Gulnora Karimova prezident bo‘lish niyati yo‘qligiga yana bir bor ishora qildi

Image caption Gulnora Karimovaning O‘zbekistondagi rahbar shaxslarni fosh qiluvchi ketma-ket twitlari "saroy ichidagi o‘yin" ekanligi aytilmoqda

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi, Gulnora Karimova, prezident bo‘lish niyati yo‘qligiga yana bir bor ishora qilgan. Twitterdagi sahifasida Gulnora Karimova prezidentlik "xalq tomonidan saylangan kuchli erkakning ishi" deb yozgan.

Kecha "mik-updown" nomli twitter foydalanuvchilaridan biri: "Sharq ayollari erkaklarga nisbatan aqlliroq bo‘ladi! O‘zbekistonni Gulnora, Qozog‘istonni Darig‘a boshqarsin!" , deya yozdi.

Gulnora Karimovaning bunga javobi anchayin keskin yangradi:

"Bu qanday alayhsirash? Hech kim, hech qachon prezidentlikni muhokama qilmagan va qilmayapti. Bu xalq tomonidan saylangan kuchli erkakning ishi!", deya javob qaytardi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi.

Kechaning o‘zida Gulnora Karimova boshqa bir twitida o‘zining siyosiy arbob emasligini yozdi.

Siyosatga qaytasizmi degan savolga, Karimova xonim: "men siyosatchi emasman!" - deya javob qaytardi.

Bugun Gugusha kelajakda o‘zini "rassom, shoira va suratgir" sifatida tasavvur qilishini aytdi.

30 oktyabr kuni esa Gulnora Karimova hukmdor bo‘lishi niyati rejasi yo‘qligini bildirgan edi.