turibdi. Biroq u vaqt sinoviga dosh berolmagan, yer bilan bir tekis bo‘lib ketgan. Uni ko‘z ilg‘ash qiyin. Deyarli oddiy toshlarga aylanib qolgan ayrim marmar kesilmalaridan payqash mumkin. Men ajdodlarimiz qo‘yilgan bu ayanchli manzarani ko‘rib ezildim. Inson hayoti o‘tkinchiligi, oxir-oqibat u tuproqqa aylanishi, nom-nishonsiz ketishi, keyin dunyoga hech qachon qaytib kelmasligi mening yuragimni vayron qildi. Ancha vaqtgacha o‘zimga kelmay yurdim.

Marvarid bu gapdan ta‘sirlandi shekilli, g‘amgin va a‘lamli ovozda dedi:

– Odamzot shu qisqa, o‘tkinchi umridan ham go‘yo dunyoga ustun bo‘ladigandek, bir – birini aldab, bir-birining qonini ichib yashaydi. Nega shunday Oqgul?

– Bilmadim.

– Balki, Tangri ishidir?

– Shak keltirma, Bek! – Oqgul qovog‘ini uydi va bir zum sukutga toldi. So‘ng so‘ngsiz armon bilan dedi:

– Men abadiy yashashni qanchalar istayman, Marvarid!

– Kim istamas? Ammo buning iloji yo‘q, Oqgul. Lekin nom qoldirish mumkin. Masalan: Beruniy kabi.

– Xomxayol.

– Men seni fanda bir ish qilishingga ishonaman, Oqgul.

– Tangri umr bersa, biroq, bu qiyin...

Men bu mavzudagi suhbat cho‘zilishi va behudaligini o‘ylab, gap oqimini eski o‘zanga burdim:

– Xonbandini hamma tuzmlar chetlab o‘tayapti. Lekin men bir zamonlar kelib, unga qayishadigan bir kishi chiqadi,deb o‘ylayman. Chunki to‘g‘on o‘z ko‘rk, quvvatini saqlagan. Faqat suv omborini qurumdan tozalash lozim.

– Yahudiy xonim ham shunday degandilar. Ammo bu: xayol, orzu.

– Yahudiy xonim?..

24

Oqgul gapimni og‘zimdan oldi:

- Kon boshlig‘i bizni o‘z xizmat mashinasida bu yerga olib kelgandilar. To‘g‘risi, men uning hamma so‘zlaridan hayratga tushdim.

- O‘sha gaplarni biz ham bilaylik, Oqgul. – Marvarid mehr bilan uning qo‘lidan tutdi.

Oqgul ortiqcha gap- so‘zsiz Sokoldan eshitganlarini bayon etdi:

"- Bilasanmi, - degandilar o‘shanda kon boshlig‘i opasiga, - nima uchun to‘g‘on o‘z aslini hanuzgacha saqlab kelayapti? Chunki bu inshoatga bir siqim ham tuproq ishlatilmagan. Toshlar xuddi bug‘doydek unga aylantirilgan. So‘ng u tuya suti – qumron bilan qorishtirilgan va tsement o‘rnida ishlatilgan".

" – Unga yana boshqa qorishmalar ham qo‘shilgandir?"

" – Bu yog‘i menga qorong‘i. Ammo u vaqt to‘fonlarini mardona

kechib kelyapti. Demak: mustahkam qurilgan".

" – Suv ombori tozalansa, ta‘mirlansa, oldingi holatiga qaytadi. Bu davlat miqyosidagi ish. Bunga mablag‘, texnika, bosh kerak".

" – Men ham shunday fikrdaman. Mariya. Biroq davlat hozircha bunga

ehtiyoj sezmayotir. Sababi: Nurota tizmalari taglari bitmas-tuganmas oltin, kumush, uran... xullas, turli minerallarga boy. Jumladan: Xonbandi osti ham".

" – Madanlar o‘z yo‘liga, uka. Men shuncha yer bo‘sh yotganiga achinaman. Essiz!"

" – "Shuncha yer" deb shu atrofni ko‘zda tutsang, yanglishasan, opa".

" – Nega?"

" – Bu cho‘l Jizzax shahri tugashi bilan boshlanadi. U tog‘ tizmalari* bo‘ylab o‘nlab chaqirim kenglikda Shimoli – G‘arbga siljiydi. Anig‘i: Qozog‘iston chegara chizig‘ini yoqalagan holda siljiydi. Va Forish, Nurota tumanlarini kechadi. So‘ng uni bir uchi Qizilqumga singadi. Asosiy qismi Konimex, Muruntov, Tomdi, Uchquduqlar osha Qoraqalpog‘istonga sho‘ng‘iydi..."

" – Shunchalar buyukmi?"

" – Ha. U sho‘rdan mutlaqo xoli, bo‘sh, bo‘liq yer. O‘nlab million kishini boqishga qodir yer. Jo‘nroq aytsam: unga Isroildek bir necha davlat joylashishi mumkin".

" – O‘ – ho‘!"

----------------------------------------------------------------------------------------------

* Tog‘ tizmalari – Nurota tog‘ tizmalari.

25

" – Agar bu cho‘l Japo‘nlarda bo‘lganida, uni jannatga aylantirardilar".

" – Shubhasiz".

Tunda supada yonayotgan sham tuyqus qo‘pgan to‘zonda o‘chgandek opa – uka suhbatini oqizmay – tomizmay aytayotgan Oqgul nogoh to‘g‘on tubiga qo‘ngan mototsiklni ko‘raroq jimidi, seskandi. Nega? Sababini bilmaydi.

Mototsikldan tushgan yigit – qiz suvsiz, toshloq o‘zan bo‘yiga, qovjirayotgan o‘t – o‘langa o‘tirishdi. O‘pishdi. To‘g‘on tepasiga bir marta ham qarashmadi. Go‘yo bu ikki rus uchun ochunda o‘zlaridan o‘zga hech kim yo‘q edi.

Bir – biriga singishdi...

– Bulg‘anch!... – dedi og‘uli ovozda Marvarid.

Biz cho‘qqilari osmon bilan dardlashayotgan Bog‘don tog‘iga evrildik. Shunga men Oqgulning yuz – ko‘zidagi tashvish anavi aysh qilayotgan yigit – qiz ta‘siridami nafratga aylanganini tuydim.

Kimlarga nafrat?

Nimalarga nafrat?

Buni o‘zimcha his etdim...

Kitob o‘g‘rilariga ham Oqgulning nafrati beqiyos edi. Bu mudhish hol uning ko‘nglida turli shubxa, vahm uyg‘otdi. U har narsadan hadiksiraydigan odat chiqardi. Bundan qutilishga, buni yashirishga urinardi. Lekin uncha uddalolmasdi.

So‘nggi kunlarda bizlar ( Marvarid, Bek, men) Oqgulni bot – bot o‘ylaydigan bo‘lib qoldik. Nima uchun? Buning sababini o‘zimiz ham tuzuk bilmasdik. Negadir menda: "Oqgul kuzatuvda..." degan shubha uyg‘ongandi. Bundan yuragim uvushardi...

– Tariximizni boshqalar bilishadi – go‘yo o‘ziga – o‘zi gapirganday, mungli ovozda pichirladi Oqgul, - o‘zimiz bilmaymiz.

Mening xayolim to‘zondek to‘zg‘idi.

– Ayb o‘zimizda, – dedi soddadil Bektemir.

– Tunu – kun kitob o‘qiysan, Bek. Buni sharaflayman. Biroq, menimcha, uqib o‘qish kerak.

Bektemir aytganiga pushaymon bo‘ldi. Uning yuzlari olovdek yondi.

Oqgul tushintirdi:

– Bilishga qo‘ymaydi...

Marvarid yorildi:

– Shunga kechmishimizni buzib ko‘rsatadi, turkligimizni yashiradi,

26

Temur, Bobur, Yassaviy kabi bobolarimizni: "Bosqinchi", "Zohid" deb qoralaydi...

Mening ko‘nglimga: "Yahudiy xonim Marvaridga ham o‘z ta‘sirini o‘tkazibdi" – degan gap keldi, - Uni Oqgulga kim tanishtirgan? Sezgim aldamasa : Bo‘ron og‘a. Sokol orqali..."

Oqgul xayolimni bo‘ldi:

– Sen nima deysan, Evril?

Men fikrimni aytdim:

– O‘zligimizni anglab qolishimizdan qo‘rqadi...

– Maktabda gungsan, Evril. Bu xilvatda... pismiq, – kuldi Oqgul, – Qo‘rqoq odamdan tuzuk yozar chiqmaydi. Hamid Olimjon iste‘dod egasi edi. Lekin qalbini ochmay ketdi... Bilaman: senda dard bor. Elimiz dardi deymi? Bu Tangri inomi emasmi? Menimcha, yozar uchun dard:

Havo...

Boshinga qilich kelsa ham haqni ayt, haqni yoz. Qo‘rqma! Umr o‘tkinchi. Baribir bir kun kelib o‘lamiz. Sarobga ergashma! Fitrat, Cho‘lpon,

Qodiriylardek... Ular: "Elim" deb, "Yurtim" deb haqni yozdilar. Bunga

chidolmagan tuzm ularni: "El sotqini" , "Yurt yovi" degani to‘hmat bilan qamadilar, qiynadilar, tahqirladilar. So‘ng o‘ldirdilar. Soxta ayblovlarda ichki sotqinlar (A. G‘. U. S.)dan yaloqdek foydalandilar. Shunga Yaloqlar, ya‘ni sarob maddohlari tuzum arzandalariga aylandilar. Marvarid qo‘shimcha qildi:

Lavozim,

Nashr,

Yorliq,

Mukofot,

Maqtovlar ularniki.

– Moskva ham – to‘ldirdi Oqgul, – to‘g‘ri, ichki sotqinlar tuzumni maqtab, soxta shon – shuhratlar bilan yashab o‘tadilar. Ularning o‘liklari ham musiqalar ostida shoyi, baxmallaru gulchambarlar bilan bezaladi, sha‘nlariga sanolar aytiladi. So‘ng ko‘miladi. Bu narsalar el ko‘zini bo‘yashga qaratilgan propaganda...

Bektemir bunga ishonmadimi, so‘radi:

– Buni sizlarga yahudiy xonim aytdilarmi?

Oqgul ham, Marvarid ham javob berishni ep ko‘rishmadi. Bek izza bo‘lib, yerga qaradi.

Oqgul janubga – moviy g‘ubor og‘ushida chulg‘anib yotgan tog‘larga o‘zgacha sevgi bilan boqdi. Buning ta‘sirida to‘lqinlanib, betakror ehtiros bilan she‘r o‘qidi:

27

Qorga qo‘yin ochgan qator dovonlar,

Sizga qarab turib, kuchni chog‘ladim.

Ko‘nglimda yo‘l yurish istagi qaynar,

"Yurib o‘taman!" deb belni bog‘ladim.

Sizga qarab turib, kuchni chog‘ladim,

Meni yo‘llarimga cho‘zilgan tog‘lar!

"Yurib o‘taman!" deb belni bog‘ladim,

Ko‘zlarim yo‘llarga tikilgan chog‘lar...

U anchagacha ne – ne zamon, makonlarni kechib kelayotgan moviy tog‘lardan ko‘zlarini uzolmay jim turdi. Entikdi. Uni bunday erkin, go‘zal holda hech ko‘rmagandim. To‘lqinlandim. Menimcha, hozir u o‘z ichki tuyg‘ularini jilovlashga ojizdek edi, qalbini ochdi:

– Xayol ko‘zi bilan ko‘rib turibman, Evril. Bir zamon kelayapti:

Hur zamon,

Erkka to‘lgan zamon,

Sotqinlarga o‘lat zamon!

El, tarix xoinlarni axlatga supurib tashlaydi,

La‘natlaydi.

Qarg‘aydi.

Cho‘lponlar yurtimizga qaytadilar.

Olqishlarga ko‘miladilar!

Mangu olqishlarga!..

Ne ajabki, Oqgulning bu so‘zlari menga hu birdagi kabi osmoniy tuyulmadi. Nimaga? "Evril" deya murojaat etganigami? Yo‘q. Yuragining to‘ridagi yashirin dardini yorganiga. Ayni Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriylar kabi... Odam bolasiga bu dard tug‘ma berilsa kerak?

Yashirmayman, Oqgulning nidosidan borlig‘im nurga to‘ldi. Allano‘chuk bir ichki to‘lqinlar va o‘zimga bo‘ysunmaydigan qandaydir kuchlar ta‘sirida Cho‘lpondan o‘qidim:

Sening qattiq sir – bag‘ringni ko‘p yillardir ezganlar,

Sen bezsang – da, qarg‘asangda, ko‘kragingda kezganlar,

Sening erkin tuprog‘ingda hech haqqi yo‘q xo‘jalar,

Nega seni bu qul kabi ayamasdan yanchalar!

Nega sening qalin tovshing "Ket" demaydi ularga!

Nega sening erkin ko‘ngling erk bermaydi qo‘llarga?

Nega sening tanlaringda qamchilarning kulishi?

Nega sening turmushingda umidlarning so‘lishi?..

28

Marvarid o‘zi sezibmi sezmaymi, g‘amli sasda takrorladi:

Nega sening qalin tovushing "Ket" demaydi ularga?

Nega sening erkli ko‘ngling erk bermaydi qo‘llarga?..

– Xazin! Biroq yurakka quvvat beradi. – Eshitilar – eshitilmas ovozda pichirladi Oqgul, – yurak qoni bilan yozilgan:

Sening erkin tuprog‘ingda hech haqqi yo‘q xo‘jalar,

Nega seni bir qul kabi ayamasdan yanchalar!..

– Uning satrlari tagida el dardi, yovga g‘azab – nafrati qaynab –toshadi.

– Erku ozodlikka undovchi da‘vat degin, Evril.

– Sen Cho‘lponni o‘qiganmisan?

Oqgul: "Toshkentda, qarindoshimnikida, o‘qiganman" demoqchi bo‘ldi. Biroq, negadir, fikridan qaytdi va buning o‘rniga:

– Surishtirma, – deb aytdi. So‘ng Bektemirga o‘grildi va boya uning ko‘nglini cho‘ktirganiga afsuslandimi, iliq ovozda dedi:

– Bek, do‘stim, senam shunday she‘rlar yozsang, sevinardim.

Bektemirning qozoqnikiga bengzovchi qiyiqroq ko‘zlarida quvonch nurlari porladi. Lekin hayajonlanganidanmi yoxud jur‘ati yetmaganidanmi, bir so‘z demadi, to‘g‘rirog‘i deyolmadi.

– Ketdik bolalar! – Marvarid bizni yo‘lga undadi.

Oqgul va Marvarid sovunak gulli ko‘rpacha to‘shalgan "kajava"ga zich o‘tirishdi. Men orqa o‘rindiqqa yastandim. Bek matorni yoqdi. Gap – so‘zsiz jildik. Yarim yo‘lda haligi "Ij" bizni quvib o‘tdi. Nazar – pisand qilmay. Yo menga shunday tuyuldimi? Changga botdik. Ichimda: "Yuvuqsizlar" deb so‘kdim. Qizlar ham og‘rindilar shekilli, yuzlari tundlashdi. Bektemir "O‘rol"ni tez chetga, changsiz yerga oldi va sekin haydashda davom etdi.

Nogoh miyamga shu so‘z chaqindek urildi: "Izimizda... – " Sergak tortdim. Turli gumonlar borlig‘imni ilondek chirmab oldi. Oxiri: "Shunchaki yo‘lovchilar..." deb o‘zimni ovutdim. Biroq yuragim bunga inonmayotganday edi. Men sarosimaga tushganimni sezdirmaslik maqsadida Oqgulga qaramadim. Lekin uni uzoqlashayotgan chang – to‘zonga bezovta boqayotganini qalbim ko‘zi ila ko‘rdim. Marvarid Oqgulni quchoqlab oldi. Unda ham tashvish zohirligini tuydim.

Forish ovloq tog‘lar ortidagi chekka tuman bo‘lganigami, so‘qoqlarda, xususan, mana shu chag‘ir toshli, kimsasiz so‘qoqda (onda – sonda demasa) militsiya zoti ko‘rinmasdi. Shunga qaramay, markazga yaqinlashganimizda Bek haydashga hujjati yo‘qligi yoki "Ij"ni chalg‘itish uchunmi, "O‘rol"ni o‘ngga, lalmi bug‘doyzor oralab ketgan aylanma yo‘lga keskin burdi.

29

Biz o‘zimizni yengil sezdik.

Kasalxonaning ko‘zga tashlanmaydigan burchagiga "O‘rol"ni qo‘ydik. Ancha yalinib – yolvorishlarimizdan so‘ng bosh vrach bizga Bo‘ron og‘aning oldiga kirishga uch daqiqaga izn berdi. Og‘ir xasta yotuvchi (reanimatsiya), dori – darmon hidi bosgan alohida, mo‘‘jaz palataga kirdik.

Bizga doim bo‘rondek kuchli, viqorli tuyulgan Bo‘ron og‘ani bir ahvolda ko‘rib, ich – ichimizdan ezildik. Uning bo‘ronli yuzi za‘faron tus olgan, ko‘zlari taglaridagi ajinlar salqigan, barmoqlari uchlari sezilarli titrardi.

Hol – ahvol so‘rashdik.

– Sizlarni eslab turgandim, bolalar, – dedi u sevinch aralash titroq ovozda va o‘rnidan entikib qalqdi, – Rahmat! – Uning ko‘ziga yosh keldi.

Xonaga bir lahza sukunat cho‘kdi. Qandaydir og‘ir sukunat.

– Umr degani bir zumda o‘tib ketarkan! – U tili ostiga validol tashladi, so‘l kaftini yuragiga qo‘ydi. – Shu bir zumni men yelga sovurdim. – Bo‘ron og‘a "el" so‘ziga urg‘u berdi. Shundanmi, oniy tezlikda menning ko‘nglimdan shu gap kechdi:

– "Elga!.." demak: Tuzumga...

Oqgul ham shuni tuydimi, Bo‘ron og‘aga mislsiz mehr bilan boqib, uning qo‘lini o‘pib, qosh – ko‘ziga surtdi:

– Bizga yurtimizni sevishni o‘rgatdingiz, ustoz!

Marvarid Oqgulni aynan takrorladi va so‘ng teran hurmat bilan dilini yordi:

– Biz Siz sababli oqni qoradan ajratishni o‘rgandik...

– Biz Sizdek bo‘lishni orzu qilamiz, – dedi Bektemir.

Men har ehtimolga qarshi Fitratning otini aytmay, so‘zini aytdim:

"Eng to‘g‘ri, eng saodatli yo‘l – Elni Erkka yetaklovchi yo‘l". Siz bizni shu so‘qoqdan yurishga o‘rgatdingiz, Bo‘ron og‘a.

Bo‘ron og‘a Fitrat so‘zini tuyarkan, tegrayu shiftga olazirak ko‘z yugurtirdi. Mening fahmimcha u: "Palataga eshitgich yashirilgan..." degan gumonda edi. Bo‘ron og‘a o‘zini emas, bizni o‘ylab cho‘chidi va shunga gap yo‘nalishini burdi:

– Bolalar, Sizlarning komollaringizdan mening ko‘nglim o‘sdi.

Shu lahzada bosh vrach kirdi.

– Bo‘ron og‘ani urintirib qo‘yasizlar, - dedi, - vaqt ham bitdi.

Biz Bo‘ron og‘a bilan xayrlashdik. Biroq u meni bir daqiqaga olib qoldi. Bunga bosh vrach "yo‘q" deyolmadi. Palatadan hamma chiqgach, u qo‘liga qalam olib, stolda turgan varaqqa

30

quyidagilarni yozdi:

Omongulni asranglar!..

Tilga mahkam bo‘linglar!..

...Yo‘lda to‘xtamanglar!

Eng og‘ir damlarda ham!..

Bo‘ron og‘aning imosi bilan men yozuvni o‘qidim. So‘ng u varaqni yoqdi va ochiq derazadan tashqariga tashladi. Men beixtiyor: "Jiddiy xavf borga o‘xshaydi", – deb o‘yladim. – Yo‘qsa, Bo‘ron og‘adek kishi bizni ogohlantirib o‘tirmasdi". O‘z gapimdan o‘zim junjukdim. U buni sezsa ham, sezmaslikka oldi. Meni quchib, manglayimdan o‘pdi va o‘ta mungli ovozda:

– Endi boraqol o‘g‘lim! – dedi, – omon bo‘linglar!..

7

Biz tog‘li aylanma yo‘l ila O‘rtaqishloq, Yomchi, Ilonchi*, Sayyod* ko‘y*larini kechdik. Oqgul, Marvarid, Beklar mening og‘zimni poylardilar. Biroq men aftoda bir holda edim. Shungami ular: "Bo‘ron og‘a nima dedilar?" deb so‘rashga botinmadilar. Men ko‘ngil uchun bo‘lsa ham gapirishga o‘zimda kuch topolmadim. Boshimda faqat shu so‘z aylanardi:

"Omongulni asranglar!"

Quyosh ancha ko‘tarilganda, Bog‘don qishlog‘ini kesib, Bog‘don tog‘iga chiqdik. Yuksak qoya: "Qizuchgan" poyiga, irmoq bo‘yiga "O‘rol"ni qo‘ydik.

Menimcha, "Qizuchgan" dek afsonaviy qoya ochunning eng buyuk tog‘larida ham yo‘q.

U yerdan osmonga ko‘tarilayotgan sun‘iy yo‘ldoshga o‘xshaydi. Faqat juda ham haybatli yo‘ldoshga. Uchishga shaylanganu uchmagan, go‘yo yerni ko‘zi qiymagan.

Uchi sungudek* o‘tkir, silliq qoyaning qoq o‘rtasida doshqozondek o‘yiq va undan sal yuqorida tegirmon toshi teshigidek teshik bor.

----------------------------------------------------------------------------------------------

* Ilonchi – ikki – uch chaqrim masofani ishg‘ol etgan Bo‘g‘ambir qoyasi ostida, Ilonchisoy bo‘yida joylashgan qishloq. Aytishlaricha, bu yerda chaqag‘on ilonlar qo‘pmish.

* Sayyod – uzun bir zamonlar ajdodlari Buxoroning Qorako‘l tumanidagi Sayyod qishlog‘idan kelib qolgan urug‘ ko‘yi.

* Ko‘y – qishloq.

* Sungu – nayza

31

Rivoyatga ko‘ra unga arg‘amchi bog‘lab, sevganiga yetmagan qiz uchgan. So‘ng qiz dog‘ida kuygan yigit...

Qizning qoni qizil, yigitning qoni oq o‘laroq yonma – yon quyiga oqqan va bir nuqtaga enib to‘xtagan. Qonlar kelajakka saboq bo‘lish uchunmi, abadga qotib qolgan.

Ayanchli manzaraga uzoq qarab turdik. Oxiri sukutni Oqgul buzdi:

– Yigit uchun qizning yo qiz uchun yigitning, ayrosiz, o‘z joniga qasd qilishi yozuq. Bu nafs va xudbinlikning o‘zgacha ko‘rinishi. Hatto irkitli ko‘rinishi...

Buni men xunuk o‘lim deb bilaman. Odam mutlaq ilojsiz qolsa, masalan: Yurt taqdiriga bog‘liq maxfiy sir bilan yov qurshovida qolsa, boshqa gap...

Buni men sharafli o‘lim deb bilaman. Chunki u o‘zi uchun o‘lmadi.

Men ichimda Oqgulni quvvatladim. Shunda bexos, Bo‘ron og‘aning (menga alohida aytgan) so‘zi esimga keldi:

" – Bizga Tangri bergan Yurtimiz, Elimiz muqaddas. Ular hayotimizning mazmun, mohiyatiga aylangan zamonda biz yengilmas millatga aylanamiz! Ana o‘shanda (zarurat tug‘ilsa) "Vatanim!..." deya o‘lishdan ham qaytmaymiz..."

Bektemir xayolimni bo‘ldi:

– Evril, qoyaga ismlarimizni yozib qo‘yaymi?

Bu istak Oqgulga yoqmadi. Uning yoysimon qoshlari chimirildi.

Men ixtiyorsiz bir tarzda qoyadagi son – sanoqsiz yozuvlarga ko‘z yugurtirdim.

Savolga Marvarid javob qaytardi:

Oldin qorli cho‘qqiga chiqaylik.. Keyin... "Otuchgan"ga...

– Mangulikka oson da‘vo – kesatdi Oqgul.

– Yo‘q, Oqgul, bolalik sayohatimizdan bir esdalik bo‘lib qolar bu.

Oqgul kiftini qisdi.

Marvarid Bekdan so‘radi:

– Cho‘kichchang bilan bolg‘achang bormi?

– Ha.

8

"Qizuchgan"ning shunday yonida irmoqlar birlashadi: Bog‘donsoy vujudga keladi. Soydan o‘n qadamcha narida Yumaloq qoya qad ko‘targangan.

Uning tagidan bir ariq suv* qaynab chiqayapti.

Biz nonushta qilishga shu manzilni tanladik. Ko‘m – ko‘k maysazorga yastandik. Boshimizda ulkan yong‘oq shoxlari quyuq ko‘lanka tashlaroq sollanayapti. Har yoqda yoshlar... mening ko‘zim bizga teskari holda

----------------------------------------------------------------------------------------------

* Bir ariq suv – 55 yil avval Oqbuloqdan bir ariq suv qaynab chiqardi. Hozir o‘ndan biri desam yanglishmasman.

32

soyda, Tosh ustida o‘tirgan ikki kasga tushdi: o‘zbek yigiti va rus qizi.

Boya ular "Qizuchgan" etagida yurishgandi. Bizga e‘tibor ham berishmadi. O‘zlari bilan o‘zlari... Lekin baribir mening ko‘nglimda shubha uyg‘ondi. "Ishtonsizning cho‘pdan xadigi bor" deyishadi. Shungami?..

– Evril, nega ularga qarab qolding? – Oqgulning savoli menga tagdor tuyuldi.

– Shaharlik ko‘rinadi...

– Ko‘rinsa nima?

– Oshuq – ma‘shuqmi deyman?

– Soxta oshuq – ma‘shuq...

" – Demak, – dedim ichimda, – Oqgul ham gumonsirayapti.

Bizdagi shubhani payqagan Marvarid gap suqdi:

" – Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinadi". Bu yerda biz bilan hech kimning ishi yo‘q. Qani, ovqatga...

Turli – tuman qushlarning chug‘ur – chug‘urlari, rang – barang kapalak, ninachilarning "g‘iz – g‘iz" uchishlari ostida nonushta qildik. Tiniq buloqdan hovuch – hovuch suv ichdik. So‘ng bir – biriga yuzma – yuz turgan haybatli qoyalar: Oqqoya, "Otuchgan"lar aro "O‘rol" da "Sharildoq" darasi sari yondik.

Hademay baland toshdan quyiga guldirab uchayotgan sharshara*ga yetdik. "O‘rol"ni uning qarshisiga qo‘ydik. Bu betakror xilvatda inson zoti yo‘q. Havo mislsiz toza, shaffof. Shuning ta‘siridami, ko‘nglimizdagi g‘uborlar tarqalib ketdi.

Zangor aralash alvon rang kamalak aks etgan sharsharadan tuman – tuman "marvarid"lar tegraga sochilar, yuzimizga oromli urilar va u bizga zavq bag‘ishlardi. Bir necha soniya oq ko‘piklar qotilgan oq suvni bir – birimizga sachrataroq qiyqirib, sakrab, yayrab o‘ynadik. Ruhimiz yengil tortdi. O‘zimizni qutli sezdik. Keyin qorli cho‘qqining gunafsha bag‘riga asta – sekin o‘rlay boshladik. Dam o‘siq o‘tlar oralab, dam toshdan – toshga hatlab o‘rlarkanmiz, Oqgulning quvnoq ovozi moviy daraga aks sado beraroq yangradi:

– Huv anaviga qaranglar! – U cho‘qqi uchida viqor bilan qad kerib turgan uch olqorni ko‘rsatdi:

O‘rtada shoxlari buralib – buralib ketgan ona olqor, ikki yonida bolalari.

– U qo‘y turidan bo‘lsa ham qo‘ymas, odamga qulmas, ozod,erkin jonivor, – dedim men Oqgulga.

– Shunga ham siyosatni suqayapsanmi, Evril? – norozi ohangda to‘ng‘illadi Bek.

– Qildan qiyiq axtarma! – kesdi Marvarid, – Olqorning tabiatidan kelib chiqib aytayapti. O‘zi Olqor zoti shunday: O‘zini sevuvchi,

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Guldirab uchayotgan sharshara – 55 yil oldin sharshara shunday guldirab uchardi. Shu sharshara sabab dara "Sharildoq" nomi bilan ataladi. Hozir sharshara qandoq holatda, bilmayman.

33

bo‘ysunmas, mag‘rur. Shunga odam uni bo‘g‘ovlolmagan.

– To‘g‘ri, – Oqgul Marvaridni yoqladi.

Bek mulzam bo‘ddi.

Men uni xijolatdan qutqazish uchun ataylab mavhum so‘zladim:

– Bek meni yaxshiroq biladi.

Oldimizda qoyatosh tizmalari qad kerdi. Uni aylanib o‘tishga ko‘p vaqt ketadi. Bek bilan men unga osongina tirmashib chiqdik. Chunki biz Bog‘dondan Uchqulochga ko‘chib engunimizgacha, har kuni erta

tongdanoq shu tog‘lar to‘riga yugurardik, qoyalarga tirmashib chiqib,

tushishni mashq qilardik, soy bo‘yida, yashil chimlar ustida kurashardik, boksga tushardik, yog‘och "qilich"larda "qilich-qilich" o‘ynardik.

Har kuni erta tongda...

Kuch – g‘ayrati (o‘ziga bo‘ysunmay) to‘lib – toshgan Bek buni mendan qattiq talab qilardi. Keyin-keyin bunga o‘zi ham ko‘nikib va hatto qiziqib ketdim...

Qizlar qoya tizmalari ostida "chiqolamizmi, yo‘qmi?" degan o‘yda ikkilanib qolishdi. Oxiri Marvarid menga qo‘lini cho‘zdi. Oqgul Bekka, mening kaftim go‘yo cho‘qqa tekkandek bo‘ldi. Borlig‘im allanechuk bir totli titroq totida jimirladi. Men beixtiyor Marvaridga qaradim. Unda ham shunday hol yuz berganini tuydim. U mendan ko‘zini olib qochdi.

Bizlar uyg‘onishlar olamiga kirayotganimizni sezib – sezmasdik.

"– Uyg‘onishlar olami!.. – dedim o‘zimga – o‘zim go‘yo uni kashf etganday hayajonlanib. – O‘simlik, og‘och*, chechaklar... butun jonli – jonzotlar uyg‘onadilar".

Shu on qulog‘imga bir g‘oyibiy sas keldi:

" – Bu Tangri qonuni. Tug‘ilish, o‘lish ham shunday. Bu uchchovi

hammaga, hamma narsaga teng va mangu o‘zgarmas qonun".

9

Nihoyat ola – chalpoq qor qurshagan o‘ngirga chiqdik. Yugurib, qiyqirib, zavq bilan chukri, pidina, lola terdik. Qizlar lolazor oralab tosh panasiga o‘tib qaytishdi... So‘ng Bek va men...

Qo‘llarimizni qorga yuvib, to‘ygunimizcha ravoch yedik. Har yonda kakliklar sayraydi. Tepamizda burgut qanot qoqadi. Bahri-dilimiz ochilib ketdi.

– Har bozor kuni bizlarni bu yerga olib chiqasanmi, Bek?

– Menga bunday baxtni ravo ko‘rsang, boshim osmonga yetadi, Oqgul.

– Arshi A‘loga yetadi degin Bek, – hazillashdi Marvarid.

Men Bo‘ron og‘aning gapini do‘stlarimga aytishga o‘zimda istak sezdim. Aytdim. Oqgul mardona ovozda takrorladi:

" – Yo‘lda to‘xtamanglar! Eng og‘ir damlarda ham!.."

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Og‘och – daraxt.

34

– Endi shu bugundan boshlab tilimizga mahkam bo‘laylik, – dedi Marvarid, – ayniqsa maktabda.

– Tog‘dan o‘zga hamma yerda, – qo‘shimcha qildim men.

– Kelishdik! – Sevindi Bek.

– Evril, ko‘nglim sezayapti: Bo‘ron og‘a men haqimda ham bir nima deganlar?

– Yo‘q, Oqgul, – men uning ko‘ziga boqishga betinmadim.

– Yashirma.

– Menga ishonmaysanmi, Oqgul? – Men jo‘rttaga qovog‘imni uydim.

– Keshmiri*.

– Meni xafa qilayapsan.

– Meyli*, ko‘ngling tovlaganda* aytasan.

– Nimani aytaman?

– Mizagir*lik qilma, Evril.

Hammamiz beixtiyor kuldik.

Lola, rovoch, pidinalarni olib sharsharaga endik. Yuz – ko‘limizni soyda sovunak* bilan yuvdik. Non, qatlama, mayiz* yedik. To‘yib – to‘yib suv ichdik. So‘ng yalang oyoq suv kechib, yalpiz terdik.

Bo‘ron og‘a uchun alohida sovg‘a hozirladik: Lola, ravoch, pidina*.

Yalpiz, ravoch, pidinalarimizni xurjunga joylashtirdik va orqa o‘rindiqqa tashladik. Lolalarni qo‘limizga oldik. Izimizga qaytdik. Mening ko‘zim o‘ng qirg‘oqda, o‘rlikda duglarini otishga shay turgan jayraga tushdi. Uni qizlarga ko‘rsatdim. Qo‘rqib ketishdi.

– Voy, turqi qursin! Muncha xunuk!

– Uni Tangri shunday yaratgan – da, Marvarid. – Oqgul jilmaydi, – ammo eti halol.

– Halol?.. T – fu!

– Gunohga botma.

– Bizni otmasmikan?

– Tegmasak tegmaydi, – javob berdi Bek. – Biroq to‘ng‘izga duch kelsak, u yomon – yorib tashlaydi.

– Hamma to‘ng‘izlar bir go‘r, – dedim men, – xonakisiyam ba‘zan xo‘rillab sassiq tumshiqlari bilan tashlanib qoladi.

– Har gaping ilmoqli, Evril.

Qizlar Bekning issig‘ini oshirishdi:

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Keshmiri – Bog‘don shevasi – ayyor degani.

* Meyli – Mayli.

* Ko‘ngling tovlaganda- ko‘ngling tusaganda.

* Mizagir – ichidan pishgan, pismiq, quv...

* Sovunak – soy bo‘ylarida o‘suvchi mayda – mayin, nim qizil gulli o‘t, u sovundek ko‘pirish va tozalash xususiyatiga ega.

* Mayiz – Bog‘don mayizi dunyoda tengsiz.

* Pidina – Bo‘ron og‘aning qon bosimi bor edi. Shunga...

35

– Tirnoq ostidan kir qidirma, Bek.

– Sendek do‘stimiz bo‘lsa, bizga dushmanning keragi yo‘q.

– Juda oshirib yubordilaring, qizlar. Men Evrilga hazil qildim. U mening yolg‘iz do‘stim.

– "Hazil – hazilning tagi zil" Bek. – Oqgul uni iskanjadek siqishda davom etdi, – me‘yordan oshma. Yo‘qsa, qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarasan.

– Uzr Oqgul, uzr Marvarid, – u qizlarga mo‘ltirab boqdi, – tavba qildim.

– Shunday bo‘lsin, – qizlarning yuz – ko‘zlariga tabassum yoyildi. Men kuldim. Bek sholg‘om tusiga kirdi.

"Otuchgan"da to‘xtadik. Bektemir qoyaning yomg‘ir, qor tegmas qismiga otlarimizni cho‘kichda o‘yib yozdi:

"Oqgul – Bek – Marvarid – Evril"*.

10

Biz xush kayfiyat bilan yo‘lga tushdik. Agar Osmonsoy orqali Uchqulochga enganimizda, yo‘l o‘n besh chaqirimga qisqarardi. Lekin biz aylanma yo‘l bilan tuman markaziga bordik. Oqgul Bo‘ron og‘aga sovg‘amizni topshirish uchun kasalxonaga yondi. Uch – to‘rt daqiqadan so‘ng ruhsiz bir alpozda qaytdi va ko‘zlarida yosh bilan dedi:

– Yuraklari xuruj qilyapti. Menimcha, Bo‘ron og‘a kasalxonada yotmaganlarida, sog‘ayib ketardilar...

– Nimaga asosolanib bundoq deyapsan? – Ajablandi Marvarid.

– Hayotda shunday narsalar bor, aytilmaydi. Qalbing bilan his et, Marvarid.

– O‘zlariga aytmadingmi gapingni?

– Aytdim.

" – Endi kech, – dedilar, – taqdirdan qochib, bo‘lmaskan, qizim..."

" – Taqdirdan qochib bo‘lmaskan..." – takrorladim ichimda men va nimagadir bundan seskandim.

11

Yerni tun qurshadi. Yo‘lda davom etdik. O‘roq oy, Surayyo(Mars), mitti yulduzlar yog‘du sochadi, "O‘rol" chirog‘i bilan qotiladi va birgalikda qorong‘ilikni haydaydi.

Lalmi bug‘doyzor odag‘ida bir kas ko‘rindi, qo‘lini ko‘tardi. Yaqinlashganimizda bildik: yosh o‘ris xotin.

– To‘xtaymi? – so‘radi Bektemir.

– Yo‘q! – shoshib javob qaytardi Oqgul, – qo‘lida sumkacha yo‘q. Shubhali. Tez hayda.

Bektemir gazni bosdi.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

*Hozir bu yozuv saqlanganmi, yo‘qmi, bilmadim. Oradan 55 yil kechdi.

36

Kasdan sal o‘tganimizdan keyin biz (Bekdan boshqa) xuddi kelishganday orqamizga qayrilib qaradik. Bug‘doyzordan barzangi o‘rmalab chiqdi. Mening yuragim orqamga tortib ketdi.

– Bir palakatdan qutuldik, – qo‘rquvdan titradi Marvarid.

– Hali to‘la qutulmadik, – Oqgul yana ortga qaradi, – bug‘doyzorda motosikl borday.

– Odamni qo‘rqitma, Oqgul, badanimda ilon o‘rmalayapti.

Har ehtimolga qarshi Bek menga bolg‘a tutqazdi. O‘zi cho‘ntagiga cho‘kichchani soldi.

– Qo‘rqmanglar qizlar, bir o‘zim ikkovini ham uxlataman.

Qizlar Bektemirni dovyurak va kuchliligini, maktabda unga hech kim bas kelolmasligini bilardilar. Ammo, shunga qaramay, Oqgulning

ensasi qotdi:

– U senga maktab bolasimas, devdek bir balo.

– Men so‘zimni aytdim.

– Balki, uning to‘pponchasi bordir?

– Avtomati bo‘lmaydimi.

– O‘zingga muncha bino qo‘yasan?

– Men o‘zimga ishonaman.

Bektemir soddadil edi. Gohida o‘zi bilib – bilmay maqtanardi. Shunda qizlar uni o‘ziga keltirish uchun "jilovi"ni tortib qo‘yardilar. Hozir ham shunday qildilar:

– Guppi!

– O‘pka!

Bek kuyib – yondi:

– Hozir ko‘rsataman!.. – U "O‘rol"ni burishga shaylandi. Men uning qo‘lidan tutdim:

– O‘zingni bos, Bek!

Qizlar jimib qolishdi.

– Vahimaga asos yo‘q, qizlar.

– Yo‘limizda tuzoq... Asos yo‘qmish... – Piching qildi Marvarid.

– Bo‘ron og‘a: "Taqdirdan qochib qutilib bo‘lmaydi" – dedilarmi? Ajalimiz yetmasa, qirk yil qirg‘in kelsayam, o‘lmaymiz.

– Bizni ovutayapsanmi, Evril?

– Ishonmasang, ishonma Marvarid.

– Bo‘lmasa, tuzoqdan maqsad nima?

– Agar u sen o‘ylagandek tuzoq bo‘lsa, qo‘rqitish...

– O‘ldirish bo‘lsa – chi?

– Bunday ochiq yo‘l tutmasdilar.

– To‘g‘ri yechim, – tasdiqladi Oqgul.

Bundan hammamiz yengil tortdik.

– Bekni fikri qanday? – Erkalovchi ohangda so‘radi Marvarid.

U javob bermadi.

– Arazlash qizlarga yarashadi.

U og‘zini ochmadi.

37

– Muncha qovoq – tumshuq qilasan, Bek?

U indamadi.

Tan olib aytsam, Bek kekchi emasdi. Arazlash, aldash ham uning tabiatiga yot edi. Men uni oriyatli, rostgo‘y o‘smir sifatida bilaman. Chindan ham men Bekda qo‘rquv tuyg‘usi borligini sezmaganman. U o‘z yoshiga nisbatan juda kuchli va epchil edi:

Har qandoq chaqag‘on ilonni dumidan ushlab, yerga bir urib o‘ldirardi. Yoxud bir bo‘g‘ganda, yitardi. Buni men ko‘p marta guvohi bo‘lganman.

Bog‘donda eng qopog‘on it ham uni ko‘rsa, dumini qisib, pisib iniga kirib ketardi.

Kechgan qishda Mavlon qoraning bo‘ri bilan chatishgan to‘rtko‘zi Bekka yer titib, xirillab tashlandi. U itni qangshariga bir musht urib o‘ldirdi. O‘shanda men Bek bilan birga edim.

Bekni aybsiz kasga qo‘l ko‘targanini ko‘rmaganman. Biroq kim unga nohaq tashlansa, uni yerga bukardi u. Shunga Bog‘donda ham, Uchqulochda ham o‘smirlar Bek bilan mushtlashishga botinmasdilar. Meni boks maktabiga yetaklagan ham shu do‘stim edi...

Bek: "...bir o‘zim ikkoviniyam uxlataman" deb yuragidan aytgandi. Qizlar buni maqtanchog‘likka yo‘yishdi. Agar buni u boshqadan eshitganda, uning basharasini buzardi. Qizlarga qarshi esa bir so‘z deyolmadi. U Oqgulning ham, Marvaridning ham gapini ko‘tarardi. Biroq, bu gal Bekning ko‘ngli og‘ridi.

Oqgul vaziyatni yumshatish uchun uning o‘ng yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:

– Kekchi bola.

Marvarid Bekning bilagidan tutdi va mehribon ovozda qulog‘iga shivirladi:

– Bek, bir jilmay.

Shamol bulutlarni haydaganda, osmon asl holiga qaytadi: lojuvard rangda yashnaydi, Yer nurga to‘ladi.

Qizlarning nozli saslaridan Bektemirning ichidagi gina – g‘uborlar qaynoq suvga tushgan boldek eridi, yuz – ko‘zlari kuldi.

– Sen bizning do‘stimizsan, Bek. Gaplarimizni ko‘nglingga...

– E – E!.. – Marvarid qichqirdi. Oqgulning so‘zi uzildi, – ortimizda chi – chi – roq!.. Mototsikl!..

Biz bu soniyada Xonbandi dovoniga chiqqan edik.

– Endi, bu yog‘i xavfsiz, – dedim men qat‘iyat bilan, – qaranglar: shaxtalar... burovoylar... mashinalar... Odamlar chumolilar kabi g‘imirlashayapti... Baqirishyapti:

– Vira...

– Mayna...

Oqgul luqma tashladi:

– Oltinlarimizni kavlab olishayapti...

Men qo‘shimcha qildim:

– Tunu – kun...

38

12

Biz shamol misol quyiga quyildik. Yuragimizda deyarli qo‘rquv yo‘q. Etakka endik. Shaxta yonida mototsikl bizni quvib o‘tdi. Rulda boshiga kaska kiygan yosh koreys xotin. Lekin u bug‘doyzor adog‘ida turgan ayolmas. Boshqa. Orqa o‘rindiqda ozg‘in tatar yigit. U ko‘z qiri bilan bizga qaradi. Balki, menga shunday tuyulgandir? Qaydam?

" – Odam – odamga qaraydi – da, – deb o‘zimga – o‘zim taskin berdim, – biz ham ularga qaradik – ku. Buni nimasi yomon? Biroq u ko‘z qiri bilan qaradi. Ko‘z qiri bilan... Balki, uning odati shundaydir?

Axir, har odamda har xil fe‘l, odat... Har narsadan shubhalanish yaramaydi. Ikkovi ham shunchaki yo‘lovchidir? Qolaversa, bug‘doyzor adog‘idagi kaslarmas. Menimcha, ular kuzatishayotganini sezdirmaslik uchun joylarini bot – bot almashtirib turadilar. Yana turli ust – bosh, turli qiyofalarda ham yurishlari mumkin..."

Men ixtiyorsiz bir tarzda Oqgulga boqdim. Va unda ham shunday kechinmalar kechayotganini tuydim. Oqgulning o‘tkir nigohi qorong‘ulikka qadalgandi. U meni qaraganimni ichki bir tuyg‘u bilan sezarkan, zulmatdan ko‘z uzmagan holda siniq jilmaydi. Shunda uning guldan toza, guldan nozik dudoqlari chechak misol ochildi:

Tangrining bizga qilgan buyuk ehsonlaridan biri: xayol. U nurdan tez harakat qiladi. Bir zumda olamni kezib chiqadi. Na oy, na quyosh, na zuhra... hech bir yulduz, xech bir jin yo farishta o‘tmishga qaytolmaydi. Xayol esa eng olis kechmishlarga ham sayohat qiloladi. Uning erkini bo‘g‘adigan kuch yo‘q. U tizgin nima bilmaydi.

Shu bir onda men Alisher Navoiy bilan qo‘nishdim. Uning "Layli va Majnun" dostonini ham varaqlashga ulgurdim. Mening notinch ko‘nglimda tug‘yon urayotgan shubha, o‘ylar, qayg‘u alamlar unda ham bordek edi. Mana bu to‘rtlik esa yurak dardimni ifodalaganday edi:

Ey zoli zamona* faryod,

Atfoling‘a* necha zulmu bedod.

Bu xaylnikim halok etarsan,

O‘z bag‘ring erurki, chok etarsan...

– Oqgul, seningcha, zamonadan norozi bu nidolar haqga yaqinmi?

– Yaqin. Yo‘qsa, Navoiy kuyib yozmasdi.

– Masalan?

– Masalan: Temurdan keyingi o‘zaro nizolar... O‘zaro urushlar... Parchalanishlar... Sen shu haqda o‘yla, fikrla, idrok qil... Shunda haq tubini ko‘rasan. Shunda, shu buyuk fojealar sababli biz bu kunga qolib o‘tirganimizni anglaysan, Evril.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Zoli zamona – kampirga o‘xshash zamona.

* Atfol – bolalar.

39

Nogoh xayolimdan shu so‘zlar kechdi:

" – Fitratcha fikrlaydi. Bunga sabab: Yahudiy xonimning unga beqiyos ta‘siri... Mana, o‘zimdan misol: Men Oynur*dan, u bergan kitoblar*dan o‘rganmaganimda, Oqgulni tushunarmidim?

Biroq odamga Tangri ato etgan tug‘ma qobiliyat ham zarur.

Havodek zarur.

Tug‘ma qobiliyat... Oqgulda bu narsa bor. Menimcha, u jonlimi, jonsizmi, ayrosiz, ichini ko‘ra biladi".

– Menga qo‘shilasanmi, Evril?

– Ha, – mening o‘ylarim tumandek tarqadi.

– Shu tobda men sening boshingdan nelar kechganini o‘qidim.

– Nelar?

– Yahudiy xonimning menga ta‘siri xususida...

– Topding.

– Men uni sog‘inib eslayman. Bizda ham uningdek teran bilimli, el dardini ro‘y – rost anglatguvchi o‘qituvchilar bo‘lishini istayman. O, nechog‘lik istayman!..

U og‘ir xo‘rsindi. So‘ng qayg‘u, alam, nadomatga g‘arq ovozda davom etdi:

– O‘sha buyuk bo‘laklanishlarning to‘fonlarida qolgan, qaytadan ulug‘ Temur davlatini tiklashga ko‘zi yetmagan Bobur noiloj yot yurtlar sari yuz tutgan:

Ko‘ngli tilagan murodg‘a yetsa kishi,

Yo barcha murodlarni tark etsa kishi,

Bu ikki ish muyassar o‘lmasa olamda,

Boshini olib bir sorig‘a ketsa kishi.

Marvarid Oqgulni yoqladi:

– O‘sha buyuk bo‘laklanishlar oqibati: yov yurtimizni bosib oldi. Bu ham kamlik qilganday, uni bir necha bo‘laklarga bo‘lib tashladi*. Bu fojea qamalgan, otilgan shoirlar qatori Botuda ham o‘z ifodasini topdi:

Yorug‘likni sevaturg‘on bizning tinuq ko‘nglimiz,

Qachongacha qarong‘ular ichra qolar bo‘g‘ulub..!

Marvarid gapini tugatar – tugatmas, Uchqulochga yetib keldik. Bektemir qizlarning uylariga yaqin yerda "O‘rol"ni to‘xtatdi va ularga xurjundan tog‘ ne‘matlarini olib berdi. Xayrlashdik:

– Xayrli tun Oqgul, Marvarid.

– Xayrli tun Bek, Evril.

Biroq qizlar to uylariga kirmagunlaricha, jilmadik.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Oynur – geolog qiz. Men u haqda "Oynur" degan hikoya yozganman.

* Kitoblar – Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy asarlari.

* Bo‘laklarga bo‘lib tashladi – Yov Turkistonni: O‘zbekiston,Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikistonlarga bo‘lib tashladi. Moskva: "Bo‘lib boshqarish" tizginini qo‘liga oldi.

40

13

– Men... shu... Evril... Oqguldan tashvishdaman... – Bektemirning ovozida xavotir aralash titroq zohir edi.

– Men seni tushundim, do‘stim. Bo‘ron og‘a ham uni asrashimizni aytdilar.

– U kishi bir nimani sezmasalar, bunday demasdilar.

– Balki?.. – Bekni xavotirini oshirmaslik uchun gapni cho‘zmadim.

– Oqgulning kitoblarini o‘g‘irlab ketganlaridan beri mening ichim yorishmayapti. Bunga yana bugungi mashmashalar ham qo‘shildi...

Men uning ko‘ngliga taskin beruvchi bir so‘z demadim. Deyolmadim. Chunki o‘zimda ham shunday hol yuz berayotgan edi. Qolaversa, soxta gapirsam, bir yerimga iflos bir narsa ilashgandek bo‘lardi. O‘zimga – o‘zim qarshi bormadim...

14

Charchaganimga qaramay, shu tun ancha – anchagacha uxlamadim. Uxlolmadim. Ancha – anchagacha... Shungami, bilmadim, o‘rnimdan turib, qo‘limga qog‘oz-qalam oldim. Onam zorlandi:

– Yotmaysanmi bolam, ertalab o‘qishga borasan, axir.

Nima uchundir, bilmayman, meni noma‘lum bir kuch bobom Ahmad Oqsoqolning dor ostidagi so‘zlarini she‘rga solishga undadi. Buni juda yengil, bir pasda el ohangida yozdim:

Uy, yerimni bosdi ilon,

Har yog‘ini qildi vayron.

Bolalarim yig‘lar nolan.

Ketayapman armon bilan,

Kelisholmay zamon bilan.

Har yog‘imda izg‘ir ilon,

Qimirlasam chaqar yomon...

Ketdi bizdan davru davron...

Ketayapman armon bilan,

Kelisholmay zamon bilan.

Ilon inin buzolmadi,

Bo‘g‘ovlarni uzolmadim.

O‘z uyimni tuzolmadim...

Ketayapman armon bilan,

Kelisholmay zamon bilan...

41

15

Maktabga qovoqlarim shishgan, ko‘zlarim qizargan holda yondim. Tungi kelishuvimizga binoan Bektemir meni "Uchquloch"* otli quduq qarshisida qarshi oldi. Ruhsiz so‘rashdik.

– Tongga yaqin mizg‘iganimni aytmasam, Evril, uxlamadim, – u qontalash ko‘zlarini o‘ng qo‘li bilan ishqaladi. – Bo‘ron og‘aning gapidan boshim tutab, yondi. Oqgulni noma‘lum xavfdan qutqazish uchun o‘zimcha uni dunyoning turli puchmoqlariga yashirib ko‘rdim.

Lekin bundan mening ko‘nglim to‘lmadi.

" – Foydasiz... topib oladi!.." – degan qandaydir g‘oyibiy so‘z miyamni o‘yaverdi.

O‘ylay – o‘ylay, o‘yimning tagiga yetolmay, ko‘zim ilinganini sezmay qolibman. Tush ko‘ribman:

" – Oqgul yerga sig‘madi, – dermish menga oppoq sochli bir momo.

Uning usti-boshi oppoq emish. – Endi, uni Arshi A‘loga yashir. U yoqqa dajjolning qo‘li yetmaydi". – Momo birdan ko‘zdan g‘oyib bo‘lganmish.

Oqgul bilan men uchishga shaylanibmiz. Biroq oyog‘imni yerdan uzolmasmishman. Qancha urinmay, qancha Tangriga yalinib – yolvormay, uzolmasmishman. Oqgul esa Oqqush misol ohista – ohista yuksakka ko‘tarilarmish. Ohista-ohista... Men unga:

" – To‘xta, Oqgul, to‘xta! – deya yolvorarmishman. – To‘xta! Birga uchamiz. To‘xta!"

Lekin u to‘xtamasmish. Tobora Feruza osmon to‘riga ilgarilab borarmish. Tobora... Menga mungli-mungli boqib, qo‘lini silkirmish:

" – Alvido Bek, alvido!.."

U ucha – ucha tag – tugsiz osmonga singib ketarmish".

Men chinqirib uyg‘ondim. Borlig‘imni ter bosdi.

" – Xayriyat tush ekan! – dedim entikib, – Tangriga shukr!.."

Men tush ta‘birini bilmayman. Biroq bundan larzaga keldim. Tizzalarim qaltiradi. Buni Bektemirga sezdirmaslik uchun quduqqa engashdim. Go‘yo zilzila yuz bergandek, unda aksim qo‘rquvdan titrardi.

– Tushni tushunasanmi, Evril? – najot izlab so‘radi Bektemir.

– Yo‘q, – men o‘zimga kelish uchun quduqdan boshimni ko‘tarmadim.

– Menimcha, tushda uchish: yaxshilik alomati, – u o‘z so‘ziga o‘zi uncha ishonmadi. Men buni uning ovozidan sezdim.

– Bek, bu haqda qizlarga aytma, – dedim va uni tushdan chalg‘itish uchun gap jilovini burdim: – "Dor ostida..." degan she‘r yozdim.

– Senam uxlamabsan – da, do‘stim?

– Ha, – quduqdan sekin bosh ko‘tardim.

– O‘qi.

– Hali chala, uni qayta ishlayman.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Uchquloch otli quduq – Uchquloch oltin koni ham shu quduq nomiga qo‘yilgan. Juda eski quduq. Uning chuqurligi: uch quloch.

42

– O‘qiyver, menga shunisi ma‘qul. Pardoz – andozni o‘lguday yomon ko‘raman. Bo‘yoqqa botgan qizni jinim suymaydi. Bo‘yoq tabiiylik yovi.

Atrofga ko‘z yugurtirdim. Atrof bo‘m – bo‘sh, kimsasiz. Etakda Loyqaruv* tsexi guldiraydi.

– O‘qidim...

– Oqincha uslub. Maqsad ham shunday ifodalangan, – baho berdi Bek.

16

Maktabga bordik. Men Oqgul bilan Marvaridning yuz – ko‘zlarida ruhsizlikka qotilgan so‘lg‘inlikni ko‘rdim. Bir – birimiz bilan (bosh irg‘ashib) so‘rashdik. Biroq qo‘nishmadik. Negadir qizlar o‘zlarini yotlardek tutishdi.

Darsdan keyin uylarimizga ham unsiz qaytdik. Kesishuvda Bektemir Oqgulning qulog‘iga nenidir shipshidi. U menga yuzlandi.

– Bizgayam "Dor ostida..."ni o‘qib ber, Evril.

– Meyli. Ammo yo‘ldamas. Odamlarga qara... Istasalaring biznikiga yuringlar. Bir yo‘la pichak ham yeymiz.

– Qandoq bo‘larkan?

– Saodat enam* pazandalar, – Bektemirning yuziga qon yugurdi, –

Adabiyotga ham, tarixga ham qiziqadilar.

Qizlar bir – biriga ma‘noli qaradilar, so‘ng Marvarid javob qaytardi:

– Meyli, Evril, gaping yerda qolmasin.

Onam bizlarni:

– Bo‘ylaringdan aylanay! – deya quchoqlab o‘pib kutib oldilar. G‘arib kulbamiz to‘riga ko‘rpachalar to‘shadilar, xontaxtaga tutilmagan tergi yozdilar.

– Sizni urintirib qo‘ydik, xola, – Oqgul onamga tiniq mehr bilan termildi, – biz turib Siz...

– Yo‘q – yo‘q, qizim, rahmat! – Onam uni bo‘ldi, – Sizlarni o‘g‘lim bilan birga ko‘rib, boshim osmonga yetdi. Hecham xijolat chekmanglar.

Shunga qaramay qizlar onamga ko‘maklashdilar: tergiga to‘rtta non, bir tovoq yalpiz pichak, ikki choynak ko‘k choy va piyolalar keltirdilar.

– O‘zlaringni o‘z uylaringizday sezinglar bolalarim. Pichakni boya tandirdan uzuvdim, olinglar, tortinmanglar.

Onam biz bilan picha o‘tirgach, uzr so‘rab qalqdilar:

- Men ishga* bir ko‘rinib kelay, o‘rgulaylar.

----------------------------------------------------------------------------------------------

* Loyqaruv – Glina Mishalka. Burg‘u tsexlariga maxsus loy yetishtirib beradigan korxona. Men bu yerda ma‘lum muddat matorist bo‘lib ishlaganman. Bu "mehnat daftarcha"mda qayd etilgan.

* Saodat enam – Bek do‘stim bo‘lgani uchun mening onamni – "Saodat ena" deb atardi. Men ham uning onasini "Bibisora ena" derdim.

* Men ishga – Onam bosh idorada supuruvchi bo‘lib ishlardi.

43

Onamning hurmatlari uchun biz o‘rnimizdan turdik.

– Yo‘q – yo‘q, o‘tiringlar, meni noqulay ahvolga solmanglar, – onam tashqariga yo‘naldilar.

Biz pichakni ishtaha bilan yedik.

– Zo‘r pishiribdilar, xolam, – dedi Oqgul menga, – qo‘llari dard ko‘rmasin.

Marvarid qo‘shimcha qildi:

– Juda yeyimtol bo‘libdi*, rahmat.

Choy ichdik. So‘ng tergiga gap – so‘zsiz fotiha qildik:

– Omin.

Qizlar tovoq – piyolalarni choy idishdagi iliq suvga chayib, toza lattaga artishdi. Shundan keyin men va‘damga binoan "Dor ostida..."ni o‘qidim.

– El ohangida yozibsan, Evril, – o‘z fikrini bildirdi Oqgul, – bundan ko‘nglim yorishdi.

– Baxshicha bitik, – dedi Marvarid, – Elga tez yetib boradi..

Oqgul oxirgi besh qatorni takrorladi:

Ilon inin buzolmadim,

Bo‘g‘ovlarni uzolmadim.

O‘z uyimni tuzolmadim...

Ketayapman armon bilan,

Kelisholmay zamon bilan...

Men shu asnoda (yashirgan yerimdan) Cho‘lponning to‘rtta kitobini

olib kelib, xontaxtaga qo‘ydim. Qizlar ularni ko‘zlariga surtdilar. Va tashna qalb bilan o‘qiy boshladilar. Marvarid quyidagi she‘rni eshittirib o‘qidi:

Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman,

O‘ynagan boshqalar, inglagan menman.

Erk ertaklarin eshitgan boshqa,

Qullik qo‘shig‘ini tinglagan menman...

Boshqada qanot bor, ko‘kka uchadir,

Shoxlarga qo‘nadir, bog‘da yayraydir.

... Menda-da qanot bor, lekin bog‘langan...

Bog‘ yo‘qdir, shox yo‘qdir, qalin devor bor...

Oqgul mana bu bitiklarni yod aytdi:

Ey sovuq ellardan muz kiyib kelganlar,

U qo‘pol tushingiz qorlarda yo‘q bo‘lsin!

Ey mening bog‘imdan mevamni terganlar

U qora boshingiz yerlarga ko‘milsin...

("Qarg‘alar")

Ko‘ngil, sen munchalar nega

Kishanlar birla do‘stlashding!

44

Na faryoding, na doding bor,

Nechun sen muncha sustlashding?..

("Kishan")

Qo‘limda so‘nggi tosh qoldi,

Yovimga otmoq istarman!

Ko‘zimda so‘nggi yosh qoldi,

Amalga yetmoq istarman!..

("Bas endi")

O‘ylangan o‘ylarga ko‘ngil yupanmas,

Ko‘ngilning istagi o‘y bilan qonmas.

Aytarlar: bu tunda yorug‘ sham yonmas

Chaqmasa chaqmoqni asl o‘g‘illar...

("Yupanmoq istagi")

– Cho‘lpon* bu she‘rlarini bizdan yosh, bizga teng onlarida yozgan, – Oqgulning ko‘zlari yoshga to‘ldi, – agar biz o‘zimizni unga solishtirsak, hali hech ish qilganimiz yo‘q. Dajjol Tuzum buyuk shoirni eng gullagan chog‘ida, qirq yoshida "Xalq dushmani" deb otdi.

Yurtimizda, butun Turk olamida undan ko‘ra ham millatparvar inson bormidi?

Oqgul yig‘ladi:

– Eng sara o‘g‘lonlarimizni o‘ldirishdi... O‘ldirishyapti... Bo‘ron og‘odek kishilarga ham mudhish xurujlar qilishyapti...

– Mudhish xurujlar!.. – takrorladim men.

Oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. G‘am, alam, nafratga qotilgan sukunat.

– Men bir tush ko‘ribman, – ko‘ngli bo‘sh Marvarid ko‘z yoshini bodom gulli ro‘molchasi bilan artdi. Sukunat chok – chokidan so‘kildi. – Shu to‘rttovimiz "Otuchgan" ko‘lankasida o‘tiribmiz. Evril she‘r o‘qiyapti:

Ey tog‘lari ko‘klarga salom bergan zo‘r o‘lka

Nima uchun boshingda quyuq bulut – ko‘lanka?..

– O‘zingdan o‘qi, – dermish Oqgul.

Evril "Turon" she‘ridan to‘rt qator o‘qirmish:

Tilimlandi Turkiston ham bu qandoq taqdir?..

Ketdi o‘zlik, ketdi boylik, ketdi erk, qadr.

Egri, harom, yolg‘onlarga keldi zab davr.

To‘g‘ri, halol, iymonlarga qazildi qabr...

Shu chog‘ yer qimirlab qolganmish. Qandoqdir bo‘g‘iq, yovvoyi, mash‘um tovushlar butun atrofni tutganmish. Tog‘lar beshikdek tebranarmish. Og‘ochlaru qoya toshlar qasir – qusur sinarmish. "Otuchgan" dahshat solib qularmish. Borliqni chang – to‘zon qoplarmish. Biroq bizga, bitikka (otlarimiz yozilgan) zarar yetmaganmish. Biz qo‘rqqanimizdan dir – dir titrab, yig‘larmishmiz. Oqgul:

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Cho‘lpon 1938 yil 4 – oktyabr kuni tun yarmida otilgan. (1898- yilda tug‘ilgan) Asli O‘shlik...

45

" – Qo‘rqmanglar, – dermish, – bundan dajjol yomon!.. Dajjol!.. Dajjol!!. Dajjol!!!

Onam meni uyg‘otmaganlarida, bilmadim, holim ne kechardi? Terlab – pishib ketibman. Tilim tanglayimga yopishib qolganday, gapirolmayman. Nafas ololmayman. Onam menga bir piyola suv ichirdi.

" – O‘zingni qo‘lga ol, qizim, – dedi, – o‘zingni qo‘lga ol. Yomon bostiriqlanding. Chinqiriqlaringdan qo‘rqib, uyg‘onib ketdim. " Bir nima bo‘ldimi?" deb o‘ylab, o‘takam yorildi. Xayriyat!..

– Xayriyat!!. – U gapini davom ettirolmadi, meni bag‘riga bosib, boshimni siladi"...

Bektemirning tushidan qancha qo‘rqqan bo‘lsam, bundan ham shuncha dahshatga tushdim. Bilmadim, nega, shu lahza ko‘nglimdan Bo‘ron og‘a o‘tdi. O‘zimni – o‘zim boshqarolmadim: titrab – qaqshab Oqgulga qaradim. U ham menga shunday alpozda boqdi. Shunda uning qo‘rquv, shubha, xavotirlarga to‘la nigohlarida, o‘rta bichimdagi qalin, qora kipriklarining pirpirashlarida va odamni o‘ziga joduday tortuvchi dudoqlarining sirli ochilib – yumulishlarida: "Bo‘ron og‘a sog‘ – salomatmikan?!!" degan xazin so‘zlarni o‘qidim. Marvarid bilan Bektemirda ham shunday hol yuz berayotganini tuydim. Axir, tog‘dek tayanchimiz: Bo‘ron og‘a – da. Tangri ko‘rsatmasin, agar undan ayrilib qolsak, holimiz ne kechishini tasavvur ham qilolmayman. Ayniqsa, menga nishonda turgandek tuyulgan Oqgulga qiyin bo‘lardi...

Shuni o‘ylab yurak – bag‘rim ezildi.

18

Onam keldi. Negadir uning yuzi o‘chgan, dudoqlari titrardi:

– Boshliq* oshiqich kasalxonaga ketdi. Bo‘ron og‘a og‘irlashgan ko‘rinadi. Yo?! Yoki!..

Kishi kutulmaganda halokatga yo‘liqsa yoxud o‘lsa, uning yaqin odami qattiq kuyadi, larzaga keladi va oqibat gapirolmay qoladi. Hozir onam ham shunday holatda edi.

Bu dahshatli xabardan Oqgulning yuzlari qor tusiga kirdi, yelkalari silkindi, ko‘zlari ayanchli yoshga to‘ldi. Marvarid, Bekda ham shu hol. Men muzga aylandim. Bek, qizlar g‘arib bir ahvolda qalqdilar. Oqgul eski Bog‘don odatiga ko‘ra onamga minnatdorchilik bildirdi:

– Non – tuzingiz uchun, totli so‘zingiz uchun rahmat, xola!

Ketishdi.

So‘lg‘in, tushkun bir alpozda ketishdi. Ularning boshlari uzra, ne uchundir qarg‘alar aylanardilar va achchiq – achchiq qarillardilar.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Uchquloch koni boshlig‘i Sokol ko‘zda tutiladi.

46

Achchiq – achchiq!..

Balki, menga shunday tuyulgandir?

– Ishqilib yaxshilikka bo‘lsin-da! - Onam xo‘rsindi.

Og‘ir xo‘rsindi.

Oqgul, Marvarid, Beklar ko‘zdan g‘oyib bo‘lgunlaricha, ona – bola kulbamiz oldida og‘ochdek qotib turdik.

Onam yig‘ladi.

Men ham.

19

Ertalab ruhsiz bir alpozda maktabga jo‘nadim. Kechagina asov otdek yurgan Bo‘ron og‘aning qo‘qqis o‘limi tumanga nur tezligida tarqalgan shekilli, odamlar (yayov, eshak, ot, mototsikl, mashinalarda) uning uyi tomon oqardilar.

Tinsiz oqardilar...

Oqgul bilan Marvarid maktabga kelishmadi. Biz o‘quvchilar Bo‘ron Xudoyqulovning xotirasi uchun bir daqiqa sukut saqladik. Keyin Bektemir bilan men jonazaga yondik. Biroq uni so‘nggi bor ko‘rish bizga nasb etmadi. Tumanot odamni yorib o‘tolmadik.

Tumanot odam!..

Turkda: "El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi" degan gap yuradi. Balki, u bizga tosh asridan kelar? Olamon iskanjasida siqilaroq, terga botaroq qayerga siljimaylik, hamma yerda qulog‘imizga tizgin bilmas so‘zlar chalinardi:

– Kechagina sog‘ – salomat yuruvdi – ya!

– Og‘ulagan!..

– Urush zobitini – ya?

– Tuzumga yoqmasa, ayrosiz.

– To‘g‘ri so‘zligi uchunmi?

– Ha.

– "Elim" degani uchunmi?

– Ha.

– Sekin so‘zla, devorniyam qulog‘i bor.

– Bir jonga bir o‘lim.

– Katta gapirma.

– Balki, o‘z ajali bilandir?

– Bu, bir faraz .

– U hali – veri o‘ladigan odammasdi.

– Ajal qachon kelishini hech kim bilmaydi.

47

– Yurak xurujidan ham deyishyapti.

– Oldinlari yuragi sira og‘rimagan – ku. Faqat...

– Nima, "faqat"?

– Anavi ajal tashkilot* bilan uning orasida bir gap qochganmish... Shundan so‘ng...

– U bir gapga: "Yuragim" demas. Qo‘rqmas, irodali odam edi.

– Balki uning yuragiga og‘u yuborgandir?

– Bilmadim, bari mish – mish. Asos yo‘q.

– Asos: Z A M O N...

– Bu bir qismat. Manglayiga bitilgani shu...

" – Odam bolasi har qandoq oqibatga bir sabab topadi. – Ichimda bir sas isyon ko‘tardi. – Qismatmish!.. Xuddi uning manglayidagi bitikni o‘qigandek so‘zlaydi.

Bo‘ron og‘a zamonga sig‘madi. To‘g‘rirog‘i, uni Zamon sig‘dirmadi.

Menimcha, hamma zamonlarda ham erkin fikrlovchi, haqni aytuvchi kishilarga qiyin bo‘lgan:

Iso Mosih xoch etilgan.

Mansur Halloj chopilgan.

Jo‘rdano Buruno yoqilgan.

Galileo Galileyning terisi tiriklay shilingan.

Mirzo Ulug‘bekning boshi uzilgan..."

Dafn marosimida Sokol ham so‘zladi:

– Biz tirik ekanmiz, u xotiramizda yashaydi. Odamning qadr – qiymati uni el – yurtiga qilgan ishi bilan o‘lchanadi. U ekkan ko‘chatlar meva beradi...

Alvido do‘stim!..

Umr sezilib – sezilmay o‘taveradi, hatto ulug‘ voqealar, fojealar, ofat, o‘limlar... ham unutilib ketilaveradi. Menimcha, inson majburiy tarzda o‘z xotirasida hech voqeani saqlolmaydi. Faqat uning qalbini tabiiy ravishda, ya‘ni erkin holda egallagan ayrim narsa, hodisa, fikr, gaplargina bundan ayro.

Kon boshlig‘ining Bo‘ron og‘a qabri boshida aytgan har bir so‘zi harfma – harf Esimda qoldi. Oradan ellik besh yil o‘tsa ham, hozirgidek yodimda. Olamon ham, bashboqsiz gaplar ham...

"U ekkan ko‘chatlar meva beradi..." fahimcha shu ko‘chatlardan uchtasi: Oqgul, Marvarid, Bek. To‘rtinchisi, balki men. Agar men bo‘lsam, ishonchni oqlashim kerak.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Ajal tashkilot – GPU.

48

"Qachon ulg‘ayaman?" deb kutib o‘tirmayman. Ulug‘bek to‘qqiz yoshida Turkiston sultoni bo‘lgan. Bobur* o‘n ikki yoshida taxtga o‘tirgan.

Biri buyuk olim.

Biri buyuk lashkarboshi, shoir, yozar, faylasuf.

Men qalamim bilan g‘animga o‘t ochaman. Biroq yozish qoidalarini bilmayman.Umrimda asl yozar, shoir, olimlarni ko‘rmaganman. Ular men

uchun afsona... Hatto siyqasi chiqqan maddohlar ham bizga uchrashuvga kelmaganlar. Kelganlarida ham kir ko‘piklardan nimani o‘rganaman? Sotqinliknimi?..."

O‘zimni kurashga yaramaydigan misol ojiz sezdim. Nima qilay? O‘yga botdim. Bir – biriga qarshi o‘yga... Shunda nogohon, Oqgulning gapi esimga tushdi:

" – Asar yozishni o‘rgatadigan alohida maktab yo‘q. O‘zingda bo‘lmasa, hech kim o‘rgatolmaydi"!

" – Buni sen qayerdan bilasan, Oqgul?"

" – Yahudiy xonim ham shunday fikrdalar. Toshkentdagi qarindoshim ham... Buni men qalbim bilan ham his etaman. Oqinlarga, baxshilarga qara. Ular Ona Yer qa‘ridan otilib chiqayotgan buloqlarni eslatadi. Bilasan, buloqlar har yerdan chiqmaydi. Juda kam, juda go‘zal oshyonlardan chiqadi. Chin oqinlar ham tumanot odamlar ichidan bitta yo ikkita chiqadi. Ularning ham yuraklaridan shu buloqlar kabi hech bir maktab, hech bir olimning o‘rgatmasisiz she‘rlar qaynab chiqadi. Masalan: Ergash Jumanbulbul, Fozil Yo‘ldosh, Yodgor Baxshilar... Buyuk Boburchi? Uning qisqa umri jangu – jadallarda kechgan. "Boburnoma"ni biron akademik yozoladimi? Ruboiy, g‘azallarinichi? Odamda tug‘ma iqtidor bo‘lmasa ( u London, Parij, Nyu Yo‘rkda o‘qisa ham) undan yozar chiqmaydi. Chin yozar Tangridan... Senda ham iqtidor bo‘lishi mumkin, Evril, yoz. Elimiz dardini, g‘am – alamlarini yoz. Haqiqatni yoz!

" – Men haqiqatni yozaman, - ixtiyorsiz bir tarzda so‘z berdim o‘zimga – o‘zim, – bunday taqdirda yov: "Yosh bola" deb meni kechiradimi? Aslo! Otadi. Yo pashshadek ezg‘ilab tashlaydi. Izsiz. Nom – nishonsiz. Qo‘rqaman. Hu birda Oqgul: "Bir ish qilmay o‘lib ketishdan qo‘rqaman" degan edi.

Men ham shundan qo‘rqaman. Ish qilishim uchun esa yashashim kerak. "Qo‘rqmayman" deyish, menimcha, ahmoqlik. Qarshimda: " Osmonga ustunman!" degandek baland qoya turibdi. Ming urinsam ham uni yorib o‘tolmayman. Boshim majaq bo‘ladi. Aql bilan ish yuritaman: maqsadimga

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Bobur qirq yetti yoshida ochunni tark etadi.

49

yetish uchun hissiz qoya va uning qaqshoq tizmalarini aylanib o‘taman. Ya‘ni haqiqatni yozish uchun o‘zgacha yo‘l tutaman. O‘zgacha yo‘l?.. Qanday yo‘l? Ramziymi? Voqealarni bir yurtdan ikkinchi yurtga ko‘chirishmi? .. Yoxud voqealarni hayvonat, tabiat orqali berishmi? Yana qanday yo‘lu, usullar bor? Bu haqda o‘yladim. Elga oson yetkazish haqida o‘yladim. Oxiri bir yechimga keldim: "Oqgul bilan kengashaman. Fikrdan – fikr

tug‘iladi. Lekin hozir u uyida. Bo‘ron og‘a o‘limidan keyin o‘ziga kelolmayapti. Nima qilmoq kerak? Uni maktabga kelishini kutaman. Qachon keladi? So‘ray desam Marvarid yo‘q. U ham Oqgul bilan birga. Kengashmasam - chi? Kengashmayman. Yo‘q, kengashaman. Mendan ko‘ra uning bilimi teran. U yahudiy xonimdan ham ko‘p narsa o‘rgangan.

Oqgulni kutaman.

Orziqib kutaman.

Ammo yozgim kelayapti.

Tangrining karami keng: Quyosh tikka ko‘tarilganda, tushda kulbamizga Oqgul, Marvarid, Beklar kelishdi. Bekning qo‘lida hozirgina tandirdan uzilgan, tergiga o‘ralgan pichak*! Men ularni zo‘r kuvonch bilan kutib oldim. Yashirmayman: toqqa sayohatimizdan keyin qizlarni ko‘p eslaydigan, o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Ajablanarlisi: ikkovini ham birdek ko‘rgim kelardi. Balki, Oqgulni ko‘proqdir? Anig‘ini bilmayman.

" – Bu qandoq tuyg‘u?" – O‘zimga – o‘zim savol berdim. – Qandoq tuyg‘u ?

Ikkala qizni birdek sevib qoldimmi? Yo‘q, hali men sevgi yoshidamasman. Balki, shunday deya o‘zimni – o‘zim aldayotgandirman? O‘n besh yosh kichik yoshmi? Undoqda ikkovini ham birdek sevishim mumkinmi? Yo‘q. O‘yladim, o‘yladim, nihoyat kalavaning uchini topdim:

Bu milliy tuyg‘u!..

Bu milliy e‘tiqod qudrati!..

Shu buyuk tuyg‘u bizni bir – birimizga tortayapti. Ohangrabo misol.

Agar elimizdagi shu tuyg‘u, ya‘ni sun‘iy tarzda "muzlatilgan..." tuyg‘u "eritilsa", biz qudratga aylanamiz. Xuddi buyuk Temur saltanati misol... Tangri bergan bu azaliy tuyg‘uni soxta tuyg‘u* qancha siqmasin, uni millatimiz qonidan siqib chiqarolmaydi. U "muz"da mudrayapti xolos. Zotan har qandoq mudroq, jumladan: aqliy mudroq ham abadiymas. Vaqtincha. Uni uyg‘otmoq kerak!

Milliy tuyg‘uni uyg‘otmoq kerak.

G‘ururni uyg‘otmoq kerak,

Yovga nafratni uyg‘otmoq kerak.

Uyg‘otmoq suvdek zarur.

Uyg‘otmoq nurdek zarur.

Uyg‘otmoq havodek zarur.

------------------------------------------------------------------------------------------------------

* Pichakni Marvaridning onasi yopgan.

* Soxta tuyg‘u – kommunistik tuyg‘u – mafkura.

50

Bularsiz mustabdid zanjirlarini uzolmaymiz.

Milliy tuyg‘u, aql mudragani uchun falokat yuz bergan. Berayapti...

Mustabdid zanjirlari...

Men Cho‘lpon kabi shu zanjirlarni uzish uchun tug‘ilganman!"

" – Osmondan tush, Evril", – dedi qulog‘imga noma‘lum ovoz.

" – Ko‘nglimdagini aytdim, – dedim va o‘zimni oqlash uchun qo‘shimcha qildim, – yashirishni pismiqlik deb bilaman".

" – Sezayapman, bola, ehtiroslaringni yuragingga sig‘dirolmayapsan. Lekin, baribir, kamtar bo‘l, dong – dovruqqa erishganingda ham, boshing osmonga yetganida ham... Odam o‘zini doim idora qilib yurgani ma‘qul. Yo‘qsa, qoqilish mumkin..."

– Qaytib ketaveraylikmi, Evril? – Marvaridning hazilga yo‘g‘rilgan kesatig‘idan o‘zimga keldim.

– Uzr, qizlar, – dedim shoshib. – Sizlarni ko‘rib sevinganimdan...

– Hayajonlanganimdan... – Gapimni bo‘lib kuldi Marvarid.

– Ikkovi ham... Shunga xayolim...

– Xijolat bo‘lma, Evril, – Oqgul meni so‘zlashga qo‘ymadi.

– Sizlarni o‘ylab turuvdim.

– Tinchlikmi?

– Kengashmoq uchun...

– Yaxshi... Xolam ko‘rinmaydilar?

– Ishdalar.

Uyga kirdik. Men xontaxtaga tergi yozdim. Sopol tovoqdagi pichakning o‘tkir, yoqimli bo‘yi uyni tutdi. Oqgul onam uchun to‘rtta pichak ajratdi. Marvarid ularni chinni kosaga solib, tokchaga qo‘ydi. Men qizlarga onam yoqib qolganini his qildim.

Bek primusda qaynagan choy idishdan tunika choynakka choy damlab keldi. Yedik, ichdik. So‘ng Bo‘ron og‘ani o‘ylay – o‘ylay o‘zini ancha oldirib qo‘ygan, yuz – ko‘zlari siniqqan Oqgulning taklifi bilan "Oq tug‘" otli maxfiy kengash tuzdik. Shunda men Oqgul, Marvarid, Beklarni biznikiga bejiz kelishmaganini angladim. Fahmimcha: "Oq tug‘" fikri yahudiy xonimdan chiqqan. Yana Tangri bilguvchi.

– Bu to‘rtlik Kengashi bo‘ladi, – dedi Oqgul. – Ehtiyotkorlik nuqtai nazarida unga boshqa a‘zo qabul qilmaymiz. O‘ninchi sinfni tugataylik, keyin... "Oq tug‘"ga Yo‘ruqni men yozaman. Kengashda uni ko‘rib chiqamiz. Yo‘riq asosida ikki yillik reja ham tuzib olamiz. Har oyda ikki marta Kengash o‘tkazamiz:

Uyda...

O‘ta yashirin tarzda.

Rozimisizlar?

– Ha, – dedik biz.

– Endi, sening fikringga kelsak, Evril, menimcha, to‘g‘ri. Zero undan o‘zga yo‘l ham yo‘qdek. Yahudiy xonim ham shunday degandilar. Yurtimiz, umuman, turk yurtlari fojialarini Hindistonga ko‘chir.

51

Hindlarning inglizlarga qarshi Ozodlik kurashlari... Yoxud Aljir – Farangi fojealari... Birinchi galda u yurtlarni o‘rganib chiq. Jo‘g‘rofik, tarixiy, etnik jihatlarini...

– Shubhasiz, Oqgul.

– Qatag‘on yillari fojealarini hayvonot dunyosi orqali mitti-mitti hikoyachalarda ham berish mumkin. Deylik:

O‘tloqda poda o‘tlayapti. Ikki buqa bir-biri bilan suzishayapti.

Butoqlar panasida och bo‘ri pisib turibdi.

Poda befarq o‘tlayapti.

Bir buqa holdan toydi.

Och bo‘ri pisib turibdi.

Poda befarq o‘tlayapti.

Bir buqa gandiraklab – gandiraklab yiqildi.

Och bo‘ri unga tashlandi.

Poda befarq o‘tlayapti...

– Zo‘r narsa bu, Oqgul! Bu sendan chiqdimi yo yahudiy xonimdan? – Hayajon ichra so‘radim men.

– Buni senga nima farqi bor?

– Uzr, Oqgul. Ammo, yaxshi ramziy hikoyacha bo‘ladi. Tagida zamon fojeasi...

– Sen ham uni Evrildek tushundingmi, Bek?

– Ha.

– Qani, ayt.

– O‘tloq – yurt.

Poda – el.

Och bo‘ri – GPU*.

Och bo‘ri podani bitta – bittalab yeydi. Chunki poda bir-biriga ko‘mak bermaydi. Bundan och bo‘ri foydalanadi...

– Yasha, Bek! Demak, el ham buni tushunadi. Hammasi bo‘lmasa ham, ongli qismi. Evril, sen shu haqda sodda tilda mitti hikoya yoz. Uni "Oq tug‘" to‘rtlik kengashida ko‘rib chmiqamiz. So‘ng, sekin – sekin markaziy gazeta – jurnallarga ham...

– Yaxshi, Oqgul.

– Menda ham bir fikr bor, Oqgul. – Marvarid suhbatdan ilhomlandi. Uning ko‘zlari, yanoqlari yondi.

– Ayt.

– Masalan tut... – Marvarid hayajonini bosish uchun bir zum tin oldi va so‘ng gapni boshqacha boshlashi zarurligini tuydi. – Har yili El oqillarini olib ketishadi: borsa kelmas yerlarga... Chunki oqillar xalqni uyg‘otib yuborishlari mumkin... Shundan qo‘rqishadi... Buni adabiyotda, menimcha, quyidagicha aks ettirish mumkin:

Tut – El.

Ya‘ni: El ramzi.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* GPU-hamon el KGBni GPU deb atardi.

52

Tutni har yili kallaklab ketishadi...

Har yili...

Har yili...

Har yili...

– Bundan ham ajoyib hikoya chiqadi, Marvarid! – Men sevinganimdan o‘zimni tutolmay Marvarid bilan Oqgulning qo‘llarini siqdim.

Qizlar meni to‘g‘ri tushundilar. Totli – totli jilmaydilar.

– Biz senga tesha tegmagan mavzular topib beramiz. Sen ularni miyangga, qoningga, yuragingga singdirasan, idrok qilasan, keyin yozasan. Shunda hikoyalaring tabiiy chiqadi. O‘zing ham tinmay izlan, o‘qishni ham qo‘yma.

– Fikrimiz bir xil, Oqgul.

Shu on eshik ortida nimadir shitirladi. Bek tashqariga qoplondek otildi.

– Kimsan?! – Bekning zardaga qotilgan g‘azabli ovozi keldi.

– Elektrik...

– Seni kim chaqirdi?

– Bu Maxsumovlar uyimi?

– Mahmudovlar uyi.

– Uzr, bolakay, adashibman.

– Qayta adashma.

– Adashmaydigan odamning o‘zi yo‘q.

– Ataylab adashma!..

Chamasi, gapi nishonga tegdi, go‘yo uning boshiga tomdan muz tushdi, borlig‘i larzaga keldi. Lekin u har qandoq kutulmagan zarbalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tganlar toifasidan edi, ichini sezdirmaslik uchun xotirjam qiyofa va xotirjam ovozda dedi:

– Undog‘ini ko‘rmaganman.

Bektemir qalbi bilan elektrikning yuzida ko‘z bilan ilg‘ash qiyin bo‘lgan o‘zgarishni uqdi. Va tahdidli ohangda buyurdi:

– Endi o‘ch, artist!..

– Kichik bo‘lsang ham tiling zahar ko‘rinadi, bolakay.

– O‘ch!!. Yo‘qsa, esingni joyiga keltirib qo‘yaman, ikkinchi ataylab adashmaysan!

Bu gap elektrikning izzat – nafsiga tegsa ham chidadi. Qolaversa, u kuchda unga bas kelishiga ham shubha qildi. Quyosh tig‘idan qaytgan ko‘lanka misol iziga qaytdi.

Men Bektemirning ortidan chiqdim. Vajohati qo‘rqinchli edi. U menga yoviga otilay deb turgan yo‘lbarsni eslatdi.

– Kim ekan u, Bek?

– Bir xachir, o‘zbek bilan o‘ris chatishuvidan tug‘ilgan xunasa.

– Qayerdan bilding?

– Uning basharasi bug‘doy rang, ko‘zi ko‘k, u O‘zbekchani o‘risday buzib gapiradi. Balki haromdan tug‘ilgandir?

53

– Gunohga botma. Keyin odamlar bilan qo‘pol muomala qilma.

– U odammi?.. U qo‘yilgan kimsa...

– Kim bo‘lsa ham. "Yaxshi gapdan ilon inidan chiqadi".

– Ilon chiqishi mumkin, ammo chekist chiqmaydi. Ikki dunyoda ham chiqmaydi.

– O‘jarsan do‘stim... Qolaversa, uning chekistligini isbotlolmaysan.

– Sezdim.

– Sezgi boshqa, isbot boshqa... Xo‘sh, nima deydi u?

– Shu yaqin – o‘rtada Maxsumov degani yashaydimi?

– Ha, uch – to‘rt uy narida.

– Qandoq odam?

– Qaydam? Bir so‘qqa bosh kishi, urush qatnashchisi. U bilan aloqamiz yo‘q.

– E, ha, anavi orden – medallar taqib yuruvchi, oqsoq, hassali kasmi?

– Ayni o‘sha. Ishqilib, Bek, "elektrik" ko‘ngliga bir yomonlik tugib ketmadimikan?

– Tugib kelganini sezdim. Ammo itga o‘xshab dumini qisib ketdi, yana tugib kelishi mumkin.

– Agar u yoqni odami bo‘lsa, endi kelmaydi... Boshqalari ko‘p... Endi, u pana-pastqamlardan turib qopadi...

Ichkariga kirdik. Qizlarning yuzlariga yana vahm, g‘am ko‘lankalari yoyilgan edi.

– Elektrik bizning uyga adashib kelibdi. – Men jovdiragan ko‘zlardan qo‘rquvni haydash uchun o‘zimni xotirijam tutdim. – Mahmudov – Maxsumov... Yanglishgan... Agar u tomonning odami bo‘lganida, Bek bilan pachakilashib o‘tirmasdi, uning manglayidan darcha ochardi, uyga ham bostirib kirardi.

Oqgul mening gapimga qo‘shilmadi:

– Endi, Evril, Iosif Stalin zamoni o‘tgan. Endi, Nikita Xrushchev davri. U Erk eshigini qitdek qiya ochdi. Hatto uning o‘zi ham minbarlarda turib "Xudo xohlasa" degan so‘zlarni aytmoqda. Davr shuni talab qilayapti. Endi, yahudiy xonimning aytishicha, yo‘q qilishning boshqacha usullari ishlab chiqilgan.

Zamonaviy usullar:

Avto halokat...

Xilvat yerlarda mavh etish...

O‘zini – o‘zi o‘ldirganga chiqarish...

O‘g‘irlab ketish...

Ming xil yo‘l...

54

Ming xil usul...

Qamoq, qiynoq, tuhmat, fitna... usullari ham isloh qilingan...

Tuzm erkin fikrlovchi kishilarni hazm qilolmaydi, ularni yo‘q etish maqsadida turli fitnalar ishlab chiqqan.

Eng Mudhishi:

TUHMAT...

Bir misol:

El e‘tiboridagi ob‘ektlarni yoqish, yoxud portlatish...

Tushunyapsanmi:

Yoqish,

Portlatish...

Yoki uyiga qurol tiqish...

Gitler o‘z shaxsiy dushmanlaridan o‘ch olish uchun Reyxstagni yoqqan va buni ularga to‘nkagan. Uzun yillar kecharoq buni dunyo endi bilyapti. Biroq kech. Chunki bu mash‘um fitna oqibatida son – sanoqsiz yozuqsiz kishilar qatl etilgan, qamalgan, qiynoqqa solingan...

Professor Mariya xonim Lelingradga qaytish onlarida, ovloq yerda* menga ushbu gapni aytgandilar:

" – Yer yuzida davlat mafiyasidan kuchli hamda yovuz mafiya yo‘q.

U har qandoq tubanlikdan qaytmaydi.

Undan ehtiyot bo‘l"

Men bu gapning mag‘zini endi chaqayapman.

