Inson haqlari Alyansi: "Parkent tongi" qiynoqqa soluvchilarni maqtagan"

O‘zbekistondagi norasmiy Inson huquqlari himoyachilari Alyansi Toshkent viloyati Parkent tumanida nashr etiladigan "Parkent Tongi" ro‘znomasini aybsizlik prezumptsiyasini buzishda ayblab chiqqan.

Alyansga ko‘ra, Parkent tuman Ichki ishlar xodimlari hech qanday jinoyat sodir etmagan Zohid Umataliyevni talonchilikni bo‘yniga olishga majburlash maqsadida qiynoqlarga tutganlar.

Inson huquqlari Alyansi 1989 yilda tug‘ilgan Zohid Umataliyevning qiynoqqa solinganini tasdiqlaydigan hujjatlarga ega ekanligini ma‘lum qiladi.

Parkent tumani militsionerlarining noinsoniy va noqonuniy amallari ustidan faollar mahalliy va xalqaro tashkilotlarga murojaat qilganlar.

Alyans O‘zbek mahkamasiga ham murojaat qilib, militsionerlarning noinsoniy muomalasi uchun ularni javobgarlikka tortishga qaror qilgan.

Inson huquqlari himoyachilari Alyansi tarqatgan xabarga ko‘ra, Parkentda nashr qilinadigan "Parkent tongi" ro‘znomasi 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Ichki ishlar xodimlari kasb bayrami munosabati bilan maqola e‘lon qilgan.

Bu maqolada Zohid Umataliyev bir shaxsga hujum qilib, qo‘lidagi mobil telefonini tortib olgan, deb yozilgan.

Alyans xabar qilishicha, Zohid Umataliyevni hushini yo‘qotgunicha kaltaklagan militsionerlar bu maqolada olqishlangan.

Inson haqlari faollari va Zohid Umataliyev militsionerlarning haqiqiy amallarini buzib ko‘rsatgan maqola muallifini mahkamaga tortishga qaror qilganlar, deb xabar tarqatgan O‘zbekiston Inson huquqlari himoyachilari alyansi.

Ushbu xabar yuzasidan BBCning "Parkent tongi" ro‘znomasi va Parkent tuman Ichki ishlar bo‘limidan munosabat olish harakatlari besamar bo‘ldi.

BBC Zohid Umataliyevning onasi Dilorom Umataliyeva bilan suhbatlashdi.

Dilorom Umataliyevaning aytishicha, o‘g‘li haqidagi maqoladan qo‘shnilari ham hayratga tushganlar.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi