BBCga aytaman: Nurmuhammad Sodiqovni qutqarishda yordam bering!

BBC O‘zbek xizmati muharririyatiga Anvar Muxatov maktub yo‘llagan va pochchasi Nurmuhammad Sodiqovning 2013 yil yanvar oyidan beri bedarak ketgani haqida yozgan.

Muxatovning o‘z maktubida yozishicha, Nurmuhammad Sodiqov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli tujjoriy tizimlardan birida yuqori lavozimni egallab kelgan.

Shu yil yanvar oyida noma‘lum shaxslar kelib Nurmuhammad Sodiqovni olib ketishgan va keyinchalik uni Gulnora Karimovaning odamlari ushlab turganligini aytishgan.

Biz maktub muallifi bilan bog‘lanib hodisa tafsilotlari va kuyovini aynan Gulnora Karimovaga tegishli odamlar ushlab turganligini da‘vo qilish uchun qanday asoslarga ega ekanligi haqida so‘radik:

Anvar Muxatov: Menga ma‘lum bo‘lishicha, kuyovimiz Gulnora Karimovaga tegishli tujjoriy tizimda ishlardi. Yanvar oyida men O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtim, noma‘lum kishilar uyiga kelib uni olib ketishdi. U bilan birga mening opamning, butun oilaning hujjatlarini ham olib ketishgan. Keyin biz huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan vaqtimiz ular tomonidan bu amal qilinmagani, kuyovimizni hibsga olingani haqida hech qanday qayd yo‘qligini aytishdi. Ya‘ni, uni huquq-tartibot yoki xavfsizlik xizmatiga tegishli bo‘lmagan kishilar olib ketishgan. O‘shandan beri kuyovimiz haqida hech qanday ma‘lumot yo‘q va biz juda xavotirdamiz.

BBC: Umuman hech qanday xabar yo‘qmi uning ahvoli yoki qayerda ekanligi haqida?

Anvar Muxatov: Ba‘zi odamlar orqali uning hayot va sog‘lom ekani haqida ma‘lumot olganmiz. Men bu odamlarning ismini oshkor qila olmayman, chunki ularning ham hayotini xavf ostiga qo‘yishim mumkin. Uni Gulnora Karimovaning odamlari ushlab turishganini aytishgan.

BBC: Uni Gulnora Karimovaning odamlari ushlab turganligiga ishonish uchun sizda qanday asos bor?

Anvar Muxatov: Men yana bir marta takrorlayman, bironta huquq-tartibot organida uning ushlanishi haqida ma‘lumot yo‘q. Kuyovimiz Gulnora Karimova atrofidagi oddiy odam emas edi, anchagina mavqei yuqori odam edi.

BBC: Bu shunchaki turli guruhlar o‘rtasida bordi-keldi, hisob-kitob munosabatlarini ochiqlab olish harakati bo‘lishi mumkin emasmi? Balkim kimdir uning uchun tovon puli talab qilmoqchidir?

Anvar Muxatov: Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Biron talab bo‘lganida, shu vaqtgacha aytishardi-ku. Uni olib ketishganidan beri deyarli bir yilcha vaqt o‘tdi. Boshqa tomondan uni olib ketgani kelgan kishilarni kuyovimiz tanirdi, ish bo‘yicha. Shuning uchun Gulnora Karimovaga bevosita aloqador bu hodisa, deya aytmoqdamiz. Buni boshqachasiga hech qanday tushuntirish mumkin emas. O‘zbekistonda bunday ishlarni faqatgina katta ta‘sir va qudratga ega bo‘lgan kishilargina qila olishi mumkin.

BBC: Sizlar uning g‘oyib bo‘lgani haqida militsiyaga murojaat qilgan vaqtingiz bu hodisa qayd qilinib, rasman qidiruv e‘lon qilindimi?

Anvar Muxatov: Yo‘q. Men emas, yaqinlarimiz murojaat qilishganda, odamlar kuyovimizning sog‘-omon ekanligi va militsiya qo‘lida emasligini aytishgan. Shuning uchun militsiyaga rasman bu borada murojaat ham qilishmagan, u yerda emasligini bilishadi, kimdir uni ushlab turganini ham bilishadi. Pul, uy-joy, mashina hamma narsalari yo olib qo‘yilgan yo majbur bo‘lib sotishgan. Opamning qo‘lida hujjatlri yo‘q, ishlay olmaydi, biron joyga keta olmaydi. Uning hayoti qanday kechishidan men juda xavotirdaman. Shuning uchun murojaat qilishga qaror qildim.

BBC: Uni Gulnora Karimovaning odamlari ushlab turibdi deyapsiz, shunday ekan uning o‘ziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, bu borada so‘raganmisizlar?

Anvar Muxatov: Men bevosita qarindoshi emasman. Men bu murojaatni opamning taqdiridan havotir olganim uchun yozdim. Men bu holatga jamoatchilik e‘tiborini tortmoqchiman. Opam Gulnora Karimovaga murojaat qilgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Chunki aytganimdek u oddiy odam emasdi o‘sha tizimlarda. Boshida mana qo‘yib yuborishadi, degan umidda edik, lekin bunday bo‘lmadi.

BBC: Endi bu borada nima qilmoqchisizlar?

Anvar Muxatov: Mamlakatda nimalar bo‘layotganiga jamoatchilik e‘tiborini tortmoqchimiz.

BBC: Nima uchun shu vaqtgacha bu borada deyarli hech nima qilmasdan, mana endi bu masalani ko‘tarmoqdasizlar? Oxirgi vaqtlarda Gulnora Karimova atrofida bo‘layotgan hodisalar sizlarni ham fursatdan foydlanib qolish kerakligi haqidagi xulosaga yetakladimi?

Anvar Muxatov: Yo‘q biz fursatdan foydalanib qolmoqchimasmiz. Gulnora Karimova atrofida kechayotgan hodisalar ne qadar haqiqatga yaqinligini bilmaymiz. Kuyovimizni qo‘yib yuborishar, biron anglashilmovchilik ro‘y bergan, qo‘yib yuborishadi deya umid qilgandik. Lekin bunday bo‘lib chiqmadi.

BBC: Lekin kuyovingizni ushlab turish Gulnora Karimova uchun nimaga kerak? Bundan maqsad nima?

Anvar Muxatov: Albatta men uni Gulnora Karimova odamlari ushlab turishibdi, deb 100 foiz ishonch bilan ayta olmayman. Qo‘limizda dalillar yo‘q. O‘zbekistonda, qonuniy davlatda, bo‘layotgan hodisalarga biz e‘tibor qaratmoqchimiz, xolos.