O‘sha kuni, o‘sha ovloq yerda gapdan – gap chiqib, menga yana bunday degandilar:

" – Tangri ko‘rsatmasin, aql, ilm – fan yomon maqsadda qo‘llanilsa, yer tuzatib bo‘lmas halokatga yo‘liqadi..."

Professor xonim ta‘sirimi, bilmadim, ba‘zan, menga ham o‘zgacha o‘ylar chirmashib oladi:

" – Odam bolasi ilm – fanni tobora teran egallayotgani sari u yirtqichlashib borayotgandek tuyuladi".

Yahudiy xonim bilan Oqgulning fikrlaridan kelib chiqqan holda men dedim:

– Tabiat "vahshiy"ligiga qaraganda, inson vahshiyligi yomon. Hatto uning payoni yo‘q.

Tabiat "vahshiy"ligi, menimcha, yerdagi hayot muvozanatini saqlash uchun Tangri qonunlari asosida yuzaga keladi.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Ovloq yerda – Sokolning bog‘ uyida.

55

Inson vahshiyligi nafs, xudbinlik, ulug‘ millatchilik, mafkuralar sababli ro‘y beradi.

Bu yovuzliklar ichida eng razili:

Soxta mafkura...

Soxta mafkuralar...

Uning oldida eng kuchli zilzila ham halvo.

Eng kuchli vulqon ham.

Soxta mafkura(ichida va yo ochiqcha) Xudoni ham tan olmaydi. U har qanday yovuzlikdan qaytmaydi. U bizning yo‘limizda o‘lat misol turibdi...

Aql bilan harakat qilsak:

Har qandoq to‘fondan ham saqlanamiz.

Tangri nasb etsa:

Soxta Mafkura xurujlaridan ham...

Agar har sir to‘rtovimizning oramizda qolsa, Kengash bilan ish yuritsak, yo‘limiz ochiq bo‘ladi...

– Menimcha, to‘g‘ri talqin. – Oqgul mening fikrimga qo‘shildi, – Endi, senga xalaqit bermaylik, Evril. Sen yoz. Keyin uni "Oq tug‘"da ko‘ramiz.

Qizlar ketishdi.

Orzu – umid bilan ketishdi.

G‘am, xavotir bilan ketishdi.

Men buni his etarkanman, ularga ko‘nglimdagidek ko‘mak berolmasligimni o‘ylab, qon yutdim. Ayni chog‘da Bektemirni ham iloj – imkonsizligimizdan ezilayotganini tuydim.

Qanchalar og‘ir!..

Qanchalar qorong‘u!..

Biroq shu zulmat ichidan nur axtarishimizni o‘zi bizga kuch – quvvat, umid bag‘ishlardi va bundan biz o‘zimizni baxtiyor sezardik.

Onam keldi. Qizlarni yo‘lda ko‘rganini, ular ko‘zga yaqin bo‘lib qolganini, o‘tgan – qaytganlarning e‘tiborolarini tortayotganini aytdi. So‘ng bizga sinchkov qarab, qo‘shimcha qildi:

– Ikki kas ularga surkalayotgandek bo‘ldi. Yo menga shunday tuyuldimi, bilmadim.

Bektemir: " – Men hozir kelaman" – deya qizlar tomonga chopdi.

Onam bu gapni aytganiga pushaymon yedi va uning orqasidan hay – haylab qoldi:

– Hoy, to‘xta bolam, to‘xta!

Bektemir eshitsa ham, eshitmaslikka oldi, to‘xtamadi.

56

Qizlar uylariga yaqinlashganda, u qadamini sekinlatdi. Ularning izidan borayotgan ikki yigit yo‘l chetiga o‘tishdi. Bir – biri bilan allanimalar haqida pichirlashdi. "Belamor" tutatishdi.

" – Ular bu yerlik emas, – ko‘nglidan o‘tkazdi Bek, – kelgindilar".

U bolaligiga bordi. Ichki tug‘yonini jilovlolmadi. Ikkovlonga bo‘ri kabi zahar sochib qaradi. Ular bunga e‘tibor berishmadi. Hatto parvo qilishmadi. Birinchi shaxtadan chiqqan tosh tizmalari sari yurishdi.

" – Uchqulochni bilishadi, – dedi o‘ziga-o‘zi Bek, – qandoq bilishadi? – U hayron bo‘ldi va undagi qiziquv ortdi. O‘zi sezib-sezmay ikkovlonning iziga tushdi.

Xuddi shu soniyada men Bektemirga yetib oldim.

– Nega kelding? – To‘ng‘illadi u norozi ohangda.

– Sening fe‘lingni bilmaganimda, kelmasdim.

– Nima?..

– Qoning tez, goho o‘zingni boshqarolmay qolasan. O‘z kuchingga ham ortiqcha ishonasan.

– Ikkovini ham to‘kib tashlayman!

– Og‘izda.

– Jig‘imga tegma!

– Agar ular chindan ham GPU bo‘lsalar, maxsus maktabni bitirganlar: Karate, U – ShU, KUN – FU larni suv qilib ichganlar.

– To‘qima.

– Soddasan, do‘stim.

– Basharalarini buzib qo‘yaman!

– Hovliqma, o‘pkangni bos. Ular doim qurol bilan yuradilar.

– Bek o‘ylanib qoldi.

– Kuzatishga shaxta etagidagi huv anavi tepa qulay.

– To‘g‘ri, Evril.

20

Yo‘lni kesib, so‘lga yugurdik. Qovjiroq o‘tlar bosgan tepaga esa sezdirib qo‘ymaslik uchun deyarli o‘rmalab chiqdik va toshlar panasiga o‘rnashdik.

Bu yerdan butun atrof yaqqol ko‘rinmoqda. Qizlarning uylari ham. Shimolda, Uchqulochga kiraverishda, bir – birlarining ustilariga qat –qat o‘laroq taxlangan uzun – uzun og‘och qutilar ham. Ularning ichlariga burg‘u tsexlaridan chiqqan (bodring uzunligi va yo‘g‘onligidagi) silliq,

57

ko‘kish, tovlanuvchi toshlar terilgan. Bu qimmatbaho qutilar bir gektardan o‘nja* yerni ishg‘ol etadi. Ularni yerlilar emas, o‘rislar qo‘riqlaydilar.

Boyagi ikki yigitdan biri, bo‘yi uzunrog‘i go‘yo shunchaki bir loqayd qiyofada tegraga ko‘z yugurtirdi. Ikkinchisi qutilar orasidan "Ij" mototsiklini olib chiqdi. Ular qo‘riqchiga bir so‘z yo rahmat aytmay pastak tog‘lar etagidagi chag‘ir toshli so‘qmoqdan "Xonbandi" tomonga uchishdi. Ortlaridan tutun aralash chang – to‘zon ko‘tarildi.

Bektemirning yuzi bo‘z tusiga kirdi. Tomog‘iga bez qalqdi va u asabiy o‘ynay boshladi.

– Esingdami, Evril, quduq boshida senga tushumni aytganim.

– Nimaydi?

– Shundan qo‘rqayapman.

– U tush...ko‘p o‘ylash oqibati... – Men Bektemirga taskin berdim.

Ammo o‘z gapimga o‘zim ishonmadim. Shunda, bexos, boshimda ushbu so‘z tentak qo‘y bir yerda aylangani kabi aylana boshladi:

"Tush... Ikki kas..."

"Tush... Ikki kas..."

"Tush... Ikki kas.."

O‘zimni qo‘lga olishga har chand urinmay, ololmadim.

"Tush... ikki kas..."

Tush so‘zi miyamni majaqlab kecharkan, allaqandoq mavhum, mudhish xavfni ajdar misol pisib, o‘rmalab kelayotganini xayol ko‘zi bilan ko‘rdim. Yo‘q, ko‘rgandek bo‘ldim. Bundan junbushga keldim.

– Sen menga tasalli beryapsan – u, biroq o‘zing ham qo‘rqayapsan.

– Senga shunday tuyulayapti.

– Meni ayash uchun yolg‘on so‘zlama.

– Chin.

– Odamning ichidagi yuz – ko‘ziga chiqadi.

– Men o‘ylayapman.

– Nimani?

– Odamni qiynama.

– Ichingdagini ayt, bilishni istayman, juda istayman.

– Bo‘ron og‘aning so‘nggi o‘tinchi haqida... – dedim men uni Tush va ikki kasdan chalg‘itish uchun noiloj, – do‘stim, mabodo, bizni kuzatayotgan bo‘lsa, bu uncha xavflimas.

– Bo‘lmasa, sen nega qo‘rqayapsan?

------------------------------------------------------------------------------------------------

* O‘nja – ortiq, ko‘p, oshiqcha.

58

– Onam aytgandek: men ham ojiz bandaman, har narsa xayolimga keladi. Endi, Bek, odamni ko‘p ezma. Xudo xohlasa, bari o‘z iziga tushadi. Menimcha, bizni "jim yursin" deb qo‘rqitib qo‘ymoqchi. Boshqa maqsadi bo‘lganda, cho‘zib o‘tirmasdi...

– Ishqilib shunday bo‘lsin – da, Evril, lekin, men bunga uncha ishonmayman. Oqgulning o‘zi ham qo‘rquvda. Uyqusida ham halovat yo‘qday. Ozib ketdi. Ammo sir bergisi kelmaydi. Dardi ichida.

– Irodali qiz, – dedim men va uni chalg‘itish umidida gapni o‘zga mavzuga burdim, – imtihonlarni tugatishga ham sanoqli kunlar qoldi, Bek. Bir tuzuk tayyorgarlik ham ko‘rmayapmiz.

– Hozir ko‘ngilga imtihon sig‘adimi, Evril? "3"ga javob bersam, bas, ortig‘i kerakmas.

– Tushkunlikka tushaverma, do‘stim, ketdik.

– Sen boraver, men keyin...

– Yur.

– Bir ishim bor... keyin...

– Meyli... Kechki yemoqqa barak* bilan qatiq degandek... kutaman...

– Meyli, Evril.

Men tepadan og‘ir o‘ylar qurshovida enarkanman, nechundir, kutulmaganda, mening boshimda ushbu so‘zlar bong urdi:

" – Bir muammo chiqarmasa bo‘lgani".

21

Bektemir o‘zicha miyasida "pishirgan ish"ni amalga oshirish uchun uyiga* bordi. "Pravda" gazetasiga o‘qlovidek uzun, yo‘g‘on temirni o‘radi. Uni kandir ip bilan aylantirib bog‘ladi. Limonand shishasiga to‘ldirib tuz soldi. Yegulik, ichgulik oldi va tepaga qaytdi.

Bu onda quyosh qontalash ufqqa singib borardi. U odamga bevaqt, yovuzona uzilgan, so‘ng keraksiz narsaday uloqtirilgan, buning oqibatida qizg‘ish-sarg‘ish rangli gullari to‘zg‘ib, to‘kilaroq yumalayotgan kungaboqarni eslatardi. Qizilqum va tog‘ toshlari bir-biriga qotilaroq Uchqulochga so‘nggi "o‘t"larini purkardi. Havo bo‘g‘iq, dim.

----------------------------------------------------------------------------------------------

* Barak – chuchvara.

* Bektemir Uchqulochda qarindoshining uyida yashardi. Lekin ko‘p vaqtini biznikida o‘tkazardi.

59

"Madaniyat uyi" qarshisida – raqs (tantsa) maydoni tevaragida soqchilardek hissiz turgan "O‘risog‘och "*larning barglari "qilt" etmasdi.

22

Tun og‘di hamki, ikki kas qaytmadi. Endi Qizilqum bilan tog‘ toshlari sovugan, qarong‘ilik ostida mudrayotgan yer uzra salqin epkin esayapti. Bektemir barak, qatiqdan o‘zini – o‘zi qiyganiga o‘kindi. Non yeb, suv ichdi.

Biroq ko‘zini chiroqlar (tsvet) nurida g‘ira – shira ko‘rinayotgan Oqgullar uyi bilan "Oltintosh ombori"* dan uzmadi.

Uchqulochda odam urug‘i ko‘rinmaydi. Hatto bir it yo bir mushuk ham. Go‘yo hayot yo‘qdek. Oysiz osmondan yulduzlar to‘kilmoqda. Bektemir umid va umidsizlik "qozon"ida qovrildi:

"– Hozir kelishadi... hozir... Yo‘q, kelishmaydi. Balki, ular "Oltin tosh" omboriga o‘z yumushlari bilan kelishgandir? Shu bahonada Uchqulochni aylanishgandir? Yo‘q, qizlar bilan izma – iz yurdilar. Buni men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Saodat enam ham: "Ikki yigit qizlarga suykalayotgandek bo‘ldi" – dedilarku. Dedilaru, ammo ko‘zga yaqin qizlarga kim ham suykalmaydi? Lekin... lekin ularning ko‘zlari sovuq edi..! Mening sezgim aldamasa, ular qizlarni ta‘qib etdilar. Ta‘qib!.. Ular iskovichlar. Ha, iskovichlar. Buni yuragim sezayapti. Hozir kelishadi, hozir..."

Nihoyat, soat ikkidan oshganda uzoqdan mototsikl chirog‘i(farasi) ko‘rindi. So‘ng ovozi eshitildi Bekning yuragi gurs – gurs ura boshladi. Tizzalari qaltiradi.

Mototsikl tegrasi tikonli simlar bilan o‘ralgan "oltintosh" ombori qopi*si yoniga kelib to‘xtadi. Undan boshdan – oyoq qora kiyingan ikki kas tushdi. Bek xira yog‘duda ularning basharalarini aniq ko‘rolmadi. Millatlarini ham aniqlolmadi. "O‘shalar bo‘lsa kerak?" – deb o‘yladi.

Ular negadir "IJ"ni kunduzgidek qutilar orasiga bekitmadilar.

Bektemir: " – Chuqur, kimsasiz tun uchun ... – dedi o‘zicha, – hamda qochib ketishlariga qulay bo‘lishi uchun..."

------------------------------------------------------------------------------------------------

* "O‘risog‘och" – O‘rusiyadan keltirilib ekilgan, nina bargli daraxtni yerli aholi shunday atardi. U zamonda Uchqulochda boshqa og‘ochlar yo‘q edi. Ayrim hovlilardagi bir – ikki tup og‘ochlar bundan mustasno.

* Oltintosh ombori - El shunday atardi.

* Qopi – darvoza

60

Ikkovi qopiga o‘rnatilgan eshikdan "Oltintosh" omboriga kirishdi. Ajablanarlisi shuki: hech yoqqa qarashmadi. Qarashganda ham sim chiroqlarning xira yog‘dusidan qorong‘ilikdagi narsalarni ko‘rishlari qiyin edi.

Bektemir o‘zi tuzgan reja bo‘yicha harakatga tushdi. Temir tayoq bilan shishani qo‘lga oldi va "IJ" turgan yerga kalamushni ko‘rgan yovvoyi mushukdek sezdirmay endi. Qo‘lromolchasi bilan benzin baki qapqog‘ini burab ochdi. Uning ichiga shishadagi tuzni ag‘dardi. Qopqoqni yopdi. Va o‘ljasini poylab borayotgan qoplondek Oqgullarning uyi tomon pisib yo‘naldi. Shishani shuvoqzorga otdi. Uning yuragi qinidan chiqib ketgudek bo‘lib, qattiq, tez, gupulab urar va buni o‘zi ham eshitib borardi.

Bir pasda Marvaridlarning molxonasiga yetdi. Nafasini rostladi. Molxonaning orqa tomoni pastak toqqa taqalganiga devorsiz edi. Ikkita yirik tosh olib tomga chiqdi.

El quyiq uyquda. Hatto itlar ham. Yer ham "Qora choyshab" ostida tosh qotgan.

Molxonaning so‘l biqinida "Buzoqboshi"larning, o‘ng yoqida Oqgullarning nomiga ohaklangan uylari joylashgan. Olchoqlar molxona yonidagi yo‘lakdan o‘tadilar. U zamonlarda Uchqulochda hovlilar devorlar bilan to‘silmagan bo‘lsa ham, uylar zich joylashgani uchun o‘tishga boshqa so‘qoq yo‘q edi.

Bektemir xafsiz va ko‘z ilg‘amas "makon"daligi sababli o‘zini bosib oldi. "Pravda" gazetasiga o‘ralgan temir bilan toshlarni oldiga qo‘ydi. Olchoqlarni kutdi.

" – Otmasalar meni ololmaydilar, – dedi Bek ishonch bilan o‘ziga – o‘zi, – otishga qo‘rqadilar. "El uyg‘onib ketadi" – deb qo‘rqadilar. Yana kim biladi? Yo‘q , otishmaydi. Qaysi aybim uchun otishadi? Odamni o‘ldirish – pashshani o‘ldirishmas. Otishga qo‘rqadilar. Otish uchun sabab ham kerak. Otishga loyiq sabab. Ularda bu narsa yo‘q. O‘zlarining orqalari kir... Oqgulning olishga kelgan sirlari ochilib ketsa, o‘zlarini tirik qo‘yishmaydi... Ular meni to‘pponcha bilan qo‘rqitadilar, xalos. Lekin ushlab olsalar mayib qilishadi. Yo‘q, meni tiriklay ushlolmaydilar. Hozir men ularni boshlarini qovoqdek pachaqlayman!"

Bek o‘zining gapidan o‘zi ruhlandi.

O‘n daqiqa kechmay, qora niqob kiygan kaslar bir sharpasiz ko‘rindi.

" – Bu to‘ng‘izlar yurishni ham mashq qilishgan. – Bektemir o‘ng qo‘liga tosh oldi. – Xuddi ilondek sezdirmay kelishyapti. Uzuni baquvvatdek. Avval uni majaqlayman! So‘ng kaltani! – u o‘z so‘ziga ishondi.

61

Ishonsa ham yuragining bir chetida vahm ham bordek edi. Ana shuning natijasi o‘laroq ko‘nglida ushbu so‘zlar barg yozdi:

" – Yaratgan Egam! Menga qo‘rqmas ruh ber, iroda, kuch ber! Oqgul uchun o‘lsam mayli. Faqat olchoqlarni majruh qilib o‘lay. Ko‘mak ber Tangrim!" – Bek o‘zi bilmagan holda takrorladi:

Ko‘mak ber, Tangrim!

Ko‘mak ber, Tangrim!!

Ko‘mak ber, Tangrim!!!"

Olchoqlar molxona yoniga kelishdi. "Manzil"ga bir necha qadam qolganigami, to‘xtashdi. Qarong‘ida hech narsa ko‘rinmasa ham, har yonga qarashdi, quloq tutishdi. Hammayoq teran sukunatda.

– Tishina, – pichirladi Kalta.

– Myortviy tishina, – uni tasdiqladi eshitilar – eshitilmas sasda uzun.

– Ubryom!..

– Bezisledno!..

Ularning orqalarida qudratli tuzm turganligi ovozilaridan ham sezilib turardi. Shu bilan birga ikkovining ham o‘z kuchu to‘pponchalariga ishonchlari zo‘r edi. Buni Bek ichki bir tuyg‘u bilan his etdi.

O‘ziga, o‘zlariga... haddan ortiq ishonish ham, har vaqt foyda beravermaydi. Shungami, shu lahzada o‘zlariga hujm bo‘lishini xayollariga ham keltirishmasdi. Buning ustiga ular yerli eldan "o‘t" chiqishiga ishonmasdilar.

Oqgulning uylari tomonga oyoq uchlarida yo‘naldilar. Buni qo‘rquvdan emas, ehtiyotkorlik yuzasidan, ya‘ni biron kasni uyg‘otib yubormaslik uchun shunday kildilar, Xuddi shu payt Bek toshni kuch bilan siltab, Uzunning boshiga tashladi.

– Oh!!! – Uzun gandiraklab ketdi. Uning ko‘z oldida yeru ko‘k ostin – ustun bo‘lib aylandi. Qo‘lidagi to‘pponcha qayergadir uchib ketdi. Boshiga bolta bilan urilga to‘ng‘izdek to‘zg‘ib quladi.

Kalta kutilmagan bu holdan gangib qoldi. Ayni shu soniya Bektemir o‘ta epchillik va aniqlik bilan uning boshiga ikkinchi toshni otdi.

– Mama!!! – U ham yer tishladi. Qo‘lidagi to‘pponchasi sirg‘alib tushdi.

Eski – eski zamonlardan beri yer yuzida: "Omad" degan so‘z yashab keladi. Agar uning qa‘tida zig‘ircha haqiqat bo‘lmaganda, odam bolasi uni alla qachonlar unitib yuborardi.

Omad!..

O‘n besh yoshli bolaga bu chinakam omad edi.

62

Yirtqichga aylangan Bek yo‘lbarsdek shiddat bilan tomdan uzunning ustiga sakradi. Uni o‘ldirib qo‘ymaslik uchun kallasiga qayta urmadi. Bekning bu muruvvati Uzunga rahm kelganidan emas, aksincha g‘azab – nafrati oshganidan edi. U Uzunni ham, Kaltani ham umrbod yurolmasliklarini, hayotlarini it azobida o‘tkazishlarini ta‘minlamoqchi edi. Shu sababli Bek "Pravda" gazetasiga o‘ralgan temir bilan uning tizzalariga bor kuchi bilan ketma – ket urdi. So‘ng umrtqasiga ham... U qonga botdi. Bek uning ko‘krak cho‘ntagidan kimli*gini oldi va o‘zining ko‘ylak cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Biroq Uzunning basharasidagi qora niqobni yechmadi.

Bektemirning qo‘rquvdan, rahm – shafqatdan asar yo‘q yuz – ko‘zu, azoyi badani yonmoqda. Yuragi deyarli bir maromda urardi, faqat u: " – Biron kishi tanib, sezib qolmasa..." – deb cho‘chirdi.

Bek "Pravda"ga o‘ralgan temir bilan Kaltaning ham umurtqa va tizzalarini majaqladi. U ham sherigidek qonga qorildi. Bek tez hamda sovuq qonlik bilan uning ham ko‘krak cho‘ntagidan kimligini sug‘urdi va shimining cho‘ntagiga tiqdi. Ammo niqobiga tegmadi. Uning yuz – ko‘zida zarracha ham achinish belgisi ko‘rinmadi. Qaytaga u rohat qildi. Yasharib, yashnab ketdi. O‘zini arslondek qudratli his etdi.

23

Kishi ko‘zi ilg‘amaydigan pana-pastqam yerlardan yurib u bizning uyga keldi. Hali tong otishiga bor. Qorong‘i. Oy yo‘q. Havo salqin.

Kulbamiz bir xona, bir ayvondan iborat. Shunga men yoz tunlarini supada o‘tkazaman. Bundan mo‘l – ko‘l bahra olaman. Ochiq, toza, salqin havoda oy – yulduzlarga qaragancha xayol surish, tafakkur dengiziga sho‘ng‘ish, o‘tmish va kelajak haqida o‘ylab yotish zavqli.

Bu tun men Oqgulni qanday qismat kutayotgani haqida o‘yladim.

O‘z – o‘zimdanmas, ataylabmas, allaqandoq yot kuch ta‘sirida o‘yladim. O‘yimning tubiga yetmadim. Ko‘zimga uyqu kelmadi. Boshim g‘ovlab ketdi.

Shunday pallada, ayvonning qiya ochiq eshigidan "oqayotgan" chiroqning xira yog‘dusida do‘stimni ko‘rib sevindim. U o‘zini xotirjamdek tutsa ham, men uni go‘dakligimdan bilganimga:

" – Bek ko‘ngilsiz bir ish qilganmi, deyman? – dedim ichimda, - uning yuzi qordek oqarib, ko‘zi qondek qizarib ketibdi.

Nima bo‘ldiykan? Nima?!.."

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Kimlik – kimsaning kim bo‘lib ishlashini bildiruvchi hujjat.

63

Shunda, nogoh, mening ko‘zim Bekning ko‘ylak, shimidagi va allanima o‘ralgan "Pravda" gazetasidagi qizil dog‘larga tushdi. Bundan vujudim muzlab, titrab ketdim.

– Tinchlikmi?!! – dedim bo‘g‘ilib va to‘shakdan qandoq qalqiganimni o‘zim ham sezmay qoldim.

– O‘zingni bos, Evril, sekin gapir, – dedi Bek yalinchoq aralash qat‘iy ovozda.

Men holsiz bir tarzda to‘shakka cho‘kdim. U qarshimga unsiz o‘tirdi. Mo‘‘jaz hovli tag‘in sukunatga ko‘mildi. Ochiq derazadan to‘lgan oy shaklidagi, zanjiri uzun soatning "chiq...chiq..." degan sasi kelmoqda. Xonada onam uxlayapti. Birdan mening miyamda ushbu fikr bomba misol portladi:

" – Bek kimnidir o‘ldirib qo‘ygan!.."

Men o‘z so‘zimdan o‘zim dahshatga tushdim. Va savolimga javob ham kutmasdan Bekka buyurdim:

– Tez usti-boshingni yech!

Bek bir so‘z demay yechinarkan, men ayvondan oniy tezlikda bir chelak suv, krujka, sovun va tog‘ora olib chiqdim. Uning boshi bilan yelkalaridan suv quyib turdim. U boshdan – oyoq sovunlab yuvundi. Oq sochiqqa artinarkan, men uning iltimosiga binoan ko‘ylak va shimidagi kimliklarni olib, ko‘zdan kechirdim:

KGB!..

Qo‘rquvdan tizzalarim qaltiradi. O‘tirib qoldim. Lekin qandaydir g‘oyibiy kuch ta‘sirida qayta qalqdim. Kimliklar bilan birga Bekning ko‘ylak – shimi, tuflisi va titilib ketgan "Pravda" gazetasini o‘choqda yoqdim. Kulini hovli to‘ridagi yozil*maga tashladim. Temirni ham. Qachonlardir qaysi bir kitobda o‘qiganim asosida shunday qildim. Bundan tund ko‘nglim sal yorishdi.

Bektemir boshqa shim, ko‘ylagini kiydi. "Men odatdagidek unga ham supaga to‘shak yozib qo‘ygandim. U yechinmasdan:

– Evril, do‘stim, hozir mendan hech nima so‘rama, – dedi va ikki qat qilib taxlangan ko‘rpaga o‘zini tashladi. Bir zum o‘tmay tosh qotdi.

" – Nima bo‘ldiykin?.." – deb o‘yladim va shu asnoda asta – sekin uyquga ketganimni o‘zim ham sezmay qoldim.

Quyosh o‘zining oltin nurlari bilan Uchqulochni tandir kabi qizdirayotganda uyg‘ondik. Onam ishga ketgan ekan. Men bir paqir suvga cho‘mildim. Bek ham. Chuchvara yeb, qatiq ichdik. So‘ng maktabga yondik.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Yozilma – hojatxona – tualet.

64

Yo‘lda men Bektemirga:

– Tunda sen bir "nojo‘ya ish qilganingni sezib turibman" – dedim, – lekin do‘stim, har doimgidek o‘zingni erkin tut. Bu muhim. Juda muhim. Uqdingmi?

– Har qalay bobong oqsoqol o‘tganda, – to‘ng‘illadi u menga kesatiq ohangida va qovog‘ini uydi.

Men bunga e‘tibor bermadim. Unga teran sinchkovlik bilan sezdirmay razm soldim. Chetdan qaragan kimsa, hatto ulug‘ ruhshunos ham Bekning yuz-ko‘zida qo‘rquvu xavotir zohirligini uqishi mushkul edi.

Shunda, tuyqus, mening ko‘z o‘ngimda u Bog‘donda Mavlon qoraning qopag‘on itini bir urib o‘ldirib qo‘ygan lahzadagi manzara jonlandi:

Mavlon qora telbadek baqirib, Bekka o‘roq bilan otildi. Qo‘ni – qo‘shnilarning damlari ichlariga tushib ketdi. Bektemirning yuz – ko‘zida esa qo‘rquv yo‘q edi. U o‘z kuch, irodasiga ishongan holda Mavlon qoraga tik boqib turdi. U Bekning ko‘zlari yo‘lbarsning ko‘zlaridek yonayotganini ko‘rdi. Bundan uning yuragi uvushib ketdi. U birdan to‘xtadi va:

" – Qizzig‘ar!" – deya chinqirib, o‘rog‘ini yo‘ng‘uchqazorga uloqtirdi.

Shunda qishloq muazzini Sattor So‘fidek keksa kishi ham hayratlandi:

" – Ko‘z tegmasin, bu bolaning tog‘dek yuragi bor!.."

Bu gapning mag‘zini men hozir, ayni shu damda o‘shandagiga nisbatan teranroq chaqqanimni his etdim...

24

Fizikadan imtihon topshirdik:

Oqgul va Marvarid a‘lo baho olishdi. Bektemir to‘rtga topshirdi. Men fizikadan oqsaganim uchun uchga tortdim.

Avval aytganimdek Oqgul hamma fanlardan a‘loga o‘qirdi. Ayniqsa, u fizika, matematika, astronomiya fanlari dengizlarida baliq misol erkin suzardi.

Oqgul o‘ninchi sinfni tugatishi bilan Londondagi Oksford universitetiga o‘qishga kirish niyatida edi. Go‘zal qizchaning tug‘ma iste‘dodini payqagan professor Mariya xonim Oqgulga shunday fikr bergan va bunda o‘zining xolis ko‘magini ayamasligini aytgan edi:

" – Sen tashvish tortma, qizalog‘im, ota – onagni urintirib qo‘ymaymiz... Erkin dunyoda yashab, o‘qishni hali sen tasavvuringga ham sig‘dirolmaydigan o‘zgacha zavqi, ma‘nosi bor...

65

Menga Tangri bola bermadi, esingda bo‘lsa, buni senga aytgandim. Men seni o‘z tuqqan onangdek bo‘lolmasam ham, o‘z tug‘ishgan xolangdek bo‘lishga harakat qilaman.

Senga ishonib, senga ko‘nglimni ochib aytsam, qizalog‘im, men ham ma‘lum bir muddat Londonda yashayman. Lekin hali bu reja. Xom reja... Ammo umrim poyoni Isroilda: Tel – Aviv yo Quddusda kechadi. Buni men Tangridan so‘rayman..."

Yahudiy xonim Oqgulning ota-onasi bilan ham kengashgan edi... Ish og‘zaki pishgan edi. Faqat Oqgul o‘rta maktabni bitirsa bas...

Kengashda yahudiy xonim mana bu so‘zlarni ishonch bilan aytganini men Marvarid orqali bilib olgandim:

" – Oqgulni yorug‘ kelajagi bor. Menimcha, u ulug‘ fizik – astronomik olima bo‘lib yetishadi. Oqgul bu fanlardan kashfiyotlar ham qiladi degan umiddaman..."

Professor Mariya xonimning Oqgulga muncha jonkuyarlik qilayotgani sababi to‘g‘risida ko‘p o‘ylaganman. Hozir imtihondan qaytarkanmiz, tag‘in, ixtiyorsiz bir ravishda xayolim shunga qochdi:

" – Mariya xonim yahudiy, Oqgul o‘zbek. Biri Yaxudo dinida, biri Islom. Millatu din nuqtai nazaridan qarasam ham, bir – biriga yot.

Yoshlari orasidagi tafovut ham ulkan. Yahudiy xonim oltmishni qoralayapti. Oqgul o‘n beshni.

Biri yirik olima.

Biri o‘quvchi.

Marvaridning aytishicha: Mariya xonim bilan Oqgul do‘stligiga Bo‘ron og‘a sababchi bo‘lgan. Sokol orqali. Biroq,bu ham do‘stlikni bunday chuqur tomir otishiga tub asos bo‘lolmas.

Balki, bu tiniq do‘stlik – ilm-fanni sevish tuyg‘ulari sababli teran ildiz yoygandir?

Yo bo‘ronli e‘tiqod tuyg‘usimi?..

Yo Oqgulning kelajagiga ishonch tuyg‘usimi?

Yo mehr – muruvvat tuyg‘usimi?

Yer yuzida oz bo‘lsa ham bunday tuyg‘ular bilan yashayotgan kimsalar bor. Menimcha, ular bilan hayot ziynatli.

Ularni mayib – majruhlarga, qarovsiz qolgan go‘daklarga moddiy yordam berishayotganini ham, qashshoq, lekin iqtidorli yoshlarni oliygohlarda o‘qitishayotganini ham eshitganman. To‘g‘risi, menga bular juda uzoqlarda, chet ellarda yuz berayotgani uchunmi, yolg‘ondek tuyulgan. Biroq, keyin, ya‘ni Bo‘ron og‘aning dalil – isbotlar bilan g‘arq gapidan keyin bularga inonganman.

66

Professor Mariya xonimdagi Oqgulga bo‘lgan tuyg‘u qandoq tuyg‘u? Men bunga aniq javob berishga ojizman.

Balki, bu samimiy do‘stlik o‘zagini o‘zbekning:

" Mehri tushgan..."

"Ko‘ngli – ko‘ngliga to‘g‘ri kelgan..."

"Fe‘li – fe‘liga mos..." iboralaridan izlash joizdir..."

– Evril, anavi turqi sovuq izimizdan kelyaptimi? – Marvarid xavotir aralash past tovushda mening biqinimga hech kimga sezdirmay sekin turtdi.

Men cho‘chib o‘zimga keldim. Xayolim kuchli shamol sovurgan tumandek sovrildi.

Biz bu paytda birinchi shaxta yaqinidagi kesishuvga kelib qolgandek. Shaxtadan chiqarilgan qir baravar toshlar ustiga o‘rnatilgan temir yo‘lchada yukli, yuksiz vagoncha*lar u yoqdan, bu yoqqa sharaqlab qatnayotir. Havo lovullab yonmoqda. Ko‘cha piyodalarga to‘la.Men sezdirib qo‘ymaslik uchun turqi sovuq nusxaga qaramadim. Bekka boqdim. U men o‘ylaganimdan ham ko‘ra xotirjam edi. Men ichimda:

* – Bek, aziz do‘stim, – dedim, – sening asabing metindan yaralganga o‘xshaydi. Irodang ham. Sattor so‘fi seni:

"– ... Tog‘dek yuragi bor..." deb bekorga aytmagan.

Odatdagidek kesishuvda to‘xtadik. Turqi sovuq kimsaga hech birimiz (ataylab) e‘tibor bermadik. U ko‘z qiri bilan Bekka boshdan – oyoq razm solib o‘tdi. Menga ham. Men uning chuvak yuzini, kul rang, sovuq ko‘zini eslab qoldim. U o‘zbek edi. Ammo ko‘zlarimiz to‘qnashmadi. Biz bundan o‘zimizni tiydik.

Hech ayb ish qilmasam ham, Bekdan xavotir olganim uchunmi, mening tizzalarim o‘zimga bo‘ysunmadi: titradi. Bektemirning botinida nima kechayotganini bilmadim, bilolmadim. U o‘zini tabiiy tutardi. Nazdimda, hozir uning oldida Amerikaning dongli kino aktyori ham ip esholmasdi. Men hayajonlanayotganimni sezdirmaslik uchun qizlarga dedim:

– Endi, so‘nggi imtihon qoldi. Uch kundan so‘ng. Matematikadan. Menga qiyin... Shu fan yoqmaydi.

– Agar to‘rtga tortmasang, uch naqd...

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Yukli – yuksiz vagonchalar – bu vagonchalar shaxta qa‘ridan kavlab olingan turli ranglarda tovlanuvchi toshlarni tepaga – tosh "qir" adog‘iga olib borib to‘kib qaytadi.

67

– Tangri biladi, Bek.

– Har narsaga Tangrini tiqishtiraverma, - jerkidi Bektemir.

– Kanikulda hech yoqqa ketmaysizlarmi, bolalar? – So‘radi Oqgul.

– Men ishlayman. Onam bilan o‘zimga qishki kiyim – bosh olish niyatidaman.

– Sen – chi?

– Men ham, Oqgul. Otam kichik xotini bilan ketgan... Men onamning ko‘nglini olishni istayman. Juda istayman.

– Fikrlaringni quvvatlayman, bolalar.

– Kelishganimizday, har bozor kuni toqqa chiqamizmi, bolalar? – Marvarid totli tabassum bilan bizga boqdi.

– Aytilgan gap, otilgan o‘q, – dedi Bek xuddi katta kishilardek. Uning do‘rulloq ovozida mamnunlik ifodasi barq urib turardi.

– Shu bozor kuni erta tongda, o‘sha sport formalar*ida, bolalar... – Oqgul tiniq jilmaydi. Shunda uning uyqusizlikdan siniqqan yuzi yorishdi. Quyosh yomg‘irdan ezilgan tunni haydaganda, olam ham shunday yorishadi.

Bektemir quvonganidan, xuddi bog‘cha chujug‘iday:

" – Ura!..." – deya chapak chaldi.

O‘tib – ketayotganlar bizga qiziqsinib qarashdi. Biz turqi sovuqning ham e‘tiborini tortdik. U huv bir chetda bizga yarim yuzlangan holda qandaydir sherigi bilan birga sigareta chekayotgan edi. Uning zahil basharasida g‘alati o‘zgarish yuz berdi. Qanday? U uzoqroqda bo‘lgani uchun men bu ifodani uqolmadim.

Ba‘zan, go‘daklikdan birga o‘sib – ulg‘aygan do‘stingni ham ayrim so‘z, qiliq, harakatlarini tushunmaysan. Men hozir Bektemirni tushunmadim. Uning tog‘larni behad sevishini bilaman. Unga qizlar bilan birga jilg‘alar kuylab, soylar shovullab oqayotgan makonda, o‘lmas qoyalar aro sayr etish yana ham zavq bag‘ishlashini o‘zimcha tasavvur qilaman. Lekin boshiga og‘ir ish tushganda, g‘am – g‘ussadan yiroq chujuqlarcha: "Ura!.." deya qichqirishini tushunmadim. Tushunolmadim. U buni ko‘ngliga qanday sig‘dirdi ekan? Yo artistlik qilyaptimi? Tub haqni bilish istagida Bekning ko‘zlariga tikildim. Artistlikdan asar ham yo‘qdek, sevinch tuyg‘usi chindek edi.

– Birga tushlik qilamiz, – Marvaridning gapidan xayolim qochdi, – otam qo‘y so‘ygan. Keyin kechgacha imtihonga tayyorgarlik ko‘ramiz.

------------------------------------------------------------------------------------------------

* Qizlarning sport formalari to‘q qizil, Bek bilan meniki havo ranglarda edi.

68

– O – key! – Bek ingliz tilini Oqguldek bilmasa ham, har qalay eplardi.

– Hozircha, bolalar, – qizlar qo‘llarini silkishdi.

– Hovuzga bir sho‘ng‘ib olmaymizmi, Evril? – Qizlar ketgach, so‘radi Bek, – Havo lovullab yonayapti. Hammayog‘imni ter bosib ketdi.

– Har zamonda sendanam tuzuk fikr chiqadi.

– Jig‘imga tegma, Evril.

Birinchi shaxta biqinidagi tepa ustiga to‘rt burchak shaklida qurilgan beton hovuz* tomon yurdik.

Adashmasam, uning bo‘yi bilan eni teng: 7x7. Chuqurligi taxminan uch metr. Shaxta qa‘ridan (bilakdek yo‘g‘on trubada) tiniq, tam‘siz suv chiqib hovuzga quyilmoqda. U lim – lim to‘lganda xuddi shunday hajmdagi quvurda suv tashqariga oqib chiqadi.

Hovuz tegrasi yoshlar bilan to‘lib – toshgan. Biz tosh ustiga yechindik. So‘ng men Bekka shivirladim:

– Mabodo, kiyim-kechagimizni biron kas titkilasa, shovqin ko‘tarma, aksincha, uni ko‘rmaslikka ol.

– Nega endi?

– Fahmimcha, ular qon dog‘larini izlashayapti.

– Kallang ishlaydi.

Hovuzda yigit – qizlar cho‘milishayapti. Bari o‘ris. Biz yuqoridan chopib enib, suvga kalla tashladik.

– Qandoq mazza! – Qichqirdi Bek suv ostidan sho‘ng‘ib chiqqach.

Men Bektemirga teskari o‘grilgan holda ust – boshimizga yer tagidan qarab turgandim. Va shu alpozda ataylab ruscha ohangda javob qaytardim:

– O, zo‘r!

Turqi sovuqning ikki ko‘zi bizda. Uning ko‘rkam chehrali sherigi kiyimlarimizni sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Men turqi sovuq turgan yerga suv ostidan tez suzib bordim.

– Zarra qon dog‘i yo‘q, top – toza... – Ko‘rkam chehrali kasning turqi sovuqqa aytgan so‘zlari qulog‘imga uzuq – yuluq chalindi.

Biz hovuzdan chiqqanimizda, ular jinlar kabi ko‘zdan o‘chgandilar.

Uyga yondik.

Quyosh tikda muallaq turgan holda, yerga ayovsiz o‘t yog‘dirmoqda.

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* Beton hovuz – hozir ham bu hovuz saqlanmoqda. 55 yil kecharoq tashlandiq holda.

69

Issiqqa chidash mushkul. Hamma o‘zini uyga urgan. Bitta – ikkita o‘tkinchi demasa, so‘qoqlar bo‘m – bo‘sh.

– Bek, menimcha, bu ikki nusxa hech kim yo‘g‘ida uyimizni ham titkilaganmi deyman?

– Mumkin. Biroq ochiq axtarishga qo‘rqishadi. Sirlari ochilib ketishidan qo‘rqishadi.

– Ishqilib odam o‘lmaganmi?

– Yo‘q.

– Tangriga shukr!

– Ammo o‘lgandan battar bo‘lgan.

– Sen mendan hech narsani yashirmay so‘zla. Bu muhim. Hammasini oqizmay – tomizmay so‘zla. Qayta aytaman, bu juda muhim. Chunki shunga qarab ish tutamiz...

Bektemir tunda kechgan voqeani istar – istamay menga aytdi.

Men qo‘rqib ketdim. O‘z – o‘zidan oyoq – qo‘llarim qaltiray boshladi. Bekni jahli chiqdi:

– Shunga senga aytishni istamagandim. Bundoqda sezdirib qo‘yasan, qush yurak, o‘zingni qo‘lga ol!

– Xo‘p – xo‘p, Bek, – O‘zimni idora qilishga tirishdim, – xo‘p, – biroq a‘zolarim o‘zimga bo‘ysunishni istamasdi.

– Qo‘rqma, mendan ko‘rmaydi. Yosh bola ikki "professional"ni yerga bukib tashlaganiga odam – ku odam, shayton ham ishonmaydi.

Bu gap menga biroz taskin berdi. Ammo, shunga qaramay, men Bekka o‘z so‘zimni aytdim:

– Tor o‘ylama, Bek. Bekorga gumonsiramayapti.

– KGB ishi shunday. U hammadan shubhalanadi. Hech kimga ishonmaydi. Tangriga ham.

– Sen buni qayerdan bilasan?

– Eshitganman... Biroq mendan ko‘rmaydi.

– E, yosh bola, yosh bola! Hali sen nonni "nanna", – deb yuribsan. Ularning cho‘ntaklaridan kimliklarini olayotganingda sening barmoq izlaring qolgan bo‘lsa – chi?

Bektemirning dami ichiga tushib ketdi. Yuzidan qon qochdi.

" – Shuni o‘ylamabmanda! – degan so‘z yuragini pichoqdek tilib o‘tdi. – Eh!.."

– Lekin, – dedim men Bekni o‘ziga keltirish uchun, – barmoq izlarini tekshirishdan oldin ular yashirin tarzda kimliklarni axtarishadi. Chunki sirlari ochilib qolishidan qo‘rqishadi. Shu vaqt ichida sen hech kimga sezdirmay, Qozog‘istonga surishing kerak.

70

Bektemir o‘zini qo‘lga oldi va sir bermay dedi:

– Ey, katta odam! Sen nima desang deyaver, agar men shunday qilmaganimda hozir Oqgulni oramizda ko‘rmasding.

Men shunda o‘z xatoimni anglab qoldim:

"Bektemirga dalda berish o‘rniga, uning ko‘nglini cho‘ktirayapman" – o‘zimdan – o‘zim norozi bo‘ldim.

– To‘g‘ri qilgansan do‘stim, – dedim Bekning ruhini ko‘tarish uchun dadil ovozda, – biroq, endi, bu yog‘iga ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Sal adashsak, jahannamga ketamiz.

– Bilaman.

– Menimcha, qizlar buni bilmaydilar. Yo‘qsa, bizga aytardilar.

– Bilmaganlari yaxshi.

– Men ham shunday deb o‘ylayman. G‘ulg‘ula yomon narsa...

– Fikringga qo‘shilaman, Evril.

KGB ochiq izlamaydi... Sen aytganingdek, siri fosh bo‘lishini istamaydi.

Zimdan "ish" ko‘radi.

– Endi Oqgulni qanday asraymiz?

– Tangridan so‘raymiz. Chunki bundan o‘zga ilojimiz yo‘q. Endi har qadamimizni kuzatadi. Endi, Oqgulning uyi ham to‘la nazoratda.

– To‘g‘ri, Evril, lekin bir yo‘lini topmasak bo‘lmaydi.

– Faqat bir yo‘li bor. El: "O‘zini asraganni Tangri asraydi" deydi. Endi Oqgul o‘zini juda ehtiyot qilishi, qosh qoraymasdan to kun yorimaguncha tashqariga chiqmasligi lozim. Men buni o‘ziga aytaman.

– Qachongacha shunday yuradi?

– Qora bulut tarqaguncha.

– Qachon tarqaydi?

– Buni aniq aytolmayman.

– Mujmal gap! – Bektemirning yuzi tirishdi.

– Buni hech kim aniq bilmaydi.

– Men bilaman: Qiyomatda!.. – Kesatdi u.

– Bo‘lmasa nima qilamiz?

– Bo‘ron og‘aning so‘nggi o‘gutiga amal qilamiz.

– Endi, buni iloji yo‘q.

– Seningcha shunday.

– Butun tuzmga qarshi ikkimiz!..

Esing joyidami? Majaqlab tashlaydi. Men bekorga o‘lib ketishni istamayman.

71

– Qo‘rqoq! – Bekning ko‘zi sovuq yiltiradi. – Men Oqgulni himoya qilaman!..

Bektemir bilan tortishmadim. Chunki uni bu yo‘ldan qaytarolmasligimni sezdim. Shu bilan birga men o‘zimdan – o‘zim nafratlandim. Biroq, baribir, borlig‘imni iskanjaga olgan qo‘rquv tuyg‘usini yengolmadim.

25

Onam bizni ostonada kutib oldi. Imtihondan qanday o‘tganimizni so‘radi. Aytdik. U mulohazali ayol edi. Meni uyaltirmadi. Ma‘yus jilmaydi va Bekni qutladi. So‘ng meni.

– Uyga kelib ketuvdilaringmi, bolalarim? – U bizga sinovchan ko‘z yugurtirdi.

– Nimaydi, Ona?

– So‘rayapmanda, bolam.

Men shu zahoti gap tubiga yetdim va onamning ko‘nglida vahm uyg‘otmaslik uchun unga yolg‘on so‘yladim:

– Ha, ona.

– O‘zing shundaymi?

– Bir narsani unutib qoldiribman.

– Nimani?

– Imtihonga tegishli qog‘ozni.

– Kiyim – kechaklarni titib tashlabsan, o‘g‘lim.

– Shoshiluvdim – da, ona.

Bektemir onamga sezdirmay menga ma‘noli boqdi. Men unga: "jim!" deganday suq barmog‘imni dudog‘imga qo‘ydim.

– Men bir noxush xabarni chala – chulpa eshitib qoldim, – dedi onam, – tongda qabulxonani supurayotgandim. Kon boshlig‘i shoshib kelib, o‘z kabinetiga kirib ketdi. Uning kayfiyati yo‘q, rangi o‘chgan edi. U sezmadimi, eshik qiya ochiq qoldi. Kimdir unga sim qoqdi. Aftidan, katta odam... Kon boshlig‘i uning savollariga javob berib turdi:

" – Ha, ikkovi ham chalajon... Ha – ha, hozir ularni "Kukuruznik"*da Toshkentga jo‘natdik... Ha – ha, shunday. "Oltin tosh" ombori qo‘riqchilari bir molxona yonidan topishgan... Ha – ha, ko‘p qon yo‘qotgan... Bilmadim, tirik qoladimi, yo‘qmi... Ha – ha, menam o‘g‘rilar deb o‘yladim...

-----------------------------------------------------------------------------------------------

* "Kukuruznik" – O‘sha yillari Forish tumani markazidan Toshkentdagi Sirg‘ali havolaniga uchuvchi uchoq.(samolyot)

72

Yo‘q – yo‘q, ovoza qilmaymiz... Yo‘q – yo‘q, aslo... Ha – ha, yopilgan qozon yopig‘ligicha qoladi..."

Ichimdagi g‘ulg‘ulani onamga sezdirib qo‘ymaslik uchun unga fikr ham bildirmadim.

– Ona, biz Marvaridlarnikiga shoshayapmiz, – dedim imkon qadar bosiq ovozda. – Tushlikni ham ularnikida qilamiz. Kechgacha imtihonga tayyorlanamiz, ona.

– Qorong‘u tushmasdan kelinglar, bolalarim.

Shu onda Bektemirning ichida nimalar kechganini, kechayotganini bilmadim, bilolmadim. Lekin uning ko‘z osti jiyaklari qizarganini, yuzi sezilar – sezilmas oqarganini ilg‘adim. Boshqalar buni payqashlari qiyin edi. Hatto onam ham.

Yo‘lda men Bekka o‘z fikr – mulohazamni aytdim:

– Qo‘riqchilar niqobli kaslar kelishavermaganiga xavotirga tushganlar va so‘ng ularni izlab topganlar.

– Men ham shunday deb o‘ylayman. Menimcha, majruhlarni hech kimga sezdirmay olib ketishgan.

– Menimcha ham.

Gapimiz uzildi. Kun qaynab ketganidan yo‘lda odam bolasi ko‘rinmaydi. Ko‘lankalarda yotgan itlarning tillari osilib qolgan. Izimizda hech kim yo‘q. Go‘yo Uchquloch motamsaro sukunatga ko‘milgan. Men Bektemirni savolga tutdim:

– Telefondagi gaplarni uqdingmi?

– O‘g‘rilarmish... yopig‘lik qozon yopig‘ligicha qolarmish...

– Yashirayapti, demak cho‘chiyapti. El bilsa, ular uchun yomon – da... Farazimiz to‘g‘ri chiqdi: ochiq hamla qilmaydi. Ilonday sezdirmay chaqishga urinadi...

– Endi, Oqgul taqdiri nima bo‘ldi, Evril? – O‘ta g‘amgin va tushkun ovozda so‘radi Bektemir.

– Bilmadim, do‘stim. Menimcha, unga ikki – uch kun tegmaydi. Zimdan qarshi kuchni aniqlashga kirishadi. Yuqorida aytganimdek, Oqgullar uyi atrofiga yashirincha, tamomila yashirincha nazorat o‘rnatadi. Sen yana ko‘z chiqarib qo‘yma, Bek. Buni sendan yolvorib so‘rayman. Sal qadamingni chakki bossang, tamom, bu o‘lim!..

Bektemir menga muzdek sovuq qaradi. Biroq og‘iz ochmadi. Men uning boshida qarama – qarshi o‘ylar g‘ujg‘on o‘ynayotganini tuydim. Yana shuni aniq sezdim: Oqgulni qo‘riqlash yo‘lidan Bekni hech kim qaytarolmaydi. Hech kim! Faqat bundan o‘lim bilan Tangri ayro.

73

Men ichimda o‘limdan ham qo‘rqmas do‘stim borligidan g‘ururlandim. O‘zimda unikidek jasorat yo‘qligidan ezildim. Ammo, shunga qaramay, ko‘nglimning bir chetidan: "O‘zini o‘tga uryapti" degan fikr ham o‘tdi.

26

Qizlar bizni ochiq yuz bilan qarshi oldilar. Birinchi galda meni bu uydagi ozodalik rom etdi. Oqgullar xonadonida ham men ana shunday tozalik, tartibni tuygandim. Hamma yoq sarishta. Bundan qalbim yayradi.

Marvaridning ota – ona va ukalari Bog‘donga, katta enalarini ko‘rishga ketibdilar. Qizlar qaynatma sho‘rva tayyorlashibdi. Bir – bir kosa ichdik. Issiq tandir non, et yedik. So‘ng imtihonga hozirlik ko‘rishga o‘tirdik.

Agarchi qizlar o‘zlarini quvnoq ko‘rsatishga urinsalar ham, men ularning ko‘zlariga yashiringan g‘am – tashvishni sezdim. Demak, qizlar

tungi voqeadan xabar topganlar.

Oqgul bir necha marta yashirincha Bekka boqdi. O‘ta sinchkovlik bilan boqdi. Men buni ko‘rsam ham, ko‘rmaslikka oldim.

Uch – to‘rt masala yechganimizdan keyin Marvarid kutilmaganda Bekni nishonga oldi:

– Kechasi uxlamadingmi, Chingizxon? – U "Chingizxon" atamasiga urg‘u berdi, – Ko‘zlaring qip – qizil, xuddi qumga to‘lganday.

Agarchi bundan xiyol kesatiq bo‘lsa ham, bu Bekka yoqdi. "Chingizxon!.." Marvarid birinchi marta uni bu dongli nom bilan atayotgan eldi. Lekin Bek ichidagi faxr tuyg‘usini tashiga chiqarmadi. Ataylab Marvaridga qisqa va mujmal javob qaytardi:

– Negadir uyqum kelmadi.

– "Negadir" mish"... Keshmiri.. Bizning molxonamiz orqasida qora kiyim, qora niqobli ikki "o‘g‘ri" bilan kim olishdi?

Sen!..

– To‘qima, Marvarid. – Bek uning yolg‘onini ichki tuyg‘u bilan sezdi.

Marvarid Bekning ko‘zlariga qancha sinchkovlik bilan tikilmasin, ularda hech qandoq yolg‘on, hayajon, qo‘rquv va yo nafrat izlarini topmadi.

Bektemirda bunday noyob qobiliyat borligini men ham endi bildim. Tan olib aytsam, tabiatan soddaday, biroz dag‘al va jahldorday ko‘rinuvchi do‘stimning "iste‘dodi"dan hayron qoldim. Menimcha, bu qobiliyat Bekka tug‘ma berilgan, so‘ng bu uning ko‘p kitob o‘qishi va ko‘p kino ko‘rishi oqibatida qayrilib, toblangan. Tag‘in Bek bularga qo‘shimcha ravishda o‘zicha mashq qilgan bo‘lishi ham mumkin.